3-tajriba. Fol reaksiyasi.
Insulin molekulasidagi 51 ta aminokislota qoldig'idan 6 tasi tarkibida
oltingugurt bo'lgan aminokislota — sisteinga to'g'ri keladi.
Probirkaga 0,5 ml (10 tomchi) insulin eritmasidan quyib, ustiga teng hajmda
Fol reaktividan qo'shiladi va qaynatiladi. 1—2 minutdan so'ng probirkada qo'ng'ir
yoki qora rangli qo'rg'oshin sulfid cho'kmasi hosil bo'ladi.
26. YOG'LARNING FIZIK-XIMIYAVIY XOSSALARI
Yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, yog'lar suvda mutlaqo erimaydi, ammo
oddiy sharoitda spirtda qiyin, issiq spirtda esa yaxshi eriydi. Benzol, efir, xloroform,
benzin va boshqa bir qancha organik erituvchilar yog'lar uchun eng yaxshi erituvchi
hisoblanadi.
Yog'lar suvda erimasdan, u bilan aralashib emulsiya hosil qiladi. Ammo hosil
bo'lgan emulsiya turg'un bo'lmaydi. Agar yog' va suv aralashmasi ustiga ozroq
miqdorda emulgator qo'shib chayqatilsa, turg'un emulsiya hosil bo'ladi. Turg'un
emulsiya hosil bo'lishiga olib keluvchi emulgatorlar uchun misol tariqasida oqsil,
sovun, soda, ishqor eritmalarini ko'rsatish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |