Umar Xayyom. Umar Xayyom (1040-1123) Eronning Nishopur shahrida tug‘ilgan. Faylasuf, matematik va astronom, mohir kosib hamda ruboiy janri taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘targan shoir. Uning asl ismi Abdulfath Umar binni Ibrohim bo‘lib, Xayyom uning laqabidir. Xayyom “xayma”, ya'ni chodir so‘zidan olingan bo‘lib, “chodirdo‘z” ma'nosini bildiradi. Umar Xayyom qadim Turkistonning Balx, Buxoro, Samarqand kabi ilmu fan markazlarida ta'lim olgan, 1079 yilda kalendar ishlab chiqqan, butun sonlarning ildizini topishni joriy qilgan. XIX asrning ikkinchi yarmida ingliz shoiri Xerald Fidjerald shoir ruboiylarini tarjima qilib, nashr ettirgan. Shundan keyin Xayyom she'rlari butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgan. Olimlar Xayyom ruboiylari sonini 172 tadan, 251 tagacha deb belgilaydilar. Shoir she'rlarida may obrazi ko‘p uchraydi. May Ollohga, hayotga va insonga muhabbatni ifodalaydi. Shoir ruboiylarini forsiydan o‘zbekchaga Shoislom Shomuhammedov mahorat bilan o‘girgan. Adabiyotshunos olim Najmiddin Komilov “Tafakkur karvonlari” kitobida Xayyom ijodiga tadqiqiga bag‘ishlab, “Xayyomnoma” nomli maxsus bob ajratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |