Jamoa boshqaruv faoliyatida eng ko’p uchraydigan nizoning quyidagi asosiy turlari farqlanadi:
shaxsiy;
shaxslararo;
shaxs bilan guruh o’rtasidagi;
guruhlararo;
ijtimoiy.
Shaxsiy nizolar – nizoninig bu turi ayrim paytda ichki nizo deb ham nomlanadi.
Nizoning bu ko’rinishiga shaxsning ichki ziddiyatlari sabab bo’lib, bunday tafovutlarni yuzaga keltiruvchi omillarni asosan ikki guruhga ajratish mumkin:
1) insonning ehtiyoji, intilishi va qadriyati uning o’z bo’yniga olayotgan mas’uliyati bilan qarama-qarshi bo’lib qoladi;
2) shaxsning unga qo’yilayotgan talablarga bosh ko’tarishi natijasidagi ichki tug’yonlari.
Shaxslararo nizo – boshqaruv obyekti va subyektlari o’rtasidagi, boshqaruv tizimi ishtirokchilari o’rtasidagi, hamda rahbar va xodim o’rtasidagi nizolar. Shaxslararo vertikal bo’yicha – rahbar va xodim o’rtasida, shaxslararo gorizontal bo’yicha – boshqaruvning bitta ierarxik pog’onasidagi a’zolar o’rtasida. Mehnat jamoalarida nizoning bu turi ko’plab uchraydi. Aksariyat rahbarlarning fikricha, bunday nizoning yagona sababi – xodimlar xarakterlarining o’zaro nomutanosibligi, boshqaruv usullariga amal qilmaslik, kommunikatsiyalarning buzilishi, xodimlar malakasining pastligi va boshqalardir. Biroq, mazkur nizoga oid vaziyatlar tahlili shuni ko’rsatadiki, shaxslararo ziddiyatlar asosida, ko’p hollarda, obyektiv sabablar yotar ekan.
Shaxs bilan guruh o’rtasidagi nizo – rahbar va xodim, tashkilot jamoalari va tashkiliy bo’linmalar o’rtasida oddiy ishchilar va jamoa o’rtasida bo’lishi mumkin. Har qanday guruh ichida o’zaro muomala, mehnat faoliyati va xulq-atvor normalari shakllanadi. Guruhning har qanday a’zosi bu normalardan kelib chiquvchi talablarni bajarishi shart. Qabul qilingan normadan chetlanish salbiy hodisa deb baholanadi va shaxs bilan guruh o’rtasidagi nizoni keltirib chiqaradi. Nizoning bu turi hatto rahbar va unga itoat etuvchi xodimlar o’rtasida ham sodir bo’ladi. Tashkilot miqyosida eng ko’p muammolar guruhlararo va ijtimoiy nizolar asosida yuzaga keladi. Bunday nizolarni hal etishda rahbar o’z maslakdoshlari va yordamchilar ko’magiga muhtojlik sezadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |