Наргис косимова
O’zbekistonda nogironlar huquqlarining himoya qilinishi. Xalqaro va huquqiy asoslar. Barqaror rivojlanish maqsadlaridan kelib chiqadigan vazifalar
Download 0.72 Mb.
|
BMI 23
1.2. O’zbekistonda nogironlar huquqlarining himoya qilinishi. Xalqaro va huquqiy asoslar. Barqaror rivojlanish maqsadlaridan kelib chiqadigan vazifalar
Nogironlarga kamsitish nazari bilan qarash muammosi insoniyatning butun tarixi davomida mavjud bo’lgan va bugun ham barham topmagan. Inson huquqlari tizimida nogironlarni himoya qilish mexanizmlarini rivojlantirish ularning mustaqil shaxslardan xayriya yordami oluvchi sifatidagi maqomini tubdan o’zgartirish imkonini beradi. Bunday yondoshuv nogironlarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishlarini ta’minlash orqali ularning huquqlari hurmat qilinishi uchun imkoniyatlar izlashga qaratilgandir. Nogironlarning huquqlarini qo’llab-quvvatlash va himoya qilish faqat maxsus xizmatlarni taqdim etishdangina iborat bo’lib qolmasdan, balki ularga kamsitish nazari bilan qarashga barham beruvchi chora-tadbirlar amalga oshirilishini, nogironlarning fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari ta’minlanishini kafolatlovchi hamda bu boradagi to’siqlarni olib tashlovchi qonunlar, dasturlar qabul qilinishini ham nazarda tutadi. Yaxlitlikda inson huquqlari to’g’risida Xalqaro qonunlar to’plamini tashkil etuvchi asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlar(Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi(1948 yil), iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to’g’risida Xalqaro pakt(1966 yil) hamda fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risida xalqaro pakt(1966 yil)da fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar kafolatlangan, ammo ularda nogironlarning huquqlari to’g’ridan to’g’ri tilga olinmagan12. Nogironlar huquqlari himoyasiga qaratilgan maxsus hujjatning mavjud emasligi davlatlarning nogironlar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish sohasidagi xalqaro hamkorligining sezilarli darajada faollashuviga turtki berdi. Nogironlar masalasi bir necha marta Birlashgan Millatlar Tashkilotida ko’rib chiqilgan, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlikni takomillashtirish bo’yicha ko’rsatmalar ishlab chiqilgan. 1975 yil 9 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi nogironlar huquqlari to’g’risida Deklaratsiyani qabul qildi hamda uning asosida o’n yillik davomida nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash Dasturi (1983 1992 yillar) ishlab chiqildi. Nogironlarga nisbatan Butunjahon harakat dasturining maqsadi nogironlikning oldini olishga, ularning mehnatga layoqatliligini tiklashga, nogironlarning ijtimoiy hayot va jamiyat taraqqiyotida «teng» va «to’laqonli ishtirok etishlari»ni ta’minlashga qaratilgan maqsadlarni amalga oshirishning samarali chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va hayotga tadbiq etilishiga ko’maklashishdan iboratdir13. Bunda butun aholi uchun bo’lgani kabi yashash sharoitlarini yaratish, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish natijasida turmush sharoitlarini bir xilda yaxshilab borish tushuniladi. Mazkur konsepsiyalar barcha mamlakatlar tomonidan bir xilda qo’llanilishi kerak hamda ularning rivojlanish darajasidan qat’iy nazar birinchi galdagi va muhim vazifalar sirasiga kiradi. 1982 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan nogironlarga nisbatan munosabat bo’yicha Butunjahon harakat dasturi qabul qilinadi14. Mazkur dastur iqtisodiy rivojlanish darajasidan qat’iy nazar barcha mamlakatlarda nogironlarning ijtimoiy hayot va rivojlanish jarayonlarida bir xilda faol ishtirok etishlarini ta’minlashni maqsad qilib qo’ygan edi. Bosh Assambleya 1982 1992 yillarni «Birlashgan Mildlatlar Tashkilotining nogironlar o’n yilligi» deb e’lon qildi va barcha davlatlarni ushbu davrdan nogironlarga nisbatan munosabat bo’yicha Butunjahon harakat dasturini amalga oshirish uchun vositalardan biri sifatida foydalanishga chaqirdi15. 1987 yil Stokgolm shahrida bo’lib o’tgan nogironlarga nisbatan munosabat bo’yicha Butunjahon harakat dasturi ijrosiga bag’ishlangan birinchi Xalqaro konferensiyada nogironlar huquqlari to’g’risida Konvensiyani ishlab chiqish tavsiya etildi. Italiya va Shvesiya hukumatlari hamda ijtimoiy rivojlanish Komissiyasining nogironlar ahvoli to’g’risida maxsus ma’ruzachisi tomonidan ilgari surilgan ushbu taklif amalga oshmay qoldi. 1993 yilda Bosh Assambleya tavsiya xarakteriga ega bo’lgan «Nogironlar uchun bir xil imkoniyatlarni ta’minlash bo’yicha standart qoidalar» nomli hujjatni qabul qildi16. Mazkur qoidalarda nogironlarning jamiyat hayotida teng sharoitlarda ishtirok etishlariga xalaqit beradigan to’siqlarni bartaraf etish yuzasidan davlatlarning majburiyatlari aks etgan bo’lib, ular keyinchalik aksariyat davlatlarning milliy qonunchiligiga kiritildi. Garchi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo’yicha Xalqaro paktda nogironlik bilan bog’liq qoidalar aks etmagan bo’lsada, 1994 yilda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo’yicha Qo’mita tomonidan «Nogironlikning biror bir shaklida ega shaxslar» nomli 5-raqamli umumiy tartibdagi mulohazalar qabul qilindi17. Qo’mita nogironlik muammosini Paktning qoidalaridan kelib chiqib tahlil qilgan. Jumladan, Qo’mitaning fikricha, Paktning yetarlicha turmush darajasiga ega bo’lish huquqi to’g’risidagi 10-moddasiga asosan nogironlikning biror bir shakliga ega shaxslarda oila qurish va o’z oilasiga ega bo’lish huquqi mavjud. Nogironlar o’z oilalari bilan yashashlariga imkoniyat yaratib berish uchun barcha tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qayd etilgan. Qo’mitaning fikriga ko’ra, ijtimoiy ta’minot va daromadlarni qo’llab-quvvatlash dasturlari nogironlikning biror bir shakliga ega shaxslar uchun muhim ahamiyatga ega (9-modda). Qo’mitaning qayd etishicha, jismoniy va ruhiy sog’liq huquqi (12-modda) nogironlikning biror bir shakliga ega shaxslarga mustaqil bo’lish imkonini beradigan, kasallikning yanada zo’rayib ketishining oldini oladigan tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan, jumladan ortopedik xizmatlardan foydalana olish huquqini, ularning ijtimoiy integratsiyasini, xususan bunday xizmatlardan foydalanish huquqini qo’llab-quvatlashni nazarda tutadi. Nogironlikning biror bir shakliga ega shaxslarni oziq-ovqat, uy-joy va boshqa kundalik hayotiy extiyojlardan foydalana olishini ta’minlash zaruratiga qo’shimcha ravishda, ularga kundalik turmushda mustaqil bo’lishlari darajasini oshirishda hamda huquqlariga rioya etilishini ta’minlashda yordam beradigan qo’shimcha yordamchi vositalar bilan ham ta’minlash kerak18. Qayd etish kerakki, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo’yicha Qo’mita tomonidan 1990 yil qabul qilingan 3-raqamli umumiy tartibdagi mulohazada mavjud manbalar keskin qisqarib borayotgan bir sharoitda ishtirokchi-davlatlarning jamiyatning extiyojmand qatlamlarini himoya qilish borasidagi majburiyati muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. 2001 yil dekabr oyida Meksika hukumati Bosh Assambleyada nogironlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va ularga ko’maklashish bo’yicha keng qamrovli va yagona konvensiyani ishlab chiqish yuzasidan takliflarni ko’rib chiqadigan Maxsus qo’mita tuzish taklifini ilgari surdi. Nogironlar huquqlari to’g’risida Konvensiya matni va unga Fakultativ protokol tayyorlanib, 2006 yil 13 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan nogironlar huquqlari to’g’risida Konvensiya sifatida qabul qilindi. Mazkur hujjat nogironlarning huquqlarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda xalqaro va milliy monitoringni tashkil qilish uchun ishtirokchi davlatlar tomonidan qabul qilinishi kerak bo’lgan maqsadlar, umumiy prinsiplar, majburiyatlar, aniq huquq va chora-tadbirlarga bag’ishlangan 50 ta moddadan iborat. Konvensiya nogironlar huquqlari bo’yicha Qo’mitani ta’sis etadi. Ushbu Qo’mita Konvensiyaga qo’shilgan davlatlardan davriy ravishda ma’ruzalar olish va ularni ko’rib chiqish vakolatiga ega. Konvensiyaning Fakultativ protokoliga ko’ra, alohida shaxslar va ularning guruhlari Qo’mitaga Konvensiyaning istalgan qoidasi bajarilmayotgani yoki buzilayotgani to’g’risida xabar berishi mumkin. Fakultativ protokol shuningdek, Qo’mitaga nogironlarning huquqlari tizimli va qo’pol ravishda buzilayotgani haqida asosli va ishonchli ma’lumotlar bo’lganda ushbu davlatlarda tekshirish o’tkazish huquqini ham beradi19. Konvensiyada «nogironlik» atamasining keng qamrovli ta’rifi mavjud emas, Konvensiyaning preambulasida «nogironlik» vaqt hamda turli ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlardan kelib chiqib o’zgarib turishi mumkin bo’lgan, dinamik yondoshuvga asoslanadigan, rivojlanib boruvchi tushuncha sifatida qayd etilgan (ye band). Konvensiyaga ko’ra, barqaror jismoniy, ruhiy, aqliy yoki sensor nuqsonlarga ega bo’lgan va ular jamiyat hayotida to’liq va samarali ishtirok etishiga xalaqit beradigan shaxslar nogiron hisoblanadi (1-modda). Konvensiyaning asosiy prinsiplari 3-moddada bayon etilgan: insonga xos bo’lgan qadr-qimmatning, shaxsiy mustaqillik va erkinlikning hurmat qilinishi; kamsitmaslik, imkoniyatlar tengligi, erkaklar va ayollar tengligi; jamiyat hayotiga jalb etilish va kirishib ketish; insonlar orasida mavjud bo’lgan farqni hurmat qilish hamda insonlar xilma xilligi faktini qabul qilish; imkoniyatlarni ta’minlash; nogiron bolalarning rivojlanib boruvchi qobiliyatlarini hurmat qilish hamda ularning o’z individualligini saqlash huquqini hurmat qilish. Konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlarning ayrimlari uning ba’zi qoidalarini sharhlar asosida o’zgartirishga harakat ham qilishgan. Vaholanki, nogironlar huquqlari to’g’risidagi Konvensiyaning 46-moddasiga ko’ra, qatnashchilar sharhlar asosida o’zgartirish kiritishlariga yo’l qo’yiladi, faqat ushbu sharhlar «mazkur Konvensiyaning ob’ekti va maqsadlariga zid kelmasligi kerak»20. Inson huquqlari bo’yicha boshqa asosiy xalqaro shartnomalardan farqli ravishda mazkur Konvensiyada nogironlar huquqlarini amalga oshirishni qo’llab-quvvatlash borasida xalqaro hamkorlik nuqtai nazaridan dolzarb bo’lgan to’rtta yo’nalish nazarda tutilgan: 1. Nogironlar uchun qulay bo’lgan va inklyuziv xalqaro hamkorlik, jumladan xalqaro rivojlanish dasturlari. 2. Mavjud imkoniyatlarni, jumladan o’zaro ma’lumot va axborot, tajriba, dasturlar va ilg’or ishlanmalarni almashish yo’li bilan mustahkamlash. 3. Tadqiqotlar hamda ilmiy-texnik bilimlarni o’zlashtirishga imkoniyat yaratish sohalarida hamkorlik. 4. Texnik-iqtisodiy yordam, jumladan qulay va assistiv texnologiyalardan foydalana olishni osonlashtirish hamda ularni o’zaro almashish yo’li bilan, shuningdek texnologiyalarni yetkazib berish vositasida yordam ko’rsatish21. Nogiron bolalar ijtimoiy jihatdan eng ajratib qo’yilgan bolalar qatlami hisoblanadi. Nogiron bolalar huquqlarining har qanday tarzda buzilishi ular tomonidan o’z individualliklarini namoyon etish imkoniyatini bermasdan, insoniy qadr-qimmatini yo’qotishiga sabab bo’ladi22. Bola huquqlari bo’yicha Qo’mitaning 9-raqamli umumiy tartibdagi mulohazasida (2006 yil) nogiron bolalar o’z hayotlarining barcha jabhalarida kamsitilishga duch kelishayotgani ta’kidlangan. U nogironlikning ob’ektiv tabiatidan kelib chiqmaydi, balki farqlarni, kambag’allikni qabul qila olmaslik, johillik oqibatida ildiz otgan ijtimoiy chetlatish natijasida kelib chiqqan. Nogiron bolalar huquqlariga oid maxsus qoidalar 1989 yil Bola huquqlari to’g’risida Konvensiyada o’z aksini topadi. U bolalarni sog’lig’ining holatiga qarab kamsitishni (2-modda) taqiqlaydi, shuningdek nogiron bolalarni ijtimoiy hayotga kengroq jalb etish maqsadida ularga g’amxo’rlik ko’rsatish majburiyatini yuklaydi (23-modda). Nogironlar huquqlari to’g’risida Konvensiyada ham bitta modda bolalarga bag’ishlangan (7-modda), unga ko’ra davlatlar nogiron bolalarning huquqlari boshqa bolalar bilan bir xilda va teng asosda amalga oshirilishini ta’minlashlari, ularning oliy manfaatlari yo’lida harakat qilishlari, hamda ularni eshitish va tushunish bo’yicha huquqlari amalga oshirilishini ta’minlashlari shart23. Nogironlar huquqlari to’g’risida Konvensiyaning prinsiplaridan birida (3-modda) nogiron bolalarning rivojlanib boruvchi qobiliyatlarini hamda nogiron bolalarning o’z individualliklarini saqlash huquqlarini hurmat qilish, shuningdek davlatning tegishli qonunchilik va strategiyalarni ishlab chiqishda bolalar bilan, ularning manfaatlarini aks ettiruvchi tashkilot orqali maslahatlashish bo’yicha umumiy majburiyati (4-moddaning 3-bandi) belgilab qo’yilgan. Sog’liqning mumkin bo’lgan eng yuqori darajasiga erishish huquqi hamda sifatli va hamyonbop tibbiy xizmat olish huquqi har bir bolaning daxlsiz huquqi hisoblanadi24. Jahon bankining Butunjahon sog’liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlagan ma’ruzasida nogiron insonlarning hayotini yaxshilashga qaratilgan 9 ta tavsiya berilgan: 1. Barcha universal tizim va xizmatlardan foydalana olishni ta’minlash. 2. Nogironlar uchun mo’ljallangan maxsus dasturlar va xizmatlarga investitsiyalarni yo’naltirish. 3. Nogironlik bo’yicha milliy strategiya va harakat rejasini ishlab chiqish. 4. Nogironlarni ishga jalb etish. 5. Kadrlar salohiyatini oshirib borish. 6. Zarur moliyalashtirishni ta’minlash hamda iqtisodiy qulaylikni oshirish. 7. Jamiyatning nogironlik muammosidan xabardorligini oshirish. 8. Nogironlar to’g’risida ma’lumotlar to’plashni yaxshilash. 9. Nogironlik muammolariga bag’ishlangan ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish va qo’llab-quvvatlash25. Mazkur tavsiyalarning joriy etilishi turli sektorlar sog’liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya, mehnat, transport, uy-joy kommunal xo’jaligi sohalari, turli ishtirokchilar davlatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, mutaxassislar, xususiy sektor, nogironlar va ularning oila a’zolari, ommaviy axborot vositalari jalb qilinishini talab etadi. 1992 yilda BMT Bosh Assambleyasi 3-dekabrni Xalqaro nogironlar kuni deb e’lon qildi. BMT barcha a’zo davlatlarni shu kuni nogironlarning jamiyat hayotiga integratsiyalashuviga, ularni doimiy ijtimoiy himoya qilish va qo’llab-quvvatlashga, shuningdek zarur shart-sharoitlarni yaratishga yo’naltirilgan tadbirlarni o’tkazishga chaqirdi26. Qayd etish kerakki, O’zbekistonda nogironlarning huquq va manfaatlari davlatning ishonchli himoyasi ostiga olingan. Shu maqsadda 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasida nogironlarning ijtimoiy himoyasi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni nogironlar o’zlarining O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida hamda xalqaro huquqning umum tan olingan prinsiplari va qoidalarida belgilab qo’yilgan fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy va boshqa huquq va erkinliklarini boshqa fuqarolar bilan birdek va teng asosda amalga oshirishlarini ta’minlashning huquqiy asosini yaratib berdi. 2008 yilda mazkur Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Shunday qilib, bizning mamlakatimizda nogironlarni ijtimoiy himoya qilish bo’yicha yaxlit institutsional va huquqiy baza yaratildi. Qonun hujjatlarida ushbu toifaga mansub shaxslar uchun turli imtiyozlar belgilab qo’yilgan. Jumladan, «Fuqarolar sog’lig’ini saqlash to’g’risida» O’zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida nogironlarning, xususan nogiron bolalar va bolalikdan nogiron shaxslarning tibbiy-ijtimoiy yordam olish, reabilitatsiyaning barcha turlaridan foydalanish, dori-darmonlar, protez-ortopediya buyumlari, harakat vositalari bilan imtiyozli tarzda ta’minlanish, shuningdek kasbiy tayyorgarlik va qayta tayyorgarlikdan o’tish (malaka oshirish) borasidagi huquqlari belgilab qo’yilgan. Unda, shuningdek nogironlarning davlat sog’liqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi muassasalarida bepul tibbiy-sanitariya xizmatidan, uyda qarovdan foydalanish, doimiy qarovga muxtoj bo’lgan yolg’iz nogironlar, surunkali ruhiy kasallikka chalingan nogironlar mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish muassasalarida yashash huquqiga ega ekanligi o’z aksini topgan. Fuqarolarning tibbiy-ijtimoiy yordam olish va barcha turdagi reabilitatsiyadan foydalanish huquqini ta’minlash maqsadida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tasarrufida jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslarga madaniy-maishiy xizmatlar ko’rsatuvchi 11 ta nogironlarni tibbiy-ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiyasi markazlari, 180 ta ijtimoiy markazlar, 33 ta davlat tibbiy-ijtimoiy muassasalari - «Saxovat» va «Muruvvat» uylari faoliyat olib borgan27. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida» 2016 yil 22 fevraldagi PF-4782-son Farmoni bilan mazkur muassasalar Sog’liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o’tkazilgan. Fuqarolarning to’laqonli sanatoriya-kurort davolanishini, sog’lig’ini tiklashi va dam olishini tashkil qilish uchun tibbiyot fani va amaliyotining zamonaviy talablarini hisobga olgan holda tibbiy-reabilitatsiya xizmatlari ko’rsatishga yondoshuvning xalqaro talablariga to’la javob beradigan 8 ta sanatoriya, 134 ta reabilitatsiya texnika vositalarini ijraga berish punktlari faoliyat olib bormoqda. Har yili o’rtacha 30 ming nafar jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar sog’lomlashtiriladi. «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yiliga 7,2 ming nafar yolg’iz keksalar, pensionerlar va nogironlarga tibbiy-ijtimoiy va maishiy xizmatlar ko’rsatiladi. Har yili salkam olti ming nafar fuqaroga protez-ortopediya jihozlari yetkazib beriladi, uch ming nafar fuqaro nogironlar aravachalari, salkam besh yarim ming nafar shaxs boshqa ortopedik jihozlar va harakat vositalari bilan ta’minlanadi28. Bundan tashqari, ularning huquqlari bir qator qonunlar bilan ham himoya qilinadi. «Ta’lim to’g’risida», «Fuqarolar sog’lig’ini saqlash to’g’risida», «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g’risida», «Bola huquqlari kafolatlari to’g’risida», «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida», «Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida» Qonunlar, Mehnat kodeksi va boshqa qonun hujjatlari shular jumlasidandir. O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan nogironlarni doimiy ravishda ijtimoiy muhofaza qilish va qo’llab-quvvatlashga qaratilgan 70 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan edi. Respublikamizda mazkur yo’nalishda amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar nogironlar mamlakat Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlab qo’yilgan barcha huquq va erkinliklaridan to’laqonli foydalana olishlarini ta’minlashga qaratilgandir. 2009 yil fevral oyida O’zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Nogironlar huquqlari to’g’risida» Konvensiyasiga qo’shildi. Bu nogironlar uchun maxsus qabul qilingan inson huquqlariga oid ilk bitimdir. Unda jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar homiylik va xayriya ob’ektlari emas, balki huquq egalari va rivojlanish uchun o’zgarishlar ob’ektlari ekanligi qayd etilgan. BMT Konvensiyasiga qo’shilish O’zbekistonning davlatning nogironlarga nisbatan zamonaviy siyosati tayanadigan asosiy prinsiplarni tan olishini, xalqaro standartlarga, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, yuridik va boshqa hayotiy muhim huquqlarga rioya etishga tayyorligini bildiradi. Mazkur hujjatning maqsadi hamma nogironlarga nisbatan barcha inson huquqlari amalga oshirilishini rag’batlantirish, himoya qilish va ta’minlashdan, shuningdek ularga xos bo’lgan qadr-qimmatni rag’batlantirishdan iborat. Bugungi kunda nogironlarning jamoat birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtirish jarayoni ko’zga tashlanmoqda. Bu bejiz emas. Chunki O’zbekistonda turli yo’nalishlarda ish olib borayotgan 76 ta nodavlat notijorat tashkiloti mavjud bo’lib, ular asosiy e’tiborlarini Parlamentimiz tomonidan BMT Konvensiyasi ratifikatsiya qilinishiga erishishga qaratishgan29. Xususan, O’zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi qoshida nogironlar NNTlari maslahat kengashi tashkil etilgan. Xuddi shunday jarayonni Markaziy Osiyoning boshqa davldatlarida ham kuzatish mumkin. 2012 yil Olma-otada nogironlarning Markaziy Osiyo forumiga asos solindi. Milliy parlamentlar tomonidan BMTning «Nogironlar huquqlari to’g’risida» Konvensiyasi ratifikatsiya qilinishiga hamda uning hayotga tadbiq etilishiga erishish yo’lida mintaqadagi nogironlar NNTlari kuch va intilishlarini birlashtirish mazkur forumning asosiy maqsadi hisoblanadi30. Bugungi kunda O’zbekiston Nogironlar jamiyati va nogironlarning «Millennium» yoshlar ijtimoiy-huquqiy reabilitatsiya markazi forumga a’zo bo’lsa, boshqa bir qator NNTlar uning safiga kirishga tayyorgarlik ko’rishmoqda. Shuningdek, Butunjahon nogironlar tashkilotiga a’zo bo’lish maqsadida nogironlar NNTlari birlashmasini tuzishga intilish ham ko’zga tashlanmoqda31. Eng asosiysi nogironlarning imkoniyatlari va qobiliyatlaridan kelib chiqib ularni foydali mehnatga jalb etish yo’nalishida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki nogironlarning ishga joylashtirilishi ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish uchun qo’shimcha omil bo’lib xizmat qiladi. Shu maqsadda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mo’ljallangan ikkita ixtisoslashgan kasb-hunar kolleji faoliyat yuritmoqda. Ushbu o’quv muassasalarining moddiy-texnika bazasi doimiy ravishda mustahkamlanib bormoqda32. Nogiron shaxslarning bir qismini uy mehnatiga jalb qilish hamda oilaviy biznesni yo’lga qo’yishda ularni qo’llab-quvvatlash maqsadida bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Markazlari yiliga o’rtacha besh mingdan o’n ming nafargacha nogironlarni ishga joylashtiradi. Jumladan, ular tikuvchilik, kosiblik, zardo’zlik, quroqchilik, kompyuter texnikasini ta’mirlash xizmatlari kabi yo’nalishlarda uy mehnati bilan band33. O’zbekiston Respublikasining «Shahar yo’lovchi transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to’g’risida»gi Qonunida 1991-1945 yillardagi urush nogironlari, I-guruh urush nogironini kuzatib borayotgan shaxs, ko’zi ojiz nogironlar va ularni kuzatib borayotgan shaxs shahar yo’lovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega ekanligi belgilab qo’yilgan34. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 26 fevraldagi Farmoniga ko’ra, bolalikdan nogironlarga, I va II-guruh nogironlariga, 1941-1945 yillardagi urush nogironlariga, Chernobil AESidagi falokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslarga respublika ixtisoslashtirilgan markazlarida davlat budjeti mablag’lari hisobidan tibbiy yordam ko’rsatiladi35. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi Qaroriga asosan, yosh bolasi bor oilalarga, bolaga qaraganlik uchun nafaqa hamda moddiy yordam tayinlashda bolalarning ota-onasidan biri yoki har ikkalasi nogiron bo’lgan, shuningdek nogiron farzandi bor oilalarga ustunlik beriladi. «Nogironlar va keksalarni bepul sanatoriya-kurort yo’llanmalari bilan ta’minlash tartibi to’g’risida Yo’riqnoma»ga ko’ra, 1941-1945 yillardagi urush nogironlari, I-guruh urush nogironini kuzatib borayotgan shaxs, I va II-guruh nogironlari, I-guruh ko’zi ojiz nogironni kuzatib borayotgan shaxs, Chernobil AESi falokati oqibatida nogiron bo’lib qolgan fuqarolar bepul yo’llanmalar bilan ta’minlanadi. Mamlakatimiz rahbarining 2011 yildagi qarori bilan 2011-2015 yillarda yolg’iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlarning belgilanishi, shuningdek ijtimoiy qo’llab-quvvatlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi manzilli ijtimoiy muhofazani yanada kuchaytirishda, yolg’iz keksalar, pensionerlar va nogironlarning turmush darajasi va sifatini oshirishda, ularning ijtimoiy ta’minoti tizimini takomillashtirishda, shuningdek tibbiy-ijtimoiy muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. «O’zbekiston Respublikasida nogironlarning ijtimoiy muhofazasi to’g’risida» O’zbekiston Respublikasi Qonuni nogironlarga o’z huquqlari, erkinlik va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, boshqa fuqarolar bilan bir xilda va teng imkoniyatlar ta’minlanishiga erishish uchun jamoat birlashmalarini tuzish huquqi beradi. Bugungi kunda mamlakatimizda o’nlab ana shunday jamoat tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. O’zbekiston nogironlar jamiyati, O’zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi, O’zbekiston nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi va boshqalar shular jumlasidandir. Mazkur jamoat birlashmalarining faoliyati nogiron kishilarning har tomonlama qo’llab-quvvatlanishini ta’minlashga, ularning ta’lim olishi, sport bilan shug’ullanishi, kasb egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratishga yo’naltirilgan. «Jismoniy tarbiya va sport to’g’risida»36 O’zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga ko’ra, nogironlar va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslar, shuningdek yuqori darajada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlari o’rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ko’maklashish jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlaridan birini tashkil etadi. Shuningdek mazkur Qonunning 6-moddasida davlatning jismoniy tarbiya va sport vositalaridan aholining, shu jumladan ayollar va yoshlarning, shuningdek nogironlarning sog’lig’ini mustahkamlash maqsadida foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratishi, nogironlarning va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarning paralimpiya hamda surdlimpiya o’yinlarida, nogironlar o’rtasidagi maxsus olimpiadalar va boshqa sport tadbirlarida ishtirok etishini rivojlantirish hamda ta’minlashga ko’maklashishi belgilab qo’yilgan. Paralimpiya harakatini rivojlantirish maqsadida paralimpiya sportining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mamlakatimiz sportchilarining nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishlarini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar ko’rilmoqda. Natijada paralimpiyachilarimiz xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashishmoqda. Jumladan, 2010 yilda Guanchjou shahrida bo’lib o’tgan ParaOsiyo o’yinlarida yengil atletika, kamondan otish, dzyudo, o’q otish, pauerlifting kabi sport turlarida 25 nafar paralimpiyachimiz Vatanimiz sharafini himoya qilib, jami to’qqizta medalni qo’lga kiritishdi37. Shu o’rinda futbol bo’yicha nogiron-amputantlar o’rtasida uch karra jahon chempioni bo’lgan terma jamoamizni alohida tilga olib o’tish lozim. 2016 yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo’lib o’tgan XV yozgi paralimpiya o’yinlarida sportchilarimiz jami 31 ta medalni qo’lga kiritishgani esa alohida tahsinga loyiq38. 2015 yil 10 avgustda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo’llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to’g’risida»39 qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko’ra, 2016 yil 1 yanvardan boshlab 17 ming nafardan ziyod o’zgalar parvarishiga muhtoj bo’lgan yolg’iz yashayotgan hamda yolg’iz keksalar va nogironlarga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko’rsatish yakka tartibda shakllantiriladigan ijtimoiy xizmatlar dasturi asosida amalga oshiriladigan bo’ldi40. Jumladan, 2016 yil yanvar oyidan 17 ming nafardan ziyod o’zgalar parvarishiga muhtoj bo’lgan yolg’iz yashayotgan hamda yolg’iz keksalar va nogironlar uchun yakka tartibda shakllantiriladigan ijtimoiy xizmatlar dasturi ishlab chiqildi. Dasturlar yolg’iz keksalar va nogironlarning beshta sohadagi extiyojlarini qondirishni qamrab olgan, bular: sog’lomlashtirish, uyida parvarishlash, uy-joy maishiy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy va huquqiy himoya, muloqot va dam olish doirasini kengaytirish. Uyida parvarishlash bo’yicha xizmatlar yangicha tartibda taqdim etiladigan bo’ldi: agar avvallari ijtimoiy xizmatchining uyda parvarishlash uchun kelib-ketishi davriyligi va muddati keksa kishi yoki nogironning sog’lig’i qay darajada buzilganiga yoki o’z o’ziga xizmat ko’rsata olish qobiliyatiga bog’liq bo’lmagan bo’lsa, endi xizmatlar hajmi va kelib-ketishlar davriyligi Bartel va Lauton shkalasi bo’yicha belgilanadigan bo’ldi. Mazkur shkalalar yordamida insonning mustaqil ravishda ovqatlanish, cho’milish, o’ziga qarash, kiyinish, hojatga chiqishni nazorat qilish, harakatlanish, zinadan ko’tarilish va tushish, xaridlar qilish, ro’zg’or yuritish bo’yicha imkoniyatlari baholanadi. Yolg’iz keksalar va nogironlarga har oyda yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigena tovarlarining soni 9 tadan 15 nomga ko’raytirilgani, shuningdek ularni oluvchiga jami to’plamning belgilangan umumiy qiymati doirasida mahsulotlar va tovarlar turlari hamda miqdorini tanlash huquqi berilganligi ijtimoiy yordam sohasida yangilik bo’ldi41. Download 0.72 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling