4. Paronimlarning uslubiy xususiyatlari. Paronimlarni to‘g‘ri qo‘llamaslik natijasida ham xatoliklar kelib chiqadi: Chanoqlardagi lo‘ppi ochilgan paxtalar quyoshda yarqirab kumushdek toblanadi. Bu gapdagi toblanadi so‘zi o‘rnida tovlanadi so‘zi ishlatilishi kerak edi. Mol-dunyoga xirs qo‘yish nafsni jilovlay olmaslikdandir. Bu gapda xirs so‘zi o‘rnida hirs so‘zi ishlatilish kerak edi.
5. Turli sabablarga ko‘ra qo‘llanishi chegaralangan so‘zlarning uslubiy xususiyatlari. Bunday so‘zlarga eskirgan va yangi so‘zlar, sheva, kasb-hunarga oid so‘zlar, atamalar, jargonlar kiradi. Nutqda bu kabi so‘zlar ham muhim uslubiy vazifalar bajaradi. Arxaizmlardan badiiy yoki ommabop asarlarda nutqqa kinoya, hajv ruhini kiritish uchun foydalanilsa, tarixiy so‘zlardan o‘tmish voqeligini ifodalash maqsadida foydalaniladi. Sheva so‘zlari mahalliy ruhni ifodalashda ishlatilsa, atamalar ilmiy va badiiy asarlarda fan-texnikaga oid tushunchalarni ifodalash uchun ishlatiladi, jargonlar esa ma’lum toifaga mansub kishilar nutqini berish uchun zarurdir.
Albatta, bu guruh so‘zlardan foydalanganda, chegaradan chiqmaslik lozim, aks holda nutqda g‘alizlik paydo bo‘ladi:
1. Terilgan paxtani tashib turish uchun ko‘tarimchi ajratildi.
2. Buning ustiga tokarlik stanogining reztsoderjateli o‘rniga maxsus moslama tayyorlanib unga grebenlarni tozalovchi frez o‘rnatildi. Birinchi gapda ko‘tarimchi degan o‘rinsiz yasalgan yangi so‘z ishlatilgan bo‘lsa, ikkinchi gapda atamalar me’yordan ortiq ishlatilgan.
Nutqda ibora, tasviriy ifoda va maqollar ham ma’lum uslubiy vazifa bajaradi. Iboralardagi omonimlik, sinonimlik, antonimlik xususiyatlari, tasviriy ifodalardagi balandparvozlik, maqollardagi mazmuniy ixchamlik katta uslubiy imkoniyatlar yaratadi: Bir yoqadan bosh chiqarmoq iborasi badiiy nutqqa mansub bo‘lsa, bir jon, bir tan bo‘lmoq iborasi umumnutqqa xosdir. Yozuvchi va shoirlarimiz ham ibora va maqollar ijod qilishadi: O‘likning yog‘ini, tirikning tirnog‘ini yeydi bu. (Abdulla Qahhor) O‘qsiz soldat – qilichsiz qin. (Oybek)
Do'stlaringiz bilan baham: |