Dj.Birrer yosh davrlarini quyidagicha tasavvur etadi: 1) go‘daklik − tug‘ilgandan 2 yoshgacha; 2) maktabgacha − 2 yoshdan 5 yoshgacha; 3) bolalik 5 yoshdan 12 yoshgacha; 4) o‘spirinlik davri − 12 yoshdan 17 yoshgacha; 5) ilk yetuklik − 17 yoshdan 20 yoshgacha; 6) yetuklik − 20 yoshdan 50 yoshgacha; 7) yetuklikning oxiri − 50 yoshdan 75 yoshgacha; 8) qarilik − 76 yoshdan yuqorisi.
D.Bromleyning tasnifi boshqalarnikiga mutlaqo o‘xshamaydi, chunki unda yosh davrlarining o‘zi ham davr va bosqichlarga ajratilgan: birinchi davr − ona qornidagi muddatni o‘z ichiga oladi (zigota − embrion − homila − tug‘ilish), ikkinchi davr (bolalik): a) go‘daklik − tug‘ilgandan 18 oylikgacha; b) maktabgacha bosqichdan oldingi − 19 oylikdan 5 yoshgacha; v) maktab bolaligi − 5 yoshdan 11−13 yoshgacha; uchinchi davr (o‘spirinlik) − 1) ilk o‘spirinlik − 11 yoshdan 15 yoshgacha; 2) o‘spirinlik − 15 yoshdan 21 yoshgacha; to‘rtinchi davr (yetuklik) − 1 ilk yetuklik − 21 yoshdan 25 yoshgacha; 2) o‘rta yetuklik − 25 yoshdan 40 yoshgacha; 3) yetuklikning so‘nggi bosqichi − 40 yoshdan 55 yoshgacha; beshinchi davr (qarilik) − 1) iste’fo bosqichi − 55 yoshdan 65 yoshgacha; 2) qarilik bosqichi − 65 yoshdan 75 yoshgacha; 3) eng keksalik − 76 yoshdan yuqorisi.
Biz uzoq xorij mamlakatlar psixologiyasidagi yosh davrlarini tabaqalashning yo‘nalishlari va nazariyalariga qisqacha to‘xtalib o‘tdik. Ulardan ko‘rinib turibdiki, bu sohada bitta umumiy nazariya hali ishlab chiqilmagan.
Rus psixologiyasidagi ontogenezni davrlarga tabaqalash muammosi dastlab L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiy, B.G.Ananyev singari yirik psixologlarning asarlarida o‘z aksini topa boshlagan. Keyinchalik bu muammo bilan shug‘ullanuvchilar safi kengayib bordi, shu boisdan tabaqalanish kelib chiqishi, ilmiy manbai, rivojlanish jarayonlariga yondashilishi nuqtai nazaridan o‘zaro keskin farqlanadi. Hozir ontogenezni davrlarga tabaqalash yuzasidan mulohaza yuritishda olimlarning ilmiy qarashlarini muayyan guruhlarga ajratish va ularning moxiyatini ochish maqsadga muvofiqdir.
L.S.Vigotskiy psixologlarning yosh davrlarini tabaqalash nazariyalarini tanqidiy tahlil qilib, muayyan rivojlanishni vujudga keltiruvchi ruhiy yangilanishlarga tayanib quyidagi bosqichlarga ajratadi:
1. Chaqaloqlik davri inqirozi.
2. Go‘daklik davri − 2 oylikdan 1 yoshgacha.
Bir yoshdagi inkiroz.
3. Ilk bolalik davri − 1 yoshdan 3 yoshgacha.
3 yoshdagi inqiroz.
4. Maktabgacha davr − 3 yoshdan 7 yoshgacha.
7 yoshdagi inqiroz.
5. Maktab yoshi davri − 8 yoshdan 12 yoshgacha.
13 yoshdagi inqiroz.
6. Pubertat (jinsiy yetilish) davri − 14 yoshdan 18 yoshgacha.
17 yoshdagi inqiroz.
Olim o‘z asarlarida har bir davrning o‘ziga xos xususiyatlarini chuqur ilmiy ta’riflay olgan. Eng muhim shaxs ruhiyatidagi yangilanishlar haqida ilmiy va amaliy ahamiyatga molik mulohazalar bildirgan. Biroq bu mulohazalarida ancha munozarali, bahsli o‘rinlar ham uchraydi. Umuman L.S.Vigotskiyning yosh davrlarini tabaqalash nazariyasi ilmiy-tarixiy ahamiyatga ega, uning rivojlanishni amalga oshiruvchi inqirozlar roli to‘g‘risidagi mulohazalari va olg‘a surgan g‘oyalari hozirgi kunning talabiga mosdir.
L.S.Vigotskiyning shogirdi L.I.Bojovich insonning kamol topishini yosh davrlariga bo‘lishda motivlarni asos qilib oldi, shuning uchun bu bo‘lishni motivasion yondashish, deb atash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |