Nasafiylarining pedagogik qarashlari


Download 0.51 Mb.
bet11/45
Sana07.01.2023
Hajmi0.51 Mb.
#1082738
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   45
Bog'liq
MAJMUA NASAFIY ALLOMALAR

Mustaqil ta’lim
Aziziddin Nasafiy ta’limoti – ma’naviy-axloqiy ta’lim-tarbiya mazmunini takomillashtiruvchi pedagogik vosita ekanligi. Aziziddin Nasafiy qarashlari va uning ta’lim-tarbiya taraqqiyotidagi o‘rni
Nazorat savollari

  1. Aziziddin Nasafiyning hayoti va faoliyati haqida so‘zlang.

  2. Aziziddin Nasafiyning ma’naviy merosi xususida nimalarni bilasiz?

  3. Aziziddin Nasafiyning asarlarida komil inson talqini qanday bayon etilgan?

AZIZIDDIN NASAFIY HIKMATLARI VA UNING TA’LIM-TARBIYA JARAYONIDAGI O‘RNI VA AHAMIYATI

Reja:
1. Aziziddin Nasafiy hikmatlarida shaxs ta’lim-tarbiyasiga ta’sir etuvchi omillar. 2.Aziziddin Nasafiyning ta’lim-tarbiyaga oid hikmatlarida ustoz-shogird faoliyati munosabatlari.
3. Aziziddin Nasafiyning ta’lim-tarbiyaga oid hikmatlarining pedagogik konsepsiyasi.
Globallashuv sharoitida demokratik huquqiy jamiyatni qaror toptirish jarayoni davom etayotgan bugungi kunda yangicha ijtimoiy munosabatlarni shakllantirish madaniy meros saboqlaridan keng foydalanishni taqozo etmoqda. Zero, jamiyat a’zolari, xususan, yoshlarning har tomonlama barkamol inson bo‘lib yetishishlarida ajdodlar an’anasi va o‘tmish qadriyatlari muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Zero, O‘zbekiston Respublikasining “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da qayd etilib ta’kidlanganidek, “Milliy o‘zlikni anglashning o‘sib borishi, vatanparvarlik, o‘z vatani uchun iftixor tuyg‘usining shakllanayotgani, boy milliy, madaniy-tarixiy an’analarga va xalqimizning intellektual merosiga hurmat yoshlar tarbiyasidagi muhim omil sanaladi”._
Zero, boy milliy ma’naviy meroslarimizda olg‘a surilgan masalalar asosini ma’naviy-axloqiy qarashlar tashkil etadi. Axloqiy meyorlar hayotning bosh mezoni sifatida belgilangan bu asarlarda shaxsning jismoniy, ma’naviy, ruhiy kamoloti, xulq-atvori haqida ibratomuz fikrlar o‘z ifodasini topgan. Xususan, komil inson tarbiyasida oila, jamiyat, mehnat, hunar va ta’lim hamda ustozning o‘rni kabi qator masalalar yoritilgan.
Uzoq asrlar davomida xalqimiz o‘z farzandlariga ilmu ma’rifat o‘rgatish va odob-axloq fazilatlarini singdirishda etnopedagogik manbalar bilan bir qatorda ajdodlarimiz nasihatlariga ham amal qilib kelganlar. Bugungi zamonaviy sharoitda ham ma’naviyat sarchashmalardagi axloqiy tarbiyaga oid qarashlarni chuqur o‘rganish zaruriyati yo‘qolmagan. Bugungi kunga qadar bir qator o‘tmish allomalari va olimlarning ma’naviy qimmati baland bo‘lgan asarlari, ulardagi komil inson tarbiyasi haqidagi qarashlarga oid ba’zi maqolalar e’lon qilingan bo‘lsa-da,, ammo bu sohada maxsus tadqiqot ishlari nihoyatda kam ekanligi ma’lum. Ana shunday hali asarlari to‘liq o‘rganilib, hayotga tadbiq etilmagan olimlardan biri Aziziddin Nasafiydir.
Aziziddin Nasafiyning asarlarida komil inson qiyofasida aks etuvchi ma’naviy-axloqiy xislatlar sifatida quyidagilar keltiriladi (1-jadval).
1-jadval. Aziziddin Nasafiy asarlarida keltirilgan ma’naviy-axloqiy sifatlar

Axloqiylik
To‘g‘rilik
Insof
Saxiylik
Saxovatlilik

Bilimlilik Aqllilik
Donolik
Mardlik
Qanoatlilik



Sabrlilik
Mehnatsevarlik
Insoflilik
Insoniylik
Nafsga berilmaslik



G‘ayratlilik
Xushmuomalalik
Mustaqil fikrlash
Oqibatlilik
Harakatchanlik

Mazkur ma’naviy-ahloqiy sifatlar allomaning asarlari, hikmatlarida o‘z ifodasini topgan.
Aziziddin Nasafiyning “Zubdat ul-haqoyiq” asarida odob-axloq meyorlarining inson hayotida ifodalanishi ancha ravon aks ettirilgan. Ushbu asarning mazmuni islom dini ta’limoti ta’sirida yaratilgan bo‘lsa-da, uning mazmunidagi asosiy axloqiy tarbiyaga oid fikrlar pedagogik qimmatga egaligi bilan diqqatga sazovor. Shu jihatdan asardagi fikrlar, Nasafiy hikmatlaridagi islomiy qarashlarning allomalarimiz Alisher Navoiy, Koshifiy, Sa’diy SHeroziy kabilarning hikmatlari bilan ta’limiy-ahloqiy jihatdan hamohanglik, yaqinlikni ko‘rish mumkin. Chunonchi, Aziziddin Nasafiy “Zubdat ul-haqoyiq” asarining ikkinchi bob, uchinchi asl, to‘rtinchi fasli bo‘lmish “Nasihat” bobida ”Tuz to‘dasiga qo‘shilgan tuzga aylanadi, ifloslikka tushgan iflos bo‘ladi, zero, nopok va paliddan nopok va palid tug‘iladi, safodan safo hosil bo‘ladi. Sendan tug‘ilgan sof bo‘lishi uchun avval o‘zingni pokla”, - degan fikrni bildiradi. Alloma falsafiy qarashlarining asl mohiyatida shaxs rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillariga e’tibor qaratadi. Ijtimoiy omil (“tuz tudasiga qo‘shilgan”)ning tarbiyada ustuvor ekanligini ta’kidlaydi. Shuningdek, olim irsiyatning (“nopok va paliddan nopok va palid tug‘iladi”) muhim ekanligini qayd etib, tarbiya jarayonida o‘z-o‘zini tarbiyalash (“avval o‘zingni pokla”) ham katta ahamiyat kasb etishini uqtirib o‘tadi. Bu bilan komil inson tarbiyasida bir tomondan irsiyatning, ikkinchidan xulqning mo‘tadilligi natijasida ham nafs, ham badan sog‘lom bo‘lishi ta’kidlanadi. Bu esa hadisi sharifda keltirilgan “Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi”, - degan purma’no fikr bilan hamohangdir. Demak, Nasafiy komil inson tarbiyasida barcha omillarni birgalikda amalga oshirish va yaxshi xulqni tarbiyalash mumkinligini ta’kidlab o‘tadi. Shuningdek, komil inson tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati nihoyatda katta ekanligini e’tirof etadi. Tarbiyada ota-ona o‘z tarbiyasi bilan alohida va muhim o‘ringa ega. Ota-onaga Alloh tomonidan berilgan ne’matlar ichida eng ulug‘laridan biri farzanddir. Ularning burchi esa o‘z farzandini komil inson qilib tarbiyalashdir. Har bir ota-ona shu mas’uliyatni his etishi, ota-onalarning o‘zlari ham o‘z xulq-atvorlari, insoniyligi, axloqlari bilan o‘rnak va namuna bo‘lishlari nihyatda ahamiyalidir. Ulardan har ikkalasining farzandlari oldida e’tiborli obro‘ga ega bo‘lishi muhimligi qayd etiladi.
Aziziddi Nasafiy komil inson xulqini tarbiya qilishda meyorga amal qilishni nasihat qiladi. Allomaning ta’kidlashicha, meyorga amal qilish har bir insonning hurmatli bo‘lishini kafolatlovchi asosiy mezondir. Meyordan ortiqcha so‘z aytish, hattoki nasihatni ham ortiqchasi komil inson tarbiyasida so‘zning ta’sir kuchini yo‘qotadi. Alloma bu borada “Ifrotiy (haddan, meyordan oshiq) ro‘za va namozga berilib, ketma-ket hajga borma. Buyurgan farzni ado etish bilan cheklan. Ko‘p so‘z va gaplarni yodlashni ham o‘zingga odat qilma, fiqxni berilib o‘rganishning ham, ko‘p hikmat bilishning ham foydasi yo‘q, keraklisini bilib olsang, bas”,_ - deydi. Nasafiyning fikricha, har ishda meyorning bo‘lishi komillik belgisidir. Ortiqchasi bekerak va befoydadir. So‘zlaganda fikrlar tarbiyalanuvchining yuragiga yetib borishi lozim. Ko‘p so‘zlash samarasiz bo‘lib, tarbiyalanuvchi tarbiyachining so‘zlariga va nasihatiga e’tibor bermasligi aniq. Bu esa tarbiyachining ko‘pchilik oldida obro‘sizlanishiga yetarli asos bo‘ladi.
Aziziddin Nasafiy boshqa allomalar kabi o‘z qarashlarida insoniy sifatlarni qadrlagan, odamiylikka zid xususiyatlarni albatta qoralab kelgan. Nasafiy hikmatlarida komil inson sifatlari, ya’ni tarbiyalanganlik ko‘zgulari – yaxshilik qilish, saxiylik, iroda sifatlari, qanoat va boshqalar yorqin ko‘rinishlarda namoyon etiladi. Nasafiy hikmatlarida shaxs oila, mahalla va jamiyatdagi tarbiya jarayoni qonuniyatlari hamda tamoyillari asosida tarbiyalanadi va kamol topadi deb ta’kidlanadi.
Aziziddin Nasafiy fikricha, shaxs ma’naviy dunyoqarashining shakllanishida uni o‘rab turgan ijtimoiy muhitning muhim o‘rni bor. Nasafiy hikmatlarida insoniy sifatlardan saxiylik va xasislik o‘ziga xos tarzda ta’riflanadi. Ma’lumki, saxiylik shaxs ma’naviyati kategoriyasi bo‘lib, u insonning ma’naviy tarbiyalanganlik darajasi bilan baholanadi. “Saxiy” arabcha so‘z bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi “mard”, “mehribon”, «javonmard” demakdir. Saxiylik ma’naviy-axloqiy fazilat sifatida faqat odamzodgagina xos ruhiy hodisadir. Saxiylik tushunchasi diniy va dunyoviy mazmunga ega bo‘lib, dunyoviy mazmuni odamiylikdan iboratdir. Uning tarkibiga kiradigan unsurlar, qirralar, jihatlar g‘oyat turli-tumandir. Odamiylik deganda xalqning uzoq tarixi davomida turli sinovlardan o‘tib, sayqal topib kelayotgan va faqatgina ijobiy fazilatlar tarzida e’zozlanadigan axloqiy qadriyatlar tushuniladi. Diniy mazmunda oliy bir ibtidoga ishonch ruhining qalbda qaror topishidan kelib chiqib mol-dunyoga hirs qo‘ymaslik, muruvvatli bo‘lishni anglashdir. Diniy va dunyoviy mazmunda biroz tafovut bo‘lsa ham, ularning mohiyati va shakliy tuzilishi bir xil. Chunki saxiylik shaxs ma’naviy-ruhiy olamida qaysi yo‘nalishda qaror topmasin, uning sharti asosan bittadir. YA’ni saxiy odamning so‘zi bilan ishi bir bo‘ladi. Bunday inson har qanday sharoitda yaqinlari va maslakdoshlari uchun hech bir dunyoviy boylikni ayamaydi. Insonlarning hojatini chiqarishdan charchamaydi, huzur qiladi. Agar shunday qilmasa, vijdon azobida qoladi va o‘zini o‘zi sira kechirmaydi. Demak, vijdon, halollik, poklik, rostgo‘ylik, insof-diyonat, saxovat, muruvvat bilan yashash faqat ma’naviy dunyosi boy odamlargagina xos fazilatlardir.
Shu bois saxiylik va xasislik masalalari Aziziddin Nasafiyning asarlarida har tomonlama tahlil etilgan. U o‘z hikmatlarida shunday yozadi: “Ikki xil odamlar bekorga harakat va mehnat qilgan hisoblanadi. Biri boylik to‘plab o‘z iste’mol taomi uchun xassislik qilsa, ikkinchisi bilimga ega bo‘laturib, shu bilimini boshqalarga o‘rgatmasa”.
Aziziddin Nasafiy saxiylikning ziddi bo‘lgan xasislik qiluvchi kishini xatto o‘zining omon qolishi uchun ham to‘plagan boyligidan foydalanmasligini insoniylikdan xoli tushuncha sifatida ko‘rsatmoqda. Xasislik inson ma’naviyatining go‘zal emasligi, xasis odamning insoniylik mazmun mohiyatini to‘g‘ri anglamasligi, axloqiy xususiyatlarga ega emasligi, qilgan mehnatining rohatini ko‘rmasligi, kibru havodan andishada bo‘lmasligidadir. Shu bilan birga, masalaning yana bir tomonini, ya’ni bilim va iqtidor egasining o‘z ilmidan boshqalarga foyda tegmasligi ham xasislik ekanligini, ilm egasi saxiylik maqomidan bebahra qolishini shu birgina hikmatda qisqa, lekin boy mazmun bilan ana shunday yoritib beradi.
Shuningdek, Nasafiy har bir insonning jamiyat hayotida muayyan va aniq maqsadi bo‘lishi kerak degan fikrni ilgari suradi. Nasafiyning fikricha, maqsadga yo‘nalganlik jamiyat rivojining asosiy va ahamiyatli shartidir. Alloma maqsadga yo‘nalganlikni aniq bayon qilish bilan jamiyatdagi meyorlar bilan shaxsning ehtiyojlari uyg‘unlashuvi muhimligini, shaxsning amaliy faoliyatida ijtimoiy munosabatlar tizimini ro‘yobga chiqarishga tayyor bo‘lishi zarurligiini tushuntirishga intiladi. Maqsadga yo‘nalganlik hamda rejalashtirish g‘oyalarini ishlab chiqish va baholashni harakatlarning unumdorligi, muammoli vaziyatlarni hal etish zaruriyati bilan izohlaydi. Chunki maqsadga yo‘nalganlik insonlarning turli-tuman ziddiyatli voqea-hodisalarga bardosh qila olishini ifoda etadi. Bu yo‘nalishda Aziziddin Nasafiy inson maqsadining ma’naviy tarbiyadagi o‘rni beqiyosligini ko‘rsatib o‘tadi va bu haqda o‘zining quyidagi hikmatini keltiradi. “Bir odamdan so‘radilar: “Harakatsiz va maqsadsiz olim kimga o‘xshaydi?” Javob shunday bo‘ldi: “Asal bermaydigan asalariga”. Ma’lumki, maqsadga intilish uch narsaning butunligidan hosil bo‘ladi: shijoat, ishonch va amal. Shijoat – tizimli harakatlar majmui; ishonch – so‘z va harakatlarda maqsadning aniqligini tan olish; amal – ishonchni yaxshi ishlar (amal) bilan isbotlash. Bu xuddi asalarilarning harakatiga qiyoslanadi. Asalari shijoatda, g‘ayratda tengsiz, maqsadi aniq va harakatlari ishonchli, amali esa barchani lol qoldiradi. Gulchangdan asaldek ne’mat oladi ular. Bu esa mana shu uchta butunlikning buzilmasligidir. Allomaning maqsadsiz olimning asal bermaydigan asalariga o‘xshatishi ana shundandir. G‘ayratli bo‘lish shaxs fazilatlariga ijobiy ta’sir etar ekan. Nasafiy “Bilimga ega bo‘lib, lekin harakat qilmaydigan kishi yerni ekinga tayyorlab urug‘ sochmagan dehqonga o‘xshaydi...” – deydi. YA’ni bilimi bo‘laturib g‘ayrati, harakati bo‘lmasa, umri besamar o‘tadi demoqchi. Inson bilimi va g‘ayratining mushtarakligi uning ongi va ahvoli ruhiyatiga singgan, undan mustahkam o‘rin olgan dunyoviy g‘oya va dunyoqarash sifatida qudratli harakatlantiruvchi kuch va inson irodasini mustahkamlovchi vositadir. Bilim markazida dunyoqarash, olamga, odamga va ularning turli uyushmalariga munosabatni belgilash yotsa-da, ammo umuminsoniy axloqiy qadriyatlar – vatanparvarlik, oila, jamiyat, xalq va butun insoniyat oldidagi burchni anglash kabilar insoniy shartlar hisoblanadi. Bunday xususiyatlardan mahrum bo‘lgan odamlarga odatda mevasiz daraxt sifatida qaraladi. Nasafiy ham shu bois bundaylarni “yerni ekinga tayyorlab urug‘ qadamagan” kishiga o‘xshatadi. Bilimi yetarli bo‘lib, harakat sust bo‘lsa, o‘ziga, insoniyatga, jamiyatga nisbatan loqaydlikdir. Loqaydlik tushunchasi zamirida ishyoqmaslik, dangasalik, so‘z va amal birligining yo‘qligi, bahonakashlik singari mazmunlar ham ifodalanadi. Aziziddin Nasafiyning fikrlari bugungi kunimiz uchun ham shaxs kamolotidagi dolzablikni belgilovchi mezonlar deyish mumkin. Zamonaviy jamiyatni parokandalikka olib keluvchi illat – bu loqaydlikdir. Darhaqiqat, loqayd kishilar tevarak-atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarni ko‘rib, his etib turishsa-da, “Bu menga taalluqli emas” yoki “Bu mening muammom emas”, – deb o‘tib ketaveradilar. Bu bilan ular o‘zlarini go‘yoki ortiqcha muammolardan xalos etmoqchi bo‘ladilar. Ammo bilishmaydiki, ularning bu loqaydliklari katta bir falokat yoki muammoga sabab bo‘lishi, hatto yurt tinchligiga rahna solishi mumkin. Shu bilan birga, ko‘pchilik insonlarning jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar, islohotlarga befarqligi, doim o‘z qobig‘iga o‘ralib olishlari taraqqiyotga g‘ov bo‘lishi mumkin. “Barchamizga ayon bo‘lish kerakki, – deb uqtirgandi mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimov, – qayerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o‘zi bo‘ladi deb tashlab qo‘yilsa, o‘sha yerda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi”
Nasafiy fikricha, insoniy munosabatlar (ijtimoiylashuv) rivoji har bir insonning faoliyati va harakatiga bog‘liqligi ta’kidlanadi. Faol harakat qilmaslik, ijodiy mehnatsiz kishilarning ma’naviy-axloqiy hayotini, kamolotini tasavvur etish mumkin emas. Faolligi yo‘q odamda ehtiyoj, manfaat, harakat bo‘lmasligini quyidagi hikmati bilan izohlaydi. “Qancha o‘qisangiz ham, harakat qilmasdan bilolmaysiz”. Harakat qilish esa muayyan organlar va muskullar harakatisiz, shuningdek, kishilar bilan aloqaga kirish istagisiz, tilsiz, tafakkursiz, hissiyotsiz ro‘y bermaydi.
Nasafiy hikmatlari mazmunida inson ma’naviy tarbiyasining eng mukammal ko‘rinishi uning muomala odobida ekanligi bayon etiladi. Muomala xushtavozelik, ochiq yuzlilik alomatlari bilan zohir bo‘ladi. Xushmuomalalik insonning olamni, unda o‘z o‘rni va mavqeini bilishi, ijtimoiy mavjudot sifatida namoyon bo‘la olishining zarur shartidir. Muomala orqali inson ruhi ezgulikni qaror toptirish tomon yo‘nalib, ijtimoiy-siyosiy hayotning insonga yaqinlashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Xushmuomalalikda ham meyor katta ahamiyat kasb etadi va bu tushunchalar odatiy bir ma’noda qo‘llaniladi. Ochiq yuzlilik va xushtavozelik barqaror bo‘lmagan muhitda insonning shaxs sifatida shakllanishi qiyinlashadi. Ijtimoiy hayotda bu borada “Shirin so‘z bilan ilon inidan chiqar”, “Bola shirin so‘z gadosi”, – degan naqllar uchraydi. Nasafiy o‘z qarashlarida har narsaning, jumladan, xushmuomalalikning ham chegarasi borligini, sharoit va voqealar rivojiga qarab yashash lozimligini uqtiradi. Bu borada olim: “Siz xushmuomala bo‘lish kerak bo‘lganda qo‘pol so‘zlarni aytmang, chunki tayoq o‘jar hayvonlar uchun mo‘ljallangan. Agar siz g‘azablansangiz xushmuomala bo‘lmang, chunki shakar achchiq dori kerak bo‘lgan joyda yarashmaydi”, – deydi.
Inson fe’li o‘zgaruvchan ekanligiga e’tiborini qaratgan Nasafiy ochiq yuzlilik talab etiladigan vaqtda qo‘pollik ishlatilsa, insonlar o‘rtasida ishonch, mehr-oqibat yo‘qolishiga olib kelishini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, fikrning amalga oshishida insonning ko‘p vaqti va kuch-quvvati behuda sarflanishiga sabab bo‘lishini aytadi. Inson faqat o‘z chiroyi, odobi va muomalasi tufayli hayotda dadil qadam qo‘ya olishini tushuntiradi. Shuningdek, alloma kerakli vaqtda tarbiyada shirin so‘z emas, tanbeh berish ham asosiy qurol ekanligini ta’kidlab o‘tadi. Bu esa tarbiyada avval aqlingni ishlat, foyda bermasa qalbingni ishlat, yana foydasiz bo‘lsa qo‘lingni ishlat ta’biriga mos keladi.
Shu hikmatga yaqin misol sifatida Nasafiyning quyidagi fikrini keltirish mumkin. “Qadimgi donishmandlar kulgili hikoyalar va maqollardan saboq olishgan, chunki keyingi avlodlar ular haqida kulgili hikoyalar va maqollarni to‘qimasliklari uchun”. Dunyoda insonlar ma’naviyatining turli jihatlarini ko‘rish mumkin bo‘ladi hamda har biri voqelikka o‘z dunyoqarashi, axloqiy mezonlari darajasida munosabat bildiradi. Aziziddin Nasafiy ibrat olishning manbasini yanada ochib berishga harakat qiladi va donishmandlik tushunchasi bilan uquvsizlik yonma-yon turishini ta’kidlaydi. Aziziddin Nasafiy hikmatlarida donishmandlikning belgisi kulgili hikoyatlardan ham tarbiya olish mumkinligi, bu borada aql va ma’naviyatning uyg‘unligini, uquvsiz esa kulgili voqea sababli shunchaki ko‘ngil xushlashini ko‘rsatib beradi. Donishmand qachondir u ham kimlargadir kulgi bo‘lishi mumkinligini his etadi va bunga zinhor yo‘l qo‘ymaslikka intiladi. Uquvsiz esa voqeani barcha davralarda gapirib yuradi. Bu bilan o‘z qadrini kulgiga almashtirib qo‘yadi. Bu hikmat Alisher Navoiyning “Bulut yig‘lab ko‘z yoshi to‘kishi bilan dur sochuvchi bo‘ldi, chaqmoq esa kula-kula pastlashdi, yerga kirdi”, – degan ibratli naqliga hamohang qadr topa olgandir.
Aziziddin Nasafiy hikmatlaridagi e’tiborli g‘oyalardan biri shuki, donishmand ko‘z o‘ngida fil bilan jang qilishga chanqoq kishi jasur bo‘lmaydi. G‘azablanganda nomaqbul gaplarni aytmaydigan kishi jasurdir.
G‘azab odamiylikni tark etish bilan baholanadi. Nasafiyning fikricha, g‘azab iymonsizlikning bir ko‘rinishidir. Shu sababli uning hikmatlarida insondagi g‘azab (yomon)lik bir olov misol insonni kuydirsa, uni tark etish odamiylikning oliy ko‘rinishi – yaxshilikka erishish ma’nosida keltiriladi. G‘azablanganda insonning jasorati, kuch-quvvati mardlik deb baholanmasligini ta’kidlab o‘tadi. Insondagi jasorat g‘azab bilan o‘lchanganda edi, dunyo iymonsizlar makoniga aylanardi. G‘azabi kelganda o‘z aql-farosati (iymoni)dan kechmagan, o‘zini iroda qila olgan kishigina mardlik timsoli sifatida qadr topishi anglanadi uning ilmiy qarashlarida. Nasafiyning bunday hikmati inson irodasi bilan ham bevosita bog‘lanadi. Iroda va iymonlilik darajasi ko‘p jihatdan ijtimoiy omillarga ham bevosita bog‘liq. Iroda inson tabiatidagi mustahkamlik, qat’iyatlilik, o‘z xohishini boshqara oladigan, turli hoyu havaslariga qarshi tura olishni anlatuvchi tushuncha. Irodalilik “so‘rash, talab qilish, tanlash, afzal ko‘rish” degan ma’nolarni anglatadi. Iroda insonni biron bir narsani qilishga yoki qilmaslikka undaydigan ichki kuchni bildiradi. Boshqacha qilib aytganda, iroda odamlarning harakati va xatti-harakatlarini boshqaruvchi kuchdir. O‘z navbatida, iroda kuchi “ongni o‘ylash va qaror qilish qobiliyati, shuningdek, teng ravishda shunday qilish usullaridan birini tanlash va tanlash uchun kuch" hisoblanadi.
Iroda ma’naviyatning muhim komponenti. Irodalilik sifati g‘azablanganda o‘zini qo‘lga olishda, samarali kuchga ega ekanligiga ishongan holda muvaffaqiyatga erishishning birinchi shartini belgilaydi. Mazkur sifat bo‘shlik, dangasalik va loqaydlik kabi ichki dushmalarni yo‘q qiladi. Irodasi zaif inson o‘z g‘azabini bosa olmaydi. Nasafiyning hikmatlari qatidagi yashirin ma’no “iroda odamni hayvondan ajratib turuvchi xususiyat emas, balki odamni bir-biridan ajratib turadigan yagona ruhiy kuch” ekanligini o‘quvchiga anglatishdir.
Bugungi zamonaviy sharoitda ham aynan yoshlar irodasi masalasiga e’tibor ortib borayotganligining boisi shundaki, globallashuv jarayonida yoshlar uchun g‘oyat zarur bo‘lgan mafkuraviy immunitetning shakllanishida ulardagi iroda sifatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Nasafiy iroda sifatlarini shakllantirishdagi o‘z qarashlarini quyidagi hikmati orqali davom ettiradi. “Yomonlikka yaxshilik bilan javob berish yomonlikdan yaxshilik orqali o‘ch olish bilan barobar bo‘lishi mumkin” Nasafiy bu hikmati bilan insonning irodasini yomonlikka yaxshilik qilishdek jasorat manbai sifatida e’tirof etadi. Zero, yomonlikka yaxshilikni qalqon qilish inson yuragining benihoya axloqiy qudrat manbai ekanligidan darakdir.
Aziziddin Nasafiy komil inson tarbiyasi haqidagi fikrlarini “Kitoblar yuklangan eshak fikrlaydigan darajaga yetmaydi yoki dono bo‘lib qolmaydi. Mohiyatiga yetmaydiganlar uchun o‘tin ko‘taradimi yoki kitobmi farqi yo‘q”, - deb davom ettiradi. Bu hikmat orqali Nasafiy komil inson ma’naviyatiga daxldor bo‘lgan sog‘lom e’tiqod, yuksak dunyoqarash va sof iymon asoslarini shakllantirish jarayonida zarur dunyoqarashga, keng fikr doirasiga ega bo‘lmaslik har qanday insonning, xususan, yoshlarning mustaqil fikrlovchi, olijanob shaxs bo‘lib yetishishlariga to‘siq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Nasafiy fikricha, donolik sandig‘ida ko‘p kitob saqlash yoki ularni ko‘tarib yurish bilan belgilangan vazifa ado etilmaydi, balki kitobdan uqqan sifatlar asosida odobli va xushxulq sohibi bo‘lish, ezgulik yo‘lida yurish muhimligini, bunday fazilatlarga ega odamning aqlu farosatidan o‘zgalar qanchalik bahramand bo‘lishi ahamiyatli ekanligini tushuntiradi. Shu bilan birga, o‘qilgan kitobni uqib olish, ya’ni chinakam aql va bilim o‘zaro omuxta bo‘lsa, bunga insoniy fazilatlar qo‘shilsa, ma’naviy komillikni vujudga keltirishga xizmat qilishini ta’kidlaydi. Aks holda bilimsiz aql qalbni mahv etadi, qalban yomonlik va tuhmatdan, axloqsizlikdan qutilish mushkul bo‘lib qoladi.
Nasafiyning “Zubdat ul-haqoyiq” asaridagi bir qator nasihatlar insonni saxovatli va himmatli bo‘lishga, yolg‘on, qalloblik nuqsonlaridan uzoq yurishga undaydi. “Sening qalbing haqgo‘ylik va ezgulik bilan bezansin, toki inson degan ulug‘ nomga munosib bo‘lsang, do‘zax azoblaridan qutilasan, illo agar buni ehtiyoj yuzasidan qilsang, joying do‘zaxda bo‘lsin. Shunday bo‘lginki, sendan beixtiyor hamisha yaxshilik va saxovat yog‘ilib tursin, hamma vaqt yovuzlik va haqorat yog‘diradigan kishilardan bo‘lma. Chunki ularning haqiqati (tabiati) hamisha nohaqlik va zulm, noxushlik ijod qilishdir. Sening haqiqating (mohiyating) to‘g‘rilik va xayrli ishlar ijod qilish bo‘lsin”, - deyiladi “Zubdat ul-haqoyiq” asarida.
Aziziddin Nasafiyning falsafiy fikrlaridan anglaymizki, yolg‘on va qalloblik yovuzlikning bir qismi bo‘lib, insonni jaholat va gunohga yo‘llaydi, axloqsizlikka yo‘l ochadi. Shu sababli alloma bu haqda ogohlantiradi. Bundaylarning qilmishlari, kasblari “yomonlik ijod qilish” bo‘lib, kishilarga ozor berishdan zavqlanib yashaydilar. Bu kabilar aslo Haqqa yaqinlasha olmaslar, ya’ni yaxshilik yo‘lidan yurmaydiganlardir. Bu kabi yomon ijoddan tiyilishning muhim omillaridan biri sifatida esa alloma yovuzlikka oshno bo‘lganlardan yiroq bo‘lishga va hamisha nohaqlikka qarshi kurashishga, insonlarga zulm qilmaslikka, doimo sharafli bo‘lishga, yomonliklarga hushyor munosabat bildirishga undaydi.
Aziziddin Nasafiy fikrlarida ko‘p e’tirof etiladigan axloqiy tushunchalar yaxshilik, saxiylik, to‘g‘riso‘zlik va boshqalar kishilarning ma’naviy kamolotidagi rivojlanish jarayonlari haqida. Nasafiy har bir insonni yomonlikdan uzoq bo‘lishga, o‘zini yomonlikdan asrashga va ma’nan komillikka erishishga da’vat etadi. “Kimki hamisha odamlarga farog‘at tilasa va odamlar uchun farog‘at keltirsa o‘sha saxovatli qalb egasidir. Bunday odam hech kimdan xizmatini darig‘ tutmaydi. Tili, qo‘li, moli bilan o‘zgalar yordamiga shoshiladi. Hamma vaqt odamlarni qiynashni odat qilgan, odamlarga azobu zulmni ravo ko‘ruvchi, tili, qo‘li bilan odamlarga ozor beruvchilar qalbi nuqsonli odamlardir”, - deya fikr yuritadi alloma.
Nasafiy hikmatlarida tarbiyaning kuchiga nihoyatda katta baho berilib, tarbiyali inson jamiki axloqiy sifatlarini jamiyat va o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishga qaratish lozimligini uqtiradi. Tarbiya jarayonida inson rivojlanib, qalb va ruh tozaligini ta’minlaydi. Lekin buning aksi bo‘lganda, ya’ni axloqiy sifatlarning ziddiga ega bo‘lgan kishilarga tarbiya berishning foydasizligini shunday ifodalaydi: “Tarbiyasiz yoki yomon xulqli odamlarga yaxshilik qilish tuzli joyga don ekishga o‘xshaydi. Yomon xulqli kishiga yaxshilik yo‘lini ko‘rsatish so‘qir odam oldida sham tutish bilan barobardir”.
Nasafiyning mazkur hikmati bobokalonimiz Alisher Navoiyning quyidagi hikmati bilan mushtarak:
Nokasu nojins avlodin kishi bo‘lsin debon,
Chekma mehnatki, latif bo‘lmas kasofat olami.
Kim kuchuk birla xo‘tikka necha qilsang tarbiyat,
It bo‘lur, dog‘i eshshak, bo‘lmaslar aslo odami. 2
Aziziddin Nasafiyning “Hech kimsaga yoki biron bir joyga qalbingiz bilan bog‘lanib qolmang, chunki quruqlik va dengiz juda keng, dunyoda esa ko‘plab insonlar bor”, - deyilgan hikmatining diqqatga loyiq jihati shundaki, komil inson axloqiy saodatining muhim sharti sifatida qalb pokligiga urg‘u berilgan. Bu tasodifiy bo‘lmay, balki inson qalbining bevosita axloqqa aloqadorligiga ishoradir. Komil inson axloqining eng muhim sharti qalb pokligi ekan, avvalo, uni biror narsa yoki buyumga bog‘lab qo‘ymaslik kerakligi, balki keng qalb bilan insoniyatga ma’naviy-axloqiy xizmat qilinishi nazarda tutiladi. Shuningdek, Aziziddin Nasafiy mazkur hikmatda “qalb bilan bog‘lanmaslik” zaruratini turmushning turli bosqichlarida, yaxshilik va yomonlik kelganida, inson o‘zini qanday tutishi, irodasi va bardoshini toblashi haqida ham mulohaza yuritadi. YA’nikim, boylik va lavozimga bog‘lanib qolish sababidan gerdayib ketmasliklik kerakki, o‘sha narsalar qo‘ldan ketgan vaqtda ruhan tushkunlikka berilmasdan yashash imkoniga ega bo‘lish mumkin. Komil inson axloqining eng go‘zal ko‘rinishi dunyo moliga ega bo‘lganda saxiylik va muruvvatga, qashshoqlikda harakatchan va tadbirkor bo‘lishga, yuksak martabaga erishganda kamtar va odil bo‘lishga intilishdir. Aziziddin Nasafiy o‘z qarashlarida komil inson kamolotida ilm olish, o‘rganishdan charchamaslik va to‘xtab qolmaslikka ahamiyat qaratadi. Ilm olish maqomining bunday yuksak qadrlashnishi komil inson irodasining yovuzlik va axloqsizlikka qarshi chiniqtirishda, jismoniy, ma’naviy barkamolligini tarbiyalashda muhimligini qayd etadi. Inson komillikka intilar ekan, ilm va e’tiqodli bo‘lishi, boshida turli kaltaklar sinmasligi uchun o‘z qalbida haqiqat va rostlik chirog‘ini yoqishi, jaholat pardasini chilparchin qilmog‘i kerakligini ta’kidlab ta’lim beradi. Chunki ilmsiz inson o‘z haqiqatini (mohiyatini) anglamaydi, shu bois zulm ostida qolishini aytib, “Shahar itiga doimiy ravishda kaltaklar yog‘iladi, chunki u ovchi itidek ovga qodir emasda”, - deb uqtiradi.
Aziziddin Nasafiy o‘z dahosi bilan insonlarning barcha sohada ne’matlar yaratuvchi asosiy kuch ekanligini, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taqdiri insonlarning mustaqil fikrlashiga, ularning ijod qilishiga bog‘liqligini ko‘ra bildi. U yozadi: “Uy tovug‘idek zulmni boshingdan kechirgandan ko‘ra, nega erkin parvoz qiladigan kabutar kabi sayohat qilmaysan?” Bu bilan alloma inson hurligi (mustaqilligi) har nedan muhim ekanligini ta’qidlab, erkin bo‘lmagan kishi uy tovug‘iga qiyoslanadi. O‘z erki uchun intilishi bo‘lmagan, adolat istasa ham jur’ati yetmaydigan, fikri sayoz, vaziyatni o‘z qarichi bilan o‘lchaydiganlar rahnomo bo‘lolmasligini ta’kidlaydi. Kabutar esa hurlik ramzi sifatida o‘z dunyoqarashiga ega, tafakkuri teran, axloqiy yetuk insonlarga qiyoslanadi. Shuningdek, alloma mustaqil fikrli, erkin tabiatli insonning g‘oyaviy sezgirligi, o‘z nuqtai nazarini himoya qilishi, ishi va so‘zi birligi o‘zi va jamiyat rivoji uchun xizmat qilishga qodir bo‘la olishiga ishonadi.
Qadim nasaflik ajdodimizning insoniyatga tuhfa qilgan bebaho ma’naviy ne’mati nafaqat tarixiy-qomusiy yodgorlik, balki pedagogik qimmatga ega noyob durdonadir. Bu asar olam va odam haqidagi bilimlar majmuasi, tarbiyaga oid qimmatli ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan tarbiya kitobi hamdir. Aziziddin Nasafiyning asarlaridagi fikrlarni, hikmatlarni axloqiy qarashlarga boy manba sifatida baholash hamda undagi mazkur qarashlarni o‘rganish dolzarb pedagogik muammo ekanligini asoslash imkonini beradi.
Aziziddin Nasafiyning ta’lim-tarbiya haqidagi qadriyatlarga oid fikrlari”3dan
“Qanday yashasang, umring o‘taveradi. Solihlik va beozorlik bilan yashasang, yaxshiroq bo‘lur”.
*****
“Eng xolis gap shuki, biror qavm bir-birini ayblamasin, barcha bir-birini ma’zur tutsin. Chunki bu Vujud azamatli va hikmatga to‘ladir, hech kim bu Vujudni qanday bo‘lsa, shundayligicha bilolmaydi.
Bir chivinning yaralishi va xilqatida shuncha hikmat yashirindirkim, bir donishmand agar butun umrini o‘sha chivinni o‘rganishga bag‘ishlasa hamki, bu chivinning barcha sir-sinoatidan xabardor bo‘lolmaydi, holbuki, bu chivin bor-yo‘g‘i bir necha soat umr ko‘radigan maxluqdir”.
*****
“Sajda qilmoq peshanani yerga surmoq emas, sajda qilmoq kim uchundir biror ishni bajarmoqdir. Demak, butun mavjudot insoniyatga sajda qiladi. Mavjudotning insoniyatga sajda qilishiga sabab odamlar ichida Komil inson yashaydi, demak, insoniyatning borlig‘i Komil inson tufaylidir.”
*****
“Aql insonlarga xosdir, insoniyatning boshqa mavjudotdan bo‘lgan fazilati ham shu Aqldir. Oqillarning bir-biriga nisbatan bo‘lgan fazilati ham ilmi va axloqi tufaylidir”.
*****
“Butun mavjudotga bir omonat yukni taklif etdilar, barchasi ibo qildi va qabul etmadi. Inson qabul etdi va u bilan kamolga yetdi. Bu omonat yuki – Aqldir”.
*****
“Savol berib so‘rashdiki, agar mavjudotning har bir turi qaysidir sifatning mazhari bo‘lsa, inson Ilm sifatining mazhari bo‘lgani sababli, odamlar o‘rtasida tafovut bo‘lmasligi, barchalari ilm mazhari sifatida bir xil bo‘lishlari kerak edi.
Javob bo‘ldi. Bilgilki, olamda har bir mavjudot nimaga ega bo‘lsa, iste’dodi tufaylidir, odamlar ham nimaga erishgan bo‘lsalar, iste’dodlari tufayli erishadilar.”.
*****
“Ko‘p odamlarda insoniy qiyofasi bo‘lgani bilan, odamiylik ma’nosi ularda yo‘q, ular hayvonlar hisobidadirlar. Hayvonlarning sifatlari va amallari ularda zohirdir”.
*****
“Odamiylikning alomati to‘rtta narsada: ezgu so‘z, ezgu amallar, ezgu axloq va maorif. Kimdakim bu to‘rt narsa bo‘lsa, insondir, kimdakim bular bo‘lmasa, inson emas. Kimdaki ushbu to‘rt narsani kamolga yetkazsa, Komil insondir”.
*****
“…Ayrimlar iste’dodni xosiyat deb nomlaganlar. Ular aytadilarkim, har bir kishining bir xosiyati bor, masalan, kimdir she’r yozadi va boshqalar she’r yozolmaydi. Kimdir she’rni yaxshi o‘qiydi, boshqalar yaxshi o‘qiyolmaydi. Kimdir to‘g‘ri fikrlaydi, kimlardir eplolmaydi. Kimdir ilm o‘rganishga, kimdir mol to‘plashga kirishadi va boshqalar buning uddasidan chiqolmaydilar. Shu kabi narsalarni xosiyat deb nomlaganlar. Shak yo‘qkim, bularning barchasi iste’dod bilan bo‘ladi, har bir kishining o‘z iste’dodi bor, bu iste’dod unda tug‘ma bo‘ladi. Iste’dod o‘zlashtiriladigan narsa emas, iste’dod to‘rt zamonning xosiyati tufayli shakllanadi. Iste’dod kasbiy bo‘lmagani bilan, u tarbiya va parvarishlash bilan ko‘payadi, agar tarbiya topmasa, bu iste’dod kamayadi. Masalan, birovda o‘ng tush ko‘rish iste’dodi bor, yana boshqa birovda o‘ngida narsalar uning ko‘nglida tezda aks topadi, agar biror kishi uning oldiga kelsa, u odamning ko‘nglidan nima kechayotgani bunga ma’lum bo‘lib turadi. Bu ikki kishi riyozat va mujohada orqali yuksak darajalarga erishib, g‘ayb olamidan shahodat olamiga yo‘l olgan voqea va hodisalarni oldindan xabardor bo‘lish salohiyatiga erishishlari mumkin. Agar bu narsa uyqu payti ayon bo‘lsa, uning nomi o‘ng tushdir, agar uyg‘oqlikda ayon bo‘lsa, nomi ilhomdir”.
*****
“Yaxshilar bilan suhbat tut va yomonlardan uzoq yur. Har kimki bir yaxshilikka erishsa, yaxshilar suhbatining sharaofati bilan erishadi, kimki bir yomonlikka uchrasa, yomonlar suhbatining kasofatidan bu holga tushadi. Yaxshi odamni yomonlardan ajratishni bilishni istasang, bilginki, yaxshi odam so‘zi va ishi birdek to‘g‘ri, yaxshi xulqli va odamlarga manfaat yetkazuvchidir. Yomon odam yolg‘on so‘zlaydigan egriqadam, axloqan buzuq va odamlarga ziyon yetkazuvchidir.
To‘g‘riso‘z, to‘g‘ri amalli, yaxshi xulqli va odamlarga rohat yetkazuvchi bo‘lishga harakat qil, tokim o‘shanda o‘zingdan hamda odamlar sendan omonda bo‘lsinlar. Omonlik qayerda bo‘lsa, o‘sha yer jannatdir, qayerdakim omonlik bo‘lmasa, o‘sha yer do‘zaxdir. Eng ulug‘ ne’mat jannatiy odamlarning jannatda bo‘lishlaridir. Eng og‘ir uqubat do‘zaxi odamning do‘zaxda bo‘lishidir. To‘g‘riso‘z, to‘g‘ri amalli, yaxshi xulqli va odamlarga manfaati yetadigan odam jannati odamdir. Bunday odamning suhbatiga yetishgan odam jannatda bo‘lgan kabidir”.
*****
“Bu olamda bor ekanmiz, doim ogoh va ziyrak bo‘lishimiz kerak, balolardan sog‘-salomat, ziyon-zahmatsiz o‘tishga harakat qilaylikkim, olam balo va fitnalarga to‘ladir. Dunyo azob va mashaqqatlarga to‘la bo‘lishi bilan birga cho‘chqa va to‘ng‘izlar, bo‘ri va sirtlonlar, ilon va chayonlarning uyasidir. Bular bilan suhbat qurish kerak, kechayu kunduz bularning xizmatini qilish kerak, bularning hukmi ostida bo‘lishga majburmiz”.

****
“…Odamlarning so‘zlari va faoliyati - ishlari uchun oldindan belgilangan o‘lchovlar yo‘q. Bilim va boylikka ega bo‘lish odamning sa’y-harakatiga bog‘liq. Odam qancha g‘ayrat qilsa, bilimi va mol-mulki shuncha ortadi.


****
“...Yaxshilik yoki yomonlik qilish kam yeyish yoki ko‘p yeyish inson ixtiyoridagi ish va u qancha mehnat va kuch sarflasa shuncha ko‘p topadi”.
****
“…Kimki imon maqomini qozonmagan bo‘lsa, u payg‘ambarlarni tan olmagan va avliyolarga ergashmagan bo‘ladi. Garchi surati odamlarday bo‘lsa-da biroq xislati va xulqiga ko‘ra odam emasdur. U hayvon jumlasidan, balki hatto hayvondan ham pastdir”.
****
“Aql – sodda javhar, demak javhar yaxlit bo‘lib, bo‘laklarga bo‘linmaydi, uning a’zo qismlari yo‘q”.
****
“Yer amalga oshmagan behad ko‘p orzular joyidir, bitta ushalgan orzu, amalga oshgan ish ostida o‘nta amalga oshmaganlari yotadi”.
****
“Agar kishi ulug‘ hikmatlar yo‘lida bo‘lsa, odamlarning faoliyati ta’sirli bo‘ladi. Chunki ulug‘ niyatlar harakat va faolliksiz ahamiyat kasb etmaydi”.
****
“Fikr va tadbirlar ta’sir kuchiga ega, ammo insonning himmati (jur’ati, intilishi) va orzusi bu sifatga ega emas. Ha, ko‘p donishmandlar va solihlar_ farzand tarbiyalaydilar. O‘z bolalarini o‘zlariga o‘xshab o‘sishini xohlab harakat qiladilar. Ammo yo‘q, aksincha, ul (donishmandlar bolalari) johil va fohish kishi bo‘lib yetishadilar. Ha, ko‘p qissaxon va xushovoz xonandalar bola-chaqa qilib, bolalarini o‘zlariga o‘xshashlari uchun kuch sarflaydilar. Yo‘q, aksincha ularning bolalari hokimlar va solih taqvodor_ shaxslar bo‘lib yetishadilar”.
****
“Garchi sen to‘g‘ri fikring, xayrli tadbiring, sa’y-harakating orqali dunyoviy ne’matlarga erishib mol-dunyo va mansabga ega bo‘lsang ham, ertaga nima bo‘lishini bilmaysan va bilolmaysan. Sog‘-salomat turasanmi, dardga chalinasanmi, ishlaring chappasiga ketadimi, iste’fo kutayaptimi seni bilishing qiyin. Ertaga qanchadan-qancha boylar qashshoqlarga qo‘shiladi, qancha qashshoqlar ertaga badavlat bo‘ladi. Va qancha taxtdan ag‘darilganlar ertaga podshoh bo‘ladi. Bu xuddi to‘lqinlanayotgan dengizdek gap, to‘lqin bir naqsh bo‘lib ko‘tariladi, ammo u yo‘qolmasdan yangi naqsh paydo bo‘lib, oldingisi mavhv etiladi”.
****
“…Kelishuv va qanoat, taslim va rizo – dorudir…”
***
“… Agar odam ma’rifat va safo sohibi bo‘lsa, uliviyyat olamiga yeta oladi va har qancha ma’rifat safo topsa, uning makoni shuncha baland bo‘ladi”.
***
Har bir odamda ikki xil qobiliyat (iste’dod) bor. Birinchi xili to‘rt fasl harakati ta’siridagi qobiliyatdir. U nasldan meros bo‘lib, uni sa’y- harakat bilan egallab bo‘lmaydi”.
****
“Insoniylik haddi-chegarasini bilgan har bir kishi komil inson bo‘ladi…”

Download 0.51 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   45




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling