33-modda. Ichki ishlar organi xodimining boshqa organlar va tashkilotlarga saylanishidagi (tayinlanishidagi, yuborilishidagi) kafolatlar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga, Senati a’zoligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyat, tuman va shahar davlat hokimiyati vakillik organi deputatligiga saylangan (tayinlangan), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga, qaroriga, farmoyishiga, shuningdek roziligiga yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan boshqa davlat organlariga yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlarga tayinlangan, xuddi shuningdek O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan boshqa davlat organlarining ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborilgan ichki ishlar organi xodimi majburiyatlarni bajarish (o‘qish) davrida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi kadrlarining amaldagi zaxirasiga kiritib qo‘yilishi mumkin.
Majburiyatlarni bajarish (o‘qish) tugatilganidan keyin ichki ishlar organi xodimiga ilgarigi ishi (lavozimi), ushbu ish (lavozim) yo‘qligida esa unga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida sanab o‘tilgan ichki ishlar organlari xodimlariga maxsus unvonlar oxirgi egallagan lavozimidan qat’i nazar, belgilangan tartibda beriladi.
Majburiyatlarni bajarish (o‘qish) davri ichki ishlar organi xodimiga navbatdagi maxsus unvonni olish huquqini beradigan xizmat qilgan yillariga ustama to‘lash, pul ta’minoti (lavozim maoshi va maxsus unvon bo‘yicha maoshi summasidan iborat bo‘lgan) maoshini belgilash va pensiya tayinlash uchun ichki ishlar organlaridagi xizmat stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlar xizmatdan bo‘shatilganda, shuningdek ularning oila a’zolari ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan xodimlar bilan teng huquqlar, imtiyozlar va afzalliklardan foydalanadi.
7-bob. Ichki ishlar organlari xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish
34-modda. Ichki ishlar organlari xodimlarini huquqiy himoya qilish kafolatlari
Ichki ishlar organi xodimi davlat organi vakili sifatida ish yuritadi va davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
Ichki ishlar organi xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida faqat bevosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshliqqa bo‘ysunadi.
Qonun bilan vakolat berilgan shaxslardan tashqari hech kim ichki ishlar organi xodimining qonuniy faoliyatiga aralashish, ichki ishlar organi xodimini qonun bilan ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilmagan majburiyatlarni bajarishga majburlash huquqiga ega emas. Qonunga zidligi aniq bo‘lgan buyruq yoki farmoyish olganda ichki ishlar organi xodimi uni bajarishni rad etish huquqiga ega va qonunga amal qilishi shart.
Ichki ishlar organi xodimi o‘z ish yurituvida bo‘lgan ishlar va materiallarning mohiyati haqida biror-bir tushuntirish berishga, shuningdek bunday ishlar va materiallarni, shu jumladan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor ishlar hamda materiallarni tanishib chiqish uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan va tartibdan boshqacha tarzda taqdim etishga majbur emas.
Ichki ishlar organlarining xodimlari o‘ziga nisbatan qabul qilingan qarorlar va harakatlar (harakatsizlik) ustidan yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga, prokurorga yoki sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |