Omon muxtor tarixiy romanlarida moziy tasviri


Romanda davr va qahramon talqini


Download 142.75 Kb.
bet2/3
Sana03.12.2020
Hajmi142.75 Kb.
#157816
1   2   3
Bog'liq
“omon muxtor tarixiy romanlarida moziy tasviri”


1.2.Romanda davr va qahramon talqini

‘Xotin podshoh” romani 2003 – 2006 – yillar oralig`ida yaratildi. Muallifning fikricha, bu asarni ham tarixiy , ham ma`rifiy deyish mumkin.

O. Muxtorning boshqa romanlaridan farqli ravishda “Xotin podshoh” nisbatan olis o`tmish manzaralarini tasvirlagan. Bu: Movarounnahr (Turkiston)ga arab istilosi zamoni (VIII asr). Ma`lumki mazkur davr haqida Narshaxiy, Vamberi, Sadriddin Ayniy, Ibrohim Mo`minov kabi tarixchi, allomalar kitob, risolalar yozganlar.Shunga qaramay, material yetarli emas. Chunki oradan ko`p fursat o`tgan. Ma`lumotlar nihoyatda kam.

“Xotin podshoh” tadqiqotchi O`ktam Nazarov ta`kidlaganidek, bir xronotopli roman. Unda arab bosqini jarayonidagi Buxoro (Transaksoniya) hayoti badiiy tajassum ettirilgan.

“Ffu”dan farqli o`laroq “Xotin podshoh” nisbatan kattaroq hajmga ega (2010-yil nashrida 117 sahifa). Asar ishtirokchilari esa u qadar ko`p emas:


  1. Oynur (Xotin podshoh).

  2. Roviy.

  3. Xitfar Buxorxudot.

  4. Ubaydulloh ibn Ziyod.

  5. Sayyid ibn Usmon.

  6. Tag`shoda.

  7. Qutayba ibn Muslim.

Bulardan Oynur – bu nom M. Narshaxiy kitobida Xotin podshoh deb aytilgan, Ubaydulloh ibn Zayd, Sayyid ibn Usmon, Tag`shoda, Qutayba ibn Muslim tarixiy shaxslar bo`lib, ismlari va faoliyati manbalarda zikr etilgan, Roviy, Xitfar esa to`qima obrazlar bo`lib hisoblanadi.

Arablarning O`rta Osiyo (Turkiston)ni zabt etishi moziyning chigal murakkab masalalaridan biridir. Bu bosqin Turonning qadimiy madaniyati vayron bo`lishi , minglab kishilarning halok etilishi, qullik, istibdodga duchor qilinishga sabab bo`ldi. Ushbu tarixiy haqiqat roman badiiy konsepsiyasida yorqin, ta`sirli , dramatik tarzda badiiy ifoda etilgan.

Muhammad Narshaxiy “Buxoro tarixi” kitobida arab bosqinchilarining bir necha marta Buxoro zaminiga bostirib kirganliklari, har safar Xotin podshoh ular bilan katta boylik evaziga sulh tuzib urushning oldini olganligi haqida ma`lumot bergan. Bunday sulhlarning sharti oson bo`lmagan, albatta. Biroq mukammal qurollangan, katta harbiy tajribaga ega ko`p sonli arab qo`shini bilan jang qilish g`oyatda qiyin edi. Shunga qaramay, sulhlar oldidan urushlar sodir bo`lgan. Arablar buxoroliklarning Vatan mustaqilligi uchun qahramonliklar ko`rsatishga qodir ekanligini ko`rganlar. Ammo arablarning imkoniyati har jihatdan ustun edi.Arab xalifaligi qudrati yil sayin yuksalib borardi.U dunyoning qayeriga hujum qilmasin, g`alabaga erishmoqda edi. Binobarin, sulh eng so`nggi hamda to`g`ri chora bo`lgan.

Roman sarlavhasidanoq ko`rinib turibdiki, Oynur (Xotin podshoh) asarning bosh qahramonidir. Chunki bu obrazda muallifning asosiy badiiy konsepsiyasi badiiy mujassamlashtirilgan.

Oynur xarakterida ikkita xronotop – dala – dasht (Romtin - Romitan) va poytaxt (Buxoro)ga xos qadimiy tamaddun o`zaro uyg`unlashib – birlashib ketgan. Dala – dasht odamlariga xos tabiatni bilish va sevish, bag`rikenglik, jasurlik, soddadillik va kuchli ehtiros, poytaxt – saroyga xos diplomatiya, muomala madaniyati va mahorati, davlatni idora etish san`ati ana shu uyg`unlinking o`ziga xos ifodasidir.

Oynur Romitandagi badavlat, zodagon bir oilada tug`ilib o`sgan. Oilada erkin – erka qiz bo`lgan. Dala – cho`llarda ot minib, sayr etib ulg`aygan. Bu zaminning musaffo havosi, odamlar orasida mehr, sadoqat tomir – tomirlarigacha singib ketgan. Uni Buxoro hukmdoriga turmushga uzatadilar. Buxorxudot bilan yashab, Tag`shoda degan o`g`il ko`radi. Biroq ko`p o`tmay eri vafot etib, yosh holida beva bo`lib qoladi.

O`g`li hali go`dak bo`lgani sababli saroydagi mavjud urf – odatga ko`ra hokimiyatni o`zi boshqaradi. Uning adolatli , dono hukmronligi tufayli Buxoro mamlakati obod, farovon bo`lib boradi. Xalq orasida “xotin podshoh” degan nom oladi.

Ayol kishi uchun davlatni boshqarish oson ish emas. Ayniqsa, tarixning burilish pallalarida , Xotin podshoh zimmasiga arab istilosi davrida hukmronlik qilish tushgan edi. Aynan mana shunday zamon hukmdorning asl qiyofasini to`la – to`kis yuzaga chiqaradi.

Moziyni bir eslab ko`raylik. Mo`g`ullar istilosi chog`ida Osiyoning “eng qudratli hukmdori” deb nom olgan Muhammad Xorazmshoh, chor bosqini paytida Xudoyorxon, amir Muzaffarxon davlat va mamlakatni asrab qolishdan ojizliklarini ko`rsatgan edilar.

Oynur esa tarixning keying bosqichlarida faoliyat ko`rsatgan irodasiz davlat boshliqlaridan farqli ravishda arablar fathi davrida qat`iyatli , jasorat, iroda sohibasi ekanligini namoyon etgan. U tarixiy shart – sharoit taqozo etgan paytda o`z askarlarini Vatan mudofaasi uchun jangga bosilib borgan , chekinmay, mardlik bilan urush qilgan. Boshqa iloj – chora topilmaganda, sulh tuzishga intilgan. O`sha paytlarda takabbur, oson g`alabalardan, havolanib ketgan arab sarkardalari bilan sulh tuzish oson bo`lmagan. Chunki bu lashkarboshilar sulhdan urushni afzal ko`rardilar.

Romanda shunday bir lavha (epizod) borki, unda nafaqat urush, balki sulhning ham fojiasi nihoyatda dramatik ravishda ko`rsatilgan.

Arab sarkardalaridan Sayyid ibn Usmon Buxoro zaminiga ulkan lashkar bilan bostirib kirgach, Xotin podshoh yarashni taklif etadi.Lashkarboshi biro z tixirlik qilgach, kata to`lov (mol -dunyo) evaziga taklifga ko`nadi, shu bilan birga, saksonta zodagonni garov tariqasida qoshib berishni talab qiladi. Ular arab qo`shini Buxoro chegarasidan chiqqach, ortga qaytarib yuborilishi lozim edi.

Mamlakat tinchligini istagan Xotin podshoh bu og`ir shartga ko`nadi.

Sayyid ibn Usmon buxoroliklarni o`zi bilan birga olib ketadi.U nomardlik qilib asirlarni ortga qaytarmaydi. Madinaga , o`z saroyiga yetib borib, buxoroliklar egnidagi qimmatbaho kiyimlarni yechib olib, eski – juldurlarni kiyishga va o`z yerlarida ishlatishga buyruq beradi. Erksevar Buxoro farzandlari bunday qismatga ko`nmaydilar. Ular isyon ko`tarib, Sayyid ibn Usmonni ayovsiz chavaqlab tashlaydilar, o`zlarini ham halok etadilar. Bu dahshatli xabar Buxoroga yetib keladi.

“Qurol ko`targan quroldan halok bo`ladi” degan maqol bor. Sayyid ibn Usmon nafaqat qurol ko`targani, shuningdek, lafzsizlik qilgani uchun halokatga mahkum bo`ldi. Holbuki, Sayyid bilan Oynurni nafaqat sulh sharti, shu bilan birga, yanada chuqurroq insoniy munosabatlar o`zaro bog`lab turgan edi.

Gap shundaki, Sayyid Buxoro safarida bo`lganida, unga oqila, go`zal Oynur har jihatdan ma`qul bo`ladi. Xotin podshoh ham unga befarq emas.Binobarin, Sayyid ibn Usmon Buxoroda qolishi, Oynurga uylanib, baxtli, dorulomon umr kechirishi mumkin edi. Bunday ish Buxoro mamlakati , xalqi uchun yaxshi bo`lar edi. Cheki – chegarasi yo`q istilolar davri barham topar, el – yurt osoyishtalik topar edi.

Sayyid esa Buxoroda (xalifalik markazidan chekkada) qolishni o`z sha`ni – shavkati uchun nomunosib deb biladi. O`z saroyiga – xalifa nazariga yaqin joyga shoshiladi. Holbuki, xalifa o`zga yurtlarni zabt etib yurgan sarkardalaridan xavfsirar, ular poytaxtga qaytgach, biror bahona bilan qatl etishga urinardi.Aksariyat g`ofil bandalar kabi Sayyid ibn Usmon ham o`z taqdirini o`zi tanlaydi va sharafsiz o`lim topadi.

Sayyid ibn Usmonning o`limi tasviri urush, istilolarga qarshi qat`iy aybnomadir.Ushbu fikr “Xotin podshoh” romani badiiy konsepsiyasini oydinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etgan.

Romandagi ustuvor badiiy – falsafiy fikrni aniqlashtirishda Xitfar Buxorxudot, Roviy obrazlarining ham o`ziga xos o`rni, ahamiyati bor.

Insoniyat, jamiyat, xalq bor ekan, sadoqat bilan yonma – yon xiyonat ham yashab kelaveradi. Sotqin – xiyonatkor kimsalar qilmishidan qanchadan qancha xonadonlar, hatto davlatlar barbod bo`lganini yaxshi bilamiz.

Romandagi Xitfar ana shunday munofiq, sotqin odamlar toifasidan. U Buxorxudotlar sulolasiga mansub bo`lgani bois, o`zini podshohlik qilishga loyiq deb biladi. Taxtga o`ziga emas, Xotin podshoh o`tirganiga toqat qilolmaydi. Oynurni xalq orasida yomon otliq qilish uchun odamlari orqali turli – tuman mish – mishlar tarqatadi, uni buzuqlikda ayblamoqchi bo`ladi.

Bunday yomon – nomunosib ishlar bilan chegaralanib qolmay, arab qo`shiniga borib qo`shiladi, bosqinchilarni Buxoro tuprog`iga boshlab keladi. U buxoroliklar bilan sulh tuzilib, osoyishtalik o`rnatilgach, bir necha arab askari bilan Romitandan kelayotgan Oynur karvoniga hujum qiladi. Bu kichik jangda jasur Oynur qilichidan o`lim topadi.

Sotqinlik albatta halokatga olib boradi.Bu qadimiy haqiqat Xitfar Buxorxudot obrazida o`z badiiy ifodasini topgan.

“Xotin podshoh” asaridagi Roviy obrazida muallifning moziy haqidagi o`ziga xos qarash, nuqtai nazarlari ifoda etilgan.

Xotin podshoh va Roviy orasida , garchi Oynur uni atigi bir – ikki uchratgan bo`lsa – da, mustahkam aloqa – robita bor.

Roviy – mamlakat hukmdori haqidagi xilma – xil fikr, qarash, rivoyatlarni o`rganib, aytib yuradigan shaxs.Bu ishni u o`z ixtiyori bilan qiladi. Tarixda bunday kishilar bo`lgan. Ularning xizmati, fidoiyligi tufayli o`tmishdagi eng muhim voqealar bayoni bizgacha yetib kelgan.

Roviyning xalq orasida o`rni, mavqei bor. Odamlar undan o`tmish, hayot haqida so`raydilar, u javob beradi.Ko`chada uni tasodifan ko`rib qolgan Oynur uning kimligini surishtiradi. “Men Roviyman, – deb javob beradi u. – Mendek roviylar bo`lgan, bo`layotgan voqealarni odamlarga so`zlab yuradilar. Vaqti kelib bularni bilib olgan muarrixlar tarix yozadilar”.1

Oynur keksayib, o`z ajali bilan vafot etgach, saroydagi ayon – amaldorlardan emas, aynan Roviydan, xotin podshohdan nima qoldi, deb so`rashadi. Mana, Roviyning javobi:

“Buxoro aholisiga, Buxoroga mehr qoldi. Buxoro bilan faxrlanish qoldi”(119 – bet ).

Bu tarixning eng og`ir pallalarida mamlakatni boshqargan barkamol shaxsga berilgan eng munosib bahodir.

“Xotin podshoh” romani moziyni badiiy o`zlashtirish, tasvirlash bo`yicha o`zbek nasrida o`ziga xos voqeadir.

1 – bobga oid xulosalar:


  1. Yozuvchi Omon Muxtorning tarixga munosabati, moziyni tasvirlash usullari ko`p qirrali bo`lib, badiiy ijodining hozirgacha bo`lgan bosqichlarida turli shakllarda namoyon bo`ldi.

Dastavval u shoir sifatida o`tmish manzara, voqealarini tasvirlab she`r, manzumalar yozdi. Shu bilan birga, ayrim hikoyalarida nisbatan yaqin tarix (amirlik zamoni)ni badiiy jonlantirishga harakat etdi.

Adibning sho`ro davrining oxirgi o`n yilliklari (yigirmanchi asrning 70 – 80- yillari)da yaratgan ikkala romani (“Yillar shamoli”, “Egilgan bosh”) zamonaviy hayot tasvirini o`z ichiga oladi. Ijodkorning romanchilikda to`g`ridan to`g`ri A. Qodiriy kabi moziyga qo`l urmaganligi sabablarini tushunish mumkin. Avvalambor, zamonaviy asarlar ham jamoatchilik uchun zarur. Ikkinchidan tarixiy roman yozish uchun muayyan adabiy – badiiy tajriba, tarixiy manbalar ustida uzoq vaqt ishlash zarur bo`ladi. Uchinchidan esa sho`ro davrining muayyan bosqichlarida tarixiy voqelikni butun ziddiyatlari bilan ro`y – rost tasvirlash qiyin va hatto imkonsiz edi.



  1. “Aflotun”, “Ming bir qiyofa”, “Tepalikdagi xaroba”, “Navoiy va rassom Abulxayr”, aytib o`tilganidek, moziy va zamonaviy hayot uyg`unligi asosida yuzaga kelgan.

“Ffu”, “Xotin podshoh” esa sof tarixiy romanlardir, ya`ni ularda faqat o`tmish manzaralari o`zining badiiy ifodasini topgan.

  1. “Ffu” – rivoyat – roman bo`lib, badiiy konsepsiyasi mohiyatiga ko`ra tasvir etilgan bir badiiy makon – zamon doirasidan chiqib, barcha davrlar va hududlarga xos muammolarni aks ettirgan. Romanda aniq tarixiy shaxslar obrazi ham, tarixning aniq hodisalari tasviri ham yo`q. Shunga qaramay, unda moziy manzaralari bor. Tarixiy qadriyatlar, urf – odatlar badiiy tajassum topgan.

  2. “Xotin podshoh” – tarixning aniq bir davri (Turkistonga arab bosqini zamoni)ga bag`ishlangan roman. Unda bir qancha tarixiy shaxslar obrazi mavjud. Romanning badiiy konsepsiyasida o`tmishda yashab o`tgan ulug` zotlarning xizmati ta`kidlangan, tinchlik, insonparvarlik, xalqchillik g`oyalari ta`sirli ifoda etilgan.


2-bob.Moziy va tarixiy shaxsga yangicha qarashlarning badiiy tajassumi

2.1.Davr va bosh qahramon xarakteri talqini
“Ishq ahli”, “Buyuk farrosh” asarlari mavzu, syujet, qahramon va davr jihatdano‘zaro aloqador bo‘lib, OmonMuxtor epik ijodidagi birinchi roman-dilogiya bo‘lib hisoblanadi. Unga buyuk milliy shoir, mutafakkir Alisher Navoiyning shaxsi, ijodi haqida hikoya qilinadi.

Albatta, epik adabiyotda nisbatan katta tajriba to‘plagan adibning aynan hazrat Navoiy hayotiga murojat etishining muayyan bir sabablari bor. Avvalambor, milliy mustaqillik davrida o‘lkamiz (Turkiston), xalq (o‘zbeklar) moziysiga ulkan qiziqish yuzaga keldi va bu jarayon hozirgacha davom etib kelayotir. O. Muxtor o‘z romanlarida Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jaev (“Aflotun”), Mavlono Lutfiy, Ismoil Somoniy (“Tepalikdagi xaroba”) obrazlarini olib kirdi. Agar yozuvchining tarixga oid shaxs-qahramonlarining tartibda bir silsilaga yig‘sak, milliy moziyning eng muhim, hal qiluvchi bosqichlari yuzaga keladi. Bu endi shunchaki tarix emas, badiiy solnomadir: Buxorxudotlar saltanati va arab bosqinchiligi (“Xotin podshoh”); Movarounnahrning arab istilosidan xalos bo‘lib, o‘z davlatin qayta tiklashi makon-zamondagi milliy-madaniy, ma’rifiy hayot (“Tepalikdag ixaroba”), feodal boshboshdoqlik va zulm-istibdodning kuchayishi, erkin tafakkurning iskanjaga olinishi (“Ming bir qiyofa”), xonliklar, xususan, Buxoro amirligidagi ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz, jadidlar faoliyati va ularning sho‘ro davrida mahv etilishi(“Aflotun”). To‘g‘ri, bu solnomada etishmaydigandek tuyulgan halqalar ham bor:(Amir Temur davri, Mirzo Bobur sarguzashtlari va fojiaviy taqdiri, buyuk so‘fiylar(A. G‘ijduvoniy, Hoji Ahmad YAssaviy, B.Naqshbandiy) hayoti va shaxsiyati). Bunday “kemtik”likni quyidagicha izohlash mumkin: nomlar zikr etilgan davlat arboblar va valiylar haqida keyingi yillarda birqancha epik va dramatik asarlar yozildi va yozilmoqda. Binobarin, O. Muxtor o‘z ijodidagi emas, milliy so‘z san’atidagi “kemtik”likni bartaraf qilishga sa’y-harakat etgan deb tushunish mumkin. Bundan tashqari, adib umrining oxirigacha, jiddiy va sermahsul ijod qilishda davom etdi.

Adibning A. Navoiy shaxsi, davri va badiiy merosiga yangidan murojaat etishiga yana bir salmoqli sabab borligini qayd etish lozim. Ma’lumki, A. Navoiy zamondoshlari va muxlislari hayotini ilohiylashtirib, ideallashtirib tasvirlaganlar. Ularning aksariyati hazratning mehr-muhabbati, homiyliklaridan bahramand bo‘lgan muarrix va ijodkorlar edilar. Bu esa tabiiyki, A. Navoiyni tirik bir jon, ko‘pchilikka xos ma’lum bir ojizliklarga ega inson tarzida ko‘rish va baholashga monelik qilgan. Albatta, bu degani “g‘azal mulki sultoni“ (Maqsud Shayxzoda bahosi) ni ulug‘lik osmonidan yerga olib tushib, jo‘n, oddiy odamla guruhiga qo‘shib qo‘yish degani emas. Aksincha, ulkan shoirning ulug‘vorligini chuqurroq anglab etish, buning uchun esa uning insonsifatidagi mayllarini, xohish va maqsadlarini tushunish har bir dahoga xos bo‘ladigan ziddiyatlarning mazmuniga nigoh solish demakdir.

Milliy mustaqillik davri o‘tmishning barcha bosqichlari, tarixiy siymolariga yangicha–zamonaviy tafakkur, dunyoqarash darajasi, saviyasi, imkoniyatlari nuqtai nazaridan qarashga va aniq baholashni talab, taqozo etmoqda. Omon Muxtorning she’riyatimiz sohibqironiga bag‘ishlangan roman-dilogiyasi ana shunday ehtiyoj, zaruriyatning hosilasi bo‘lib dunyoga keldi.

“Ishq ahli”, “Buyuk farrosh” romanlarida ulkan mutafakkir, jahon so‘z san’atidagi badiiy daholardan biri (A. Navoiy) ga chuqur, jiddiy yondashuv, uning murakkab ko‘p qirrali ijodiga yangicha munosabatlar majmui bor. Bu epik asarlarni o‘z mazmun-mundarijasiga ko‘ra “roman-tadqiqot” deyish mumkin. Sirtdan qaralganda “roman” va “tadqiqot” tushunchalari bir-biridan uzoq, hatto ziddiyatli hodisalar bo‘lib tuyuladi. Ammo roman janrining mohiyatiga teranroq nazar solganda, tadqiq etish, muammolarni yechishga urinish undagi bosh xususiyat ekanligini ko‘rish mumkin. Roman tagzaminida hamisha g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan olamshumul ta’limotlar dunyoqarashlar, nazariyalar turadi. Tabiiyki, bularga xos nuqtai nazarlar fandagi singari emas, ma’lum bir qahramonlar yoki roviy-muallif tomonidan badiiy g‘oya, idealga uyg‘unlashtirilgan holda ifoda etib boriladi. Bu o‘rinda L. N. Tolstoyning “Urush va tinchlik” roman-epopeyasini eslash joiz. Ushbu shoh asarda knyaz Balkonskiy, graf Rostov, Per Bezuxovlar oila a’zolari, shuningdek, birqancha davlat arboblari (tarixiy shaxslar) hamda to‘qima obrazlar faoliyati tasviri orqali yorqin badiiy manzaralar chizilishi bilan bir qatorda insoniyat tarixi, undagi yirik muammolar haqida falsafiy, ijtimoiy muammolar haqida atroflicha fikr yuritilgan.

“Ishq ahli”, “Buyuk farrosh” roman-dilogiyasida zamonaviy va tarixiy hayot o‘ziga xos-ajabtovur bir tarzda uyg‘unlashtirilgan. Ushbu tarixiy romanlarda tasvir ikki qatlamli: 1)zamonaviy hayot: .2)tarixiy muhit. Ikki qatlamda ham roviy – rassom Abdulxayr. Bu musavvirning hayotdagi bosh maqsadi-so‘z sohibqironi A.Navoiy suvratini ulug‘ shaxsga monand–tarixiy haqiqatga muvofiq chizish. Bunday katta maqsadni amalga oshirish uchun buyuk san’atkor yashagan davr va unda markaziy o‘rin egallagan shoir va davlat arbobi ruhiy-ma’naviy olamiga kirish va chuqur anglash zarur bo‘ladi. Shunday ekan, rassom hayolan A. Navoiy davriga boradi hamda buyuk zotni har tomondan ko‘rish, baholashga urinadi.

Ikki romanda ham zamonaviy qatlam unchalik ko‘p o‘rin egallamagan. Unda, asosan, Abulxayrning oilaviy hayoti, xotini, yor-birodarlari bilan muloqot, muomala-munosabatlari, eng muhimi, Alisher Navoiy haqidagi o‘y-fikrlari, buyuk haqiqatni kashf etish yo‘lidagi zahmat, mashaqqatlari badiiy ifoda topgan.

Musavvir shunday bir zamonda yashamoqdaki, rivojlanib borayotgan tafakkur, jahon taraqqiyoti darajasiga ko‘tarilayotgan yangicha dunyoqarash milliy o‘tmishga boshqacha–teran va mustahkam bilim zahirasiga ega nuqtai nazar bilan qarashga ichki ehtiyoj, zaruriyat sezayotir. Qolipdagi jumla, ta’sir, baholar (“adabiyotimiz quyoshi”, “madaniyatimiz ko‘zgusi”, “mutafakkir shoir”) bilangina kifoyalanib qolish mumkin emas.

Milliy mustaqillik davrida o‘zbek adabiyotshunosligida A. Navoiy ijodiyotining ilohiy tasavvufiy sarchashmalari, shoir g‘azaliyoti , musammatlari, dostonchiligidagi takrorlanmas badiiyat bo‘yicha salmoqli tadqiqotlar yaratildi (I. Sulton, N. Komilov, I. Haqqul, S. Olimov singari). Bunday ilmiy asarlar ulkan ijodkor badiiy merosining milliy, jahonshumul ahamiyatini teranroq idrok etishga imkon yaratib beradi.

XX asrning 20-80 yillarida ham A. Navoiy haqida jiddiy tadqiqotlar, nazm, nasr, dramaturgiyada e’tiborga loyiq badiiy asarlar yaratilgan, biroq davr taraqqiyoti, ilmiy, badiiy ong rivoji yuqorida aytib o‘tilgan asarlar bilangina kifoyalanib qolmaslikni taqozo etayotir. Bu tabiiy ehtiyoj, jarayonning o‘ziga xos sabablar i bor allbatta.

Birinchidan, yaqin o‘tmishda yaratilgan A. Navoiy haqida yozilgan aksariyat ilmiy, badiiy asarlarda yoki bu darajada sho‘ro mafkurasi, ta’limoti aqidalari, erkin fikrga solingan iskanja ko‘rinib, sezilib turadi. Bu iskanja, cheklovlarga qaramay, diyonatli, iste’dodli olim, adiblarimiz A. Navoiy haqidagi haqiqatni imkon darajasida zamondoshlari, kelgusi avlodga etkazishga harakat etganlar. Bu o‘rinda M. Shayxzodaning hazrat Alisher haqidagi tadqiqotlari, I. Sulton, Uyg‘unning “Alisher Navoiy” dramasi, Oybekning “Navoiy” dostoni, “Navoiy” romanini aytib o‘tish mumkin.

Bundan tashqari, har bir davr, ijtimoiy-madaniy tizim o‘zining madaniy-ma’rifiy, axloqiy-tarbiyaviy mezonlari, ehtiyotlaridan kelib chiqib, o‘tmishga, unda alohida-markaziy o‘rin tutgan shaxslarga murojaat etadi, ular qoldirgan yoki badiiy merosni ifoda etadi.

“Ishq ahli”, “Buyuk farrosh” romanlari syujetida e’tiborli o‘rinlardan birin egallagan Abulxayrning ulkan milliy olam xususiyatiga fikr-mulohazalari, taxmin, farazlari davr, hozirgi ijtimoiy-madaniy tafakkurning talab, ehtiyojlari hosilasi desa bo‘ladi.

Rassom Abulxayrning A. Navoiy shaxsi, hayoti, maqsad va intilishlari haqidagi qarash va mulohazalarni to‘la-to‘kis muallif–Omon Muxtorga tegishli deb tushunish to‘g‘ri emas. Holbuki, ushbu romanlar haqida fikr yuritgan ayrim kitobxon, hatto munaqqid, adabiyotshunoslar. “Ishq ahli”, “Buyuk farrosh” ga aynan ana shunday munosabatda bo‘lmoqdalar. Adabiyotshunoslik badiiy asardagi obraz-roviy bilan uning muallifi orasiga tenglik alomati qo‘yilishi to‘g‘ri emasligini hamisha ta’kidlab, aytib keladi. Binobarin, Abulxayr A. Navoiy haqidagi ayrim o‘rinlarda munozarali bo‘lib ko‘rinadigan o‘y-xayollarini romannavisning xos aqidalari emas, qahramon (Abulxayr) ning ulkan tarixiy zot to‘g‘risidagi asl haqiqatga erishish yo‘lidagi urinishlari, ba’zi hollarda esa adashishlari deb tushunsa, to‘g‘ri bo‘ladi.

“Ishq ahli”, “Buyuk farrosh” romanlari o‘zbek nasrida shu paytgacha yaratilgan roman-dilogiya (“Farg‘ona tong otguncha”, “Bobur”, “Humoyun va Akbar”)lardan bir qancha xususiyatlari bilan ajralib, farqlanib turadi. Ularda oldin yaratilgan silsilaviy romanlar ( roman-dilogiya, roman-trilogiya)dan farqli ravishda ulardan na xronologik, na syujet, na voqea izchilligi ketma-ketligi mavjud. Ikki asarning har biriga alohida-alohida badiiy muammo qo‘yilgan bo‘lib, ushbu muammolarga kalit topish maqsadida A. Navoiy haqida o‘tmishda bitilgan yodnoma, risolalar hamda xalq to‘qigan ertak, hikoya, latifalar kabi janrlar esga olinadi. Ularning asl mag‘z-haqiqatini topishga harakat qilinadi.

“Ishq ahli” – roman-dilogiyaning birinchi kitobi. Unda bosh, yetakchi muammo–ishq. Roman nomi ham ana shu muammo bilan chambarchas bog‘liq. Mazkur ustuvor masalaga bog‘liq ravishda quyidagi tarmoq muammolarning badiiy tadqiqi amalga oshirilgan:



  1. A. Navoiy hayoti, shaxsining sirli jumboq tomonlari;

2) temuriylar sulolasiga, xususan, Sulton Husaynga

munosabat.

3) umrini “toq va fard” o‘tkazganligi, kelgusi avlodlarga noma’lum bir qizni sevganligi va unga erisha olmaganligiga sabablari haqidagi taxmin-mulohazalar;

4) tasavvuf-so‘fiylikka qarashi, asarlarida haqiqiy ishq (oriflar muhabbati) ning badiiy in’ikos topishi olimlar haqidagi o‘y-fikrlar.

Ko‘rinyaptiki, muxtasar hajmga ega bo‘lgan bo‘lgan asarda ana shunday muhim, ulkan ahamiyat, qiziqishga molik muammolar markazga qo‘yilgan, eng asosiysi, ana shunday ko‘p tarmoqli, teran badiiy talqin, tahlilni taqozo etadigan muammolar xususida batafsil, kitobxonni qoniqtira oladigan javoblar berilgan. Bu romanning roman bo‘lishi uchun hajm (uning katta yoki kichikligi) muhim emasligidan aniq dalolat berib turibdi.

Abulxayr e’tiroficha, Hazrat Navoiy:

“... bir osmon.

... bir ummon...

Navoiy to‘g‘risida yuzlab kitoblar yozilgan.

Ammo ko‘nglim to‘lmadi.

Bularning aksarida u tirik odamdan ko‘ra ko‘proq devordagi suratga o‘xshaydi”2.Osmon va ummonga muqoyasa etilgan nazm sohibqironi yetgan daraja, maqomga erishish–A. Navoiy haqida yozish yoki uning suvratini ishlash oson emas. Aksar (hammasi emas) yaratilgan asarlar– “devordagi surat”.

Roman(lar) qahramoni ta’kidlaganidek: “Navoiyning butun hayoti va butun ijodida... ichki bir ziddiyat ko‘zga tashlanadi. Uning hayoti va ijodi boshdan oxir katta-kichik, har xil ziddiyatlarga qurilgan. Aftidan, qismatning o‘zi uni shunday holatga solgan”1.

“Ishq ahli”da Abulxayrning hazrat muhabbati haqidagi qarashlari xalq og‘zaki ijodi (“Navoiy va Guli” rivoyati), ustoz Oybek versiyasi (“Navoiy va Guli” dostoni),Ma’lum darajada I. Sulton, Uyg‘un badiiy talqini (“Alisher Navoiy“ dramasi) bilan bir xil. Romandagi badiiy talqinga ko‘ra, Alisher bir qizni qattiq sevgan, ammo unga erisha olmagan:

“Xo‘p.


U mabodo shu qizga uylansa nima edi;?!

Ular baribir baxt topisholmasdi.

Alisherning “loyi osoyishta, ko‘rkam yashab ketadigan tuproqdan olinmagan. Uning manglayiga DAHO bo‘lishi uchun avvaldan fojia muhri bosilgan” 3. Dunyoviy sevgi va daholik. Bizningcha, A. Navoiy bir inson sifatida shunday sevgini tanlagan bo‘lardi. Ammo taqdiri azal unga boshqacha qismatni ravo ko‘rgan edi: Daholik, insoniyat badiiy tafakkuri maydonida mumtoz o‘rin, xalq (turkiy elatlar) peshvosi, mutafakkirlik qismati. Yo‘l tanlash ijodi imkoni bo‘lmagan. Mana, Alisher Navoiy hayotidagi birinchi, ehtimol, bosh ziddiyat va uning omili. Shunday talqin navoiyshunoslikda yangi va ishonarlidir.

Romanda qahramon-musavvir mushohada-taassurotlari orqali hazrat A. Navoiyning Temur, uning sulolasiga munosabat, e’tiqodiga xos qarashlari ochib, ko‘rsatib berilgan. Abulxayrning fikricha u ”Buyuk sohibqironga shu qadar ehtirom va sadoqat bilan qaraydiki,Temur avlodidan (naslidan biror kishining tarixda “yomonotlig‘” bo‘lib qolishini istamaydi”4. Hazrat Navoiyning Temur va uning nasliga yuksak hurmat-izzati bo‘lganligi hatto sho‘ro davrida yaratilgan asarlar (masalan, Oybekning “Navoiy” romani) da aytilgan. “Ishq ahli” da ana shunday alohida munosabatning tarixiy, ma’naviy omillari xususida ko‘proq fikr yuritilgan.

Abulxayrning muhokama qilishiga ko‘ra, A. Navoiy sulolasining, “o‘z hurmatini bilgani, mag‘rurligi, bular bilan birga shaxzodalar hisoblashgani-yu, bular o‘zini ko‘pincha ularga teng tutgani Amir Temur davrida bobolar egallagan qandaydir mavqega borib bog‘lanadi (29-bet). Albatta bu fikr bir faraz. So‘z sohibqironiga ixlos qo‘ygan insonning gapi. Ammo boshqa birtalay mulohazalar singari mazkur nuqtai nazar ham kuchli mantiqqa tayangan. U rost bo‘lishi mumkin. Rost bo‘lmagan taqdirda ham aynan shu nuqta (sir)xususida chuqurroq o‘ylashga kitobxonni undab, yo‘llab turibdi.

A. Navoiy majoziy ishqdan haqiqiy ishq sar bora olgan, o‘z lirik va epik asarlarida so‘fiylik falsafasini yuksak badiiy mahorat bilan teran tasvirlagan shoir edi. So‘z san’atkori badiiy merosida so‘fiylik o‘rni, shoirning tasavvufiga munosabati haqida hanuzgacha munozarali qarashlar mavjud.

Romanda qahramon–Abulxayr shunday mulohaza qiladi. Sho‘ro davridagi “ba’zi olimlar Alisherga bo‘yinbog‘ taqib, cho‘ntagiga “daftarcha” solib qo‘yishlariga oz qoldi. Uning zuhd ahli bilan bahsidan dahriyona o‘yinlar izlashgan” (79-bet). Masalan, ulug ‘shoirning “Soda shayx”; “Shayx” radifli g‘azallarini maktab darslik va majmualariga kiritib, ulug‘ shoirni so‘fiylikka, umuman, dinga qarshi turgan shaxs tarzida talqin qilganlar.

Keyingi paytlarda esa yuqoridagi talqinga zid fikrlar yuzaga kelyapti. “O‘sha olimlar ma’noga yetib-yetmay, uning har bir satridan ilohiyot “topishayapti”. Buni “isbot”lashga urinishyapti! Bu ishning o‘zi shirkka aylanishini ularga birov aytsa-chi!” (79-bet).

Aslida A. Navoiy lirik ijodida dunyoviy va ilohiy ishq qorishiq yoki uyg‘un holda berildi. Ba’zi she’rlar boshdan oxir dunyoviy mohiyatga ega, ya’ni lirik qahramonning hayotga bo‘lgan tuyg‘ularni ifodalaydi. Boshqalari esa butunlay ilohiy mohiyatga ega. Masalan, “Ashraqat min aksi shamsul...” deb boshlanuvchi g‘azal. Ko‘pchilik g‘azallarida esa boshqacha tasvir, talqinni ko‘rish mumkin. Ularda she’r dunyoviy ishq kechinmalari bilan boshlanib, asta-sekinlik bilan ilohiy ishq maqomgacha borib etadi.

Abulxayrning fikricha, A. Navoiy bir umr oriflik maqomiga intilgan. Ammo davlat, hokimiyat ishlaridan butunlay uzilib, ajralib ham keta olmagan. U so‘fiy emas, balki mutasavvuf, ya’ni tasavvufga hayrixoh, yaqin insondir. Naqshbandiya tariqati tarafdori bo‘lganidan, uning hayotdagi asosiy shiori:” Dilba yor u dastbakor” bo‘lgan.

Shundan kelib, roman-dilogiyaning birinchi kitobi (“Ishq ahli”)da Alisher Navoiy shaxsi va ijodiyotining birmuncha noma’lum tomonlariga aniqlik kiritish, shu asosda buyuk inson, benazir ijodkorning tarjimai holi, ko‘p qirrali badiiy merosi zamonaviy tafakkur yutuq, imkoniyatlari doirasida badiiy tahlil etilgan, bu esa hozirgi davr avlodiga buyuk tarixiy shaxs siymosini yangidan ko‘rish va baholashiga yordam bergan.
2.2. Tarixiy roman-dilogiyada falsafiy-irfoniy tafakkur tasviri

“Ishq ahli” 1998-2000 yillar orasida yozilgan bo‘lsa, uning bevosita davomi bo‘lgan “Buyuk farrosh”ning yuzaga kelish sanasi 2001-2004 yillarga to‘g‘ri keladi. Adib roman-dilogiyani yozishga yetti yil vaqt sarflangan. Holbuki, ushbu asarning umumiy hajmi 225. Roman-dilogiya–juft roman hajman muxtasarligiga qaramay, ijodkordan ko‘p vaqt, ko‘p mehnat talab qilgan. Chunki badiiy matn markaziga qo‘yilgan muammolar g‘oyatda murakkab, ko‘p tarmoqli. Ularda muallifning faqat yetti yil mobaynidagi o‘y-fikrlarigina emas, butun umri davomidagi A. Navoiy to‘g‘risidagi mulohazalari, buyuk zotni yangicha anglash borasilagi zaxmat, mashaqqatlari badiiy ifoda etilgan.

Keyingi romanga quyidagi hikmat: “O‘lim garchi muqarrar umrni xazon qilmay, mangulik cho‘qqilariga ko‘tarilish va insonga xos eng yaxlit xislatlarga suyanib yashash kerak” (Arastu–Aristotel) hamda mavlono Lutfiydan ushbu bayt:
Gar vatan Lutfiy qizida tutmading, yo‘qdur ajab,

Uy qo‘parmoqlik erur dushvor Jayxun ustina. –

Epigraf qilib oligan.

Adabiyotshunoslikning zamonaviy sohasi-sturukturalizmning buyuk namoyandalaridan biri bo‘lgan Rolan Barto‘z tadqiqotlarida matn sarlavhasi va epigrafiga hamisha alohida e’tibor bilan qarashni qayta-qayta uqtirgan. Zero, ular badiiy matn mag‘zu-mohiyatin i ochishga xizmat qiluvchi kalit vazifasini o‘taydi.

A. Navoiy nisbatan qisqa (atigi 60 yil) umr ko‘rdi, ammo u shu fursat ichida to‘rtta lirik to‘plamdan iborat kulliyot (“Xazoyinul-maoniy”), besh dostonni o‘z ichiga olgan ulkan asar (“Xamsa”) ni yozishga ulgurdi. Bundan tashqari, yuzlab ilmiy, nasriy, tarixiy, diniy-tasavvufiy risolalarning ham muallifidir. O‘z ona tili (turkiy) da yozish bilan kifoyalanib qolmay, katta hajmga ega “Devoni Foniy” ni yaratgan. Bular, albatta, miqdoriy ma’lumotlardir. Mazkur asarlarda A. Navoiyning buyuk qalbi, oliy darajadagi ideali, takrorlanmas badiiy mahorati, intellektual-ma’rifiy olami aks etgan. Uchindan ham mangulik cho‘qqisiga ko‘tarila olgan, (o‘tgan davrlar buni isbot etdi) va insonga xos yaxshi xislatlar (insonparvarlik, sahiylik, mehnatsevarlik, mehr-u oqibat) ga ega nodir shaxs edi.

Navoiydagi epigraf–Lutfiy bayti ham bejiz keltirilmagan.

Avvalambor, Hazrat Alisher Mavlono Lutfiyning sevimli shogirdi, undan hayot borasida va she’riyat borasida saboq bo‘lgan, yuksak tahsini, bahosi bilan sharaflangan, o‘z badiiy ijodi Lutfiyning adabiy-badiiy an’analari, maqsad-ideallarini davom ettirgan, ularni yanada yuqoriroq darajaga olib chiqqon. Faqat bugina emas. Epigraf-bandda, shaningdek, A. Navoiy shaxsi, hayoti, qalb dramasi bog‘liq, hamohang jihatlar ham bor. Birinchidan, roman-dilogiya qahramoni Abulxayr e’tirof etganidek, A. Navoiy lirika asarlarining aksariyati Ishq( majoziy va haqiqiy muhabbat) xususida. Ularda lirik qahramon–oshiqning hijron azobidan qiynalib to‘lg‘onishlari, bemehr yor vafosizligidan qiynalishi, ko‘zyosh to‘kib oh-faryod chekishlari tasvirlangan. Bundan tashqari, mazkur bayt ulkan shaxs hayotida doimo hamroh bo‘lib yurgan fojeaga hamisha ora qilmoqda. A. Navoiy fojiasi, musavvir qayd etganidek, ko‘p qirrali:

1) umr bo‘yi ishqni tarannum etadi, visolni orzu qiladi, ammo umrini, Bobur yozganidek, fard va jafoda o‘tkazadi;

2) buyuk saltanat (Temuriylar davlati) barqarorligi va boqiyligini istaydi, biroq bu saltanatning tobora bo‘linib, parchalanib, nihoyat inqirozga yuz tutganidan azoblanadi.

3) insoniyat, xususan, o‘zi mansub mamlakat (Xuroson) obod, tinch, xalq farovon yashashini orzu qiladi, shu maqsadda bir umr faol harakat qiladi, zolimlar, munofiqlar bilan kurashadi, ammo zulmning tobora yil sayin avj olayotganini ko‘radi, ruhan azoblanadi;

4) so‘fiylikka rag‘bati, ko‘ngli bo‘lgan. So‘fiylar, masalan, A. G‘ijduvoniy o‘z muridlariga, saroyga bormaslik, hukmdor uchun xizmat qilmaslikni tavsiya etgan. Ammo A. Navoiy saroyda xalq-ulus manfaati uchun saroyda, mas’ul lavozimlarda bo‘lishga majbur bo‘lgan. Bu esa uning shaxsidagi fojiaviylikni chuqurlashtirgan va hokazo.

Roman-dilogiyaning ikkinchi kitobiga “Buyuk farrosh” deb nom qo‘yilishida kuchli mantiq va o‘ziga xos ramziylik bor. Shu choqqacha yozilgan maqola, kitob, darsliklarda A. Navoiy “ulug‘ shoir”, “buyuk mutafakkir”, “atoqli davlat arbobi” deb ta’riflanib kelingan. Ammo hechkim (shoir, adib, olim) unga nisbatan “buyuk farrosh” ta’rifini qo‘llamagan edi.

“Farrosh(a).1. Ko‘cha-ko‘y, hovli va bog‘larga suv sepib, supurib-sidirib yuruvchi xizmatkor, qorovul.

2. Idora va muassasalarda xonalarni supurib-sidiruvchi xodim”5.

Tarixiy manbalardan ma’lumki, A. Navoiy mansab, lavozim hoy-u havasidan yiroq shaxs bo‘lgan. Podshoh taklif qilgan vazifalarni rad etgan, qat’iy qistov (shunda ham xalq, obodligi, tinchligini o‘ylab) tufayligina qabul etgan. Hatto Astrobod hokimligini “surgun” deb tushungan. Xolbuki, iqtisodiy-ijtimoiy mavqei baland bo‘lgan bu viloyat hokimligi Husayn Boyqaro o‘g‘illari(Badiizzamon va Muzaffar) qattiq ixtilofga bog‘liq. A. Navoiy “Xuroson istiqboli” deb qaragan Mo‘min Mirzo o‘limi ham shu hudud bilan bog‘liq.

A. Navoiy so‘fiylik e’tiqodidan kelib chiqib imkon darajasida saroy mansablaridan xoli bo‘lishga uringan. Shunga qaramay, umri adog‘iga yetayotganda, u H. Boyqarodan o‘ziga bir mansab–piri murshid Abdulla Ansoriy ziyoratgohi “jorubkash”ligi (farroshligini) so‘raydi. Podshoh maxsus farmon bilan o‘z roziligini bildiradi. Buyuk kishilar (shoir, olim, san’atkorlar) orasida oz bo‘lsa-da yoshligida farrosh bo‘lib keyin mashhur odam qatoriga qo‘shilgan kishilar bo‘lgan. Shu boisdan mamlakatda obro‘, mavqesi yuksak mol-dunyosi behisob bo‘lgan ulug‘ amirning “jorubkash”likni ixtiyor etgani ba’zilar uchun ajablanarli hol bo‘lib avliyolar (so‘fiylar) dargohida xizmat qilish, ularning qabri, maqbaralarida “jorubkash”lik sharaf hisoblangan.

A. Navoiy tasavvuf ahliga buyuk hurmat, muhabbat tuyg‘usi bilan qaragan. Buning isboti uning butun ijodi, ayniqsa, “Nasoyimul-muhabbat”, “Lison ut-tayr” asarlaridir. Uning, ayniqsa A. Ansoriyga ehtiromi baland edi.

“Abdulla Ansoriy–Payg‘ambarlar sarvari Muhammad Alayhissalom (salallohi alayhi vassalam) hijrat qilganlarida karvonboshi bo‘lgan Ayyub Ansoriy avlodidan. Uning otasi Abdumansur xalifa Usmon davrida Xurosonga kelib qo‘nim topgan edi”.6

Sulton Husayn hukmronligining so‘nggi (inqiroz) davrida ancha qarovsiz bo‘lib qolgan, e’tibor berishga, mehr ko‘rsatib ta’mirlashga muhtojedi.

Alisher... darhol ziyoratgohni tiklash, obod qilishga kirishdi. Ansoriya ostonasining sharq tomonida yangi bir xonaqoh ham bunyod qila boshladi. (175-bet).

Abulxayrning ko‘nglidan o‘tgan fikr oqimiga ko‘ra, uning “jorubkash”ligida yer supurish muhim emas. Bu–avvalo mazkur ziyoratgohda uning, mas’ul, mutasaddi ekanligini bildirar edi. Keyin, bu pok ruh bilan o‘zini xoksor(tuproqqa teng) tutib, ollohga iltijolar qilmoq demakdir.

Yuqoridagi mulohazalar buyuk shoir “jorubkash”ligini o‘z-asl ma’nosini anglatmoqda. Shu bilan, birga, roman sarlavhasidagi “buyuk farrosh”daholining teran ramziy ma’nosi ham mavjud. Bu haqda ham Abulxayr mulohaza, muhokama yurgizadi: “Foniy dunyoda badiiy bo‘lishning iloji yo‘q. “Baqo guliga sabot yo‘q”, faqat “yaxshilik bila ot (nom) qolishi” saodatdir: ya’ni dunyo gunohlardan forig‘, ozoda yorugbo‘lishiuchunvaqtivaqtidakimdir “jarubkash”lik (farroshlik) qilishi kerak.

Ramziy ma’noda hazrat Navoiy “jorubkash”ligi quyidagi ikki faoliyat bilan bog‘liq.

1) o‘z shanlari bilan xalq (turkiylar), umuman olganda, insoniyat, ko‘plab avlodlarga badiiy so‘z vositasida insof diyonatdan saboq berish, ruhni poklash, uni yuqori darajaga ko‘tarish orqali nafs, xususan nafsni ayyorona jilovlashga ko‘maklashish, komil insonni tarbiyalashdek xayrli ishga munosib hissa qo‘shish. Bu yo‘lda A. Navoiygacha turkiy adabiyotda Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiy, Nosiriddin Rabg‘uziy, Xorazmiy, Hofiz Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiy, ayniqsa Mavlono Lutfiy ko‘p sa’y-harakat etganlar. Aynan mana shunday so‘z fidoyilarining mehnati, milliy qahramonliklari Alisher Navoiydek badiiy so‘z dahosining paydo bo‘lishiga mustahkam poydevor bo‘ldi.

Zero, tasavvuf ruhni poklaydigan, komil insonni yuzaga keltiradigan qudratli falsafiy-ilohiy ta’limotdir. Bu haqda professor Najmiddin Komilov “Tasavvuf va badiiy ijod” nomli ishida shunday yozadi: ”... adabiyot ham tasavvuf tomonga qarab intilgan. Tasavvuf g‘oyalari keng tarqalgandan keyin u gumanist shoirlarning qalbini rom etdi. Tasavvufning pok ilohiy ishq haqidagi, ajib insoniy xislatlar, kamolot kasb etish haqidagi g‘oyalari she’riyat g‘oyalariga aylandi–shoirlar qizg‘in bir ruh, ko‘ngil amri bilan irfoniy g‘oyalarni kuyladilar, hisobsiz lirik she’rlar, jahonga mashhur dostonlar, qissalar yaratildi. Tasavvufning bexudlik va ishq konsepsiyasi, soflik adolat va haqiqat timsoli–mutlaq ilohga muhabbat zavqi ijod ahliga qattiq ta’sir etdi, insoniyat g‘ami bilan qalbi dardga to‘lgan isyonkor ruhdagi shoirlarni bir ohanraboday o‘ziga tortib, o‘rtinishli, his-hayajonga serob ajoyib she’riyatni vujudga keltirdi”.7

Shuningdek, professor N. Komilov A. Navoiy ijodida ideal obrazlar (Farhod, Qays, Iskandar), yozuvchi timsoli bo‘lgan obrazlar (Xusrav, Buzurg Ummid kabi) da yorqin va qora ranglarning o‘ta quyuqlashtirib berilishini tasavvuf ta’limotiga bevosita bog‘liq ekanligini ko‘rsatgan. Ulug‘ shoir komil insonni har tomonlama barkamol, nuqson-xatolardan forig‘ holda tasavvur qiladi va tasvirlaydi. Shu boisdan ham uning ijobiy-barkamol qahramonlari asrlar o‘tsa ham, odamlarni ezgullikka, adolatga undab, chaqirib keladi. Aksincha shoirning salbiy obrazlari ham tashqi suvrati ham ichki dunyosining, zulmati bilan akslantiradi. Tasavvuf va tasavvuf adabiyoti shunday yo‘l bilan xalq, insoniyatni tarbiyalab, zulm, vahshiylikni rad etib qoralab kelgan.

“Buyuk farrosh” ayrim jihatlariga ko‘ra ”Ishq ahli” romanidan birmuncha farqli xususiyatlarga ega. “Ishq ahli”da A. Navoiyning bolaligi (Iroqqa safar va undan keyinroq hirotga qaytish)dan boshlab vafotiga qadar bo‘lgan ayrim voqealar muayyan bir badiiy bo‘lak (epizod)larda ko‘rsatilgan. Oldin aytilganidek voqea tasviri (syujet)da qat’iy izchillik yo‘q. Voqealar rassom Abulxayrning atoqli shoir sifatidagi ayrim mulohazalarini tasdiqlash, oydinlashtirish yoki ba’zi bahs mulohazalarga aniqlik kiritish uchun keltirilgan.

Binobarin, “Ishq ahli”da sohibqiron shoirning butun hayoti, ijodi, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy faoliyatiga oid voqea, tafsilot, fikr-mulohazalar badiiy ifoda topgan bo‘lsa, “Buyuk farrosh”da, asosan, A. Navoiyning keksalik davri, uning faqr-u fano yo‘lini ixtiyor qilib, ma’lum muddatga Uzlatga chekingani, abadiyat haqidagi o‘ylarigakengo‘rinajratilgan.

“Ishq ahli” da bo‘lganidek, “Buyuk farrosh” ham ikki davrni o‘z ichiga oladi. Faqat bu romanda mazkur qatlamlarni tasvirlashda parallelizm badiiy vositasi qo‘llanilgan. Zamonaviy qatlamda roviy (Abulxayr) va uning rafiqasi Shahriyaning nafaqa yoshidagi hayoti, ma’lum darajada yolg‘izlik ( ularning o‘g‘li yo‘q, qizlar uzatilgan), xastalik (Shaxriyabonu kasallanib, og‘ir shifoxonaning og‘ir kasallar (reanimatsiya) bo‘limiga yotqiziladi, bu kutilmagan holdan qattiq iztirob chekkan rassom o‘z uyida yotib qoladi), do‘st-birodar qiz, nabiralarning e’tibori, g‘amxo‘rligi badiiy ifoda topgan. Tarixiy qatlamda ham shunga yaqin hodisa, ruhiy kechinmalar tasviri bor: A. Navoiy keksalik (“faslixazon”) bosqichiga qadam qo‘ydi. Dastlab eng yaqin kishisi, ustozi, piri Abdurahmon Jomiy, shuningdek, do‘st, maslakdoshlari Pahlavon Muhammad, Said Hasan Ardasher foniy dunyoni tark etadilar. O‘ga ukasi amir Haydarni sulton qatl ettiradi. “Xuroson saltanatining yagona umidi”, shogirdi Mo‘min Mirzo fojeali o‘lim topadi. Buning ustiga tobora kuchayib borayotgan xastalik, behollik, yolg‘izlik hissining kuchayishi, Husayn Boyqaroning tobora maishatga berilib saltanatni zaif idora qilishi, xato ustiga xato qilaverishi, noqobil o‘g‘illar, shaxzodalarning birin-ketin otaga qarshi xuruj-isyonlari, mamlakatdan notinchlik, parokandalik, xalq qashshoqligi, zulmning kuchayishi, o‘g‘ri, qaroqchilarning bosh ko‘tarishi, tabiiyki, bularning barchasi umr bo‘yi buyuk saltanat (temuriylar davlati) ning obodligi, barqarorligini orzu qilgan, shu yo‘lda doimo qat’iyat bilan kurashgan, el-ulus baxt-saodatini har narsadan ustun qo‘ygan shoirga kuchli ta’sir qiladi.

“Buyuk farrosh” da ham adib roman-dilogiyaning birinchi kitobi markaziga qo‘yilgan o‘zak (bosh) masalalarga qaytadi. Bu roviyning buyuk saltanat taqdiri to‘g‘risidagi fikr-o‘ylari, xotiralarida yaqqol ifoda topgan.

A. Navoiyni anglash uchun u yashagan davr (romandagi badiiy zamon) va ayniqsa shoir faoliyat ko‘rsatgan hudud(badiiy makon) ni bilish va baholash lozim.

Ulug‘ ijodkor vatan tushunchasi, eng avvalo, Xuroson, uning poytaxti Hirot bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Xususan, u Hirotni vatan ichra vatan deb bilgan: “Xuroson badandur, Hiriyjonanga, Hiriyjon, badandur Xurosonanga”. Romanning “Tufroq” degan faslida Xuroson haqida fikr yuritilgan.

Xurosonning lug‘aviy ma’nosi forscha “kun chiqish, sharq” demakdir. Miloddan avvalgi 250-224 yillarda Parfiya podsholigining markazi bo‘lgan. Eronning shimoliy-sharqiy qismi, Marv vohasi, Turkistonning janubiy qismi va Afg‘onistonning shimoliy va shimoliy g‘arbini o‘z ichiga olgan. Mashhad, Nishopur, Marv, Balx, Hirot, Tus, Saraxs, Obivard, Niso, Sabzavor Xurosonning muhim shaharlari bo‘lgan.8

Mo‘g‘ullar istilosi davrida butunlay vayron bo‘lib, avvalgi mavqeini yo‘qotgan Xuroson XIV asr oxirida Amir Temur davlatiga qo‘shib olingan.

Romanda A. Jomiy, A. Navoiy, K. Behzod, Mirxond kabi mutaffakkir, shoir, musavvir, muarrixlarni o‘z bag‘rida tarbiyalab, voyaga etgazgan ushbu mamlakat va davlatning paydo bo‘lishi, uning Movarounnahr (Turkiston)ga aloqasi, munosabatlari Abulxayr (roviy) xotiralari, ong oqimi orqali ochib, ko‘rsatib berilgan.

“Endi Xurson degan mamlakat yo‘q.

Parchalanib, bo‘linib ketgan.

Bu kungi o‘quvchi “Xuroson” degan so‘z, “Xuroson va Movarounnahr” degan jumlaga yuzlab kitoblarda ko‘zi tushganida, bor mamlakatlar ba’zan yo‘qolib, yangi bir mamlakatlar bunyod bo‘lishini doim ham tasavvur qilolmaydi”(179-bet).

Chindan ham nafaqat davlat, shuningdek, mamlakat vaqt o‘tishi bilan tarixiy tushunchaga aylanishi mumkin. Bu fikrni Xuroson taqdiri yaqqol isbotlab, tasdiqlab turibdi.

Abulxayr aytganidek “ma’lum davrlarda Movarounnahr hatto Xuroson yuksalib, shon-shukuhga burkanishini “tashkil etgani”, bunga sabab bo‘lganini esa hali kitoblarda ham deyarli uchratmaymiz. Bu xizmat biror joyda ochiq yozilmagan (179-bet). Hatto “O‘zbek milliy ensiklopediyasi” 9-jildida Xuroson haqida muxtasar ma’lumot berilib, uning XIV asr oxirida Amir Temur davlatiga qo‘shib olingani ma’lum qilinadi-yu, keyinroq uning mustaqil-alohida davlat bo‘lib shakllanishida ushbu saltanatning xizmati haqida gapirilmaydi. Holbuki, “Buyuk farrosh” romanida sharh etilganidek, “payti kelib uning (Amir Temurning) o‘g‘li Shohruh Mirzo poytaxtni mabodo Hirotga ko‘chirmasa, butun davlat Samarqanddaqolaveraredi: Samarqandancha muddat yarim poytaxt bo‘lib kelsa-da, arboblar, ilm-hunar kishilari aksari saltanat bilan birga Hirotga ko‘chgan edi,”(180-bet). Eng muhimi: ”Xuroson (katta qismi forslar bo‘lgan joy)da turkiy tilga jiddiy e’tibor berilgani, umrboqiy turkiy she’riyat yaralib, yangi darajaga ko‘tarilgani va bu she’riyatda go‘zallar qiyofasi turkona chizilib, sog‘inch aks etgani, goh-goh Turkiston degan so‘zning o‘zi ham yarq etib ko‘zga tashlangani – buning bari tabiiy jarayon, o‘shanda ro‘y bergan hijrat(ko‘chish)ning oqibati deb tushunish kerak” (170-bet).

Faylasuflarning guvohlik berishlaricha, inson (jamiyat xalq) makon va zamondan tashqarida yashay olmaydi. Alisher Navoiy singari ulkan umumbashariy siymoning paydo bo‘lishi hamda buyuklik kasb etishi muayyan bir tarixiy davr (Amir Temurdan meros bo‘lib qolgan saltanatning madaniy-ma’rifiy jihatdan gurkirab o‘sgan, taraqqiy topgan vaqti), makon (Xuroson mamlakati-uning paydo bo‘dishi va katta mavqega ega bo‘lishi, romanda aytilganidek, bevosita Movarounnahr (Turkiston bilan bog‘liq ekan) dan kelib chiqqan. Shu ma’noda Xuroson tarixi bevosita Movarounnahr tarixiga borib tutashadi, uni to‘ldiradi va ushbu moziyga oid ko‘pgina muammolarni tushunish, oydinlashtirishga imkon yaratib beradi.


Download 142.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling