Oliy taʼlim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlariga


O‘ZBEKISTON PREZIDENTI TOJIKISTON PREZIDENTINI


Download 384 Kb.
Pdf ko'rish
bet3/7
Sana17.06.2023
Hajmi384 Kb.
#1521384
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
b0349796-5011-444e-a7c2-cd2ba9ae395b

O‘ZBEKISTON PREZIDENTI TOJIKISTON PREZIDENTINI
YUBILEY BILAN SAMIMIY QUTLADI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali
muloqot qildi.


Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini 70 yillik yubileyi bilan chin dildan
tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar
Tojikiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va 
ravnaq tiladi.
Prezident Emomali Rahmonning zamonaviy Tojikistonni barpo etish va
mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, O‘zbekiston va Tojikiston
o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik
munosabatlarida bugungi yuksak darajaga erishishdagi o‘rni alohida qayd etildi.
Suhbat chog‘ida ilgari erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni
amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika,
transport va boshqa muhim yo‘nalishlardagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari
surishga xizmat qiladigan Qo‘shma investitsiya fondi o‘z faoliyatini boshlagani
mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol hududlararo muloqotlarni yanada kengaytirish, mamlakatlarimizda
qo‘shma ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarini o‘tkazish muhim ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr
almashildi, bo‘lajak ko‘p tomonlama uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har
doimgidek ochiq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.
SIRDARYO VILOYATI ISHSIZLIK YO‘Q HUDUDGA
AYLANADI
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligidagi ishlar holati, aholi hayoti
bilan tanishish maqsadida 6 oktyabr kuni Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.
Bu yil viloyatning 75 ming gektar maydonida paxta yetishtirildi. Ayni paytda
qariyb 80 ming gektar yerga g‘alla ekilmoqda.
Davlatimiz rahbari dastlab Sirdaryo tumanidagi “Arslon bobo” va “Omonboy
o‘g‘li Tugal” fermer xo‘jaliklari dalasini ko‘zdan kechirdi.
“Arslon bobo” fermer xo‘jaligining yer maydoni 90 gektar bo‘lib, bu yil
g‘alladan 80 sentnerdan hosil olingan. Hozir paxta terimi avjida. Shuningdek,
kartoshka, mosh, sabzi, piyoz kabi takroriy ekinlar ham yetishtirilib, bozorga
qo‘shimcha mahsulot chiqarilmoqda.
“Omonboy o‘g‘li Tugal” fermer xo‘jaligi 62 gektarda dehqonchilik qiladi. Bu
yerda ham g‘alla hosildorligi 80 sentner bo‘lgan. Ko‘sak soni va terimning borishiga
qaraganda, paxtaning ham “cho‘g‘i baland”.
Bu qo‘shni xo‘jaliklarda yerlar lazerli uskuna yordamida tekislangani natijasida
suv avvalgiga nisbatan 30-40 foiz tejalmoqda, sug‘orish vaqti ham qisqargan.
Nasoslar quyosh panellari quvvatida ishlaydi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi
doirasida dala chetlariga tut, tok, qoratol va boshqa ko‘chatlar ekilgan.
Prezidentimiz shu yerda sirdaryolik fermerlar, nuroniylar bilan suhbatlashdi.
– Xalqimiz «mehr ko‘zda» deganidek, sizlar bilan ko‘rishib, hormanglar deb
keldim, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Adolatli hakam bo‘lsa, aytish mumkinki,
Sirdaryoda ham o‘zgarish bo‘layapti. Lekin zamon shunday shiddat bilan o‘tayaptiki,
odamlarning niyatlari ilgarilab ketyapti. Shunga yarasha sharoit yaratish, xalqimiz


talabini qondirish uchun yangi-yangi rejalar qilishimiz kerak. Bugun aziz Sirdaryo
ahliga rahmat aytish bilan birga, erishilayotgan natijalar bardavom bo‘lishi uchun,
tumanlarning, odamlarning biri ikki bo‘lishi uchun zarur yo‘nalishlarni belgilagani
keldik.
Fermerlar qishloq xo‘jaligida imkoniyatlar kengayib, manfaatdorlik oshgani,
majburiy mehnat tugatilgani, qo‘shimcha mahsulotlar yetishtirilayotganini aytishdi.
– Yer – xalqimiz rizq-ro‘zi manbai. Bir paytlar paxta maydonidan bir gektar
ajratish jinoyat edi, takroriy ekin ekkan ta’qib qilinardi. Mana, hozir 80 ming gektar
paxta va g‘alla maydonlarini aholiga berdik, hali yana beramiz. Ulardan olingan
mahsulot ham xalqimizniki-ku. Bozorga mahsulot, oilalarga daromad bo‘ladi-ku.
Bugun respublikadan kelgan rahbarlar va hokimlar yana 7,5 ming gektar yer ajratilsa,
Sirdaryo viloyatida ishsizlikni yo‘q qilish bo‘yicha taklif berayapti. Men buni, albatta,
qo‘llab-quvvatladim, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari shu yerda dehqonchilik qilayotgan yoshlar bilan ham
suhbatlashdi. Ular mazkur fermer xo‘jaliklari dalasidan 0,5 gektardan yer olib, mosh,
sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz yetishtirayotganini so‘zlab berishdi. Bundan olgan
daromadi hisobidan universitetda o‘qish, uyini butlash rejalarini ma’lum qilishdi.
Prezidentimiz Sayxunobod tumanidagi “Shukronalik mo‘’jizalari” fermer
xo‘jaligi dalasida ham bo‘ldi.
Xo‘jalikning umumiy yer maydoni 70 gektar. Joriy yilda 25 gektarga paxta, 45
gektarga g‘alla ekildi. Hosildorlik mehnatga yarasha – yuqori.
Mamlakatimizda qaysi mahsulot ko‘proq daromad keltirsa, o‘shani ekishga
e’tibor ortayotgani ham qishloq xo‘jaligida yaxshi samara bermoqda. Bu fermer
xo‘jaligi ham g‘alladan bo‘shagan maydondan yaxshi daromad oladi. Xususan, bu yil
45 gektar maydonga takroriy ekin sifatida mosh ekilgan. Xo‘jalik faoliyati bilan
tanishuv chog‘ida ushbu ekinni yetishtirish bo‘yicha chet el tajribasini o‘rganish,
hosildorlikni oshirish uchun ilmiy asoslangan yondashuvlarni qo‘llash zarurligi
ko‘rsatib o‘tildi.
Shu yerda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari va mutasaddilari bilan muloqot
bo‘ldi. Davlatimiz rahbari innovatsiya va nav evaziga hosildorlikni oshirish, suvdan
oqilona foydalanish va hisobini yuritish zarurligini ta’kidladi.
Ish faoliyati davomida munosib yashash va mehnat sharoitiga ega bo‘lish
samaradorlikni oshiradi. Bu qishloq xo‘jaligi sohasida ham muhim sanaladi.
Prezident mirishkorlar, xususan, fermerlarning ko‘p vaqti dalada o‘tishiga
e’tibor qaratdi. Shuni inobatga olib fermer va uning oilasi, ishchilar uchun dalada
ixcham uychalar tashkil etish taklifini berdi. Bunday ixcham uylar elektr bilan
ta’minlanishi, yashash uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lishi kerakligini aytdi.
Mazkur uylar mavsumiy bo‘lmasligi, fermer istagan payti – to‘rt faslda ham
ishdan ortgan payti yo‘l bosib uyiga bormasdan, shu yerning o‘zida biroz hordiq
chiqara oladigan joy bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga bunday uylarni
tashkil qilishda nimalarga e’tibor qaratish zarurligi, fermerlar uchun bu borada kam
foizli kreditlar ajratilishi lozimligi haqida topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sayxunobod tumanidagi “Politeks Sirdaryo”
paxta-to‘qimachilik klasteri korxonasini borib ko‘rdi.
Ilgari Sayxunobod tumanida sanoat umuman yo‘q edi, faqat paxta ekilardi.
Qishloq xo‘jaligidagi yangilanishlar, klaster tizimi natijasida bu yerda ham sanoat


paydo bo‘ldi. Hozir birgina paxtadan ip, kalava, mato, tayyor kiyimlar, chigitdan yog‘,
sovun, ozuqa va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Xususan, “Politeks Sirdaryo” klasterining to‘qimachilik korxonasida ham ip-
kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Germaniya texnologiyasi keltirib o‘rnatilib,
700 ta ish o‘rni yaratilgan. Korxonaning yillik quvvati 7 ming tonna bo‘lib, joriy
yilning o‘tgan davrida Xitoy, Turkiya va Bangladesh davlatlariga 2,5 million dollarlik
mahsulot eksport qilingan.
Shuningdek, klaster qoshida yiliga 30 ming tonna yog‘-moy tayyorlaydigan
korxona ham mavjud. Unda 100 nafar aholi bandligi ta’minlangan.
Davlatimiz rahbari “Politeks Sirdaryo” klasterining to‘qimachilik korxonasida
ip-kalava ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi.
Shu yerda Sirdaryo viloyati to‘qimachilik korxonalarida ishlab chiqarilayotgan
mahsulotlar namoyish etildi. bugungi kunda viloyatda 9 ta paxta-to‘qimachilik
klasteri faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yil 268 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish
rejalashtirilgan. Uning yuz foizi hududning o‘zida qayta ishlanadi.
Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.
– Bugun Sirdaryoga kelishdan asosiy maqsadimiz – viloyatni aholisi to‘liq ish
bilan ta’minlangan hududga aylantirish mezonlarini belgilash, – dedi Shavkat
Mirziyoyev. – Birinchi mezon, Sirdaryo sharoitida, bu – yer. Klaster egalarining
dunyoqarashi o‘zgaryapti, sifatga harakat qilyapti, daromadi oshyapti. Endi ular xalq
manfaatiga xizmat qilishi kerak. Bu manfaat birinchi navbatda ish o‘rni. Masalan,
aholiga dehqonchilik uchun yer ajratish orqali 100 ming ish o‘rni yaratish
mo‘ljallanyapti. Ikkinchidan, bu yerlarga nima daromadli bo‘lsa, shuni ekish bo‘yicha
erkinlik beriladi. Kim bozorni tushunib, ko‘proq mehnat qilsa, naqd daromad oladi.
Yana bir muhim tomoni, agar Sirdaryo viloyatida ishsizlikni tugata olsak, bu boshqa
hududlar uchun namuna bo‘ladi.
Sayxunobod tumanida Sirdaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish
chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda asosiy e’tibor ish joylarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va
oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga qaratildi.
Sirdaryo viloyatida 35 ming nafar ishsiz, 42 ming nafar chet elga ishga
ketganlar bor. Mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni ham hisobga olib, 100
ming ish o‘rni yaratish zarur. Buning uchun paxta maydonlari qisqartirilib, bu yerlar
aholiga bo‘lib berilishi qayd etildi.
Biroq, bu qisqarish o‘rnini hosildorlikni 2-3 baravar oshirish hisobidan qoplash,
Paxtachilik kengashi va olimlar bilan ishlash zarurligi ta’kidlandi.
Oziq-ovqat yetishtiruvchi dehqonlarning krediti uchun qo‘shimcha 300
milliard so‘m ajratilmoqda. Endi dehqonlar 150 million so‘mgacha garovsiz kredit
oladi. Bular kelgusi yilda Sirdaryo aholisi uchun 45 ming ish o‘rni yaratishga zamin
bo‘ladi.
Shuningdek, 5 ming gektar ekin maydonida sug‘orish tizimini yaxshilashga
byudjetdan 40 milliard so‘m ajratiladi.
Hududda oziq-ovqat mahsulotlari, chorva va parranda yetishtirish uchun juda
katta imkoniyatlar bor. Shu bois kelgusi yilda 1 trillion so‘mlik parrandachilik
loyihalarini amalga oshirish, go‘sht va tuxum mahsulotlari hajmini 2 baravar
ko‘paytirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.


Viloyatda 1,7 milliard dollarlik 858 ta investitsiya loyihalari hisobiga 20 ming
ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
– Har kuni qaysidir masalaning ichiga kirib, qiyin bo‘lsa ham mablag‘ini topib,
qaror qilib berayapmiz. Bugun yana kim masala qo‘ysa, uni ham yechib beraman.
Qaysi hokim hisob-kitob bilan aniq reja qo‘yib, ishlarni tizimli yo‘lga qo‘ysa, albatta,
natija bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Download 384 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling