Ona tili darslarida o'quvchilarning o'qib tushunish malakasini shakllantrish Mundarija
ONA TILI DARSLARIDA MATN O‘QISH KO‘NIKMASINING PEDAGOGIK ASOSI
Download 90.46 Kb.
|
Ona tili darslarida o\'quvchilarning o\'qib tushunish malakasini shakllantrish
ONA TILI DARSLARIDA MATN O‘QISH KO‘NIKMASINING PEDAGOGIK ASOSIO‘qish malakasini egallash ancha murakkab jarayon bo‘lib, uni shakllantirish uzoq vaqtni talab etadi. Deyarli bir asr oldin (1908) Hyueyning “O‘qishning psixologiyasi va pedagogikasi” nomli asari [53;84] nashr qilingandan so‘ng o‘qish jarayoniga qiziqish kulminatsiya darajasiga chiqdi. Bu asarda o‘qishning pedagogik jihatlari, ya’ni o‘qitish va o‘qib tushunishning qanday o‘rganilishi olg‘a surilib, unda matnni tushunish, bu jarayonda qanday kognitiv mexanizm ishlashi haqida gapirilgan. O‘quvchilarning o‘qish savodxonligi boshlang‘ich sinflarda “O‘qish” darsligidan boshlanib, unda o‘quvchilarga grafemalarni tanish, yodlash, ularning tovush tomonini yozish bilan birga parallel ravishda o‘rgatish, harflarni bir-biriga qo‘shib so‘z hosil qilish, so‘z birikmalarini o‘qish va tushunish, kichik matnni o‘qish kabi jarayonlar ma’lum qoidalar, usullar yordamida o‘rgatiladi. Yuqori sinfda (Maktabda ham) esa o‘qish darsligining o‘rnini Adabiyot fani egallab, u badiiy matnlarda badiiy obrazlarni o‘rganadi. Bu paytga qadar o‘quvchida o‘qish ko‘nikmasi shakllanib bo‘lgan, endi u matn yo asarning badiiy tomonini tahlil qilish, aniqlashga harakat qiladi. Bizga ma’lumki, badiiy matnlar(asarlar) muallif maqsadiga ko‘ra tahlil qilinishi, tushunilishi lozim. Ona tili darslaridagi matnlar esa badiiylikdan xoli bo‘lishi, uni o‘quvchi o‘z shaxsiy fikrlash yo‘li, mavjud bilimi yordamida qabul qilishi va tahlil qila olishi maqsad qilinishi lozim. Bunda o‘quvchilardan bitta xulosaga kelish talab qilinmaydi, bu uning fikrlash va fikrini turli usullarda bayon qilishiga, xulosa chiqarishiga imkon beradi. O‘qish faoliyati yuqorida aytilganidek bosqichma-bosqich shakllantiriladigan jarayon bo‘lib, u haqida o‘zbek va xorij tilshunos, metodist olimlari o‘z fikrlari va tajriba natijalaridan chiqargan xulosalarini, tavsiyalarini berganlar. Mashhur alloma Abu Rayhon Beruniy o‘qishning ongli bo‘lishi uchun matnning hajmi dastlab kichik, mazmuni sodda, keyinchalik esa hajmi katta, mazmuni murakkabroq bo‘lganlarini o‘qishga kirishish, o‘qish jarayonida taqqoslash, qiyoslashga e’tibor berish o‘qilgan ma’lumotning ongli bo‘lishiga asos bo‘lishini yozib qoldirgan . Amerikalik tilshunos va psixolingvist olim P.Bloom esa o‘qish ko‘nikmasini egallash naqadar ulkan yutuqligini e’tirof etadi: “O‘qiy olish bu, yozuvchi tomonidan berilayotgan xabarni tushunishdir. O‘qish nafaqat alifboni, balki tilni ham o‘zlashtirishdir”. O‘qishni o‘rganish va o‘rgatishni pedagogik jarayon sifatida tadqiq etgan xorij tilshunos olim va pedagoglari quyidagi savollarni qo‘yadilar: o‘qishni o‘rganish jarayonini qanday o‘rganish mumkin (unda o‘z ona tilisini rivojlantirish va badiiy nutqni rivojlantirishda eng past bosqichdan eng yuqori darajaga qanday chiqish mumkin; o‘qish o‘quvchining dastlabki qabul qilishiga bog‘liq va u bu ko‘nikmalarni rivojlantirishda qanday qilib oldingi bilimlariga tayanadi; qaysi jarayonlar o‘qib tushunishga ko‘maklashadi. Har bir til o‘zi mansub bo‘lgan til oilasining xususiyatlariga ko‘ra, boshqalaridan farqli holda o‘qitiladi, o‘rganiladi. Misol tariqasida o‘zbek tili, turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, uni o‘rganishda harf, bo‘g‘in, so‘z, gap kabi bosqichlarni bosib o‘tish, o‘rganish lozim. Yevropa tillaridan anglosaks til oilasiga kiruvchi ingliz tilini o‘rganishda, o‘qish ko‘nikmasini egallashda harf, (bo‘g‘in mavjud emas) so‘z, gap tuzilmasini egallash, grafema va ularning fonemalarini to‘g‘ri tushuna olish talab etiladi. Chet tillarini o‘rganish asosan, talaffuz, tovushni o‘zlashtirishga asoslanadi. O‘zbek metodist olimasi Q.Abdullayevaning “Savod o‘rgatish” uslubiy qo‘llanmasida keltirilishicha, ruhshunos olim T. G.Yegorov o‘zining ,,Oчерки психологии обучени детей чтению" nomli asarida o‘qish malakalarini shakllantirish jarayonini uch bosqichga ajratadi: analitik bosqich, sintetik bosqich va avtomatlashgan bosqich. Mazkur bosqichlar o‘zbek tilida o‘qish ko‘nikmasi shakllantirish va rivojlantirishda poydevor vazifasini bajaradi. Analitik bosqich o‘qish faoliyatini o‘rgatishning ilk bosqichi bo‘lib, unda so‘zni harf-bo‘g‘in ko‘rinishida o‘qish malakasi shakllantirila boshlanadi. Keyingi, sintetik bosqichda so‘zni ko‘rish, talaffuz qilish va tushunish (idrok qilish) orqali o‘qish boshlanadi. Bunda harflarni o‘rganayotgan o‘quvchiga shu harf bilan boshlanadigan so‘z va uning rasmi bilan, so‘zni o‘rgatayotganda shu so‘z ifodalaydigan predmetning rasmi va ma’nosi, talaffuzini birgalikda olib borilsa, o‘zlashtirish jarayoni samarali kechadi. O‘qishni o‘rganishning eng asosiy jihati, bu, ma’no farqlashga xizmat qiladigan tovush(fonema)larni ajrata olishdir. Bu bosqichga o‘quvchilar 3-sinfda o‘tadilar. 4-Maktablarda o‘qish avtomatlasha boradi. maktab o‘quvchilarida ham matnni o‘qish ko‘nikmasi avtomatlashgan bo‘lib, ular o‘zlariga tanish bo‘lgan so‘zlarni harflab emas, balki bo‘g‘inlarni qo‘shgan holda yoki qisqa so‘zlarni butunligicha qabul qiladilar. O‘quvchida o‘qish ko‘nikmasi bir harfni ko‘rish, bir nechta harflar ichidan uni taniy olish, harflarning talaffuzini bir-biridan ajratish va nihoyat bo‘g‘in, so‘z hosil qilish, uni ma’nosini idrok qilish orqali shakllanar ekan, bu harakatlar avtomatlashgunga qadar ancha vaqt o‘tadi. Har qanday bilish jarayonining o‘zlashtirilishida, ayniqsa, o‘qishni endigina o‘rganayotgan bolalarda ovoz chiqarib talaffuz qilish bu ko‘nikmaning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki, ko‘z bilan ko‘rilayotgan harfni talaffuz qilib o‘rgatilishi bosh miya tomonidan uni qabul qilishni tezlashtiradi va eshitish organlarining ham faolligini ta’minlab, uzoq vaqt davomida yodda saqlanishini ta’minlaydi. Bolalarda o‘qish ko‘nikmasi shakllanar ekan, oldin faqat mexanik o‘qish, undan so‘ng uning ma’nosini anglash jarayoni sodir bo‘ladi, shu vaqt davomida uning diqqat doirasi ham kengaya borib qatorlarni farqlab, adashmagan holda so‘z, gaplarni bir biriga ulaydi. Yuqorida aytilganidek, matnning to‘g‘ri va oson o‘qilishida so‘zni bo‘g‘inga ajratishning o‘rni muhim hisoblanadi, shu sababli ham savod chiqarayotgan bolalarga bo‘g‘inni hosil qiluvchi unli harflar (tovushlar) ekanligi, bitta unli harf bitta bo‘g‘inni hosil qilishi uqtiriladi. Buning natijasida o‘quvchi so‘zlarni bo‘g‘inga ajratgan holda tez va oson o‘qishni boshlaydi. O‘quvchilar odatda, ochiq bo‘g‘inli so‘zlar talaffuzida: o-i-la, ba-ho, da-la… qiynalmaydilar, negaki, unlilarni talaffuz qilganda tovush to‘siqqa uchramaydi, nutq a’zolari harakati bir tekisda davom etadi. O‘qitishning samarali bo‘lishi o‘rganilayotgan so‘zlarni ularning rasmlarini ko‘rsatgan holda tushuntirish, savollar berish, ko‘rgazma-qo‘llanmalar asosida olib borishga bog‘liq. maktab o‘quvchilarining asosiy qismi o‘qish ko‘nikmasini bu paytga qadar egallab bo‘lgan va DTS va dasturda belgilanganidek, bir me’yorda o‘qish, o‘qilgan ma’lumotlarni tahlil qilish, gapirib berish, o‘z fikrini bildira olish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar. O‘quvchilarning o‘qigan ma’lumotlari ustida olib boriladigan doimiy mashq, topshiriqlar orqaligina o‘rganishda muhim hisoblanadigan aqliy jarayonlar: idrok, diqqat, tafakkur va nutq o‘sishiga erishiladi. “Ona tili o‘qitish metodikasi” darsligida ma’lumot berilishicha, o‘qish ko‘nikmasining pedagogik asosi bir necha o‘n yillar oldin bugungi o‘qish jarayonidan o‘zgacha ko‘rinishda bo‘lgan. Ma’lumki, mustaqillikka erishganimizdan buyon maktablarda o‘qitish usuli bo‘lgan o‘qish va yozish birga olib boriladi. Ammo mustaqillikkacha bo‘lgan davrda eski maktab faoliyati mavjud bo‘lib, unda o‘qish bilan yozish bir vaqtda o‘rgatilmagan, avval faqat o‘qish o‘rgatilgan. O‘qishning “hijjai qadimiy” deb ataladigan bu usuli hijo (bo‘g‘in) usulida o‘rgatilib, u uch bosqichga bo‘lingan: bosqich “Harfiy metod” deb nomlanib, u harflarning nomini yodlatishdan boshlangan. Buning uchun oldin bolaga bir necha kichik suralar og‘zaki yodlatilgan. Shundan keyin arab alfaviti yodlatila boshlangan; bolaga 28 ta arabcha harfning yolg‘iz shaklini alfavit tartibida bandlarga bo‘lib yozib berilgan. Maktabdor harflarni nomlari bilan o‘qib bergan, bolalar esa unga ergashib takrorlaganlar. Bu o‘qitish usuli samarasiz bo‘lib, bola harfni boshqa joyda ko‘rganda tanimagan, ko‘rsatib bera olmagan. Keyingi bosqich bo‘g‘inlarni qo‘shish bosqichi bo‘lib, bu ish “abjad” usulida (harflarga harakatlarni qo‘yib o‘qitish) o‘rgatilgan. So‘zlarni talaffuz qilishda harf asos qilib olinib, tovushga e’tibor berilmagan. Eski maktabda 6-10 yil muntazam o‘qigan bolalarning 4-5% igina o‘qish va yozish ko‘nikmasini hosil qilgan. Bugungi o‘qitish tizimiga yaqin usul, ya’ni tovushga asoslangan, ularning tushib qolishi yoki orttirilishidan boshqa bir so‘zning hosil bo‘lishini anglatadigan metod rus-tuzem maktablarida mavjud bo‘lgan. O‘zbek o‘quvchilariga o‘zbek sinflarida dars o‘tish 1900-yillarda o‘sha yillarda mavjud bo‘lgan rus-tuzem maktablarida boshlangan. Saidrasul Saidazizov rus va tatar muallimlari darslaridan, darsliklaridan namuna sifatida foydalanib, 1902-yilda tovush metodi talabiga muvofiq ona tili alifbesi “Ustodi avval” darsligini nashr ettirdi. Bu darslik nashr qilinganidan so‘ng, ta’limning o‘qitish va o‘rganish tizimida o‘zgarish ro‘y berdi, o‘quvchi uchun o‘rganish osonlashdi, savod chiqarishning bosqichma-bosqich ko‘rinishi qo‘llanila boshladi. Bu darslik uch bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘limda harflar bilan tanishuv, ya’ni alifbe davri o‘z aksini topgan; ikkinchi bo‘limda bilim, tarbiya targ‘ib qilinadigan hikoyalar berilgan bo‘lib, ular orqali o‘quvchilarda insonparvarlik, do‘stlik, sadoqat to‘g‘riso‘zlik kabi fazilatlar o‘rgatilgan. Bu usul orqali o‘quvchilarga so‘zning ma’nosini o‘zgartira oluvchi har bir tovush yozuvda harf orqali ifodalanishi, ularning ortishi yoki kamayishi natijasida yangi so‘z hosil bo‘lishi tushuntirilgan. Matn o‘qishning pedagogik asosi o‘qish davomida amalga oshiriladigan bir nechta amallardan iborat. Bulardan biri to‘g‘ri o‘qishdir. Bir nechta metodik adabiyotlarda bu faoliyatga quyidagicha ta’rif beriladi: “To‘g‘ri o‘qish, xato qilmasdan, yanglishmasdan o‘qishdir, ya'ni to‘g‘ri o‘qish so‘zni grafema holatidan fonema holatiga to‘g‘ri o‘tkaza olish, qo‘shimchalarini to‘g‘ri va tartib bilan talaffuz qilish, so‘zdagi tovush yoki bo‘g‘inni tushirib qoldirmay, boshqa tovushni qo‘shmay, harflar o‘rnini almashtirmay, so‘zga urg‘uni to‘g‘ri qo‘yib o‘qish hisoblanadi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari so‘zlarning ma’nosini chuqur tushuna olmasliklari, ba’zi ko‘pbo‘g‘inli so‘zlarning talaffuzidagi qiyinchiliklar sababli gap yoki matnning umumiy mazmunini tahlil qila olmasliklari mumkin. Ammo 5- sinf o‘quvchilari yetarli darajada tez va ifodali o‘qish, shu bilan birga o‘qilgan ma’lumotni tushuna olish ko‘nikmasini egallagan bo‘ladilar. O‘qish va o‘qib tushunishning yana bir asosi - me'yoriy tezlikda o‘qish bo‘lib, bunda o‘qish tezligi matnni tushunish bilan teng holda bo‘lishi nazarda tutiladi. O‘qishni haddan tashqari tez yoki sekin o‘qish matnning umumiy mazmunini to‘liq tushunishga xalal beradi. Matn o‘qish ko‘nikmasining pedagogik asoslaridan yana biri, bu manbaning ongli o‘qilishidir. Ongli o‘qish deganda, birinchi navbatda so‘zning mustaqil ma’nosini, so‘zlarni bir-biri bilan bog‘lanish munosabatini tushunish, matn mazmunidan xulosa chiqara olish, unda tasvirlangan voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildira olish tushuniladi. Matnni o‘qituvchi bilan birgalikda qilinadigan tahlillari davomida o‘quvchida so‘zning kontekstdagi ma’nosini tushuna borish ko‘nikmasi shakllanadi. O‘qituvchi matnning ongli o‘qilganligi, ya’ni tushunarli bo‘lganligini aniqlash maqsadida matn yuzasidan topshiriqlar tayyorlashi lozim, masalan: matnning turli o‘rinlaridan so‘zlar, gaplar tanlab olinadi. Gaplar aynan emas, balki ma’nosini saqlagan holda boshqa ko‘rinishda qurilishi ham mumkin. Va mazkur so‘zlar tarkibidagi ba’zi harflar, gaplar tarkibidagi so‘zlar tushirib qoldiriladi. O‘quvchilar asl matnni o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng, uning tushunarliligini aniqlash uchun bu topshiriqni bajaradilar. Boshlang‘ich sinflar “O‘qish” kitobida qisqa hikoya, matnlar berilgan bo‘lib, ulardan maqsad kichik maktab yoshidagi o‘quvchining o‘qish ko‘nikmasini shakllantirishdir. Boshlang‘ich sinfdan yuqori sinfga o‘tgan o‘quvchilar uchun “O‘qish” kitobining o‘rniga ona tili va adabiyot fanlari kiritilib, ularda o‘qish ko‘nikmasidan yuqori bo‘lgan bosqich, o‘qilganlarni “tushunish” darajasini shakllantirish va rivojlantirish maqsad qilinadi. Bu ma’lumotlar maktab ona tili darsliklarida asosan matnlar, ba’zan adabiyot namunalaridan parcha ko‘rinishida ham beriladi. Ularni o‘quvchiga havola qilishdan maqsad, matnni ona tili fanidan egallagan grammatik qoidalarga ko‘ra tahlil qilish, so‘zlarning qanday uslubga xosligini aniqlash va shu kabi tilshunoslikka aloqador bilimlarni sinashdir. Adabiyot darsliklarida beriladigan badiiy matnlar esa obrazlilikka yo‘g‘rilgan, so‘zlar har doim ham o‘z ma’nosida emas, kontekst ma’nosidan kelib chiqqan holda rango-rang ma’nolarni ifodalaydi. Shu sababli ikkala fanda beriladigan matnlarni o‘z xususiyati va maqsadiga ko‘ra bir-biridan alohida tarzda tahlil qilish va bu ko‘nikmani o‘quvchilarda ham shakllantirish lozim. II BOB. Maktab o‘quvchilarida matnni o‘qib tushunish malakasini shakllantirish metodikasi Download 90.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling