Nematova nargiza muxtorovna


UChINChI RENESSANS ZARURIYaTI VA TA’LIM


Download 449.5 Kb.
bet3/19
Sana16.06.2023
Hajmi449.5 Kb.
#1492036
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
Bog'liq
учунчи ренессанс ва таълим

UChINChI RENESSANS ZARURIYaTI VA TA’LIM.
Yangilanish sari dadil odimlayotgan O‘zbekistonimiz aazal – azaldan ilm – fan va ta’limda alohida o‘z o‘rniga ega mamlakat sifatida dunyo hamjamiyatida tanilgan. Zeroki, ana shu zakiylik bugungi taraqqiyotimiz taqdirida, olib borilayotgan islohotlar natijadorligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Renessans” lug‘aviy ma’nosi fransuzcha “qayta tug‘ilish” degan ma’noni anglatadi. Atama sifatida uning mazmuni ancha keng: madaniyatda, ilm- fanda, ta’lim-tarbiyada, umuman, jamiyat hayotida uzoq muddatli turg‘unlikdan keyin qayta jonlanib, tez rivojlanishni, ijtimoiy ong va qadriyatlar tizimi yangi sifat bosqichiga chiqishini bildiradi. Ilk bor atama Yevropada o‘rta asrlar mutaassibligidan keyin XIX - XX rivojlanish davriga nisbatan qo‘llanilgan. Renessans atalmish mazkur ijtimoiy hodisa o‘zbek tilida uyg‘onish davri deb o‘girilgan.
Avstriyalik atoqli sharqshunos Adam Mesning 1909 yilda “Musulmon Renessansi” nomli fundamental asari chop etilgan. Shundan buyon Renessans faqat Yevropaga oid hodisa, emasligi, uni sharq xalqlari yevropaliklarga nisbatan avvalroq boshdan kechirgani to‘g‘risidagi qarashlari va tadqiqotlari paydo bo‘la boshladi. Rossiyalik buyuk sharqshunos akademik N.N.Kondrad Renessans VII-VIII asrlarda Xitoyda boshlanib, VIII asrda Hindistonda davom etgani, undan IX-XII asrlarda islom mamlakatlari estafetani qabul qilgani, mo‘g‘ul istilosi tufayli ancha pasayib qolgan yuksalish Amir Temur va temuriylar davrida yana qayta gurkurab o‘sganini ta’kidlaydi. U O‘rta Sharq Uyg‘onish davrini Alisher Navoiy zamonasigacha cho‘zadi. Javoharlal Neru Boburni ham Renessansning tipik vakili, deb baholagan edi.
XV asrdan Renessans Yevropaga siljidi. Bu paytga kelib Yevropa 300 —350 yil davomida islom olimlari, jumladan, bizning buyuk ajdodlarimiz asarlarini, ayniqsa, Xorazmiy, Farg‘oniy va Ibn Sino asarlarini lotinchaga o‘girib, chuqur o‘zlashtirib olgan edi. Yevropa Uyg‘onishiga juda kuchli ta’sir ko‘rsatganlardan biri Ibn Rushddir. Yevropa falsafasi va ilmiy tafakkurida XVI asr o‘rtalarigacha averroizm mavqeini saqlab turdi.3
Afsuski, XVI asrning 30 — 40 yillarida bizda an’anaviy jamiyat uzil-kesil qaror topdi. Ilmiy, badiiy izlanishlarga ijtimoiy ehtiyoj pasayib ketdi. O‘tmish yutuqlari oldida qulluq qilish, ularni ideallashtirish va faqat takrorlashga urinish, yangiliklarga salbiy munosabat shakllandi. Asta-sekin chuqur turg‘unlik va inqiroz boshlandi. Ular noxush ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, diniy-mafkuraviy, regional nizolar va ayirmachilik kabi sabablar bilan qo‘shilib qoloq bo‘lib qolishimizga, XIX asr ikkinchi yarmida milliy mustaqilligimizni yo‘qotishga olib keldi. O‘tmishdan birinchi bo‘lib teran tarixiy xulosa chiqargan — jadid bobolarimiz edi. Ular taklif qilgan islohotlar millatni qayta uyg‘otish, taraqqiyot tomon burishni ko‘zladi. Ammo mustabid hokimiyat jadidlar harakatini avj olmasdan bo‘g‘ib qo‘ydi.
Mustaqillikka erishgandan keyin dastlab chorak asr davomida milliy tiklanish bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Endilikda milliy tiklanishdan milliy yuksalishga o‘tganimizdan keyin, uchinchi Renessansga erishishni davlat rahbari strategik vazifa etib qo‘ydi. Haqiqatan tarixan olganda biz ikki Renessansni boshdan kechirdik: birinchisi IX — XII asrlar, ikkinchisi XIV asr oxirgi choragi — XVI asr birinchi choragi. Birinchi Renessansda yurtimizdan Farg‘oniy, Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy kabi buyuk daholar, buyuk muhaddislar — Buxoriy, Termiziy, mutakallimlar — Moturidiy va Abul Muin Nasafiy hamda boshqa atoqli dunyoviy va diniy allomalar shuuri olamni yoritdi.
Ikkinchi Renessansda — Ulug‘bek, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Behzod, buyuk me’morlar, bastakorlar, musavvirlar, tarixchilar chiqib, bugun ham dunyoni lol qoldirayotgan asarlar yaratdilar.
Har ikki Renessans davrida biz dunyoning ilg‘or, taraqqiy etgan xalqlari qatorida edik. Agar yana shunday darajaga erishmoqchi bo‘lsak, Uchinchi Renessansni amalga oshirmog‘imiz zarurligini vaqt ko‘rsatmoqda.
Milliy g‘oya aslida muayyan xalqning oliy istiqbol maqsadini bir necha so‘zlarda yoki iborada mujassam ifodalovchi tushunchalar yoki shior, iboradir. U xalqni o‘sha maqsad yo‘lida birlashtiradi, safarbar etadi. Xalq barcha sa’y-harakatlarini, intilishlarini, bunyodkorlik faoliyatini unga muvofiqlashtiradi. Zarur bo‘lsa, iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarini, mamlakatning huquqiy, siyosiy, mafkuraviy asoslarini, ta’lim-tarbiya tizimini chuqur isloh qiladi. Milliy g‘oyaning asosiy vazifalaridan biri, avvalo, xalqning jipsligini, birligini, mamlakatning hududiy yaxlitligini saqlash va mustahkamlashdir. Ikkinchidan, millatning oliy maqsadini, rivojlanish marralarini, mo‘ljallarini umumiy tarzda aniqlaydi. Milliy g‘oya turli iboralarda ifodalanishi mumkin. Lekin ifoda shaklidan qat’i nazar, xalqqa istiqbolni, ijtimoiy mo‘ljalni ko‘rsatishi shart.
Istiqlolga erishganimizdan keyin dastlabki yillarda “O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat” shiori olg‘a surildi. U amalda milliy g‘oya vazifasini o‘tadi va xalqni birlashtirishda, safarbar etishda katta rol o‘ynadi. Mazkur jozibali shiorda urg‘u jamiyatga emas, davlatga berilgandi. Keyinchalik milliy g‘oya shaklan takomillashtirilganda “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” iborasi olg‘a surildi. Unda urg‘u siyosiy tashkilotga (davlatga) emas, balki har kishi uchun, siyosiy, mafkuraviy qarashlaridan qat’i nazar, birdek aziz Vatanga hamda shaxs va jamiyat hech qachon befarq bo‘lmaydigan erkinlikka va farovonlikka qo‘yildi. Milliy g‘oyaning bunday tushunchaviy ifodasi ancha mukammallik kasb etdi.
Ammo uning mazmunini, uni amalga oshirish vazifalarini ochib berishga yetarlicha mas’uliyat bilan yondashilmadi. Ayniqsa, u islohotlarning yo‘nalishlari, sohalari, turli bosqichlari, amaldagi va ehtimoldagi muammolari bilan bog‘lanmadi. Natijada u mafkuraviy chaqiriq, quruq shior darajasida qolib ketdi. Aniq muammolar va vazifalardan yiroqligi uchun odamlarga ta’siri asta-sekin susaya boshladi.
Katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib olingan “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” bugun iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotimizga real ta’sir ko‘rsatayotirmi, degan savolga aniq javob berish ancha mushkul. Milliy g‘oyani jonlantirish uchun uni Uchinchi Renessans g‘oyasi bilan boyitish zarur. Faqat Uchinchi Renessansni amalga oshirib, biz ozod va obod Vatanda erkin va farovon hayotni barpo eta olamiz. Yoki, yana qulayrog‘i, Uchinchi Renessansga erishishni milliy g‘oyaning yangi ifodasi, deb e’lon qilish maqsadga muvofiq.
Milliy g‘oya joriy vazifalarni emas, balki strategik oliy maqsadni ifodalaydi. Shu ma’noda Uchinchi Renessans g‘oyasi istiqbolga intilishga juda mos keladi. Mazkur g‘oyaning safarbarlik kuchi, umuman, mafkuraviy salohiyati juda yuqori. Ayni chog‘da o‘tmish tariximizning shonli sahifalari, buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlik va ijodkorlik salohiyati bilan bog‘lanadi. Bizga mazkur tushuncha kimlarning vorislari ekanimizni eslatib turadi. Yangi Renessans yo‘lida xalqimiz turli mayda, vaqtinchalik masalalarga, guruhbozlik, mahalliychilik, ayirmachilik, mafkuraviy mutaassiblikning har xil ko‘rinishlariga chalg‘imasligi lozim. Tarix saboqlarini unutishga haqqimiz yo‘q.
Uchinchi Renessans g‘oyasi milliy ruhiyatimizga, xalqimiz armon-orzusiga yaqin. Zotan, xalq ilgari oqqan daryosi yana oqishini astoydil istaydi. Holva degan bilan og‘iz chuchimaganidek, Renessans degan bilan u sodir bo‘lib qolmaydi. Buning uchun har tomonlama puxta o‘ylangan siyosat olib borilishi, xalqda ruhiy ko‘tarilish, qat’iy irodali intilish yuz bermog‘i zarur. Avvalo, tushuncha mazmunini aniq ochib berish, aholining barcha qatlamlari, avvalo, yoshlar ongiga yetkazish kerak. O‘tmish renessanslari davrida ajdodlarimiz nimalarga erishganini, jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini, boshqa xalqlar, mintaqalar yutuqlari bilan taqqoslab, jahonning yetakchi madaniyatlaridan, ilm-fani, san’ati va adabiyotlaridan birini, ilg‘or ijtimoiy fikru qarashlarini yaratganini qisqa, lo‘nda, dabdabali jumlalarsiz yoritish zarur.
Shuningdek, ularning inqiroz sabablari xolis tahlil etilmog‘i lozim. Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli Buyuk Ipak yo‘lining to‘xtab qolgani ob’ektiv sabablardan biri bo‘lsa-da, ichki va tashqi nizolar, taxt talashishlar, ayirmachilik va uch davlatga bo‘linib ketish, inson komilligi faqat insonning ichki dunyosiga qaratilib, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga yetarlicha e’tibor bermaslik kabi sub’ektiv omillar inqirozni keltirib chiqargan asosiy sabablar edi. Tarixdan saboq olish, tegishli xulosa chiqarish uchun bular yoshlar, aholi ongiga yetkazilishi kerak. Biz ko‘proq avvalgi uyg‘onish davrlarimizning yutuqlarini faxr bilan e’tirof etib, negadir ularning inqirozi sabablari haqida gapirishni unchalik yoqtirmaymiz.
Birinchi va ikkinchi renessanslarning tarixiy sharoiti va davri talablari, imkoniyatlarini haqqoniy baholab, yangi Renessansning tarixiy sharoitlari va talablari mutlaqo o‘zgacha ekanini asoslash, dalillash maqsadga muvofiq. Uchinchi Renessans to‘rtinchi sanoat inqilobi bilan muvoziy, bir vaqtda kechadi. Shu sababdan u, avvalo, texnologik inqilobni, yuksak rivojlangan raqamli smart (aqlli) iqtisodiyotni taqozo qiladi. O‘z navbatida, raqamli, smart iqtisodiyotga o‘tish uchun ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avtomatlashtirish, robotlashtirish talab etiladi. Mazkur jarayon o‘zbekistonda qanday bosqichlarda amalga oshirilishi, uning moddiy-moliyaviy, insoniy, ilmiy va ilmiy-texnologik ta’minoti bo‘yicha istiqbolli aniq kompleks dasturlar yangi Renessans g‘oyasi bilan mafkuraviy jihatdan bog‘lanishi shart. Ilmiy, ilmiy-texnologik ta’minot taqozosidan kelib chiqib, ta’lim-tarbiya sohasining barcha bo‘g‘inlari uzluksiz isloh etib borilishi kerak.
Avvalgi ikkala Renessans mustahkam ma’naviy-mafkuraviy negizda, birinchi galda yuksak axloqiylik, adolat, ilmga tashnalik va bag‘rikenglik asosida yuz bergan. Islom halollik va to‘g‘rilikni, insof va adolatni, ilm va amaliy faollikni hamma narsadan ustun qo‘ygan. “Ilm izlab Chinga bo‘lsa-da, bor”, “Sendan harakat — mendan barakat”, “Bir soatlik adolat barcha insu jinslarning qirq kunlik ibodatidan ustun” va ko‘plab shu kabi hadislar, naqllar ajdodlarimizning ijtimoiy mo‘ljaliga aylangan edi.
O‘sha davrda arab xalifaligi davlatlari tarkibida bo‘lsakda mashhur ilm muassasasi “Baytul hikma”ni asosiy ko‘pchilik olimlarni yurtimizdan yetishib chiqqan fozil mutaffakkirlar tashkil etgan. “Baytul hikma”da 40 dan ortiq tarjimonlar qadimgi yunon tilidan, 14 nafar tarjimon sanskrit tilidan, 4 nafar tarjimon Xitoy tilidan ilmiy, tibbiy va falsafiy asarlarni arabchaga o‘girgan. Bundan tashqari, lotin, suryoniy, ibroniy tillardan tarjimonlar bo‘lgan. Ilmiy haqiqat diniy mansublikdan ustun qo‘yilgan. Bu asar ma’jusiylarniki, bunisi kofirlarniki deb inkor qilinmagan. Ajdodlarimiz til o‘rganib, ilm ortidan dunyo kezgan. Mahdudlik qobig‘iga o‘ralib qolmagan, turg‘unlik, mahalliychilik ularga yot bo‘lgan.
“Baytul hikma”, Xorazm Ma’mun Akademiyasi, umuman, islom olami olimlari faoliyati o‘sha davrdagi xalqaro ilmiy integratsiyaning eng yorqin namunasidir. Birinchi va ikkinchi renessanslarning ma’naviy asoslarini va sabablarini hamda keyingi inqirozini chuqur o‘rganmasdan, biz Uchinchi Renessansni muvaffaqiyatli amalga oshira olmaymiz. Bugun ham bizga g‘oyaviy va ilmiy tolerantlik (bag‘rikenglik), ilmga, haqiqatga tashnalik, milliy mahdudlikni, g‘oyaviy mutaassiblikni tamomila inkor etish xos bo‘lmog‘i lozim.
Yuqoridagilardan ayonlashmoqdaki, Uchinchi Renessans bizdan xalqaro hamjamiyatga ilm-fan, texnologiyalar, axborot, madaniyat va iqtisodiyot sohalarida yanada chuqurroq integratsiya bo‘lishini talab etadi. Ammo o‘zligimizni, tilimizni, milliy xususiyatlarimizni, ma’naviyatimizni saqlab qolishimiz shart. Bu esa ta’lim-tarbiya tizimiga jiddiy e’tibor qaratishni bildiradi. Renesasnsning asosiy ijodkori bu - insondir.
Har bir jamiyat o‘ziga zarur shaxsni tarbiyalaydi. Unga o‘z taraqqiyoti darajasi va tendensiyalaridan kelib chiqib axloqiy, e’tiqodiy, kasbiy-professional, huquqiy va boshqa qator talablar qo‘yadi. Jamiyat taraqqiyotining pirovard maqsadi ham inson, uning farovon, erkin va xavfsiz turmush kechirishidir. Jamiyat talabiga to‘liq javob beradigan kishi turli davrlarda har xil atalgan. Yusuf Xos Hojib uni “tugal er”, Forobiy “fozil kishi”, tasavvuf namoyandalari “komil inson” deb ataganlar. “Har tomonlama rivojlangan shaxs”, “uyg‘un rivojlangan shaxs” atamalari ham qo‘llanilgan.
Mustaqillikdan keyin biz shaxsga nisbatan “komil inson”, yosh avlodga nisbatan “barkamol avlod” atamalarini qo‘llay boshladik. Gap atamada emas. Qanday sifatni qo‘llamaylik, kelajak insonini tarbiyalashda biz, avvalo, jamiyat taraqqiyoti tendensiyalarini va ayni paytda milliy ma’naviyatimiz xususiyatlarini hisobga olmog‘imiz lozim. Binobarin, sun’iy intellekt va yuksak texnologiyalarga tayanadigan “to‘rtinchi sanoat inqilobi” insonga qo‘yadigan talablarini oldindan modellashtirishimiz va ta’lim-tarbiya tizimini ularga moslashtirishimiz kerak.
Xuddi shunday milliy identligimizni saqlab qolish uchun ona tilimizni, tariximizni, adabiyotimiz va san’atimizni yetarlicha o‘rgatishning optimal yo‘llarini topmoqlikka harakat qilindi.
Urf-odatlarimizning ham takomillashtirilishi va zamonaviylashtirilishi, yangicha talabdagi jihatlar bilan boyitilishi ham bu borada zarurdir. Ijtimoiy ongda, odamlarning xatti-harakatlarida burilish yuz berishi, yangi ideallar va qadriyatlar qaror toptirish uchun ta’lim jarayonida ham muhim harakatlar boshlandi.
Uchinchi Renessans g‘oyasini o‘qitish va keng jamoatchilik ongiga yetkazishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lish, me’yordan oshirib yubormaslik talab etiladi. Mafkuraviy ishlarda sovet davridan qolgan bir illat bor: har qanday g‘oya targ‘ibotini kampaniyabozlikka aylantirish, bilganni ham, bilmaganni ham ertayu kech tinimsiz gapirtirish, odamlarning me’dasiga tegib qolish.
Dialektika qonuniga binoan me’yor buzilsa, har qanday jarayon o‘zining inkoriga aylanadi. Oddiy tilda bu “qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarish” deyiladi. 2000 yilda e’lon qilingan milliy g‘oya ana shunday munosabatga uchradi. Shoshib uni ta’limning barcha bo‘g‘inlariga joriy qildik, lekin g‘oyaning ilmiy tadqiqotiga va asoslanishiga deyarli e’tibor berilmadi. Islohotlarning aniq vazifalari va sohalarning xususiyatlari bilan bog‘lab, jonli mazmun bag‘ishlashga harakat qilinmadi. Natijada u mafkurabozlik domiga tushib qoldi.
Uchinchi Renessans g‘oyasining oraliq bosqich vazifalari aniqlanishi kerak. Masalan, 2030 yilda, 2040 — 2050 yillarda biz aholi jon boshiga taxminan qancha yalpi ichki mahsulot ishlab chiqaramiz, jahon reytingida taxminan qanday o‘rinlarga ko‘tarilamiz. Ta’lim, madaniyat, ilm-fan sohalarida qanday ko‘rsatkichlarni, marralarni zabt etamiz. Ular bo‘yicha mo‘ljallar belgilanishi lozim. Shunda mazkur g‘oyaning safarbarlik ta’siri konkret va kuchli bo‘ladi. Ammo mo‘ljallar havoyi bo‘lmasligi, konkret raqamlardan tashkil topmasligi kerak. Yangi AKT, nanotexnologiyalar, biotexnologiyalar, sun’iy intellekt yaratish va shu kabi yo‘nalishlardagi vazifalar ham e’tibordan chetda qolmasligi zarur. Har qanday buyuk rejalar, buyuk g‘oyalar inson ehtiyojlari, turmushi yaxshilanishi, erkinligi ortishi va ma’naviy kamoloti bilan bevosita bog‘lansagina, hayotiylik va reallik kasb etadi. Aks holda u havoyi orzu havasligicha qolib ketadi.
Prezidentimizning 2021 yil 30 sentyabrda o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan anjumandagi tabrik nutqida asosiy yo‘nalishlar va vazifalar belgilab berildi. Butun jamiyatimiz, ularni amalga oshirishga kirishdi. Bu yo‘ldagi muammo va kamchiliklarga qaramay bu siyosatning mohiyat va maqsadini keng xalq ommasi anglab yetmoqda.
Ko‘hna tarix guvohki, dunyoni doimo g‘oyalar boshqargan. G‘oyalar esa mudom bilim, tafakkur va aql kuchiga suyangan. Bugungi rivojlanish shiddati tez, ilm ufqlari kengayib borayotgan zamonda, qolaversa, axborot vositalari taraqqiy etgan davrda g‘oyalar uchun kurash ham birmuncha murakkabliklar hamda o‘tkir farosatni talab qilishi tayin.
Insoniyat o‘z tabiatiga ko‘ra, doimo bir ezgu g‘oyaga muhtojlik sezib yashaydi. Shu ma’noda, bugun yangi O‘zbekiston tarixi zarvaraqlariga bitilayotgan yangi bir jumla — «Uchinchi Renessans» ana shunday ulug‘ bir ezgulikni, buyuk bir kuchni anglash mumkin.
Zero, renessans — uyg‘onish demakdir. Ya’ni ilmiy uyg‘onish, ma’rifatni anglash va shu asnoda asrlarga teng yillarni lahzalarda bosib o‘tmoq demakdir. Bu jarayonni boshlab berish, uning poydevorini qo‘yish esa kamdan-kam insonlarga nasib etgan. Buning uchun, avvalo, Alloh bergan inoyat, so‘ngra millatni sevish, samimiy insonparvarlik tuyg‘usi mujassam bo‘lmog‘i darkor.
Bugun biz ana shunday qutlug‘ bir davrda, dunyoga yangi O‘zbekiston nomi bilan tanilayotgan muqaddas zaminda uchinchi Renessansga poydevor qo‘yiladigan zamonda yashamoqdamiz.
Jaloliddin Rumiyning bir hikmati doimo ilhombaxshdir: «Go‘zal kunlar kelishini kutma, unga qarab bormog‘ingni unutma». O‘zbekistondagi yangi uyg‘onish ma’rifati ham ayni shu tamo­yilga asoslanganini, ezgu niyatlar amalga oshayotganini anglash esa yanada shijoat baxsh etadi.
Taraqqiyot ilmga asoslanadi. ­Shavkat Mirziyoevning Prezident sifatidagi dastlabki uchrashuvlaridan biri ilm ahli, olimlar bilan bo‘lgani ham bejiz emas edi. O‘shanda davlatimiz rahbarining aytgan so‘zlari hamon qulog‘imda jaranglab turibdi: «Ilm-fan bilan shug‘ullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish igna bilan quduq qazishdek gap. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va rag‘batga munosib». Bu — qadr, bu — ilmga e’tiborning yorqin namunasi edi. Shular haqida so‘z yuritganda, yodimizga yaqin o‘tgan kunlar tushadi. Buni o‘tgan davrga tosh otishga yo‘ymang, ammo tarixni parda bilan to‘sib bo‘lmaydi. Istiqlolga erishilgan­ ilk yillarda ilm va ilm ahli «unutilgani» hammamizning yodimizda. Garchi, o‘sha kezlarda matbuotda bu haqda bong urilgan, yozuvchilar asarlarida savdoga chiqib ketishga majbur bo‘lgan olim obrazi paydo bo‘lgan esa-da, negadir jamiyat buni «o‘tish davri hosilalari» deb bildi. Ammo «bozor iqtisodiyoti»ga o‘tishning jabrini hamon tortmoqdamiz va uning asoratlari hali yana qancha davom etishini bilmaymiz. Eng yomoni, bir avlod ongiga «O‘qib nima bo‘larding?!» degan mafkura singib qoldi. Zotan, ilmga rag‘batning yo‘qolishi jamiyatda yangi bir qatlamning — diplom uchun o‘qiydiganlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Albatta, bu qisqa bir fursatning bergan «meva»lari edi.
Gap o‘zani shunga bormoqdaki, ilm qadrlanmagan zamonda taraqqiyot haqida so‘z yuritish mumkin emas. Bu, qanchalik balandparvoz so‘zlaru, jimjimador ohangda gapirmaylik, amal bo‘lmasa, hammasi befoyda deganidir. Mana oddiy misol, mintaqamiz hududida bo‘lgan ikki Renessans davrida ham ilm nihoyatda qadrlangan edi. IX — XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan birinchi Sharq Uyg‘onish davrida yuzlab buyuk allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlar yetishib chiqqan. Ularning aqlu zakosi umumbashariyat taraqqiyotiga mislsiz hissa qo‘shgan. Bu esa o‘z navbatida, ilm­ga e’tiborning samarasi edi. O‘sha davr hukmron hokimiyati bunga sharoit yaratib bergandi.
XIV — XVI asrlardagi ikkinchi Sharq Uyg‘onishi yoxud tarixda ­«Temuriylar Renessansi» deya nom olgan davrda ilm­ning qanchalik qadrlanganini, birgina misolda, «Temur tuzuklari»dagi ushbu jumlalarni keltirish orqali isbotlash mumkin. Unda shunday yozilgan: «Kimning aql-shijoatini sinov tarozisida tortib ko‘rib, boshqalarnikidan ortiqroqligini bilsam, uni tarbiyamga olib, amirlik darajasiga ko‘tarar edim. So‘ngra ko‘rsatgan xizmatlariga yarasha martabasini oshirib borardim».4
Aslida ham bilimli inson ilm­ning qadrini, olimning qadrini yaxshi biladi. Agar davlatimiz rahbarining keyingi yillarda ma’rifat, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida imzolagan qonun, Farmon va qarorlari, ilgari surayotgan ezgu tashabbuslarining mag‘zini to‘la chaqib ko‘rsak, O‘zbekistonda yangi ma’rifat Renessansiga mustahkam tamal toshi qo‘yilayotganini anglaymiz.
Ayniqsa, ilm ahliga qarati­layotgan e’tibor va rag‘batning bosqichma-­bosqich oshirib borilayotgani poy­devorning yanada pishiq bo‘lishiga ­ishoradir.
O‘tish davrining barcha muhim pallalarida ham xalq yakdillikka va taraqqiyotga olib borishga xizmat qiladigan g‘oyalarga zaruriyat sezadi. G‘oyalar haqida so‘z ketar ekan, ularning qanchalik yashashi jozibasiga bog‘liqligini ta’kidlamoq darkor. Shu ma’noda, bugun mamlakat ertasini, millat istiqbolini ilmu ma’rifatda deb bilgan uchinchi Renessans g‘oyasi nihoyatda jozibali va eng to‘g‘ri yo‘ldir.
Albatta, o‘z boshidan o‘nlab istilolarni o‘tkazgan, sitamlar ostida uzoq yillar yashashga mahkum bo‘lgan, soxta va balandparvoz g‘oyalarning «quli»ga aylantirilgan xalqimiz har doim o‘z kelajagini ayni shu ma’rifatda deb bilgan. Shu sabab ham bugungi kungacha «bolam o‘qisin» degan istak xalqning o‘yu fikrini band qilgani, ushbu orzu-umid yo‘lida jonini jabborga berishga tayyorligi ayni haqiqat.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning oqilona siyo­sati ana shu istakning ro‘yobga chiqishiga to‘liq asoslarni yaratmoqda. Buni birgina misolda, oliy ta’limga qamrovning bos­qichma-bosqich oshirib borilayotganida ham ko‘rish mumkin. Muqoyasa uchun ba’zi misollarni keltirsak:­ keyingi olti yilda oliy ­ta’lim muassasalari soni 65 tadan 198 taga yetdi, qabul o‘rinlari 66 ming­tadan ..... mingtaga oshdi. Demak, har yili yuz mingdan ziyod yoshlar eng yorug‘ orzusi — o‘qish istagiga erishishiga ­zamin yaratilmoqda.
Nazarimizda, bu siyosatning zamirida yurt o‘g‘il-qizlarining barchasini ilmli qilish, ularning dunyo bilan bo‘ylashishi uchun mustahkam poydevor qo‘yish istagi yonayotgandek. Aslida ham bu xalq shunga munosibdir. Chunki uning o‘tmishi, dunyoni o‘zgartirgan aqlu zakovati, o‘zining ilm ziyosi dunyo sharining narigi tarafini ham yoritgan ulug‘ ajdodlari bor.
Shavkat Mirziyoevning ilmu ma’rifatga bag‘ishlangan har bir yig‘ilishini kuzatar ekanmiz, ayni shu jihatga alohida e’tibor qaratishini ko‘ramiz. Bu o‘zlikka, millat va Vatanning shonli tarixiga hurmat, ertasiga ishonch tuyg‘usining mustahkamligidir.
Davlat rahbarining ta’lim sohasidagi islohotlarida yana bir muhim jihat borki, bu — biqiqlikdan chiqish, dunyo ilmini o‘rganib, olamga nazar tashlash istagidir. Bu o‘zlikni anglashdan so‘ng, o‘zgalar dunyosi bilan o‘zni solishtirish deyiladi. Uzoqni o‘ylab qilinayotgan bu ishlarga Yurtboshimiz tomonidan chet tillarni o‘rganish borasida qabul qilingan qarorni misol sifatida keltirish mumkin. Boisi qachonlardir dunyo bizdan o‘rgangan bo‘lsa, bugun biz dunyodan o‘rganadigan jihatlar bisyor.
Binobarin, til bilish — faqatgina dunyoni bilish degani emas. Til bilish boshqa fanlarga yo‘l ochadi, dunyoga nazar solish imkoni kengayadi, deganidir. Shu nuqtai nazardan, davlat ­rahbarining bu yo‘ldagi tashabbuslarida uchinchi Renessans poydevorining yangi va mustahkam asoslarini ko‘ramiz, desak, ­mubolag‘a bo‘lmas.
Tarixdan ma’lumki, ajdodlarimiz yaratgan har ikki uyg‘onish davrida dunyo ilmi bizga juda katta turtki bo‘lgan. Jahon taraqqiyotining yuksalish tamo­yillarini belgilab bergan birinchi Renessans davrida xorazm­da barpo etilgan Ma’mun aka­demiyasi o‘z bag‘riga daho mutafakkirlarni to‘plab, dunyoning eng ilg‘or ilmlarini o‘zlashtirgani, shu asnoda, bilimdan ungan bilimlar nafaqat o‘z mintaqasi, balki butun ahli jahon uchun namuna vazifasini o‘tagani ham ayni haqiqatdir.
Temuriylar yaratgan ilm maktablari ham ayni shu yo‘ldan bordi. Bu davrda ham ilm o‘rganishni istovchilar butun ­dunyodan oqib kela boshladi. Bugun dunyoga yangi O‘zbekiston nomi bilan balqiyotgan uchinchi Renessans g‘oyasining jozibasi shundaki, u o‘z atrofiga davlatni ham, jamiyatni ham, butun ­xalqni ham birlashtira oladi. Bu g‘oyaning milliy g‘oya o‘laroq keng quloch yozishi esa, nazarimizda, barchamizning uning mazmunini chuqurroq anglashimizga, teranroq mushohada yuritishimizga bog‘liq.
Shu asnoda davlatimiz rahbarining «Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz. Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqa­si, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblayman”.5
Xalqimiz ishonadiki — davlatimiz rahbarining bu tashabbusini barcha albatta qo‘llab-quvvatlab, yangi Renessansning beshinchi halqasi, beshinchi ustuni ota – onalar bo‘lishligini yoqlaydi va bu ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi eng mus­tahkam ustun bo‘ladi. Yurtboshimiz boshlagan bu tashabbusni barchamiz qalb amriga aylantirolsak, hayotbaxsh g‘oyaning cheksiz qudratini o‘z hayotimizda yorqin ko‘ra boshlaymiz.
Har bir insonning o‘z hayot falsafasi va yo‘li bo‘lganidek, har bir davlatning o‘z taraqqiyot strategiyasi bo‘ladi. Buni belgilashda esa faqat millat yetakchilarining salohiyati muhim aha­miyat kasb etadi. Mana, masalan, hozirda eng rivojlangan davlatlardan biri Singapurni olaylik. Ta’bir joiz bo‘lsa, «yo‘qdan bor bo‘lgan» ushbu davlatni bugun dunyoning barcha joyi­da bilishadi, havas qilishadi. Holbuki, yarim asr muqaddam bu hudud mustaqillik e’lon qilganida ­Malayziya federatsiyasi unga qarshilik ham ko‘rsatmagan edi. Hatto bitta boshog‘riqdan qutulganiga xursand ham bo‘lgan deyishadi. Bugun esa bu yerdagi yarqirab turgan shishavand ulkan binolarni ko‘rib, yarim asr oldin faqat quruq joy bo‘lganiga ishonmaysiz. Singapur bugun nafaqat iqtisodiyoti bilan, balki mo‘jizaga boy maskanlari bilan dunyo sayyohlari xaritasining eng yorqin nuqtasiga aylandi.
Bu ulkan evrilishlar bir inson — haqiqiy ma’noda yetakchi Li Kuan Yu nomi bilan bog‘liq. U davlat hamda fuqaro o‘rtasida uzviylikni ta’minlash g‘oyasini amalga oshira oldi va dunyo iqtisodiyotiga «Singapur mo‘jizasi» degan atamani olib kirdi.
Yoki aytaylik, Xitoy iqtiso­diyotida o‘ziga xos inqilob yasagan Den Syaopin islohotlari esa bugun ushbu davlatni jahonning yetakchilari qatori olib chiqdi. Mayda ustaxonalar — kichik biznesni rag‘batlantirishdan boshlangan islohotlar yirik kompaniyalar, korporatsiyalar darajasigacha ko‘tarilib, jahon bozorini zabt etdi. Bugun dunyoning har bir mintaqasida — dasturxondagi taomdan tortib, maishiy texnikagacha Xitoy mahsulotlarini ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarda jahon afkor ommasi dunyo siyosatida yangi bir to‘lqinni ko‘rayotganini e’tirof etishmoqda. Bu to‘lqinni harakatga keltirayotgan kuch esa Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan belgilangan mamlakatning yangi taraqqiyot yo‘lidir.
Bu — biqiq iqtisodiyotdan shaffoflikka o‘tgan, dunyoga keng quloch ochgan, har bir qadamida odamlar manfaatini ustuvor qo‘ygan o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lidir. Ta’bir joiz bo‘lsa, uni beshta «I» — integratsiya, innovatsiya, inson kapitali, ishonch va iqtisodiy o‘sishga asoslangan taraqqiyot formulasi, deb atash mumkin.
Bugungi kunda ushbu tamoyillarni bir nuqtada birlashtirgan yangilanishlarga hayotimizning ko‘plab jabhalarida guvoh bo‘lyapmiz. Masalan, klasterlar faoliyati bunga yaqqol misoldir. ­Shavkat Mirziyoev­ tashabbusi bilan milliy iqtisodiyotimizga tatbiq etilayotgan klasterlar faoliyatining samaralari xususida uzoq yozish mumkin. Ammo hozir uning birgina jihati, aynan ilm ahliga bergan afzalligini aytib o‘tmoqchimiz.
Bu millat bolalari va ularning ustozlari ­paxta dalalaridan qaytarib olinishida muhim rol o‘ynadi. Axir, kechagi kungacha emasmidi, o‘qituvchiyu o‘quvchilar, olimlaru talabalar, hatto ixtirochilar ham yilning chorak qismini paxta dalalarida o‘tkazgani?! Bu vaqt ilm­ga sarf etilganida qanchadan-qancha kashfiyotlar bo‘lishi mumkin edi-ku?! Ularning vaqti bilan birga yerga sochilgan qadri-chi?! Endi bu savollar faqat dilni ezadi, xolos. Afsuski, vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi...
Ammo dilga taskin, ertangi kunga ishonch beradigan tuyg‘u bor. Prezident Shavkat Mirziyoevning hayotbaxsh g‘oyalari o‘laroq yuzaga kelgan taraqqiyot formulasining birinchi hayotbaxsh yechimi — klasterlar faoliyati ilm ahlini egatlardan olib chiqdi, qadrini tikladi, millatning ertasi bo‘lgan bolalarning qaddini ko‘tardi.
Bu, uchinchi Renessans poydevori ­mustahkamlanayotganiga yana bir dalil aslida. Ba’zan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda, odamlar davrasida «internet dunyoni buzyapti», «yoshlar kitob o‘qimay, internetga sho‘ng‘ib ketmoqda» kabi yozg‘irishlarni kuzatamiz. Bu bir jihatdan to‘g‘ri. Ammo vaqt shiddati va texnologiyalar rivojlanishi bilan hisoblashish tamaddunning ­asosiy mezoni bo‘lib kelgan. Bugun jamiyatimizda faqat bir narsa — yo‘naltirish tamoyili yetish­mayapti, xolos.
Bugun ilm egallashning uslublari o‘zgargan. Hozir an’anaviy ta’limdagidek, auditoriyalarda uzundan-uzoq ma’ruzalarni esnab tinglash emas, shiddatkor texnologiyalarda o‘zlashtirish mumkin.
Pedagogik faoliyatimdan bilamanki, bugungi ilm dasturlari eskirib bormoqda. Istiqlolimizga o‘ttiz yil to‘layotgan bo‘lsada, hamon darsliklarimiz mazmun-mundarijasi o‘zgarishlar oz. Holbuki, shu davr ichida, hatto aniq fanlar sohasida ham olamshumul o‘zgarishlar bo‘lib ketdi.
Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz rahbari prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoevning ilmu fan sohasiga bag‘ishlangan har bir yig‘ilishida, odamlar bilan muloqoti jarayonida sezamanki, soha tamomila islohotga muhtoj qayd etiladi. Xususan, ­darsliklar masalasida ham. Zamonaviy ta’lim bugungi kunning asosiy vazifalaridan biriga aylanishi kerak. O‘qitish uslublarini o‘zgartirish, kerak bo‘lsa, yangilash lozim. Bizning an’anaviy uslubimiz, asosan, nazariy bilimga asoslanib qolgandek. Nazarimda, uni ijodiy izlanishlar bilan uyg‘unlashtirish fursati yetmoqda. Boisi biz uchinchi Renessans sahifalarini patqalamu dovotlarda emas, bil’aks, kompyuterlarda, IT va DT-texnologiyalarida yozishimiz kerakligini zamonning talabi ko‘rsatib turibdi. Davlatimiz rahbari ayni shu jihatni e’tiborga olib, innovatsion texnologiyalarni rivoj­lantirish borasida qator hujjatlarni imzolayotgani, dasturlarni tasdiqlayotgani zamirida ana shunday hayotbaxsh qarashlar mavjudligini ko‘rishimiz mumkin.
Albatta, buni tarixni unutish, uni bir chekkaga tashlab qo‘yish, deb tushunmaslik kerak. Zotan, ajdodlar qoldirgan bebaho merosda hali o‘rganishimiz lozim bo‘lgan, biz hali ochib ko‘rmagan sahifalar bisyordir. Ayni vaqtda respublikamiz Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan no­dir qo‘lyozmalardan yetarli darajada foydalana olmayot­ganimizni taassuf bilan yodga olish mumkin. Bu masala ham davlatimiz rahbarining e’tiborida ekan: «Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu ma’naviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur».6
Shavkat Mirziyoevning o‘tgan yili 1 oktyabr — O‘qituvchi va murab­biylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘z­lagan nut­qida ana shunday da’vat bor edi.
Bugun yangi O‘zbekiston tarixiga yozilayotgan zarhal harflar xorijlik olimlar nigohidan ham chetda emas. Yaqinda AQShning Nyu-York shtatida yashaydigan olim, biologiya fanlari doktori, professor, akademik ­Efroim Gurman bilan ayni shu mavzuda suhbat olib borilgani haqida o‘qib qoldim.Muxbirning savoliga olim shunday dedi: «Prezident Shavkat ­Mirziyoev dunyo davlatlari rahbarlari orasida birinchi bo‘lib «Xalqimiz kelajakda emas, bugun ham yaxshi yashashi kerak», ­degan ulug‘ maqsad, ezgu vazifani ilgari surdi va buning yechimini ham topib berdi. Ayniqsa, uning uchinchi Renessans g‘oyasi nihoyatda ajoyibdir. Sababi, bugungi ilmu fanga asoslangan, dunyoni faqatgina ilm ­bilan boshqarish mumkin bo‘lgan zamonda shunday g‘oyalargina ­qudratli kuch kasb eta oladi».
Bugun globallashayotgan zamonda makon tushunchasi torayib bormoqda. Dunyoning narigi burchagida axborotni lahza o‘tmay bu nuqtasida ko‘rish mumkin. Ammo shunisi muhimki, Vatan va uning istiqboli haqida qarashlar hech qachon toraygan emas. Prezidentimizning mamlakatimiz kelajagini ta’lim va ilmu fanda ko‘rayotgani, uchinchi Re­nessans g‘oyasi milliy g‘oya darajasiga ko‘tarilgani, zamonaviy dunyoga yuzlanish hamda dunyo bilan tenglashmoq istagida ana shu vatan va millat tuyg‘usining yana bir jilvalanishini ko‘rish mumkin.
Bu tuyg‘u xalqimizning qonida jo‘sh urib turgan ma’rifatga tashnalik va o‘sha olis o‘tmishdagi buyuk Uyg‘onish nasimlarining sog‘inchi bilan mushtarakdir. Shunday ekan, dunyo sahniga yana yangi tamaddun bilan bo‘ylamoqqa bu xalq ming bora haqlidir.
Uchinchi Renessans poydevorining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qiluvchi bugungi buyuk g‘oyalarda ana shunday ulug‘ maqsadlar mujassamdir. Bu haqida yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek: “Biz keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar yekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak. Tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lganini ko‘ramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho me’moriy obidalar, nodir qo‘lyozmalar, turli osori atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi”- davlat rahbari so‘ziida davom etarkan, buyuk yunon olimi Aristotelning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, degan so‘zlarini keltiradi. - “Men yuqorida Aristotelning fikrlarini bejiz eslamadik. Hammangizga yaxshi ma’lum, antik davrda Yunonistonda yongan ilm mash’alasi to‘qqizinchi – o‘n ikkinchi asrlarda Markaziy Osiyo hududida qayta porladi. Bu davrda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Xususan, Muxammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Maxmud Zamahshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi. “Islom madaniyatining oltin asri”7 deb e’tirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy kabi ulug ulamolar butun musulmon olamining faxru-iftixori va cheksiz g‘ururi hisoblanadi. XV asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom yettirgan muhtasham saltanat, yurtimizda ikkinchi uyg‘onish, ya’ni ikkinchi renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Maxmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi. Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg‘or, taraqqiy etgan xalqlari qatorida bo‘lgani barchamizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi”, deydi yurtboshimiz. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi bayram tabriklarida taraqqiyotimizning maqsadi uchinchi renessans bo‘lishi lozimligini ta’kidladilar: ”Uyg‘onish davrini bevosita ta’lim sohasisiz tasavvur qilish mushkul ekani hech kimga sir emas. Ta’lim sohasidagi islohotlar to‘g‘risida so‘z yuritar ekanmiz 2020 yil 23 – sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni ko‘z o‘ngimizga keladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.”
Ta’kidlash joizki, ushbu Qonun bilan ilk marotaba ta’lim tizimidagi atamalarning talqini berilgan. Ta’lim o‘quvchilarga chuqur nazariy bilimlar, ko‘nikmalar, amaliy ko‘nikmalar berish shuningdek, umumiy ta’lim va kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan tizimli jarayon sifatida qaraladi.
Ushbu qonunda masofaviy ta’lim tushunchasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internetdan foydalanish orqali ta’lim olish shakllaridan biri sifatida berilgan. Ushbu ta’lim shaklining ahamiyati va zaruriyati pandemiya davrida, asosan, maktablar, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlari o‘quvchilari orasida kasallikning ommaviy tarqalishini cheklashga yordam berganida isbotlangan. Shuningdek, qonunda o‘quv dasturining nazariy qismi o‘quv muassasasida, amaliy qismi esa talabaning ish joyida o‘rganiladigan dual ta’lim kabi shakl belgilangan. Har bir talabaning qobiliyatlarini shakllantirish va uning amaliy ko‘nikmalari va tajribalarini rivojlantirish, olingan bilim va ko‘nikmalarni amalga oshirish amaliyotidan faol foydalanishni talab qiladi. Ushbu o‘quv faoliyati amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan. Talabaga boshlang‘ich kasbiy ko‘nikmalarni olish, egallagan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda to‘g‘ri qo‘llay olishga imkon beradi. Oilada ta’lim olish va mustaqil ta’lim olish ta’lim shakli joriy qilingan bo‘lib bunday ta’lim shaklida davlat oilada ta’lim olishga va mustaqil ta’lim olishga ko‘maklashadi. Bolalarning oilada ta’lim olishi va mustaqil ta’lim olish uslubiy va maslahat yordami ko‘rsatilgan holda tegishli o‘quv dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Shuningdek, katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish shakliga ko‘ra katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish butun umr davomida o‘qitishning markaziy tarkibiy qismi bo‘lib, ta’lim berish hamda o‘qitishning jamiyat hayotida va mehnat faoliyatida katta yoshdagilarning ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan barcha shakllarini o‘z ichiga oladi, shuningdek rasmiy, norasmiy va informal o‘qitish jarayonlarining butun majmuini qamrab oladi.
E’tiborli jihati shundaki, ta’lim tizimida har qanday o‘quvchi (talabaning) shaxsiy xususiyatlari ya’ni imkoniyatlaridan qat’iy nazar uning boshqalar bilan birdek ta’lim olishini kafolatlaydigan inklyuziv ta’lim alohida o‘rin tutishida. Ushbu turdagi ta’limni joriy qilishdan maqsad mamlakatning asosiy qonunida nazarda tutilgan ta’lim olishning umumiy huquqini amalga oshirishdir. Prezidentimiz ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak:Yoshlar huquqi deganda, biz, birinchi navbatda, ularning tinch va sog‘lom yashash hamda ta’lim olishga bo‘lgan to‘laqonli huquqini tushunamiz. Shu bois, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning barkamol bo‘lib voyaga yetishi, sifatli va mukammal ta’lim olishini ta’minlash biz uchun hamisha ustuvor vazifa hisoblanadi”.8
Bundan tashqari ta’lim muassasalari xorijiy mamlakatlarning ta’lim tashkilotlari va muassasalari bilan birgalikda hamkorlik qilishlariga yo‘l ochilmoqda. Xususan, ta’lim muammolari yuzasidan ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha, qo‘shma fakultetlar, o‘quv markazlari va ilmiy laboratoriyalar tashkil qilish orqali, xalqaro darajadagi birgalikdagi ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot loyihalari va dasturlarini tayyorlash yuzasidan, hamkorlikda fundamental hamda amaliy ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish orqali, ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar va simpoziumlar o‘tkazish bilan, talabalar, magistrlar, doktorantlar, o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar almashinishini amalga oshirish yo‘li bilan, eng asosiylaridan biri ikki tomonlama diplomlar (Double Diploma) dasturlarini joriy etish, orqali hamkorlikni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Yana aytishimiz mumkinki, “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni sohada tub burilishga sabab bo‘luvchi, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini tartibga soluvchi, ilm-fanning bugungi zamonaviy ko‘rinishidan kelib chiqib ta’limning maqsad-vazifalarini belgilab beruvchi norma bo‘lib xizmat qiladi.
Darvoqe, “yangi” degan so‘zning biz uchun alohida ahamiyati bor. Masalan, eng ko‘hna bayramlarimizdan biri Navro‘z — Yangi kun deb atalishini esga olaylik. Ushbu qadimiy bayram bilan bog‘liq qadriyat va an’analar hayotimizga shu qadar singib ketganki, xalqimiz asrlar davomida, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy aytganlaridek, „Har tuning qadr o‘lubon, har kuning bo‘lsin Navro‘z!“ degan ezgu tilaklar, pok niyatlar bilan yashab keladi», «O‘tgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz — „jadidchilik“, ya’ni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-ma’rifat va milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz» — deya ta’kidlagan edi yurtboshimiz ta’lim masalalariga bag‘ishlangan nutqida. «Bu ulug‘ zotlarning maqsadi — jaholat va qoloqlik girdobida qolib kelayotgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilg‘or kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yo‘liga olib chiqishdan iborat edi. Jadidlar tomonidan tashkil etilgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, turkiston farzandlarini chet ellarga o‘qishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch berdi. Afsuski, yurtimizda bolsheviklar diktaturasi o‘rnatilgani, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirilgani ma’rifatparvar bobolarimizga o‘z maqsad-muddaolarini to‘liq amalga oshirish imkonini bermadi. Lekin ularning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qonida, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz», — deya ta’kidlagan o‘zbekiston yetakchisi.
Bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan „Yangi O‘zbekiston“ g‘oyasi zamirida ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda birinchi va ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo‘lamiz.
Bir necha yildan beri tadqiqotchi sifatida meni bir qator savollar qiziqtirar edi: Nima uchun xalqimiz tarixida ikkita katta uyg‘onish davri bo‘lgan-u, biz hali ham “uyg‘onmayapmiz”? Avvalgi ikkita Renessansning siri nimada edi? Uchinchi renessansni kelajakda tarixchilar qaysi davrga nisbat berishar ekan? Ushbu savollar bilan manbalarga murojaat qilib yurgan vaqtimizda prezidentimizning nutqlaridan birida ularga javob bo‘ladigan quyidagi muhim da’vatkor fikr bildirildi: “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda uchinchi renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi xorazmiylar, beruniylar, ibn sinolar, ulug‘beklar, Navoiy va boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”.9
Birinchi Renessans Markaziy Osiyoda IX–XII asrlarda ro‘y berdi. Bu davrda davlatni boshqarish siyosati, yer-suv, soliqlar bilan bog‘liq farmonlar chiqarilishi, olimlarga munosabat kishilarda ertangi kunga ishonch uyg‘otdi. Ularning turli fan sohalari (matematika, astronomiya, tibbiyot, huquq, kimyo, geodeziya va dunyoning tuzilishi haqidagi ilmlar)ga qiziqishi ortishiga sabab bo‘ldi. Odamlar bolalarini o‘qitish uchun ustoz qidira boshladi. Bu davrda yashab ijod etgan Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Zamaxshariy kabi mutafakkirlar, imom Buxoriy, imom Termiziy kabi buyuk muhaddislar, Moturidiy, Abulmuin Nasafiy kabi mutakallimlar hamda ulardan tahsil olgan shogirdlari, safdoshlari tabiiy va aniq fanlar doirasida, islom dini osmonida yulduzday charaqladi. Ularning izlanishlari, kashfiyot va beqiyos g‘oyalaridan butun dunyo bahramand bo‘ldi. Bugungi kunga qadar ham ularning o‘lmas merosidan foydalanib kelinmoqda. Mintaqamizda ikkinchi renessans poydevori Amir Temur nomi bilan bog‘liq. Sohibqiron bobomiz ikkinchi renessans homiysi, asoschisi sifatida tarixga muhrlandi. Amir Temur markaziy boshqaruvga asoslangan qudratli saltanatni barpo etish bilan birga, mamlakatda madaniy-ilmiy yuksalish uchun ham munosib sharoit yaratishga intildi. Turli hududlardan diniy va dunyoviy ilm sohiblari, shoirlar, me’morlar, hunarmandlar va boshqalarni yig‘ib, ular orqali mamlakatning ilmiy va madaniy qudrati yuksalishiga zamin yaratdi. Chingizxon davrida inqirozga uchragan madaniyat, ilm-fan, ma’rifat qayta shakllandi va taraqqiy etdi. Mamlakat obodlik va farovonlikka erishdi. Ikkinchi renessans davri, o‘z navbatida, “Islom madaniyatining oltin asri” deya nomlandi. Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Sakkokiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Xondamir va boshqa olimlar, shoiru fuzalolar bu yurtning shuhratini dunyoga yoydi. Bu ikki renessans insoniyatga nimalarni tuhfa qildi? Butun dunyoga “Bayt ul-hikma”, Xorazm Ma’mun akademiyasi kabi ilm dargohlarini taqdim qildi. Yerning sharsimon ekani haqidagi g‘oya ilgari surildi, globus yaratildi. Yer radiusi ilm bilan isbotlandi. Tibbiyotning, algebra fanining tamal toshi qo‘yildi. Shaharsozlik, me’morlik sohalarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar dunyo ahlini lol qoldirdi. Birinchi renessansda islom sivilizatsiyasining tamal toshi qo‘yilgan bo‘lsa, Ikkinchi renessansda yanada yuksalishiga yo‘l ochildi. E’tibor bersak, har ikkala Uyg‘onish davrida ham eng muhim jihat — davlatning e’tibori, mamlakat boshqaruvida olib borilgan odilona va oqilona siyosat, ta’lim-tarbiya ustuvor bo‘lgan. Bundan tashqari, insonlarda yuksak axloq, ilm-fanga tashnalik bilan birga, borliq sirlarini ochish va yangi ilm yaratishga ishonch kuchli bo‘lgan. Olimlar o‘zlari bilmagan holda, bugun tarixchilar e’tirof etayotgan renessans davrining ijrochilariga aylangan. Har ikki renessans davrida davlat rahbarlari, olimu fuzalolar, birinchi navbatda, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyati, iymon-e’tiqodi masalasiga alohida e’tibor qaratgan. Deyarli barcha allomalar asarlarida ta’limni tarbiya bilan uyg‘un olib borish lozimligi haqidagi fikrlarni uchratish mumkin. Masalan, Abu Ali ibn Sino o‘z asarlarida ilm va odob-axloq uyg‘unligi, barkamol avlod kamoloti va baxt-saodati, adolat va diyonat, insonlarning o‘zaro do‘stligi va hamkorligi, obod turmush to‘g‘risidagi g‘oyalarni ilgari surgan. Mutafakkir “Bola badanining bo‘g‘inlari qotib, tili ravon chiqib, qulog‘i eshitish va gapni ma’qullash uchun tayyor bo‘lib, vujudi ilm va odob o‘rganishga hozir bo‘lganda unga ilm va odob o‘rgatish kerak”, deb yozadi.
Bugungi O‘zbekiston — kechagi o‘zbekiston emas. Ha, haqiqatan ham, shunday: bugungi o‘zbekiston kechagi o‘zbekiston emas.
Sal oldingi tarixga nazar tashlaylik. XIX asrning ikkinchi yarmida milliy mustaqilligimizdan ajraldik. Jadidlar qatag‘on qilingandan boshlab ilm-fan sohasida ham turg‘unlik davri boshlandi. Chunki ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, diniy, mafkuraviy tazyiqlar shunga majbur qilar edi. Hech kim o‘z fikrini ochiq-oydin bayon qila olmas, bayon qilganlarning, esa, boshiga kulfat yog‘ilar edi. Ushbu siyosat tufayli qanchadan-qancha olimlar, shoiru yozuvchilarimiz jismonan yo‘q qilindi.
Shukurki, mustaqillikka erishganimizdan keyin bunday noxush holatlarga barham berildi. Ajdodlarimiz merosi tiklana boshladi. Barcha sohalarda xalqchil islohotlar olib borildi. Xalqda ruhiy ko‘tarilish, kelajakka ishonch paydo bo‘la boshladi. Bu holat “milliy tiklanish”, - deya nom oldi. Bugungi kunda esa, milliy tiklanishdan milliy yuksalish bosqichiga o‘tdik. Endi, albatta, qandaydir o‘zgarish bo‘lishi lozim. Chunki biz ikkita renessansni yaratgan buyuk ajdodlarning vorislarimiz.
Buni prezidentimiz Shavkat Mirziyoev uchinchi renessansga qadam qo‘yish bosqichi, ya’ni uchinchi renessans poydevorini yaratish bosqichi, deb nomlab, quyidagicha ta’rifladi: “Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda o‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish — uchinchi renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston — kechagi O‘zbekist on emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”.10
Iymonli insonlar uchinchi renessans ijodkorlari hisoblanadi. Uchinchi renessans yaratish bir yoki ikki kishining ishi emas. Uni barpo etish uchun mamlakatning har bir vakili — xoh yosh bo‘lsin, xoh katta — barcha barobar harakat qilmog‘i lozim. Renessans yaratishga ishonish bilan birga, qattiq harakat ham qilish shart. Bu ham oson kechadigan jarayon emas. Chunki ushbu jarayonni amalga oshirish uchun dastlab ma’naviyatli insonlar qatlamini shakllantirish kerak. Bunday insonlarda tafakkur hissiy ongdan ustun keladi, inson o‘zini o‘zi idora qila oladi. Ma’naviyat insonni ongli yashash va olijanob xislatlarga chorlaydigan noyob faoliyatdir. Uni yuksaltirish masalasi esa, ko‘proq insonning o‘ziga va unga ta’sir o‘tkazadigan muhitga bog‘liq.
Uchinchi renessansni iymonli insonlar barpo etadi, dedik. Xo‘sh, bunday insonlar o‘zida qanday fazilatlarni jamlagan bo‘ladi? Iymon - inson ongi va dunyoqarashi bilan bog‘liq nodir fenomen bo‘lib, bu tushunchaga ko‘pchilik bir tomonlama, ya’ni diniy tushuncha sifatida qaraydi. Aslini olganda, iymon nafaqat diniy tushuncha, balki yuksak ijtimoiy-falsafiy ma’noga ega, bugungi kun, davr uchun o‘ta zarur ijtimoiy qadriyat hamdir. Uchinchi renessansni qurishga intilgan iymonli insonlar jamiyati qaror topgan bo‘lsa, ular millat, irq, din tanlamaydi, aksincha, bir-biri bilan hamkor, hamnafas bo‘lib, yangilanishlar yaratishga bel bog‘laydi. Vatan uchun, xalq uchun yonib yashaydi. Birgina bugunni emas, kelajakni o‘ylaydi. Farzandlar baxtu kamoli haqida qayg‘uradi. Bu esa, jamiyat va davlat taraqqiyotiga olib keladi. Eng muhimi, o‘sib kelayotgan yosh avlod shunday insonlardan ibrat olib, yuksak e’tiqodli bo‘lib voyaga yetadi.
Iymonni shartli ravishda ikki yo‘nalishga bo‘lish mumkin. Birinchisi, aniq hayotiy ehtiyojlarni qondirish zarurati asosida yuzaga keladigan g‘oya, fikr, mulohaza, taxmin, farazga ishonchdan iborat ma’naviy-ruhiy holat. Ikkinchisi, muayyan dunyoqarashda ifodalangan g‘oyalar, timsollarni haqiqat yoki haqiqat emas, deb qabul qilish asosida ongda, his-tuyg‘uda yuzaga keladigan ishonch va ishonchsizlikdan iborat ruhiy holat.
Ma’lumki, har qanday fikr ham g‘oya bo‘la olmaydi. Uning g‘oyaga aylanishi uchun odamlarni birlashtiradigan, o‘z orqasidan ergashtira oladigan xususiyat bo‘lishi lozim. Demak, prezidentimizning “Uchinchi renessans poydevorini yaratamiz”, degan fikri g‘oyaga aylanishi, ro‘yobga oshishi uchun, avvalo, barchamiz birdek ishonishimiz, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borib, odamlarning dunyoqarashida ana shu g‘oyaga ishonchni, ma’naviy-ruhiy holatni shakllantirishimiz lozim. Chunki muayyan dunyoqarash asosidagi g‘oyalar, timsollarni ixtiyoriy yoki an’ana tufayli haqiqat sifatida qabul qilgan hamda muayyan jamoa oldida shu ishonchiga sodiq qolishga ichki his-tuyg‘u bilan iqror bo‘lgan inson o‘sha g‘oyalarda nazarda tutilgan munosabatlarning tashuvchisi, qadrlovchisiga aylanib, boshqalarni ham shunga da’vat qiladi.
O‘zbekistonda XXI asrda uchinchi renessans davri barpo etilishiga ishongan odam qalban yurtimizni avvalgi renessanslar davrida bo‘lgani kabi, eng taraqqiy etgan mamlakatlar qatorida ko‘radi. Yurtimizning kelajagi nima sababdan buyuk bo‘lishi, nega bunchalik ishonch bilan aytilayotgani haqida tushunchasi bor, shuning uchun ham u xulosa chiqara oladi. Ikkinchi renessans poydevorini yaratishda bosh bo‘lgan Amir Temur ishni dastlab farzandlar tarbiyasidan boshladi. U yoshlar tarbiyasi borasida qator muhim ishlarni amalga oshirdi. Birinchidan, har bir qishloqda boshlang‘ich ta’lim beruvchi maktablarni tashkil qildi. yoshlarning, pirovardida xalqning savodli, bilimli bo‘lishiga erishdi. Mamlakatdagi ma’rifiy-tarbiya ishlar davlat tomonidan idora qilinishi zarur, deb hisoblab, o‘zi bu ishda o‘rnak bo‘ldi. Ikkinchidan, ilmning rivojlanishida turli sohadagi kitoblarning ahamiyati kattaligini nazarda tutib, kitobni “donishmandlikning asosi” va “hayotni o‘rgatuvchi”, “insonni tarbiyalovchi vosita” deb baholadi. Komil insonni shakllantirishda bilim bilan tarbiyani o‘zaro aloqador deb tushundi. Uchinchidan, davlat kelajagi bo‘lgan yoshlarni yuksak axloqiy fazilatlarga ega, insonparvar, jismonan baquvvat, vatanni sevadigan, harbiy bilimga ega, milliy g‘ururli etib tarbiyalashni asosiy talablardan deb bildi. Fuqarolarni ham shunga ishontira olgan Sohibqiron mamlakatning ma’naviy, madaniy, ilmiy qudratini yuksaltirishga erishdi. Bu holat mamlakatda ma’naviy boy insonlarning tarbiyalanishiga zamin yaratdi. Biz yashayotgan bugungi yangi O‘zbekistonda ham ana shunday muhit yaratilayotir. Yoshlarni ijodda ham, ilmda ham, tarbiyada ham peshqadam qilib tarbiyalashga e’tibor qaratilmoqda.
Renessansning tayanch ustunlari bo‘lmish biz — pedagoglar, tarbiyachilar, o‘qituvchi, ziyolilar hamda ota-onalar bunday imkoniyat va shart-sharoitlardan foydalanib, ma’naviyati yuksak avlodni tarbiyalashimiz va iymonni qaror toptirish choralarini ko‘rishimiz kerakligini bugungi ziyoli qatlam anglagan. Shu bilan birga pedagoglar avvalo, har bir shaxs, ayniqsa, yosh avlodni Uchinchi renessans barpo etilishiga ishontirishimiz kerak.
Bugun yangi o‘zbekistonda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” bosh g‘oyasiga tayanib, uchinchi renessans poydevorini yaratish vazifasi qo‘yilgan ekan, uni bajarish uchun birgina rahbar, pedagog yoki tarbiyachi emas, balki shu vatan barchamizniki, deya ko‘nglida vatanparvarlik, xalqparvarlik, insoniylik fazilatlari mujassam, iymon-e’tiqodi butun bo‘lgan har qanday shaxs targ‘ibotchi bo‘lishi lozim. To‘g‘ri, bizda uchinchi renessansni bir yilda, besh yilda, o‘n yilda amalga oshiramiz, deb bong urilmayapdi, lekin mana shu renessansni yaratadigan avlodni voyaga yetkazishga kuchimiz ham, qudratimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli. Shunday ekan, bizdan faqat mehnat va ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish talab qilinadi.
Ilmiy izlanish mashaqqatli, shu bilan birga zavqli jarayon. Ma’lum muammo yechimi ustida bosh qotiriladi, oylar, kerak bo‘lsa, yillar davomida izlaniladi. Yuzlab, minglab manbalar bilan ishlash asnosida topilgan yechimning tadqiqotchiga beradigan quvonchi esa chek-chegara bilmaydi. E’tiborlisi, ilmiy faoliyatini olib borish, tashkil qilish va natijadorligini ta’minlashda nafaqat har bir izlanuvchi va oliy ta’lim muassasalarining, balki davlatlarning ham o‘z tajribasi, yo‘li bor. Bunga dunyo tajribasidan ham ko‘plab misollarni keltirishimiz mumkin. Masalan, AQSh oliy ta’lim tizimining eng ulkan yutuqlaridan biri – mamlakat universitetlarining (xususiy va davlat) muhim tadqiqot markazlariga aylanganidadir. Bu yerda tadqiqotlar nihoyatda ixtisoslashganligi bilan ajralib turadi. Ya’ni odatda qandaydir mavhum yoki umumiy mavzulardan ko‘ra biz real hayotda duch kelayotgan yohud muayyan bir sohani yanada rivojlantirish uchun to‘siq bo‘lgan muammo va masalalarning aniq ilmiy yechimini topishga qaratilgan tadqiqotlar ustunlik qiladi. Iqtisodiyot va ilm fanning uzviy bog‘liqligi hamda biznesning ilmga kuchli ta’siri Amerika universitetlarini boshqa mamlakatlar unversitetlaridan farqli ravishda jahonning yetakchi tadqiqot va aqliy markazlariga aylantira oldi. Bunda bir qator omillar mavjudki, ular ilmiy tadqiqotning sifati va barqarorligini ta’minlab bermoqda. Bularga tom ma’nodagi akademik mustaqillik, tanqidiy fikrlash, so‘z erkinligi, universitetlar tashkiliy asoslarining mustahkamligi, tadqiqotni munosib rag‘batlantirish, boy kutubxonalar hamda texnik salohiyatning yuksakligi kabi omillarni kiritish mumkin.
Xalqaro tajribalariga e’tibor qaratsak bu yo‘nalishdagi ko‘plab tadqiqotlarni o‘rganishimiz mumkin. Masalan AQShda “Fulbrayt dasturi” doirasida ilmiy tadqiqot olib borayotgan Kent Universitetida olimlar samarali tadqiqot olib borish uchun deyarli barcha imkoniyatlar mavjud. Bu yerda kafedra olimlari tadqiqot olib borishadi va tadqiqotlar munosib darajada moliyaviy jihatdan rag‘batlantiriladi. Masalan, kafedrada faoliyat yuritayotgan olimlarning o‘quv yuklamalari judayam oz, 2 va 3 formulasi asosida, ya’ni birinchi semestrda 2, ikkinchi semestrda esa 3 para dars o‘tib beradi, xolos. Shu bois kafedra olimi o‘zining ko‘p vaqtini ilmiy tadqiqotlarga ajrata oladi. Tadqiqot universitetlarida olimlarning yetuk mutaxassis sifatida o‘sishi hamda yuqori ilmiy natijalarga erishishi u olib borayotgan tadqiqotning ko‘lami va sifatiga bog‘liqdir.
Bundan tashqari, ilmiy unvonlar berishda olimlar chop etayotgan ilmiy jurnallarning sifati ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Aksariyat nomdor ilmiy jurnallar “double blind peer-reviewed” jarayonining sinchkov tekshiriuvidan o‘tgan ilmiy ishlarnigina chop etadi. Buning ma’nosi shundan iboratki, tadqiqotchining ilmiy maqolasi eng kamida ikki nafar soha mutaxassisiga anonim tarzda taqdim etiladi va ularning bergan xulosasiga ko‘ra maqola chop etilishi yoki etilmasligi mumkin. AQShning aksar tadqiqot jurnallari turli yo‘nalishlardagi tadqiqotlarni universitetlarning konstitutsiyaviy kuzatuv kengashi tomonidan tekshiruvdan o‘tkazishni talab qiladiki bunda tadqiqotning axloqiy va akademik me’yorlarga javob berishi, plagiatning bor yoki yo‘qligi kabi jihatlar o‘rganiladi. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda AQSh Federal hukumati barcha universitetlarda konstitutsiyaviy kuzatuv kengashlarining faoliyat yuritishini shart qilib qo‘yganligi e’tiborga molikdir.
Bir so‘z bilan aytganda, AQSh universitetlaridagi ilmiy tadqiqotlarda akademik me’yorlarga katta ahamiyat beriladi. Bu mamlakatning tadqiqot maskanlarida ilmiy soxtakashlik, byurokratik va sun’niy to‘siqlarni yaratish, guruhbozlik kabi illatlarni vujudga keltirmaydi. Afsuski, bu kabi illatlar mamlakatimizda haqiqiy ilmiy tadqiqotning rivojlanishiga hali-hanuz g‘ov bo‘lib kelmoqda.
Bugungi mehnat bozori jadal o‘zgarib, talablari esa muntazam ko‘payib bormoqda. Ayni talablarga javob beradigan, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish uchun oliy ta’lim tizimida nimalarga e’tibor qaratilish kerak? Mamlakatimizda so‘nggi paytlarda oliy ta’lim tizimini isloh qilish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ko‘plab nufuzli universitetlarining tajribasi o‘rganilmoqda. Bu, albatta, quvonarli hol. Shu bilan bir qatorda, e’tiborimizni ba’zi bir masalalarga qaratishimiz zarur. Nazarimizda milliy ta’lim tizimida e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan ikkita eng muhim jihat mavjud. Birinchisi, ilk maktab yillaridanoq yoshlarni tanqidiy fikrlashga o‘rgatishimiz kerak. Milliy ta’lim tizimi yoshlarni mustaqil va tanqidiy fikrlashga, ularning ongiga o‘ziga ishonch hissini kuchaytirishga hamda o‘z fikrini erkin ifoda etishiga xayrixoh bo‘lishi kerak. Biz shu ishni qilayapmizmi yoki yo‘qmi degan savolga o‘zimiz xolis va adolatli javob beraylik... Ikkinchidan, talabalarda o‘z ustida mustaqil ishlash ko‘nikmasini shakllantirish zarur. Xorijdagi aksariyat universitetlarda talabalarning doimo biror ish bulan mashg‘ulligi, ayniqsa, kutubxonalarda o‘z ustida ishlashi, ko‘plab kitob va maqolalar mutolaasi bilan bandligiga guvoh bo‘laman. Zamonaviy ta’lim tizimi, asosan, talabalar o‘z ustida ko‘prok ishlashlarini nazarda tutadi. Yuqorida misol tariqasida ko‘rganimiz AQShdagi universitetlarning ilmiy faoliyati anchayn o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu yerdagi barqaror ilmiy tendensiyalardan biri ilgari hech kim qo‘l urmagan mavzularda tadqiqot qilishga intilishdir. Bu mavzular nihoyatda ixtisoslashgan bo‘lib, umumiylik va siyqasi chiqqan mavzulardan qochiladi. Tadqiqotlar odatda bayonchilik tarzidagi dissertatsion izlanishlar emas, balki aniq ilmiy naziriyalarga, ijtimoiy so‘rov, matematik modellar hamda turli xildagi keyslarga asoslanadi. Shuningdek, Amerika universitetlarida ulkan ilmiy resurslar mavjudki, uni boshqa davlatlar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Masalan, siz universitetingiz kutubxonasiga biror kitobni so‘rab murojaat qilasiz. Agarda u kitob bo‘lmasa, kutubxona siz yashab turgan shtatdagi barcha universitet va davlat kutubxonalariga yagona tarmoq orqali bog‘lanib, siz so‘ragan kitobni toshishga harakat qiladi, agarda shunda ham topilmasa, federal darajadagi barcha kutubxonalar bilan bog‘lanadi va siz istagan manbani istagan manbani qisqa muddatlarda topib beradi. Bu kabi yoshdashuv, mamlakat bo‘ylab turli xil boy axborot-resurs markazlarining mavjudligi, ilmga bo‘lgan hurmat e’tibor, albatta havas qilgaulik darajadadir. Shu ma’noda atash mumkinki, Amerikani kutubxonalar mamlakati va kutubxona madaniyatini aynan bu mamlakatdan o‘rganish kerak, deb hisoblash mumkin. Kutubxonalar amerika qudratining o‘ziga xos tayanch ustunlaridan biridir.
Bizdagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish uchun bir qator ishlarni amalga oshirish zarur. Avvalo, universitetlarning taraqqiyot strategiyasi, missiyasi, aniq ustuvor maqsad va vazifalari bo‘lishi lozim. AQShdagi barcha universitetlarning oshkor qilingan aniq missiyasi va ustuvor yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, ular universitetlarning qisqa va uzoq muddatdagi taraqqiyot yo‘nalishini belgilab beradi. Yana bir jihatga e’tiborliki, mamlakatimizdagi universitetlarning institutsiyaviy-tashkiliy asoslarini mustahkamlash shart. Universitet, unda mavjud bo‘lgan tashkilotlar, uyushmalar, assotsiatsiyalar hamkorligida umumboshqaruv asosida faoliyat yuritishi o‘z tasdig‘ini topgan samarali boshqaruv usulidir. Universitetning taraqqiyoti ma’lum shaxslarga bog‘lanib qolishi kerak emas. AQSh universitetlarida, xususan, Kent universitetida ham academic collective bargaining nomli tushuncha mavjud bo‘lib, u bugungi kunda tobora rivojlanib borayotgan universitetlarni Akademik jamoaviy kelishuv orqali samarali va adolatli boshqarishni anglatadi. Bu yerdagi ko‘plab universitetlarning ustuvor taraqqiyot strategiyasida institutsiyaviy barqarorlikni ta’minlash eng muhim vazifalardan biri etib belgilangan. Akademik jamoaviy kelishuv, shuningdek, fakultetlar tomonidan o‘tilayotgan fanlarning barqarorligini, ilmiy faoliyatni hamda rivojlanish istiqbollarini belgilashda katta ahamiyatga egadir.
Bizda yaqindan boshlab universitetlar faoliyatida ta’lim – fan jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yana bir dolzarb masala. O‘zbekistondagi universitetlarining jozibadorligini oshirish, talabalarning shaxsiy va kasbiy jihatdan yanada yuksalishi uchun oliy ta’lim muassasalarining kaipus hayotini jonlantirish nihoyatda muhim masaladir. Amerikadagi universitetlarning kampus hayoti o‘ta jo‘shqin, qiziqarli va foydali tadbirlarga, qo‘shimcha mashg‘uloti to‘garaklarga nihoyatda boydir. Universitet kampuslarida hayot qaynaydi, turli madaniy, professional, sport tadbirlari talabalarning yetuk qadar bo‘lib yetishida katta ahamiyatga egadir. Albatta, bu o‘rinda talabalar o‘z-o‘zini boshqaruv madaniyati ham rivojlangan bo‘lishi lozim. Bizning universitetlardagi kampus hayoti esa o‘ta formal va zerikarli bo‘lib, talabalar asosan “faqatgina darsga kelishadi va darsdan so‘ng uy-uylariga ravona bo‘lishadi”, mavjud ayrim tadbirlar ham, afsuski, aksariyat hollarda rasmiyatchilik xususiyatiga ega bo‘lib qolmoqda.
Amerikadadagi har bir universitetning bir necha o‘n yilliklar davomida shakllanib kelgan o‘ziga xos va takrorlanmas urf-odatlari, an’analari, xattoki asrlar davomida shakllanib kelgan o‘ziga xos va takrorlanmas urf-odatlari, an’analari, hattoki asrlar davomida muqim turgan tarixiy binolari mavjud. O‘z o‘tmishiga bu kabi hurmat, an’analarni e’zozlash va keyingi avlodlarga yetkazish amerikadagi oliy ta’lim muassasalarining jozibadorligi va barqarorligini ta’minlab turgan omillardan biri hisoblanadi. Shu ma’noda, oxirgi yillarda mamlakatimizdagi bir qator universitetlarning taraqqiyot istiqbollariga e’tibor qaratish aslida shu o‘quv muassasasining ravnaqi uchun ahamiyat berish deb hisoblashimiz mumkin. Ayniqsa bu borada mamlakatimizda 2019 yildan boshlab amalga oshirish boshlangan Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora tadbirlari va uni amalga oshirish yo‘llarining ilmiy – nazariy asoslari asoslari muhim ahamiyatlidir.

Download 449.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling