O`quv-uslubiy majmua (I kurs talabalari uchun mo`ljallangan) Navoiy -2021
Download 0.64 Mb.
|
manaviyatshunoslik
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2-mavzu; M a’naviyat kategoriyalari Reja
- 1. O`zlikni anglash.
SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
Ma’naviyat tushunchasi. Ma’naviyatning tarkibi. Ichki ma’naviyat va tashqi ma’naviyat haqida tushuntiring. Ma’naviyatning namoyon bo`lish shakllari. Ma’naviyatdagi ratsionallik (oqilonalik) va irratsionallik (nooqilonalik) haqida tushuntiring Mustaqil taraqqiyotning ma’naviy asoslari haqida nima bilasiz? 2-mavzu; M a’naviyat kategoriyalari Reja: 1. O`zlikni anglash 2.Tolerantlik qadriyatlarning shakllanishi va rivojlanishining zaruriy sharti. 3.Milliy va umuminsoniy qadriyatlar Tayanch so‘z va iboralar: O`zlikni anglash, tolerantlik, qadriyat, umuminsoniy qadriyatlar, milliy qadriyatlar, milliy ong, milliy iftixor, milliy g`urur. 1. O`zlikni anglash. Ma’naviyatshunoslik alohida mustaqil fan sifatida o‘zining asosiy tushunchalariga, kategoriyalariga, tamoyillariga, qonunlari va mezonlariga ega. Ular orasida boshqa turdosh fanlardan kirib kelganlari bor. Masalan, falsafadan, etika, estetika, yurisprudensiya, dinshunoslik va boshqa fanlardan olingan ong, tafakkur, borliq, qadriyat, axloq, nafosat, imon, haqiqat, adolat, tenghuquqlilik, va sh.k. tushunchalarsiz ma’naviyatshunoslikni fan sifatida tizimlashtirib bo‘lmaydi. Ayniqsa, falsafa fani tushunchalari, kategoriyalari, usullari, bilish nazariyasi ma’naviyatshunoslik shakllanishi uchun zaruriy ilmiy asos va qurilmadir. Zero, ma’naviyatshunoslik fani etika, estetika, kulturologiya, dinshunoslik, sotsiologiya, siyosatshunoslik, mantiq ilmlari singari falsafiy fanlar tizimiga mansubdir. SHu sababdan u birinchi galda boshqa falsafiy fanlarning tushunchalaridan, kategoriyalaridan foydalanadi, ular yordamida o‘z ilmiy apparatini shakllantiradi. Lekin boshqa fanlardan qabul qilingan tushunchalarni o‘z predmetidan kelib chiqib talqin qiladi. Ayni paytda uning faqat o‘ziga xos bo‘lgan asosiy tushunchalari va kategoriyalari bor. Ma’naviyatshunoslik fani birinchi galda “ma’naviyat”, “ma’naviy ong”, “ma’naviy madaniyat”, “ma’naviy muhit”, “ma’naviy qadriyatlar”, “ma’naviy ehtiyojlar”, “shaxs ma’naviyati”, “jamiyat ma’naviyati”, “ma’naviy yuksalish”, “ma’naviy erkinlik”, “tafakkur erkinligi”, “milliy g‘oya”, “tolerantlik”, “bag‘rikenglik”. “o‘zlikni anglash”, “ma’naviy asoslar” va ularning muqobil ko‘rinishlarini ifodalovchi “ma’naviyatsizlik” va h.k. tushunchalardan foydalanadi. Avvalgi mavzularda ma’naviyat, ma’naviy ong, ma’naviy madaniyat, e’tiqod, iroda, ma’naviy muhit kabi kategoriyalar va tushunchalar to‘g‘risida ancha mulohazalar yuritildi. Ularning mazmun – mohiyati va voqelik shakllarini ochib berishga harakat qilindi. Ma’naviyatning tarkibiy qismlarini tashkil etuvchi falsafa, din, axloq, nafosat, huquq, siyosat bilan bog‘liq tegishli fanlar kategoriyalari ustida esa maxsus to‘xtalib o‘tirmaymiz. Faqat avval aytilmagan ba’zi kategoriyalar va tushunchalar haqida umumiy fikrlarni bildirib o‘tamiz. Ularning mazmuni esa boshqa mavzularni o‘rganish jarayonida to‘laroq ochiladi. Ma’naviyatning asosiy kategoriyalaridan biri – o‘zlikni anglashdir. Uning boshqacha sinonimi identlik(ayniyat) deyiladi. O‘zlikni anglash – insonning xos, mohiyatli belgisi. SHaxs o‘zining individual identligini, ijtimoiy – guruhiy, korporativ, tabaqaviy – sinfiy va milliy identligini turli darajada anglashi mumkin: qisman, nisbatan to‘laroq, ziddiyatli, ikkilanishlar bilan, o‘z imkoniyatlariga ishonmasdan yoki o‘z imkoniyatlarini ortiqcha baholab(xudbinlik, manmanlik) va nihoyat, adekvat(o‘z salohiyati va qobiliyatiga mos). SHunday qilib, o‘zlikni, o‘z identligini anglash, turli darajada va mazmunan har xil kechadi. “Identlik” o‘zlikni anglashni ifodalaydigan tushuncha o‘laroq fanda keng qo‘llaniladi. Identlik avvalo insonning olamdagi o‘z o‘rnini, tabiatdagi eng ulug‘ va yagona aqlli, yaratuvchi jonzot ekanini bilishdir. Inson nega dunyoga keldi, uning yashashdan maqsad – muddaosi nimada, hayotining ma’nisi ne? O‘zlikni anglash ushbu savollarga javob izlash va topishdir. Inson o‘zligini anglashi jarayonida tabiatdan, hayvonot olamidan ajralib chiqdi, ma’naviy mavjudotga aylana boshladi. O‘zlikni anglash yangi bilimlarga, yuqori ko‘rinishlarda esa haqiqatga, oliy idealga intilishdir. SHu sababdan dinda “o‘zini anglagan Rabbini (Ollohni) ham anglaydi”, degan tasdiq mavjud. Tabiatning insondan tashqari biror jonzodi o‘zligini anglay olmaydi, chunki uning ongi, shuuri yo‘q. O‘zini tabiatdan ajrata olmaydi, o‘z oldiga reja – maqsad qo‘yib, o‘z borlig‘ini, yashash sharoitini takomillashtirolmaydi. U faqat mavjud ekotizimda muayyan pog‘onani egallaydi, uning muhim zaruriy bo‘g‘inini tashkil qiladi, xolos. Hayvonotning mavjud ekotizimdagi o‘rni, vazifalari, hayoti tabiat tomonidan avvaldan belgilangan. Inson esa aqli va mehnati orqali o‘z tabiiy yashash shart – sharoitini ham, ijtimoiy muhitini ham o‘zgartirish qobiliyatiga ega. Buning uchun u avvalo o‘z oldiga maqsad qo‘yadi, unga etishish uchun bilimini va mehnat ko‘nikmasini o‘stiradi. Ishlab chiqarish qurollari yaratadi, ularni takomillashtiradi, tabiat jismlarining xossalarini o‘rganadi va yangi - yangi mahsulotlar etishtirib, muhitini, yashash sharoitini yaxshilaydi. Ongi, bilimlari o‘sgani sayin oldiga qo‘ygan maqsadlari ham o‘sa boshlaydi, yuksaladi. Demak, o‘zlikni anglash yangi bilimlarga, yangi mehnat ko‘nikmalariga yoki umumiy qilib aytilsa, yaratuvchilikka intilish va irodasini namoyon etib, uni kuchaytirishdir. Ontologik jihatdan maqsad va intilish yo‘q joyda o‘zligini anglash, binobarin, ma’naviyat ham yo‘q. Inson kundalik hayotiy maqsadlariga erishib, nisbatan to‘q va xavfsiz hayotini ta’minlab, bilimi va yaratuvchiligini rivojlantirish jarayonida yuksak haqiqat haqida o‘ylay boshlaydi, uni hayotining oliy maqsadiga – idealiga aylantiradi. Dastlab bu yuksak haqiqatni tabiatdan ustun turuvchi g‘ayritabiiy kuchlarda, ruhlarda va h.k. da ko‘radi. Ularga etiqod qiladi. E’tiqod o‘zlikni anglashning muhim shakllaridan biridir. Inson ijtimoiy mavjudot o‘laroq o‘zligini anglashda birinchi galda o‘zini ma’lum tarixiy, etnik, lisoniy, madaniy, e’tiqodiy, siyosiy birlikning a’zosi sifatida anglaydi. O‘zini ular bilan kelib chiqishiga ko‘ra umumiy bir, to‘la o‘xshash, mos – ident, deb hisoblaydi. Rivojlanmagan jamiyatlarda bu borada katta va murakkab muammolar deyarli uchramaydi. Urug‘ – jamoada, qabilada qon – qardoshlik asosidagi etnik, lisoniy, madaniy – e’tiqodiy birlik o‘zaro mos keladi. Ular o‘z identligini(ayniyatini) avvalo quyidagi omillar – etnik(genetik), til, umumiy asotirlar, urf – odatlar, umumiy sig‘inish predmetlari va marosimlari asosida aniqlaydilar.. Biroq dunyo dinlari paydo bo‘lganidan keyin masala biroz qiyinlashdi. CHunki etnik ong(qon – qardoshlik ayniyati) va diniy ong o‘rtasida farq vujudga keldi: “Biz turkiylar va musulmonmiz, ular esa musulmon bo‘lsada, eroniylardir, yoki arablardir” qabilida. E’tiqodiy mazhablar paydo bo‘lishi diniy ayniyatni ham chigallashtirdi. “Ular shiaviy, biz sun’iymiz”, degan o‘zlikni anglashning diniy shakllari paydo bo‘ldi. Bir xalq turli tarixiy sabablarga ko‘ra, ikki, xatto uch dinga e’tiqod qilib qolgan. Masalan, bengallarning bir qismi musulmon(Bangladesh), ikkinchi qismi hinduizmga e’tiqod qiladi (G‘arbiy Bengaliya). Albatta, turli diniy e’tiqod ularning mentalitetiga, madaniyatiga, urf – odatlariga, o‘zaro aloqalariga, milliy identligiga ziddiyatli ta’sir ko‘rsatadi. Zamonaviy jamiyatda milliy identlik masalasi ancha o‘zgardi. Endi diniy , hatto etnik identlik ba’zi hollarda birlamchi, asosiy belgilardan hisoblanmaydi. Masalan, turli xalqlarning o‘zaro aloqalari rivojlanishi, yirik shaharlarda, rivojlangan mamlakatlarda aholi tarkibining etnik xilma – xillik kasb etishi, aralash nikohlar, ular farzandlarining etnik mansubligi masalasi, odamlarning erkin harakatlanishi va yashashi va sh.k. lar keng tarqalgan bizning zamonda identlik ko‘proq qaysi tildan va madaniyatdan foydalanishga qarab yoki fuqaroning o‘z istagiga ko‘ra, yohud qaysi davlat fuqaroligiga qarab belgilanmoqda. O‘zini rossiyalikman, yoki amerikalikman deydigan, rus yozuvchisiman, yoki amerikalik rejissyorman deydigan, ammo etnik jihatdan nemis, lotin, amerikalik, ukrain, belorus, yahudiy, armani, chuvash, mardvin yoki boshqa xalqqa mansub kishilar ko‘p. Bunday kishilar har doim, barcha zamonlarda bo‘lgan. AQSH, Kanada, Braziliya, umuman Lotin Amerikasi, Evropa mamlakatlarida milliy identlik fuqarolik bilan bir xil tushuniladi. Fors – tojik adabiyotining buyuk namoyondalari orasida etnik turkiylar salmoqli o‘rin egallaydi: Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Bedil, Mirzo G‘olib va boshqalar. Atoqli shoir O‘lmas Sulaymonovni qozoq shoiri deyish kerakmi, yo rus shoiri? Tiliga ko‘ra(rus tilida ijod qiladi), u rus she’riyati vakili, ammo milliy o‘zligini anglashiga, milliy identlik tuyg‘usiga, adabiyot uchun yana bir muhim omil – obrazlar tizimiga ko‘ra, asl qozoq milliy shoiridir. Oydinlashmoqdaki, milliy identlik masalasi bugungi kunda ancha murakkab, ammo rivojlangan g‘arb mamlakatlarida dolzarbligini yo‘qotgan masaladir. Milliy identlik etnik identlikdan kengroq tushuncha. Milliy identlik avvalo, o‘zini qaysi xalqning vakili deya hisoblashi, qaysi xalq bilan uning taqdiri birligini, ajralmasligini his qilishidadir. Tarixan turli sabablar bilan bizning tuproqqa kelib qolgan, g‘uj yashaydigan arablar bor. Ular o‘zbek jamiyatiga to‘la integratsiyalashgan. Orasidan olimlar, yozuvchi – shoirlar, san’atkorlar, davlat arboblari etishib chiqqan. Ularning etnik arabligi ongida qisman saqlanib qolgan. Lekin til, madaniyat, urf – odatlar va boshqa ijtimoiy qadriyatlar, siyosiy va fuqarolik ongi bo‘yicha ular o‘zbeklar bilan ident. Ulardan birortasi “Men arab shoiriman, arab olimiman, yoki arab davlati arbobiman” demaydi. Ushbu ma’noda ular milliy identlik jihatidan o‘zbek; ammo ongida etnik identlik masalasida farq qisman mavjud. Identlikning milliylikdan tashqari, ijtimoiy – guruhiy shakllari bor. Ular o‘tmishda asosan kasbiy – korporativ ko‘rinishlarda namoyon bo‘lgan. Bugun ommaviy madaniyat ta’sirida qiziqishlari, futbol komandalari, estrada yulduzlariga ishqibozligi, biror buyumni iste’mol qilishiga qarab identlikning submadaniy shakllari vujudga kelmoqda. Masalan, baykerlar(mototsiklchilar) uyushmasi, futbol komandalarining fanatlar klubi va x.k. O‘zlikni anglash, albatta, millatning tarixiy xotirasi, nasl – nasabi, ajdodolarining buyuk ishlarini, yutuqlarini bilishni, ular bilan faxrlanishni, milliy g‘ururni ham o‘z ichiga oladi. Ammo o‘zlikni anglash nafaqat o‘tmish yutuqlarini, shuningdek yo‘qotishlarini, mag‘lubiyatlarini, ularning sabablarini ham bilishni, tarixdan xulosalar chiqarib, kelgusida ularni takrorlamaslikka intilishni ham bildiradi. Bundan tashqari, o‘zlikni anglash millatning bugungi ahvolini, imkoniyatlarini, shu jumladan kamchiliklarini to‘g‘ri tahlil qila olishni, oldiga yuksak, ammo real maqsadlar qo‘ya olishni, ularga erishish uchun milliy irodani safarbar eta olishni bildiradi. Milliy identlik – bu milliy manfaatlarni to‘g‘ri anglashdir, bu milliy jipslik, ahillikdir, mahalliychilik, guruhiy – korporativ xudbinlikdan ustun tura olishdir. O‘zlikni anglash kelajak rejalari, millat istiqboli haqida qayg‘urishdir. Individual darajada o‘zlikni anglash, o‘z shaxsiy manfaatlarini oila, jamoa, davlat va butun jamiyat manfaatlari bilan uyg‘unlashtirishga intilishdir. SHunday qilib, o‘zlikni anglash insonni hayvonot olamidan ajratuvchi, o‘z oldiga maqsad qo‘yib, ba’zan ulug‘vor maqsad qo‘yib, yaratuvchilik va ijod bilan shug‘ullanuvchi, aql – zakovati, irodasini maqsadga erishishga safarbar eta oluvchi, o‘z ijtimoiy muhitini muttasil takomillashtiruvchi mavjudotligini ifodalovchi muhim ma’naviy kategoriyadir. Download 0.64 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling