35-modda. Tartibga solish ta’sirini baholash
Tartibga solish ta’sirini baholash normativ-huquqiy hujjat loyihasining qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy oqibatlarni va uning tartibga solish maqsadlariga erishilishini, shuningdek amaldagi normativ-huquqiy hujjatning ushbu normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga soluvchi munosabatlarga ta’sirining samaradorligi va natijadorligini aniqlash va baholashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidan iboratdir.
Tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkaziladi.
Tartibga solish ta’sirini baholash tartibi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-martdagi PQ-5025-son qarori bilan tasdiqlangan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
6-bob. Normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi, kuchga kirishi va amal qilishi
36-modda. Normativ-huquqiy hujjatning rasmiy matnini tasdiqlash
Normativ-huquqiy hujjatning rasmiy matnini tasdiqlash:
O‘zbekiston Respublikasining qonuniga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qaroriga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni va qaroriga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlariga nisbatan — normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ rahbari;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlariga nisbatan — tegishli hokim tomonidan imzolash orqali amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |