O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor V b. R. Jumayev


Download 0.59 Mb.
bet20/81
Sana14.12.2022
Hajmi0.59 Mb.
#1006156
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   81
Bog'liq
haj-2021-m1

8-mavzu: Hozirgi dramaturgiyaning umumiy ko‘rinishi
Reja:

  1. Hozirgi dramalar janri, qahramonlar,

  2. tarixiy shaxslar haqidagi dramalar muammosi.

  3. Mumtoz asarlaming hozirgi paytda o‘rganilishi, funksiyasi.

  4. Hozirgi adabiy jarayonda dramaturgiya janrlari taraqqiyoti.

Tayanch tushunchalar: istiqlol davri dramaturgiyasi, davr va qahramon, dramada konflikt, ichki kolliziya, zamonaviy va tarixiy mavzu, tarixiy shaxs obrazi, tragediya, tragik vaziyat, komediya, komik holat, drama, qahramon olami.


1. O‘zbek adabiyotida dramaturgiya rivojini XX asr boshlari bilan bog‘laydigan bo‘lsak, istiqlol davrida adabiyotimizda ushbu tur janrlarining ham o‘ziga xos tarixiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganligi kuzatiladi.
Istiqlol davri dramaturgiyasi zamonaviyligi, ayni paytda, tarixiy shaxslar qiyofasining betakror tarzda yaratilganligi bilan xarakterlanadi. Tarixiy va zamonaviy mavzularda yaratilgan dramtik tur janrlarining har uchlasiga ham istiqlol davri adabiyotidan namunlar topiladi. Qolaversa, davr dramaturgiyasi namunalari davr hodisalariga hozirjavoblik, inson omilini yuksaklikka ko‘tarishga intilish, falsafiy teranlik va konfliktning chuqurligi bilan xarakterlanadi. Davr dramturgiyasi namunalari Izzat Sulton, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Erkin A’zam, Usmon Azim, Erkin Samandar kabi tajribali ijodkorlar tomonidan yaratildi va ularda tariximizning turli sahifalariga mansub yurtdoshlarimizning badiiy qiyofasi jonlantirildi.
2. O‘zbek dramaturgiyasida tarixiy va zamonaviy mavzudagi asarlar yaratilib, ularda tarix va zamoning eng muhim muammolari o‘z aksini topdi. Tarixiy dramalarning ayrimlarida XX asrgacha bo‘lgan voqelikning o‘zini ham va shu davrlardagi ulug‘ shaxslar hayoti, kechmishlarining dramaturgiyamizda aks etdi.
XVII-XIX asrlarda yashab o‘tgan atoqli shaxslar-shoir, adib, muarrix va davlat arboblari kechmishlaridan naql qiluvchi tarixiy dramalar.
SHuni ta’kidlash joizki, ko‘zda tutilayotgan har bir davr voqeligi va tarixiy shaxslar nomlari bilan bog‘liq o‘nlab pesalar yaratildi. Masalan, Amir Temur va temuriyzodalar haqida yigirmadan ortiq, Imom Buxoriy va Ahmad Farg‘oniyga bag‘ishlab qariyb o‘ntadan va shunga muvofiq boshqa allomayu adib, shohu shoirlar haqida bitta-ikkitadan to besh-oltitagacha alohida sahna asarlari yozildi, e’lon qilindi va aksariyat turli shahar va viloyatlar teatr sahnalarida qo‘yildi. Mamlakatimizda Istiqlol yillari izchil olib borilgan ma’naviy islohotlar tufayli milliy madaniy tariximizdagi ulkan hodisalar va shaxslar bilan bog‘liq yirik sanalarning keng miqyosda nishonlanishi adabiyot va san’atning barcha yo‘nalishlarida bo‘lgani kabi dramaturgiyada ham ko‘plab bag‘ishlov tarixiy dramalarining yaratilishi va yuzaga chiqishiga omil bo‘ldi. YUqorida keltirilgan raqamlar, asosan, sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi, Imom Buxoriyning 1225 yilligi yoki Ahmad Farg‘oniyning 1200 yilligi va hokazo sanalar munosabati bilan yuzaga kelgan. SHu o‘rinda tarixiy dramaturgiya yo‘nalishida yaratilgan asarlarni eslatib o‘tish mazkur hodisaning umumilliy dramaturgiyamiz rivojida qanchalar salmoqli o‘rin tutganini tasavvur etishga imkon beradi.
Qadimgi madaniy davrdan to yurtimizda Islom diniy e’tiqodi qaror topgunga qadar kechgan voqealar Yo‘ldosh Muqimovning “Avesto” haqidagi “Mangu mash’al”, Komil Avazning “Avesto” – mehr farzandi”, Y.Muqimov va Hayitmat Rasulning Spitamen jasoratlaridan hikoya qiluvchi romantik ruhdagi “Muqaddas Taxtizar”, Nasrullo Qobulning Ibrohim alayhissalom tavalludiga bag‘ishlangan “Namrud”, Usmon Azimning “Alpomishning qaytishi” S.Sirojiddinovning “To‘maris” pesalarida ifoda etildi.
O‘zbekiston hududlarida o‘rta asrlarda bo‘lgan madaniy-ma’rifiy yuksalish davrlari va uning buyuk alloma, mutafakkir, donishmand, sarkarda zotlari haqidagi sahna asarlari sifatida Usmon Qo‘chqorning “Rasululloh kotibi”, Muhammadali Ergashevning “Saodat yo‘li”, Rustam Ma’dievning “Bir kechalik tush”, Sobir Ehsonning “Muhaddis”, Muhiba Hamidovaning “Buxoriy muhabbati” kabi Imom Buxoriy haqidagi, Ibrohim Rahimning “Ahmad al-Farg‘oniyning yoshligi”, Yo‘ldosh Sulaymonning “Osmonga sig‘magan muhabbat”, Nurilloxon Abdullaevning “Bashar allomasi”, Haytmat Rasulning “Piri koinot”, Jumaniyoz Jabborovning “Al-Farg‘oniy” nomli ulug‘ allomaga bag‘ishlangan hamda Erkin Samandarning “Jalolidddin Manguberdi”, Burhon Islomovning “Sarbadorlar” tarixiy dramalarini sanash mumkin.
Amir Temur va temuriy shahzodalar haqida yaratilgan pesalar miqdori yigirmadan ortiq ekanini aytdik. SHulardan e’tiborga moliklari Abdulla Oripovning “Sohibqiron”, Odil YOqubovning “Fotihi Muzaffar yohud bir parivash asiri”, Ma’ruf Jalilning “Sohibqiron” (“Amir Temur qissasi”), Qilich Abdunabievning “Amir Temur va Yildirim Boyazid”, To‘ra Mirzoning “Amir Temur”, Urfon Otajonning “Xumoyun qabul”, SHavkat Pardaevning “Jahongir”, Turob Akbarxo‘jaevning “Zamon o‘g‘loni”, Salohiddin Sirojiddinovning “Sohibqiron Temur”1, Nasrullo Qobulovning “Amir Muzaffar fojiasi”, Xurshid Davronning “Boburshoh” (“Sog‘inch”) tarixiy asarlari. SHu o‘rinda mazkur davriy chegara doirasida olinadigan yana bir necha dramalar borki, bular ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri hazrat Alisher Navoiy hayoti haqida yoki asarlari asosida yaratilgan tarixiy, tarixiy-falsafiy pesalardir. Xususan, CHori Avazning “Fuqaroning taxtsiz podshohi”, Abdulla A’zamning “Dugohi Husayniy”, SH.Rizaevning “Iskandar” asarlari o‘sha jumladan. YAna bir ma’lumotni mazkur mavzu doirasida qayd etmoq kerak. Bir necha avlod o‘zbek kitobxoni va tomoshabinlariga suyumli ham yod bo‘lib ketgan Uyg‘un va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy” pesasi garchi o‘tgan asr 40-yillari mahsuli bo‘lsa-da, istiqlol davrida Izzat Sulton tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, zamonaviy g‘oyaviy talqinda yangitdan sahnalashtirildi. Asar mafkuraviy soxtaliklardan tozalanib, tarixiy haqiqatga muvofiqlashtirildi.
O‘lkamiz tarixida temuriylardan so‘ng bo‘liq iz qoldirgan atoqli shaxslar haqida ham ko‘plab tarixiy-biografik sahna asarlari yaratildi va turli teatrlarda turlicha talqinlarda tomoshabin hukmiga havola etildi. Bular Erkin Samandarning “Arab Bahodirxon”, Komil Avazning “Ogahiy”, “Feruz” (“Saqili navo”), Nasrullo Qobulning “Na falakman, na farishta” (“Mashrab”), A.SHalomaevning “Ahmad Donish”, Salohiddin Sirojiddinovning “Fig‘on” (Nodirabegim), Zulxumor Solievaning “Uvaysiy” kabi asarlaridir. YUqorida mualliflari va nomlari qayd etilgan sahna asarlari ayrimlarining adabiy matnlari e’lon qilingan, aksariyati, asosan, sahnalashtirilgan. Uzoq moziy tarixi va siymolari obrazlari aks etgan bu asarlar janr jihatidan yanada rang-barang va tabiiyki, g‘oyaviy, badiiy xususiyatlariga ko‘ra ham turfa xildir. Fojia, drama, musiqali drama, she’riy drama, dramatik doston va hokazo.
G‘oyaviy-badiiy jihatlariga ko‘ra, albatta, alohida olingan har bir tarixiy davr voqealari, atoqli shaxslar qiyofalari jonlantirilgan o‘nlab asarlardan ayrimlarini tom ma’nodagi estetik mezonlar bilan tahlilga tortish mumkin.
O‘rta asrlar Uyg‘onish davri allomalari haqidagi tarixiy asarlardan Jumaniyoz Jabborovning “al-Farg‘oniy”, Usmon Qo‘chqorning “Rasullilloh kotibi” she’riy dramalari, nazarimizda, ro‘yxatning boshida sanashga arzigulik. Garchi biri-biriga katta-kichik zamondosh bo‘lgan ikki siymo – din va dunyoviy ilm allomalari, shuhrati dunyoni tutgan muhaddis Imom Buxoriy va munajjim, muhandis Ahmad Farg‘oniy hayoti va faoliyatini shunchaki she’riy yo‘sinda qayd etish emas, balki falsafiy-lirik uslubda idrok etishni g‘oyaviy-badiiy maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsalar-da, mualliflar ustivor motivlariga ko‘ra biri ikkinchisidan farqlanuvchi, o‘z ijodiy maneralariga xos yo‘ldan boradilar. Jumaniyoz Jabborov qomusiy olim Ahmad Farg‘oniyning talabalik yillaridan to Misrga borib Nil daryosiga to‘g‘on qurish davrigacha bo‘lgan kechmishlarini ko‘proq lirik tonda, o‘rni bilan ijtimoiy konfliktlar markazida tasvirlab, qahramonona-romantik obrazini chizsa, Usmon Qo‘chqor Imom Buxoriyning ayni etuklik pallasini qalamga olib, uning Nishopurdan Buxoroga qaytishi voqealarini, ona yurtidagi hayoti lavhalarini falsafiy-psixologik yondoshuv asosida aks ettiradi.
1996 yili YUNESKO Xalqaro tashkiloti buyuk bobokalonimiz Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan bu sanani dunyo miqyosida nishonlash haqida qaror qabul qildi. O‘zbekistonda esa Amir Temur yili e’lon qilindi. Ulug‘ bobomiz sharafiga mamlakatimizda va xorijda keng miqyosli tadbirlar o‘tkazish rejalashtirildi. Bular orasida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Abdulla Oripovning “Sohibqiron” she’riy dramasi (muallif ba’zan “doston” deb ham qo‘llaydi)ni sahnalashtirish masalasi ham bor edi. Rejissyor Olimjon Salimovning sa’y-harakati bilan ko‘proq mutolaa uchun muvofiq kelgan asar otaxon teatr sahnasida spektakl tusini oldi. YUksak qahramonlik, tantanavor ruh, muhabbat ustuvor bo‘lgan spektaklda Amir Temur siymosi xalq va mamlakat birligi uchun kurashgan, adolatni bosh shior bilib, o‘z yurtida ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan buyuk davlat arbobi, vatanparvar shaxs sifatida ko‘rsatiladi. Bunday talqin she’riy drama tabiatiga to‘la muvofiq edi. Abdulla Oripov Sohibqiron siymosini yaratishda Maqsud SHayxzoda, Uyg‘un va Izzat Sulton an’analaridan ijodiy foydalanib, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqa milliy qahramonlar obrazlarini gavdalantirishning sahna adabiyotiga xos qahramonona-falsafiy talqin tajribalarini istifoda etadi. Zeroki, bu Istiqlolning dastlabki yillari ma’naviy-mafkuraviy islohotlar, kishilarimiz dunyoqarashini o‘zgartirish maqsadlariga hamohang edi. Garchi o‘tgan asr birinchi yarmidagi ota-bobolarimiz fikr-qarashlari, psihologiyasi bilan asr oxirlaridagi avlodning qarash-tushunchalari, turish-turmushi, intilishlarida keskin farq bo‘lsa-da, ijtimoiy-siyosiy voqelikning muayyan davrlarida yuz beradigan global hodisalar ta’sirida kishilarning hissiy-hayajon mayllarini qo‘zg‘ash va olovlantirish, uni ma’lum maqsadlarga yo‘naltirish usullari va bunda, jumladan, adabiyot va san’atning beqiyos rolidan maksimal foydalanish imkoniyati o‘z ahamiyati ham dolzarbligini saqlab qoladi.
Dramaturglarimiz nisbatan yaqin o‘tmish – XX asrdagi ijtimoiy voqealar, SHo‘ro qatag‘onlari va shu davrdagi xalqimiz hayoti, milliy ziyolilarimiz taqdiri, 80-yillardagi “paxta ishi” kompaniyasi bilan bog‘liq tazyiq va ta’qiblar haqida ham talaygina tarixiy – biografik ijtimoiy-publitsistik sahna asarlari yaratdilar. Bularni ham aks ettirilgan tarixiy davrlar chegaralarida tasniflash mumkin. Ammo bu davriy silsilada tasnif ko‘proq tarixiy mavzulardagi pesalarning ichki janr xususiyatlariga ko‘ra belgilansa, badiiy izlanishlarning nechog‘lik teran va ko‘lamli kechgani yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Abdulhamid CHo‘lpon hayoti va ijodiga bag‘ishlangan asarlar ko‘p. Jumladan, Usmon Azimning “Kunduzsiz kechalar”, To‘lan Nizomning “CHo‘lpon”, Ziyo Najmiyning “Zanjirband sher” pesalari fikrimiz dalili. Undan keyin otashin shoir Usmon Nosir haqidagi Nodira Rashidovaning “Usmon Nosir” va Abdulla A’zamning “Usmon Nosir qaerda” asarlarini sanash mumkin. Bulardan tashqari Usmon Azim yana Oybek va Abdulla Qahhor hayoti haqida dramalar yozdi. Nafsilambirini aytganda, zikr etilgan pesalar orasida, albatta, katta shoir Usmon Azim qalamiga mansublari e’tiborni ko‘proq jalb etadi.
Usmon Azim Milliy akademik teatr uchun muayyan ma’noda «adabiy uchlik» – «trilogiya» deb atasa bo‘ladigan uch pesa yozdi – CHo‘lpon haqida «Kunduzsiz kechalar», Oybekka bag‘ishlab «Adibning umri» va «Abdulla Qahhor» nomli-tarixiy-biografik dramalar. Ularni asosiy qahramonlari hayotiga oid voqeabandlik jihatidan izchil bir-birini davom ettiruvchi trilogiya deyish mumkin emas. Ammo boshqa talay xususiyatlariga ko‘ra bu uch asar bir-birini to‘ldiradi. Avvalo, davr, pesalarda aks etgan ijtimoiy voqelik bir – O‘zbekistonda sho‘rolar saltanati qurilib, hukmronlik qilgan yillardan qariyib ellik yili oralig‘ida kechgan voqealar aks etadi uch asarda. Tabiiyki, davr bir ekan, ijtimoiy muhit, munosabatlar, turmush manzaralarida ham mushtaraklik bo‘lishi aniq. Ikkinchidan, pesalarning adabiy-janriy mansubligi ham bir tarixiy-biografik dramalar. Uchinchidan, har uchala pesaning qahramonlari ham real tarixiy shaxslar, qalamga olingan hodisalar ham ayni tarixiy voqelik. To‘rtinchidan, pesalar bosh qahramonlarining kasbi-koridan tashqari, muallif tasvirlaganidek, ularning kechmishlari, dunyoqarashi, taqdirlari ham bir. CHo‘lpon ham, Oybek, Abdulla Qahhor ham davriga sig‘magan, hurfikrliligi, millatparvarligi, haqparvarliligi, murosasizligi uchun jabr ko‘rgan, ta’qib va tazyiqlarga uchragan. Iste’dodi, obro‘-e’tibori tufayli hasadgo‘ylarning tuhmatlariga duchor bo‘lgan. SHularga qaramay, irodasi bukilmagan, jismoniy azoblarga dosh berib, ruhan sinmagan. Boshqa katta-kichik holatlar, detallardagi umumiylikni sanamaganda ham qayd etilgan mushtarakliklarga suyanib uch pesani tarixiy-biografik trilogiya deb dadil aytishga asos etarli.
3. O‘zbek dramaturgiyasi namunalarida dramurglarning badiiy mahorati o‘laroq qahramon o‘z olami, o‘ziga xos nutqi, xarakter xususiyatlarini janr talabidan kelib chiqqan holda namuyon qildi. Ijtimoiy-publitsistik yo‘nalishdagi tarixiy pesalar sirasida Istiqlol yillarida SHukur Xolmirzaevning “Qora kamar”, “Ziyofat”, O‘tkir Hoshimovning “Qatag‘on” va vaqt nuqtai nazaridan keyinroq SHukrulloning “Hasrat bog‘i” asarlari yaratildi. Ular asosida Abror Hidoyatov nomidagi teatrda va Milliy akademik teatrda spektakllar sahnalashtirildi. Mavzu bu asarlarda yaqin o‘tmishdan, o‘tmishning eng kir va mudhish davrlaridan belgilangan. Bu sirada yana SHukur Xolmirzaevning “Ziyofat”, O‘tkir Hoshimovning “Qatag‘on” pesalari mazmunan yangi va muhimligi hamda badiiy baquvvatligi bilan tarixiy dramaturgiyamiz manzarasini boyitdi.
YAqin tarixda xalqimizning boshidan kechgan bu og‘ir kechmishlar, aynan YUrtboshi qayd etgan voqealarning badiiy – sahnaviy ifodasi yuqorida zikr etilgan asarlarda o‘z tajassumini topdi. “ Ziyofat”da ramziy ma’nodagi ism bilan nomlangan Paxta obrazi misolida qulday mehnat qilib, qadr topmagan va xo‘rliklarga chidolmay o‘z-o‘ziga o‘t qo‘ygan ayolning fojiali holati bir osh pisharlik fursat davomi – ziyofat asnosida ko‘rsatib berilsa, “Qatag‘on”da “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” kabi mash’um yorliqlar bilan tahqirlangan, og‘ir ruhiy va jismoniy qiynoqlarga duchor etilgan halol, zahmatkash o‘zbek dehqoni – sobiq sovxoz direktori Panji Jumanovning ayanchli ahvoli aks etadi.
Agar “Qora kamar”da XX asrning yigirmanchi yillaridagi yurt qayg‘usidan bahs ochilgan, “Ziyofat” va “Qatag‘on”da XX asr saksoninchi yillari fojialari qalamga olingan bo‘lsa, shoir va dramaturg SHukrulloning “Hasrat bog‘i” she’riy dramasida mavzu qatag‘on va Milliy teatrimiz sahnasiga olib chiqilgan turg‘unlik yillarining turli insonlar taqdirlaridagi mash’um izlari, mudom bitmagan qalb jarohatlari haqida. O‘sha davrlarni badiiy mushohada etish, saboq bo‘larlik xulosalar chiqarish mualliflarning asosiy maqsadi.
Istiqlol davri o‘zbek dramaturgiyasining tarixiy yo‘nalishdagi namunalari qatorida yana bir tur asarlar borki, ular ham tarixiy drama, hususan, ikkinchi davriy silsila doirasida olib o‘rganishni taqozo etadi. Bular adabiyotmiz tarixiga kirgan va albatta, nisbatan yaqin tariximiz kechmishlariga bag‘ishlangan badiiy mumtoz nasriy asarlar asosidagi inssenirovkalardir. Bu sirada CHo‘lponning “Kecha va kunduz”, (A.Hojiaxmedov inssenirovkasi), Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i asosida (J.Jabborov inssenirovkasi) “Otabek va Kumush”, “Mehrobdan chayon” (E.Xushvaqtov insserovkasi) romanlari asosidagi hamda G‘afur G‘ulom hikoyalari ohanglaridagi “O‘tgan zamon hangomalari” (U.Azim inssenirovkasi) kabilarni sanash joiz. Mazkur asarlar aksariyat muayyan teatrning taklifi yoki biror sana, munosabat bilan amalga oshirilgan, albatta. Ammo, shu bilan birga, bu asarlardagi insoniy taqdirlar, bo‘liq xarakterlar, kuchli dramatizm, konflikt kabi qator g‘oyaviy–badiiy jihatlar ularni sahna orqali ham ko‘rsatish va shu yo‘l bilan tomoshabinni muayyan yozuvchi dunyosiga olib kirish, ularni yaqinlashtirish ehtiyojiga ham xizmat qiladi.
Istiqlol g‘oyalarining tantana qilishi, millatning ma’naviyatini yuksaltirish masalasining davlat siyosat darajasiga ko‘tarilishi, fuqarolarning o‘z-o‘zini tanish, ma’naviy–tarixiy ildizlarimizni bilish va uni tiklash, targ‘ib etish ehtiyoji so‘nggi yigirma yillarda dramaturgiya va teatr san’atimizda tarixiy: biografik, ijtimoiy-falsafiy, ijtimoiy–psixologik, ijtimoiy–publitsistik yo‘nalishdagi sahna asarlarining, milliy mumtoz tarixiy nasr namunalari asosidagi inssenirovkalarning ko‘plab yaratilish va u bilan bog‘liq ijodiy jarayonning shitob bilan rivojlanishini sodir etdi.
Umuman olganda, dramaturgiya Istiqlol yillarida mavzular bilan bir qatorda janr hususiyatlariga ko‘ra ham xilma-xillik kashf etib, umumadabiyotimiz va teatr san’atimiz rivojiga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.



Download 0.59 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   81




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling