Fabula (lotincha fabula – masal so’zidan) – badiiy asarda tasvirlangan voqea va hodisalarning izchil bayoni.
Fabula voqeaning izchil bayoni sifatida syujetdan katta farq qilmaydi, shuning uchun badiiy asar tahlilida syujet termini bilan kifoyalanish ma’quldir.
Fantaziya (yunoncha phantasia – faraz qilish, tasavvur, xayol so’zidan) – ijodiy tasavvur, xayol. Shu bilan birga, ijodiy xayol bilan yaratilgan obraz, turmushning in’ikosi sifatida ongda tug’ilgan, lekin hali hayotda mavjud bo’lmay, faqat kishining tasavvurida yashovchi orzular ham fantaziya deyiladi.
Figura yoki stilistik figura (lotincha figura – obraz, ko’rinish so’zidan) badiiy so’zning ifodaliligini oshirish uchun yozuvchi tomonidan ishlatiladigan maxsus so’z va iboralar, odatdan tashqari nutq tuzilishi.
Xarakter (yunoncha charakter – xossa, xususiyat so’zidan) – kishilarda xilma-xil ijtimoiy muhit va tarbiya tufayli tug’ilgan turlicha xulq-atvor va psixologik xususiyatlar.
Kishilarning xulq-atvori va xislatlari ularni o’rab olgan ijtimoiy muhit, oila va maktab tarbiyasi ta’sirida shakllanadi, o’sadi, o’zgaradi. Badiiy asarda individual xususiyatlari bilan yaqqol gavdalantirilgan, to’la va aniq tasvirlangan kishi obrazi xarakter deyiladi. Masalan, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanidagi Andrey Bolkonskiy obrazi shunday xarakterdir. Katta san’atkorlik mahorati bilan yaratilgan xarakterlar hamm vaqt tip darajasiga ko’tarila oladi.
Xarakteristika (yunoncha charakter – xossa xususiyat so’zidan) ma’lum bir hodisa, kishi yo predmetga xos xusisiyat va sifatlarni belgilash, aniqlash. Yozuvchi asarda ishtirok etuvchilarning kelib chiqishi, faoliyati, xulq-atvori, idroki, qobiliyati, intilishi, tashqi qiyofasi va boshqalar haqida ma’lumot bersa, ya’ni qahramonlarining xulq-atvorini ularning xatti-harakati va ichki kechinmalari tasviri orqali ochib bersa, bu muallif xarakteristikasi deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |