L.I.Bojovichning mulohazasiga ko‘ra yosh davrlari quyidagi bosqichlardan iborat:
birinchi bosqich − chaqaloqlik; tug‘ilgandan 1 yoshgacha; ikkinchi bosqich − motivasion tasavvur: 1 yoshdan 3 yoshgacha; uchinchi bosqich − “Men”ni anglash davri: 3 yoshdan 7 yoshgacha; to‘rtinchi bosqich − ijtimoiy jonzotlikni anglash davri; 7 yoshdan 11 yoshgacha; beshinchi bosqich − a) o‘zini o‘zi anglash davri: 12 yoshdan 14 yoshgacha; b) o‘z o‘rnini belgilash (topish) davri: 15 yoshdan 17 yoshgacha.
L.I.Bojovich har bir bosqichni psixologik tavsiflashda unda namoyon bo‘ladigan o‘zgarishlarni, bu o‘zgarishlarning sabablari, omillari, manbalari, turtkilari, mexanizmlarini ham bayon qiladi.
D.B.Elkoninning tasnifi yetakchi faoliyat (A.N.Leontyev) nazariyasiga, har qaysi rivojlanish pallasida faoliyatning biror ustunlik qilishi mumkinligiga asoslanadi. Yetakchi faoliyatning inson shaxs sifatida kamol topishidagi roli nazariyaning negizini tashkil qiladi.
D.B.Elkonin yosh davrlarini quyidagi bosqichlarga ajratishni lozim topadi:
1) go‘daklik davri − tug‘ilgandan 1 yoshgacha: asosiy faoliyat − bevosita emosional muloqot;
2) ilk bolalik davri − 1 yoshdan 3 yoshgacha: asosiy faoliyat − jism bilan nozik harakatlar qilish;
3) maktabgacha davr − 3 yoshdan 7 yoshgacha: asosiy faoliyat − rolli o‘yinlar;
4) kichik maktab yoshi davri − 7 yoshdan 10 yoshgacha: asosiy faoliyat − o‘qish;
5) kichik o‘smirlik davri − 10 yoshdan 15 yoshgacha: asosiy faoliyat − shaxsning intim muloqoti;
6) katta o‘smirlik yoki ilk o‘spirinlik davri − 16 yoshdan 17 yoshgacha: asosiy faoliyat − o‘qish, kasb tanlash. D.B.Elkonin tasnifini, ko‘pchilik psixologlar ma’qullashiga qaramay, unda ayrim munozarali jihatlar ham bor. Umuman esa D.B.Elkoninning mazkur nazariyasi psixologiya fanida, ayniqsa ontogenez psixologiyasida muhim o‘rin tutadi.
Bolalar psixologiyasi fanining yirik namoyandasi A.A.Lyublinskaya inson kamolotini yosh davrlariga ajratishda pedagogik psixologiya, faoliyat nuqtai nazaridan unga yondashib, quyidagi davrlarni atroflicha ifodalaydi:
1. Chaqaloqlik davri − tug‘ilganidan bir oylikkacha.
2. Kichik maktabgacha davr − 1 oylikdan 1 yoshgacha.
3. Maktabgacha tarbiyadan oldingi davr − 1 yoshdan 3 yoshgacha.
4. Maktabgacha tarbiya davri − 3 yoshdan 7 yoshgacha.
5. Kichik maktab yoshi davri −7 yoshdan 11 (12) yoshgacha.
6. O‘rta maktab yoshi davri (o‘smirlik) − 13 yoshdan 15 yoshgacha.
7. Katta maktab yoshi davri − 15 yoshdan 18 yoshgacha.
Do'stlaringiz bilan baham: |