O‘rganilsa, ham keng ommaga taqdim etilsa, nafaqat amir Umarxon balki uning
Download 448.43 Kb. Pdf ko'rish
|
646dde983efbe Qo\'qon adabiy muhiti va Uchinchi Renessans (2) (2)-198-202
- Bu sahifa navigatsiya:
- Foydalanilgan adabiyotlar
Talab qil ma’naviy ganj,ey birodar,
Vagarna sandin avlo gov ila xar. Talab qil bo‘lsa ganji beziyoni, Sanga bo‘lg‘ay chu umri jovidoni. Kishi bo‘lmasa ma’nidin xabardor, Ani odam dema, de naqshi devor. [1, 38] Shoir ilmi irfondan xabardor kishini ma’naviy yetuk kishi deb hisoblaydi: Bilmagay o‘z qadrini, na bilg‘usi so‘z qadrini, Hayfdir dono demak nodoni beirfonga so‘z. [1, 26] Xo‘janazar Huvaydo ijodining ma’rifiy mazmun-mohiyati bor bo‘y-basti bilan lirikasida namoyon bo‘ladi. Huvaydo she’riyatidan namunalarni “Ko‘ngil dardi” nomi bilan kitob holida nashr ettirgan olima Suyima Gʻaniyeva bu haqda shunday yozadi: “Juda oz bo‘lsa ham Huvaydoda may mavzusida she’rlar bor. May Alloh jamoliga bo‘lgan ishqning g‘alaboti deyiladi. Huvaydodagi may madhi, uni yigitlikda ichishga chorlashni, qarigan chog‘da emas, yoshlikdan ishqi haqiqiy mayidan mast bo‘lishlikni, xudovand ishqi omonatini bandasiga mayxonada beradi, degan tasavvufiy aqidani uqtirishlik, deb anglash kerak. Bu mayxona shunday bir mayxonaki, unda dunyoviy g‘am-tashvishlardan xoli bo‘lib, yolg‘iz Alloh ishqi bilan yoniladi” [2, 4]. Olima Huvaydo she’riyati vujud [shakl] va ruh [mazmun]dan iborat ikki asosiy tushunchadan tashkil topib, ularning organik ravishda birlashuvi natijasida shoir uslubi va mahoratini namoyon etuvchi yuksak bir badiiy asar yuzaga kelganligini ta’kidlaydi: “Mumtoz adabiyotimizga xos bo‘lgan zulma’naynlik hodisasi – zohiriy va botiniy ma’nolar chatishuvi Huvaydo qalamiga mansub aksar g‘azallarning muhim xususiyatidir. Shoirning g‘inoiy – lirik she’riyatida zohiriy – majoziy ma’nolar zamirida yuksak mahorat bilan botiniy orifona tafakkur va irfoniy falsafa yashiringan” [2, 4-5]. Irfon, falsafa shoir she’riyatida inson va olam go‘zalligidan hayratga tushish tufayli sodir bo‘ladigan may zavqi, bu zavqdan mutlaq ishq tug‘ilishi, ishqdan dard yuzaga kelishi kabi mazmunda ko‘zga tashlanadi. Shu nuqtai nazardan olima haqli ravishda ta’qidlaganidek, “Huvaydo she’riyatidagi “dard”, “g‘am” ayni chog‘da Allohga bo‘lgan ishqning riyozatlarini ham anglatadi: 201 Dardi yo‘q bedard kishilar dard qadrin na bilur, Dunyada nomard ko‘pdur, mard qadrin na bilur” [2, 6] Shoir bu dard muqaddas ekanligini, uni qalbi irfon ne’matidan bahramand kishilargina idrok va his eta olishi mumkinligini ta’kidlaydi: Sanamni dardini daftar qilib, xatga bitib bo‘lmas, Ani asrorini befahmlarga sharh etib bo‘lmas. [1, 41] Yana: Sani dardingni aytib yig‘lasam jonu jahon kuygay, Fig‘onimdin fig‘on aylab, zaminu osmon kuygay. Shoirning lirik qahramoni uning o‘zi o‘laroq, u bu dunyoda hayrat, zavqu shavq, pok may jo‘shishidan mastonalik, ishq, dardu g‘am ne’matlaridan benasib emasligini qayd etadi. “Oqibat” radifli g‘azalida u shunday yozadi: Ey jamoling shavqi birlan g‘am sharobidan ichib, Bilmadim jonu jahon mastona bo‘ldim oqibat. [1, 29] Gʻazal matla’sida shoir an’anaviy sham va parvona timsollari misolida o‘zining buyuk ishq ne’matidan bahramand ekanligini ta’kidlar ekan, bu ishq va dard ne’mati bahosi butun olamlardan, borliqdan kechmoqlikdir deydi: Ey sani ishqing bilan devona bo‘ldim oqibat, Sham’i husning ustida parvona bo‘ldim oqibat. Tushti ko‘nglum ichra darding tebalardek, ey pari, Kulli olamdin kechib, begona bo‘ldum oqibat. [1, 107] Sufiylarning e’tiqodiga ko‘ra, dinning mohiyatida ham ishq bor, – muhabbat bor. Ma’lumki, majoziy ishq atamasi insonning insonga muhabbati va olam go‘zalligiga oshiqligini bildiradi. Ammo majoziy muhabbat o‘tkinchidir. Hech qachon so‘nmaydigan haqiqiy muhabbat – bu Allohni jon-dildan sevishdir. “Chunki undan boshqa barcha narsa – soxta, ya’ni yasalgan yoxud yaratilgan. Hatto inson ham. Shuning uchun eng buyuk go‘zallik – Tangrining o‘zi. Go‘zallikda undan o‘tadigan hech narsa yo‘q bu olamda va bo‘lishi ham mumkin emas”[6]. Huvaydo lirikasidagi ishq – ana shu mazmundagi ishqdir. Yuqorida keltirilgan g‘azalda ilohiy ishq o‘tidan tug‘ilgan dard ko‘zga tashlanadi: Telbai ishqing bo‘lib aybu qabohat so‘zladim, Elga kulgu bozii tiflona bo‘ldum oqibat. Qay kuni sevdim seni ketti ko‘nguldin shodlik, Tunu kun g‘am xaylig‘a hamxona bo‘ldum oqibat. Elu yurtimdin kechib, uzlatnishinlik xo‘ qilib, Chug‘z yanglig‘ sohibi vayrona bo‘ldum oqibat... Ishq masalasida shoir o‘zining katta zamondoshi Mashrabga hamfikr: “Ishqsiz, ham bodasiz azmi Ka’ba na hojat?”. Huvaydo devonida “Hech kim ishq o‘ti ichra man kabi kuygoni yo‘q, Ushbu o‘tg‘a, do‘stlar, kuymakligimni soni yo‘q” [1,13] matla’si bilan boshlanuvchi bir g‘azal joy olgan. Gʻazalning har baytida shoir ishq va ishq o‘tining bittadan sharhini keltiradi. Uning o‘zi g‘azalning lirik qahramoni ekan, ishq o‘tini ko‘nglida yashirin saqlaydi, hech kimga zarracha oshkor qilmaydi. 202 Ammo, pinhon tutish ham g‘oyat mushkul. Agar oshiqning joni bir uy bo‘lsa, ishq g‘am bulutlaridan yashin kabi bu uyga tushgan. Yurak bu barqdan kuyib ketgan, qaro ko‘z yoshga to‘lgan, dard tufayli nolayu afg‘on haddan oshgan. Ammo, shoir shu holatlar uchun shukr qiladi, chunki: Bo‘lmasa ul tan aro ishqu muhabbat zarraye, Surati devor erur, bilgilu tanni joni yo‘q. Shu bois oshiq “nigori nozanini” ishqida har safar “diyda giryon” va komil ishonch bilan: “Ko‘r bo‘lsun ul kishiki diydai giryoni yo‘q”, – deb aytadi. Shoir g‘azallarida “yor”, “may”, “boda”, “jom” kabi tasavvufiy ramz va timsollar vositasida ishqi ilohiy mazmunini sharh etishga harakat qiladi, qalbida qaynab turgan ishq jazbasi beixtiyor uning tiliga ko‘chadi. Quyidagi g‘azal mazmunan sharhi hol bo‘lsa-da, shoir unda faqat o‘z holini sharhlashni maqsad qilib olmaydi. Uning she’riyati yuragidan qaynab chiqib tiliga ko‘chgan, qalbi devorlarini yorib chiqqan dard yolqini. She’r shakli, vazni,qofiyasi, radifi shoir uchun birlamchi unsur emas, balki uning “ahli tab’”dan ekanligi, fitratida go‘zallikka moyilligi natijasidir. Huvaydo g‘azallarini o‘qigan she’rxon she’rdagi go‘zal shakl va turli badiiy san’atlarni nazardan qochiradi. Uning qalbini ham dard ishg‘ol etadi: Vah mani boshimg‘a tushti, na qilay, savdoi ishq, Ayta bersam zarrasig‘a toqat etmas Ko‘hiqof. Behudu mastona yurmishman o‘zumni bilmayin, Kimni ko‘rsam Xizr deb, ilgin tutub qildim tavof. Bir sado chiqdi qadahdin: “ Yorni ko‘r mayda” , deb, “ Ko‘ra olmassan – dedi ,– to etmaguncha mayni sof”. Ayta bersam Qof to Qofi jahonga sig‘magay, Ey Huvaydo, ishq so‘zi “ayn”u, “alif”u, “shin”u, “qof”. [1,17] Shu tariqa, Huvaydo sodda va ravon, xalqona iboralar bilan ziynatlangan she’riyatida ko‘hna sharq she’riyatidagi “ishq” va “dard” g‘oyasi, tasavvufiy ramz va istilohlar, an’anaviy timsollar istifoda etilsa-da, g‘oyaviy maqsad ifodasi va betizgin tuyg‘ular taqozosi bilan ularning yangi- yangi qirralari kashf etiladi, shoirning betakror, o‘ziga xos ma’rifiy kamoloti va badiiy salohiyati namoyon bo‘ladi. Shoir ijodining insonparvar mohiyati, estetik boyligini anglagan qalamkashlar Nodira, Sadoiy, Akmal va Gʻoziydan tortib, keyingi asr ijodkorlari Maxmur, Gulxaniy, Muqimiy va Furqatgacha bu noyob merosdan bahramand bo‘ldilar, ijodiy foydalandilar. Huvaydo she’riyati bu shoirlar tab’i kamolining shakllanishi uchun puxta zamin vazifasini ham o‘tadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1.Huvaydo. Devoni Huvaydo. O‘zR FA SHI, № 11513. – V. 185, 2. Huvaydo. Ko‘ngil dardi. –Toshkent: Meriyus, 2009. – 52 b. 3. O‘zbek adabiyoti tarixi. 5 tomlik, 3-tom. – T.:Fan, 1978. 4. Qayumov A. Qo‘qon adabiy muhiti. 7- jild,– T.: Mumtoz so‘z, 2010. 5. Muhitdinova Nazmiya. Xo‘janazar huvaydo ijodining qo‘qon adabiy muhitida tutgan o‘rni. Adabiyot va madaniyat. № 3 [11] / 2016 6. Sultonmurod Olim. Majozdan maqsad – Haqiqat//O‘zAS, 1993, 10 sentyabr. Download 448.43 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling