3-bob. Ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi
12-modda. O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalari bo‘yicha komissiyalar
Ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha komissiyalar (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini hamda viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari va shaharlari) hokimlarining iltimosnomalarini ko‘rib chiqish hamda davlat ekspertizasidan o‘tkazish maqsadida tashkil etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi rahbarlari kiritiladi.
(12-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 16-avgustdagi O‘RQ-708-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 03/21/708/0799-son)
Ko‘rib chiqiladigan masalalar mazmuniga qarab, komissiyalar tarkibiga davlat hokimiyati organlarining, davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ham kiritilishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari va shaharlari) hokimlari tomonidan tashkil etiladigan komissiyalar tarkibiga ko‘rib chiqiladigan masalalar mazmuniga qarab, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari kiritilishi mumkin.
Komissiyalarning ishlash va ularning faoliyatini tugatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |