Sa'diy Sheroziy. Sa'diy Sheroziy (1203-1292) sherozlik davlat xizmatchisi oilasida tug‘ilgan. Mashhur fors-tojik shoiri, adib va mutafakkir. Bag‘doddagi Nizomiya madrasasida o‘qigan. O‘z davrining dongdor tasavvuf olimi va faylasufi Shahobiddin Suhravardiy qo‘lida tahsil oladi. O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlarida ko‘p bor sayohatda bo‘lgan. Sa'diy o‘z ijodini lirik she'rlar yozish bilan boshlagan. Uning boy hayotiy tajriba asosida yozilgan “Guliston” va “Bo‘ston” asarlari Musulmon Sharq adabiyotida didaktik yo‘nalishni boshlab bergan va shoirga olamshumul shuhrat keltirgan. Bu asarlar keyinchalik Turkiston madrasalarida o‘quv qo‘llanma sifatida xizmat qilgan. Sa'diy Sheroziy fors-tojik badiiy nasrining ham asoschilaridan sanaladi.
“Bo‘ston” asari she'riy usulda bo‘lib, 10 bobdan iborat, ta'limiy-tarbiyaviy ruhdagi ibratli hikoyatlardan tuzilgan. “Guliston” asari esa 8 bobdan iborat bo‘lib, unda ham ta'lim-tarbiyaviy mazmundagi hikoyalar va she'riy uslubda yozilgan hikmatlar mavjud.
Abdurahmon Jomiy. Mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy (1414-1492) fors-tojik adabiyotining yirik vakili, mutafakkir, orif. Navoiyning ustozi. Xurosonda shayxulislom Nizomiddin Ahmad oilasida tug‘ilgan. Jomiyning ajdodlari arablarning Shaybon qabilasidan bo‘lib, 8-asrda Xurosonga ko‘chib kelishgan. U Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida Qozizoda Rumiy qo‘lida ta'lim oladi Movarounnahrga qilgan safarlarida Xoja Ahror Valiy ziyoratiga kelib, uning qo‘lidan tabarruk xirqa kiyadi. Xoja Ahror bilan suhbatlarining samarasi o‘laroq, “Tuhfat ul-ahror” masnaviysini unga bag‘ishlaydi.
Jomiy asarlarini ilmiy hamda badiiy asarlarga ajratish mumkin. Ilmiy asarlari astronomiya, mantiq, tasavvuf nazariyasi, aruz ilmi, musiqa va tafsirga bag‘ishlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |