I.
ORGANIK KIMYO LABORATORIYASIDA ISHLASHNING
ASOSIY QOIDALARI VA USULLARI
1.1. Organik kimyo laboratoriyasida xavfsiz ishlashni tashkil etish
Har bir talaba organik kimyo laboratoriyasida
ishlashdan oldin texnika
xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma bilan tanishib o‘qituvchiga test topshirishi shart.
Organik kimyo laboratoriyasida bajariladigan ko‘pgina
ishlar zaharli va yonuvchi
birikmalarni qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lganligi bois, baxtsiz hodisalardan saqlanish
uchun xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish talab etiladi.
Kimyoviy laboratoriyasida ishlovchilar har doim quyidagi asosiy qoidalarga
amal qilishlari lozim:
istalgan kimyoviy birikma bilan ishlashda uning ko‘z, og‘iz,
teri va
kiyimlarga tegishidan maksimal himoyalaning;
kolba yoki probirka og‘zini o‘zingizga yaqin yo‘naltirmang,
reaktivlarni
yuzga yaqin holatda qizdirmang, aralashtirmang va chayqatmang;
suyuq reaktivlarni pipetkaga og‘iz orqali tortmang –
buning uchun maxsus
grushalar
va moslamalardan foydalaniladi;
zararli birikmalar bilan o‘tkaziladigan barcha ishlar mo‘rili
shkaf ostida
maxsus qo‘lqoplarda bajariladi;
har doim xalatda va himoya ko‘zoynagidan foydalanib ishlang.
Laboratoriyada quyidagilar qat’iyan taqiqlanadi:
xalatsiz yoki himoya ko‘zoynagisiz ishlash;
yolg‘iz yoki laboratoriya xodimi va rahbarsiz ishlash;
yonib turgan gorelka va harakatdagi uskunalarni nazoratsiz qoldirish;
kimyoviy birikmalar ta’mini tatib ko‘rish;
zaharli kimyoviy birikmalarni ochiq qoldirish va
yorliqsiz birikmalarni stol
ustida saqlash;
istalgan kimyoviy birikmalarni rakovina yoki
axlat qutisiga quyish va
to‘kish – barcha reaktivlar yoki erituvchilar ularni yo‘qotish qo‘llanmasiga
binoan, keltirilgan uslubga muvofiq amalga oshiriladi;
kimyoviy idishlarda suv ichish, chekish va yeyish.