Amaliy va tajriba mashg‘ulotlari ma’ruza kursida olingan bilimlarni amalda tadbiq qilish maqsadida o‘tkaziladigan dars shakllaridan biridir. Bu ikki mashg‘ulot o‘zining xususiyatiga ko‘ra bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Amaliy va tajriba darslarida talabalar ikki guruhga bo‘linadilar. Har bir kichik guruhga alohida o‘qituvchi rahbarlik qiladi. Jismoniy tarbiya jarayonida amaliy mashg‘ulotlar sport turiga muvofiq bo‘lgan mashqlar texnikasi va taktikasini egallashga, jismoniy fazilatlarni rivojlantirishga, musobaqalar o‘tkazish malaka va ko‘nikmalarini egalashga, umumiy jismoniy tayyorgarlik ko‘rishga yordam berishi kerak.[34,95,165]
Maslahatlar oliy va o‘rta maktabda o‘qitishning keng qo‘llaniladigan bir shakli bo‘lib, ko‘pincha ma’lum kurs materiallari o‘tib bo‘lingach, undan olinadigan reyting sinov va attesstatsiyalardan oldin yoki o‘zlashtirmovchi talabalar bilan yokka holda yoki guruh bo‘lib o‘tkaziladi. Maslahatlarda odatda bir yoki bir necha guruh talabalari o‘zlashtirgan bilimlar yuzasidan o‘qituvchi yakuniy suhbat o‘tkazadi va talabalarning tushunmagan savollariga javob beradi.
Kollekviumlar o‘qitish jarayonida keng qo‘llaniladigan dars shakllaridan biri bo‘lib, ayniqsa, tabiiy fanlarni to‘laroq o‘zlashtirishda juda qulaylik tug‘diradi. Kollekviumda fanning bir bo‘limi o‘tib bo‘lgach, shu bo‘limni talabalar qanday o‘zlashtirganliklari sinab ko‘riladi. Unda o‘qituvchi talabalarga vazifalar beradi. Talabalar savollarga birin-ketin javob beradilar. Javoblar o‘qituvchi tomonidan yakunlanib, umumlashtiriladi va faol ishtirok qilgan talabalar rag‘batlantiriladi.
Kurs ishlari oliy o‘quv yurtlarida oxirgi kurs talabalarini ilmiy tadqiqot ishlari olib borish malakasini hosil qilishga, ma’lum ilmiy xarakterga ega bo‘lgan qisqacha ma’ruza yozishga o‘rganishga chorlaydi. Odatda, kurs ishlari yozishda o‘qituvchi rahbarligida mavzu tanlab olinadi va mavzuga doir reja tuziladi, rejaga asosan kurs ishi yozilib, taqriz qilinadi va o‘qituvchiga topshiriladi. Kurs ishini bajarish jarayonida o‘qituvchi rahbardan muntazam ravishda maslahatlar olib turiladi. Kurs ishlarida talabalar aniq mavzu bo‘yicha mustaqil ravishda tegishli adabiyotlarni o‘qib chiqib, mustaqil fikr yuritadi va kichik muammolarni echib berishga o‘zining hissasini qo‘shadi. Kurs ishlari talabalarning o‘quv-tadqiqot ishlarining asosiy shakllaridan birini tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |