1. Kelishik qo‘shimchalarining uslubiy xususiyatlari.
Kelishik qo‘shimchalari o‘zaro almashib qo‘llanishi mumkin:
1) –ni va –dan qo‘shimchalari almashib qo‘llanishi mumkin: Qani, oshdan (ni) oling, mehmon.
2) –ni va –ga qo‘shimchalari almashib qo‘llanishi mumkin: Gapingizga (gapingizni) tushunmadim.
3) –ni va –da qo‘shimchalari almashib qo‘llanishi mumkin: Dalani (da) aylandim.
4) –ning va –dan qo‘shimchalari almashib qo‘llanishi mumkin: kelganlarning biri – kelganlardan biri.
5) kelishik qo‘shimchalari va ko‘makchilar almashib qo‘llanadi:
a) –ga qo‘shimchasi o‘rnida uchun ko‘makchisi qo‘llanadi: Ukamga oldim – Ukam uchun oldim.
b) –da qo‘shimchasi o‘rnida bilan ko‘makchisi qo‘llanadi: Xatni qalamda yozdi – Xatni qalam bilan yozdi.
v) –dan qo‘shimchasi o‘rnida orqali ko‘makchisi qo‘llanadi: Xabarni radiodan eshitdik – Xabarni radio orqali eshitdik.
g) –ni qo‘shimchasi o‘rnida haqida ko‘makchisi qo‘llanadi: Akasi kelganini gapirdi – Akasi kelgani haqida gapirdi.
2. Egalik qo‘shimchalarining uslubiy xususiyatlari.
1) otlarda qo‘llangan egalik qo‘shimchasi qaratqich kelishigi qo‘shimchasining mavjudligini, qaratqich kelishigi qo‘shimchasi esa egalik qo‘shimchasining mavjudligini ko‘rsatib turadi: maktab hovlisi, bizning maktab.
2) egalik (qarashlilik ma’nosi) –niki qo‘shimchasi yordamida ham ifodalanishi ham mumkin, faqat bu qo‘shimcha shaxs-son ko‘rsatmaydi: Bizning maktab – maktab bizniki.
3) qaratqichli birikmalarda shaxs almashib qo‘llanishi ham mumkin: Mening uyim shu yerda – Kaminaning uyi shu yerda.
Do'stlaringiz bilan baham: |