O’rta maxsus ta’lim vazirligi muqimiy nomidagi qo'qon davlat pedagogika instituti boshlang’ich ta’lim kafedrasi tilshunoslikning dozarb masalalari fanidan
Gazeta tilida grammatik me’yor muammolari
Download 1.54 Mb.
|
Tilshunoslikning Majmua yangi
Gazeta tilida grammatik me’yor muammolari
O‘zbek tili bir muncha mukammal grammatik qoidalarga va grammatik normalarga ega bo‘lishiga qaramasdan, bu sohada gazetalarda ko‘plab kamchiliklar yuz bermoqda. Grammatik vositalarni to‘g‘ri qo‘llamaslik oqibatida gazeta materiallarining pishiq-puxtaligi, ravonligi, mazmun-liligi va ixchamligiga ma’lum darajada salbiy ta’sir qilinmoqda. a) Gazeta tilida morfologik me’yorning buzilishi quyidagi hollarda sodir bo‘lgan: 1. Kelishik shakllarini to‘g‘ri ishlata olmaslik. Ularni farqlamaslik, belgili va belgisiz holatlaridan noto‘g‘ri foydalanish, kelishiklarning o‘zaro sinonimiyasidan to‘g‘ri foydalanmaslik, kelishiklarni qo‘llashda shevaning ta’siri. 2. So‘z yasovchi qo‘shimchalarni noto‘g‘ri qo‘llash. 3. Fe’l nisbatlarin farqlamaslik. 4. Affiksal pleonazm. Ayrim jiddiy holatlarni ko‘zdan kechiraylik. 1. Ayrim so‘z yasovchi qo‘shimchalarni ishlatishda qoida-larga e’tibor biroz pastligi sezilmoqda. M.: Katta-katta janjallarni bartaraf qilishda, tunda sandiraqlaydigan bekorchixo‘jalarni yo‘lga solishdi (XS., 25.10.01). Bu so‘zdagi -chi qo‘shimchasi ortiqcha. 2. Tushum va qaratqich kelishiklari qo‘shimchalarini ishlatishda kamchiliklar juda ko‘plab uchraydi. M.:Xayhot, kutilmagan fojia Georgiyni olamdan erta ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi (O‘O., 23.12.99). SHulardan biri oliy ta’limni bakalavr va magistr bosqichlariga bo‘linishi-dir. Boshqa rivojlangan mamlakatlarda har ikkala darajani mehnat faoliyati doirasi maxsus qonunlar bilan belgilab qo‘yilgan, ...xalqimiz asrlar osha e’zozlab kelayotgan milliy urf-odatlar, an’analarimiz, ularni yosh avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati to‘g‘risida ma’ruza qildilar. ...boquvchisining yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga yanada ko‘proq moddiy yordam ko‘rsatiladi (Z.,20.11.01). Gazetaning bir sonidan olingan ushbu misollarda qaratqich kelishigi o‘rnida tushum, oxirgisida tushum o‘rnida qaratqich kelishigi qo‘shimchasi noto‘g‘ri ishlatilgan. Ushbu fanning puxta va mukammal o‘qitishda darsdan tashqari tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar, ko‘rik-tanlovlar, uchrashuvlarning ahamiyati ham katta bo‘lmoqda (XS.,8.11.02). Misolda tushum kelishigi qo‘shimchasi o‘rnida qaratqich kelishigi qo‘shimchasi ishlatilgan. Natijada uslubiy noravonlik hosil bo‘lgan. Ushbu holatni yakuniy 30-turda ham kuzatildi (XS.,5.12.02). Gapda tushum kelishigi qo‘shimchasi ortiqcha qo‘llanilgan. 3. Fe’l nisbatlarini ishlatishda kamchiliklar ham mavjud. M.: Xo‘jalik dasht hududlarni surish uchun 1,2 million so‘mga nasos qurib bitkazildi (Z.,20.11.01). Fe’lning majhullik nisbati noto‘g‘ri ishlatilgan, jumlada uslubiy g‘alizlik hosil bo‘lgan (-il qo‘shimchasi ortiqcha). Ma’lumki, namunaviy nutqqa qo‘yiladigan asosiy talab uning grammatik jihatdan to‘g‘ri bo‘lishidir. Bunda gap tuzish qoidalarini yaxshi bilish va ulardan foydalanish, gapda so‘z va qo‘shimchalar o‘rtasidagi munosabatlarning to‘g‘ri bo‘lishi, ega-kesim mosligi hamda ikkinchi darajali bo‘laklarning bog‘lanishiga e’tibor berish, gapda so‘zlar tartibiga - normal holat va inversiya qoidalariga rioya qilish muhimdir. Ammo nutqda har doim ham sintaktik normalarga amal qilinmayapti128. Gazeta tilida ham sintaktik normaning buzilish hollarini kuzatish mumkin. b) Gazeta tilida sintaktik me’yor buzilishlari quyidagi hollarda yuz bergan: 1. Gapdagi mantiqiy bog‘lanishning buzilishi. 2. Jumla tuzishda so‘zlarni tegishli shaklda ishlata olmaslik. 3. Jumlalarni ortiqcha cho‘zib yuborish va gaplarning bog‘lanishidagi mazmuniy uzilishning sodir bo‘lishi. 4. Sodda gaplarni sun’iy ravishda qo‘shma gap tarkibiga birlashtirish. 5. Gapda so‘z tartibiga - normal holat va inversiya qoidalariga rioya qilmaslik. 6. Jumda tuzishda faqat badiiy uslubga xos elementlardan foydalanish, fikrning aniq ifodalanishiga putur etkazish. Ayrim jiddiy holatlarni ko‘zdan kechiraylik. Bunday holatlar uslubiy me’yorning buzilishi ham hisoblanadi. CHunki gap tuzilishidagi aksariyat holatlar uslubiy g‘alizlikni yuzaga chiqargan. 1. Jumlalarni tuzishda so‘z tartibi, mazmunga salbiy ta’sir qiluvchi holatlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Ayrim materiallar uslubiy kamchiliklarga to‘la, tahrirtalab holda nashr etilmoqda. M.: Kim g‘olib bo‘lar ekan? Bu savolga 28 oktyabr kuni nihoyasiga etadigan «So‘g‘diyona-Hamdo‘stlik kubogi - 2001» xalqaro musobaqasi natijalari yakun yasaydi (XS.,25.10.01). Aslida Savolga yakun yasalmaydi, javob beriladi. Aslida fermer xo‘jaligi yaqindagina, ya’ni 2000 yilda tashkil etilgandi. Lekin xo‘jalik rahbari SH.Qurbonov-ning sa’y-harakatlari bois, qisqa fursatda salmoqli natijalarga erishildi. CHindan ham fermer xo‘jaliklari-ning a’zolari rahbaridan xursand. Qisqasi, «SHuhrat» medali sohibi SHokir Qurbonov yurtimiz iqtisodini rivojlantirishga a’zolari bilan hamkorlikda munosib ulush qo‘shib kelmoqda (Z., 20.11.01). Mazkur jumlalar tahrirtalab, ajratilgan o‘rinlardagi so‘zlar ortiqcha, oxirgi gapda fermer xo‘jaligi birikmasini ishlatish lozim. Quyidagi matnda esa gapning boshi bilan oxiri o‘rtasidagi mantiqiy bog‘lanish buzilgan, natijada uslubiy g‘aliz jumla hosil bo‘lgan: - CHunki viloyatdagi traktorlarning bir qismi dvigatel etishmasligidan mahsulotning xorijga eksport qilinishi va shu orqali yangi texnika olish juda katta yutuq. Bu dehqonga ham, muhandisga ham katta qulaylik yaratadi (XS.,25.10.01). Uchta gapning sun’iy ravishda birlashtirilganligini anchagina mulohazadan so‘ng bilib olish mumkin. 2. Badiiy til elementlari ortiqcha ishlatilgan jumlalar, matnlar miqdori kundan-kunga oshib bormoqda. Matbuot tilining jonliligi, ta’sirchanligini ta’minlashda badiiy uslub vositalarining ahamiyati katta. Lekin ularni gazeta tili talabiga mos holda, me’yorida ishlatmaslik balandparvozlik, sun’iylik, ortiqcha tavsif kabilarni vujudga keltiradi. Quyidagi matnga e’tibor bering. Undagi o‘xshatish va tasviriy vositalar bir qarashda maqolaga ko‘rk bag‘ishlagandek, juda chiroyli badiiy ifoda tanlangan. Lekin aslida bu jumlalar maqolaga zo‘rma-zo‘raki tiqishtirilgan o‘ta badiiy, qisman mantiqsiz jumladan boshqa narsa emasligi aniq ko‘rinadi: G‘o‘za paykallari tugab, qovun-tarvuz ekilgan maydonga chiqdik. Bu maydonlarda ham bironta begona o‘t ko‘zga tashlanmaydi. Jo‘yaklardan bir hovuch ko‘z yoshiday miltirab suv oqib turibdi. Qovun va tarvuz palaklari qirq kokil sanamning sochlariday pushtaga tartib bilan tarab qo‘yilgan. Quyosh ufqqa qaymoq surtilgan shirmon nondek qizarib bota boshladi (XS., 1.09.98). Ushbu satrlar qog‘ozga tushayotganida Navoiy viloyatidan bir mitti xushnasim esib qoldi... (O‘AS.,12.12.97). Bu holat ham gazeta tilida ortiqcha ishlatilgan badiiy til elementi sifatida ko‘rinadi. Download 1.54 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling