Otajonov shohruxbekning yuridik psixologiya fanidan voqea joyini ko
II.BOB. HODISA JOYINI KO`ZDAN KECHIRISHNING UMUMIY QOIDALARI
Download 75.72 Kb.
|
Otajonov shohruxbekning yuridik psixologiya fanidan voqea joyini
II.BOB. HODISA JOYINI KO`ZDAN KECHIRISHNING UMUMIY QOIDALARI
2.1. Hodisa joyini ko`zdan kechirishga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazish taktikasi Jinoyatni ochish va jinoyatchilarni fosh etishda o`tkaziladigan tergov harakatlari ichida hodisa joyini ko`zdan kechirish alohida o`rinni egallaydi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishning ahamiyati bu tergov harakatining o`ziga xos bo`lgan xususiyatlari bilan bog`liq. Tergovchi voqea sodir etilgan joyda haqiqatdan ham jinoyat sodir etilgan yoki etilmaganligi holati va unga sabab bo`lgan holatlarni aniqlash bo`yicha tergov harakatlari o`tkazadi. Hodisa sodir etilgan joyda ko`p hollarda moddiy iz va boshqa ashyoviy dalil sifatida jinoyatchining izlari qoladi. Bu izlarni va boshqa ashyoviy dalillarni qidirib topish va ularni protsessual qonun asosida ishga qo`shish muhim ahamiyatga egadir. Ushbu ashyoviy dalillar to`plangandan keyin tergovchi sodir etilgan jinoyatni ochish uchun kerakli ma`lumotlarga ega bo`ladi. Hodisa sodir etilgan joyni ko`zdan kechirishda to`plangan ashyoviy dalillar tergovchiga jinoyatni ochish va tergov harakatlarini olib borish imkoniyatini beradi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishning xususiyatlaridan yana biri, tergov harakatini o`tkazishda kriminalistik texnika vositalarini keng miqyosda qo`llashdir. Hodisa joyini ko`zdan kechirishda kiminalistik texnikaviy vositalardan foydalanish jinoyatni o`z vaqtida ochish uchun yordam beradi. Kriminalistik texnika vositalari ko`zga ko`rinmaydigan izlarni qidirib topishda muhim ahamiyatga egadir. Hodisa joyini ko`zdan kechirish, ko`p jinoyatlarni tergashda dastlabki tergov harakati hisoblanib, tergovni to`g`ri tashkil etish, versiyalarni tuzish va ularni tekshirish hamda lozim bo`lgan holatlarni aniqlashga imkon beradi. Hodisa joyini ko`zdan kechirish har bir tergalayotgan jinoyat ishi bo`yicha o`ziga xos xususiyatga ega. Tergovchi ushbu xususiyatlarga binoan o`tkazilayotgan tergov harakatini sodir etilgan muayyan holatga qarab hal etadi. Voqea joyini ko`zdan kechirishda tergovchidan bu sohada mahorat bilan o`z vaqtida tezkor-qidiruv harakatlarini o`zaro hamkorlikda amalga oshirishlikni talab etadi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishning umumiy taktik qoidalari bor. Ularga ko`ra, ko`zdan kechirish obyektiv bo`lishi kerak. Tergovchi jinoyat ishi bilan bog`liq bo`lgan holatlarni har taraflama o`rganib, to`plangan materiallarga obyektiv baho berishi lozim. Tergovchi ish bilan bog`liq bo`lgan ayrim faktlarni, ashyoviy dalillarni ikkinchi darajali dalil deb hisoblashi mumkin emas. Hodisa joyini ko`zdan kechirishni kechiktirmasdan, o`z vaqtida amalga oshirish kerak. Tergovchi jinoiy hodisa sodir etilganligi to`g`risida xabar olgandan keyin darhol hodisa joyiga yetib borishi lozim. Hodisa joyini ko`zdan kechirishga chiqishni kechiktirish, jinoiy hodisa sodir etilgan holat va vaziyatning o`zgarib ketishiga olib kelishi mumkin. Ba`zi jinoyatlar bo`yicha hodisa joyidagi holat uzoq muddatga saqlanib turmaydi. Avtotransport hodisasi, baxtsiz hodisalar bunga misol bo`la oladi. Bundan tashqari hodisa joyiga chiqishni kechiktirish jinoiy ishdan manfaatdor bo`lgan shaxslar tomonidan ashyoviy dalillarning yo`qotilishi yoki voqea holatining o`zgartirilib yuborilishiga olib kelishi, ob-havo yomg`ir, qor va boshqalar ta`sirida ba`zi izlar yo`q bo`lib ketishi mumkin. Noaniq, to`liq bo`lmagan faktik ma`lumotlar ish bo`yicha dalil sifatida foydalanilmaydi. Hodisa joyini ko`zdan kechirish natijasida topilgan va aniqlangan faktlar ish bo`yicha dalil bo`lib hisoblanishi mumkin. Tergovchining asosiy vazifasi ushbu faktlardan jinoyatni o`z vaqtida ochishda foydalanishdan iborat. Ko`zdan kechirishning o`z vaqtida va to`liq o`tkazilishi hodisa joyi holatini to`liq tekshirish va birorta ham ashyoviy dalilning nazardan chetda qoldirmaslikni ta`minlaydi. Tergovchi hodisa joyiga chiqishdan oldin, sodir etilgan jinoyatning xarakterini hisobga olgan holda o`zi va xolislardan tashqari, yana kimlarni ko`zdan kechirishga jalb etish masalasini hal etadi. Jinoyat protsessual kodeksi 138-moddasida “Surishtiruvchi yoki tergovchi murdaning tashqi ko`rinishini u topilgan joyda xolislar va sud-tibbiyot sohasidagi mutaxassis shifokor ishtirokida ko`zdan kechiradi”, deyilgan. Hodisa joyini ko`zdan kechirishda mutaxassislarni jalb etish asosiy e`tiborni o`ziga jalb etadi. Tergovchi ko`zdan kechirishni o`tkazish jarayonida jinoiy hodisa turini hisobga olib (yong`in chiqish bilan bog`liq bo`lgan, yo`l-avtotransport hodisalari va h.k.), tegishli mutaxassislarni ko`zdan kechirish joyiga taklif etishni tashkil etadi. Qoidaga muvofiq mutaxassis tergovchiga hodisa joyini ko`zdan kechirishda yordam berish uchun taklif etiladi. U ko`zdan kechirish ishtirokchisi sifatida tegishli bayonnomani imzolaydi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishda tergovchi tomonidan taklif etiladigan mutaxassislardan kriminalist-ekspert xodimlarga katta e`tibor beriladi, chunki bu mutaxassislar jinoyatni ochishda katta yordam beradi. Ekspert tergovchining topshirig`iga muvofiq maxsus uslublarni qo`llab hodisa joyidagi izlar va boshqa ashyoviy dalillarni qidiradi, aniqlaydi, qayd etadi va ko`chirib oladi, ashyoviy dalillarni olish va joylash (upakovka qilish)da zarur bo`lgan masalalarni hal qilishga yordam beradi. Biroq uning roli texnika vositalarini qo`llash bilan chegaralanib qolmay, hodisa joyini ko`zdan kechirishda tergovchiga amaliy yordam ko`rsatishi mumkin. Kriminalistlar hodisa joyini ko`zdan kechirishdagi harakatlari tergovchi va tezkor-qidiruv xodimlarining harakatlari bilan o`zaro muvofiqlashtirilgan holda olib boriladi. Ko`p hollarda ularning bergan fikrlari jinoyatni ochishda muhim ahamiyatga ega bo`ladi. Masalan, mutaxassis izlar yo`lakchasining elementlarini tahlil qilib, tergovchiga jinoyatchining harakati, qanday yurganligi, yugurganligi, bir joyda turganligi to`g`risida muhim ma`lumot berishi mumkin. Mutaxassis bergan barcha taklif va tavsiyalarni tergovchi maqsadga muvofiq va kerakli deb hisoblab, undan foydalanishi mumkin. JPKning 70-moddasiga muvofiq, mutaxassis o`zining qanday maqsadda chaqirilganligini bilishi, o`zi ishtirok etayotgan protsessual harakatlarga oid ish materiallari bilan tanishib chiqishi va o`zi ishtirok etayotgan protsessual harakatga oid bo`lgan arz va mulohazalarni ma`lum qilishi mumkin. Hodisa joyini ko`zdan kechirishning boshlanish bosqichidayoq ekspert mutaxassis sifatida ishtirok etgan bo`lsa, keyinchalik u ushbu jinoyat ishi bo`yicha ekspert sifatida ishtirok etishi masalasi muhim ahamiyatga ega. JPKning 78-moddasiga muvofiq, ishda mutaxassis sifatida ishtirok etgan shaxs kelgusida ushbu ish bo`yicha ekspert qilib tayinlanishi mumkin. Tergovchi lozim deb topsa, hodisa joyini ko`zdan kechirishda ayblanuvchini, gumon qilinuvchini ham taklif etadi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishda jabrlanuvchi va guvoh ishtirok etishining o`ziga xos xususiyati bor. Ular hodisa sodir bo`lgan holatni o`z ko`zlari bilan ko`rib, idrok etib, bo`lgan hodisani to`g`ri bayon qilib berishlari mumkin. Hatto ular hodisa joyini ko`rsatib, barcha sodir etilgan holatlar to`g`risida aniqroq ma`lumot beradi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazish taktikasi Hodisa joyini ko`zdan kechirish harakatining natijali bo`lishi uchun tergovchi puxta tayyorgarlik ko`rishi lozim, bunday tayyorgarlik keyinchalik ishni muvofaqqiyatli yakunlash imkoniyatini beradi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishga tayyorgarlik ko`rish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tergovchining hodisa joyiga chiqishiga qadar o`tkazadigan tayyorgarlik harakatlari, ikkinchisi, tergovchining hodisa joyiga borgandan keyin o`tkazadigan tayyorgarlik ishlari. Birinchi bosqichda tergovchi quyidagilarni amalga oshiradi: 1) Hodisa joyidagi jabrlanuvchilarga yordam berish chorasini ko`rishi, hodisa joyida tartib o`rnatish masalalarini hal etishi kerak. Bosqinchilik, talonchilik, o`t qo`yish va h.k. jinoyatlarning sodir etilishi to`g`risidagi xabarni olgan tergovchi, darhol hodisa joyini ko`zdan kechirishga chiqishi va tezkor-qidiruv harakatlarini o`tkazishning tadbirlarini ko`rishi lozim. 2) Tergovchining hodisa sodir etilgan joyga yetib borishiga juda qisqa muddat talab etilsa, hodisa joyida ishtirok etish uchun tergovchi ichki ishlar organlariga hodisa joyiga zudlik bilan yetib borish to`g`risida xabar beradi. Tergovchining hodisa sodir bo`lgan joyga o`z vaqtida yetib kelishida masofaning uzoqligi, transport vositasi bo`lmaganligi sababli u militsiya xodimlariga tegishli ko`rsatma berishi mumkin. Tergovchi ularga quyidagi topshiriqlarni beradi: a) Hodisa joyini qo`riqlash, hech kimni hodisa joyiga kiritmaslik; b) Hodisa joyidagi ashyoviy dalillarni qo`riqlash; v) Hodisa joyidan topilgan izlarni qayd etishda ahamiyatli bo`lgan holatlarni aniqlash; g) Hodisa sodir etilgan vaqtda hozir bo`lgan shaxslarni aniqlash va tergovchi yetib kelgunga qadar bo`lib o`tgan holatlarni ular orqali aniqlash; d) Tergovchi jinoyat sodir etilganligi to`g`risida xabar olishi bilan jinoyatni sodir etgan shaxs to`g`risida ham ma`lumot olsa, darhol uni qidirib topish to`g`risida militsiya xodimlariga topshiriq berishi lozim. ye) Tergov chemodanining to`liqliligini tekshirish. Tergovchi hodisa joyiga chiqishdan oldin tergov chemodanida barcha asbob-uskunalarning borligini tekshirib ko`radi. Ko`p hollarda tergov chemodanida hodisa joyini ko`zdan kechirish uchun zarur bo`lgan ba`zi texnikaviy vositalar (zaryadka qilingan fotokasseta, daktiloplyonka va poroshoklar) bo`lmasligi mumkin. Shu bois tergov chemodanini yetishmaydigan texnika vositalari bilan to`ldirish lozim. Zarur hollarda qo`shimcha qidiruv texnikaviy vositalarni, masalan, metalldan yasalgan predmetlarni qidirib topish uchun mo`ljallangan texnika vositalarini hozirlashi zarur. Tergovchilarning ixtiyoridagi tergov chemodani quyidagi bo`limlardan iborat: Birinchi bo`lim izlar bilan ishlash uchun mo`ljallangan bo`lib, barmoq izlari, oyoq izlari, transport va buzish qurollaridan qoladigan izlarni qidirib topishda, qayd etish va olishda foydalaniladigan vositalarni o`z ichiga oladi. Bu bo`limda turli poroshoklar, selikon pastasi, K-18, daktiloplyonkalar, gips, daktiloskopik chyotka kabi texnika vositalari bo`ladi. Ikkinchi bo`limda bayonnoma, turli sxemalar, hodisa joyining rejasini tuzish uchun zarur predmetlar bo`ladi. Uchinchi bo`lim, hodisa joyidan topilgan ashyoviy dalillarni suratga olish, o`lchash uchun mo`ljallangan vositalardan iborat. To`rtinchi bo`lim, ashyoviy dalillarni qidirib topish uchun foydalanadigan asbob-uskunalar bo`limi bo`lib, unda metall predmetlarni qidirish, ko`milgan murdalarni topish uchun mo`ljallangan, tokni o`lchash indikatori va shu kabi vositalar bo`ladi. Tergov chemodanida mavjud bo`lgan bu texnika vositalari hodisa joyini ko`zdan kechirishda ashyoviy dalillarni qidirib topish va olishda keng ko`lamda foydalaniladi. 3) Hodisa joyiga chiqqunga qadar tergovchi murdani o`likxonaga olib borish, shuningdek, turli buyumlar, ashyoviy dalillarni olib ketish uchun zarur bo`lgan transport vositasini hozirlash chorasini ko`rishi, prokuratura, ichki ishlar organlari bilan hamkorlik qilishi zarur. Tergovchi hodisa joyiga chiqgunga qadar boshqa tayyorgarlik ishlarini ham amalga oshirishi lozim. Hodisa joyiga borgandan keyin tergovchiga hodisa joyini ko`zdan kechirishga kirishishdan oldin ba`zi tayyorgarlik ishlarini o`tkazishga to`g`ri keladi. Jumladan, hodisa joyidagi izlar, predmetlar va boshqa ashyoviy dalillarni qo`riqlash to`g`risida militsiya xodimlariga berilgan tegishli topshiriqlarning bajarilganligini tekshirib ko`rishi, mabodo bu topshiriq bajarilmagan bo`lsa, tergovchi bu masalani zudlik bilan hal etishi lozim. Ba`zi vaqtlarda hodisa joyini ko`zdan kechirishga kirishishdan oldin hodisa joyidan topilgan turli moddiy izlar va boshqa ashyoviy dalillarni qo`riqlash, agar yomg`ir, qor yog`ayotgan bo`lsa, ularning ustini yopish choralarini ko`rish, hodisa joyini ko`zdan kechirish ishtirokchilarini huquq va majburiyatlari bilan tanishtirish, ular qayerda turishi va qanday harakatlarni bajarishi lozimligi to`g`risida ko`rsatma beradi. Shu bilan birgalikda tergovchi hodisa joyida to`satdan ayblanuvchi yoki gumon qilinuvchining paydo bo`lib qolishi va ularga hujum qilib qolish xavfining ham oldini olish chorasini ko`rib qo`yishi lozim bo`ladi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishdan oldin tergov harakati ishtirokchilariga tergovchining ruxsatisiz bironta ham harakat qilmasliklarini tushuntiradi. Agar hodisa ochiq joyda yuz bergan bo`lsa, tergovchi hodisa joyini ko`zdan kechirishga uning chegarasini belgilab olgandan keyin kirishadi. Ko`zdan kechirish statik va dinamik uslublarda amalga oshiriladi. Hodisa joyini statik usulda ko`zdan kechirish deganda, hodisa joyi to`liq va ayrim topilgan ashyoviy dalillar ko`zdan kechirish vaqtida qanday holat va qanday ko`rinishda bo`lsa, ularni shu holatda, o`zgartirmasdan ko`zdan kechiriladi. Ko`zdan kechirish ishtirokchilari ham hodisa holatini yoki ashyoviy dalillarni dastlabki holatini o`zgartirishi mumkin emas. Bu uslub hodisa joyidagi ashyoviy dalillar va izlarning o`rni va joylashishi, turli obyektlar tavsifini (murdaning umumiy holati, qon izlari shakli va h.k.) qayd etish imkoniyatini beradi. Hodisa joyini dinamik uslub asosida ko`zdan kechirishda hodisa joyi batafsilroq tekshiriladi. Masalan, kvartirada sodir etilgan qotillik jinoyati bo`yicha bunday qismlarga bir yoki bir necha xonalarda jinoyatchi buzib kirgan eshik, buzish quroli, murda va qon izlari, qimmatli buyumlar saqlangan mebellarning sindirib ochilgan joyi, sigareta qoldiqlari, pol yoki eshik va romlarda qoldirilgan oyoq va qo`l izlari hisoblanishi mumkin. Hodisa joyini ko`zdan kechirishda har bir predmet-obyekt takroran tekshirilmasligi uchun avval statik, so`ng dinamik usul bilan tekshirilishi va ishga ahamiyatli bo`lgan boshqa predmetlar esa nazardan chetda qolib ketmasligi lozim. Bunday xatoliklarga yo`l qo`ymaslik uchun markazdan chetga yoki chetdan markazga harakat qilib ko`zdan kechirishni o`tkazish lozim. Agar hodisa joyida jinoyatchi ochgan seyf va murda mavjud bo`lsa, ko`zdan kechirishni markazdan, ya`ni o`sha obyektlardan boshlab keyin chetga, atrofga qarab harakat qilgan ma`qul hisoblanadi. Bunday vaqtlarda tergovchi markazdan chekkaga qarab harakat qilganda, qanday izlar ish uchun ahamiyatli, qanday predmetlarni qidirib topish zarurligini biladi. Agar hodisa joyining markazi, masalan, o`g`irlik sodir etilgan binolar bo`lsa, bunday vaqtlarda ko`zdan kechirishni jinoyatchining kirish-chiqish joyidan, transport vositasining izlari va buzish qurollaridan qolgan izlarni ko`zdan kechirishdan boshlash ma`qul. Undan keyin bino eshigini buzishdan qolgan izlarni ko`zdan kechirish va jinoyatchilar o`g`irlik sodir etgan joyga o`tish va uni ko`zdan kechirish maqsadga muvofiq bo`ladi. Bunday vaqtlarda tergovchi jinoyatchilarning hodisa joyidagi harakat qilish navbatini aniqlab olish imkoniga ega bo`ladi. Tergovchi bir izdan keyingisiga o`tib, hodisa joyi markaziga yaqinlasha borib, bo`lgan ashyoviy dalillarni yig`ib boradi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishni unga umumiy tafsil berishdan boshlash kerak. Bunda joydagi holat: kirish-chiqish yo`llari ochiq-yopiqligiga, bino ichidagi jihozlar qanday holatda ekani turganligiga ahamiyat berish lozim va shu asosda jinoiy harakatni sodir etilishi usullari haqida ma`lumot olish mumkin. Ba`zi vaqtlarda hodisa joylari ochiq joylar, cho`l, odam yashamaydigan imorat bo`lishi ham mumkin. Bunday holatda hodisa joyi birin-ketin ko`zdan kechiriladi. Hodisa joyini ko`zdan kechirish cho`zilmasligi lozim. Bu harakatlar hodisa joyini batafsil ko`zdan kechirishda amalga oshiriladi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishda tergovchi voqea joyini ko`zdan kechirish ishtirokchilari o`rtasida bajariladigan vazifalarni taqsimlab olishi kerak. Hodisa joyini ko`zdan kechirishda unda ishtirok etayotgan tezkor xodimlarga kechiktirib bo`lmaydigan va zudlik bilan amalga oshirilishi lozim bo`lgan topshiriqlar ham berishi mumkin. Izquvar itdan foydalanish shular jumlasiga kiradi. Unga hodisa joyidan qochib ketayotgan jinoyatchini tutib keltirish kabi topishiriqlarni berish mumkin. Hodisa joyini chegarasi belgilangandan so`ng tergovchi joyning umumiy holatini fotosuratga tushiradi va undan keyin hodisa joyini bevosita ko`zdan kechirishga o`tadi. Hodisa joyini umumiy ko`zdan kechirish bilan birga uning ayrim uchastkalarini va har bir obyektni alohida-alohida ko`zdan kechirish kerak. Har bir ashyoviy dalilning qayerda turganligini, topilgan predmetlarni individual xususiyatlarini, hajmini, uning holatini shunga o`xshash bo`lgan o`ziga xos belgilarini aniqlash lozim bo`ladi. Hodisa joyida turli izlar qolgan bo`lishi mumkin. Ko`zdan kechirishda topilgan barcha izlar, oyoq izlari, qo`l izlari, buzish qurollaridan qoladigan izlar va boshqa izlarni bayonnomada qayd etish lozim. Agar hodisa joyida bitta iz qoldiruvchi obyektdan bir-biriga o`xshash bo`lgan bir qancha iz qoldirilgan bo`lsa (tuflidan, transport g`ildiraklaridan va h.k.) o`zining individual belgilari bilan aniq ko`rinib turgan bitta izdan ko`chirma nusxa olinsa yetarli. Jinoyat protsessual qonunida izlar ashyoviy dalil sifatida keng ma`noda talqin qilinadi, hodisa joyidan topilgan har qanday iz hozirgi zamon ilmiy-texnikaviy vositalar yordamida qayd etilib, jinoyatni ochishda katta yordam beradi. Ilgaridan amaliyotda ma`lum bo`lgan ayrim ashyoviy dalillarni tekshirish, jumladan, hujjatlarni kriminalistik texnika asosida ko`zga ko`rinmaydigan (infraqizil, ultrabinafsha) nurlar yordamida tekshirish katta daliliy ahamiyatga egadir. Qon izlari, odam organizmidan chiqadigan turli moddalar, murdadagi har xil izlar jinoyat ishi bo`yicha ashyoviy dalil sifatida foydalaniladi. Hozir bunday izlar fizik, kimyoviy, biologik va texnikaviy vosita va metodlar asosida tekshirilib, qotillik jinoyatini o`z vaqtida ochishga, tanadagi jarohatlarning darajasini aniqlashga katta yordam bermoqda. Masalan, hodisa joyidan topilgan papiros, sigaret qoliqlaridagi so`laklarni tekshirish natijasida hodisa joyida jinoyatchilarning qancha vaqt bo`lganligi va ularning soni to`g`risida biron bir fikr yuritilgan bo`lsa, hozir esa ushbu papiros qoldiqlarida mavjud bo`lgan so`laklarni tekshirish orqali qon guruhini va hatto odamning jinsini ham aniqlash mumkin. Hodisa joyida qoldirilgan barmoq izlarini, ayniqsa ko`zga ko`rinmaydigan izlarni qidirib topish usullari va texnikaviy vositalar, uzluksiz ravishda takomillashtirilib borilmoqda. Har qanday noqulay sharoitda ham bunday izlarni qidirib topish uchun zarur vositalar tergov chemodanida mavjuddir. Shuni nazarda tutish lozimki, ko`zga ko`rinmaydigan barmoq izlarini ma`lum vaqt o`tib ketganligi sababli poroshoklar yoki yod bug`i yordamida qidirib topish ancha qiyinchilik tug`dirishi mumkin. Bunday vaqtlarda barmoq izlarini qidirib topish va qayd etishda auditografik usuldan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Bu usulning mohiyati shundaki, ko`zga ko`rinmaydigan barmoq izi bor deb taxmin etilgan predmet radiaktiv suyuqlik yordamida ishlanadi. Bu suyuqlik barmoq izi bor bo`lgan joyga, iz yo`q joyga nisbatan mustahkam yopishadi, undan keyin barmoq izi yo`q bo`lgan joylardagi radioaktiv suyuqliklar olib tashlanadi va topilgan barmoq izi rentgen plyonkasiga ko`chirib olinadi. Auditografik usuldan foydalanish ayrim materiallarda qoldirilgan ko`zga ko`rinmaydigan barmoq izlarini qidirib topish va qayd etishda sezilarli natijalarga erishish imkonini beradi. Hozirgi vaqtda izlarni qidirib topish va qayd etishda har xil poroshoklar, gips, plastilin va boshqa vositalardan keng ko`lamda foydalanilmoqda. Lekin bu vositalar botiq izlarning mikrorelfini o`zida yaxshi aks ettirish hususiyatiga ega emas. Bunday izlarni qayd etishda hozir “K-18” selikon pastasi keng qo`llanilmoqda. Uning yordamida har qanday noqulay sharoitda ham izdan yaxshi nusxa olsa bo`ladi. “K-18” pastasi izga quyiladi va qotgandan keyin izdan olinadi. Agar vertikal holatda turgan (eshik, devor va h.k.) obyektlardan nusxa olish lozim bo`lib qolsa, pasta quyuqroq ravishda tayyorlanishi lozim, chunki u tik turgan obyektdagi izga yopishtiriladi. “K” pastasi izlarni qayd etishda qo`llaniladigan eng qulay vosita hisoblansa-da, ba`zi kamchiliklardan ham xoli emas. Uning yordamida past haroratli ob-havo sharoitida izlardan nusxa olib bo`lmaydi, chunki bunday sharoitda u tez qotmaydi. Shu sababli qorda qolgan izlardan uning yordamida nusxa olib bo`lmaydi. Kriminalistik texnikada past temperatura sharoitida ham nusxa olish uchun mo`ljallangan vosita mavjud. Bu texnikaviy maqsadlarda ishlatiladigan selikon katalizator (SKTN) vositasidir. SKTN ham “K” pastasidek katalizator bilan aralashtirilib zarur qorishma tayyorlanadi. Agar qorda qolgan izdan nusxa olish zarur bo`lsa, quyuqroq holdagi qorishma tayyorlanadi, agar qumda qolgan izdan nusxa olish zarur bo`lsa suyuqroq qorishma tayyorlanadi va izga qo`yiladi. Quruq sementda, unda, tuproqda qolgan izlardan nusxalar olishda bir oz qiyinchilik tug`iladi. Bunday iz bo`lgan obyekt bilan birga olish qiyin, undan nusxa ham olib bo`lmaydi. Bunday sharoitlarda perxlorvinil smolasi (yelimi)dan foydalanish tavsiya etilgan. Perxlorvinil smolasi oq rangli poroshok bo`lib, u atsetonda suyultirilib pulvirizator yordamida izga sepiladi, u qotgandan keyin ko`chirilib olinadi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishda transport vositalaridan qoladigan izlarni diqqat bilan ko`zdan kechirish lozim. Hatto juda mayda ashyoviy dalillar ham nazardan chetda qolmasligi kerak. Jumladan, hodisa joyidan topilgan avtomobildan tushib qolgan bir tomchi moy emisson spektral analiz usulida olib borilgan tekshiruv natijasi, ushbu moynnig transport vositasining qaysi qismiga tegishli ekanligini va hatto transport vositasining shu moy bilan taxminan necha kilometr yurganligini ham aniqlashga imkon beradi. Yuqorida qayd etilgan tavsiyalar shuni ko`rsatadiki, hodisa joyidan izlarni qidirib topish va olish uchun hozirgi vaqtda yetarli darajada ilmiy-texnikaviy vosita va metodlar mavjud bo`lib, ulardan samarali ravishda foydalanilmoqda. Tabiiyki, kriminalistika texnikasining tez rivojlanib borishi, kelajakda hodisa joyini ko`zdan kechirishda qo`llanilayotgan ilmiy-texnikaviy vositalardan faqat ekspertiza tekshiruvini o`tkazishda foydalaniladi. Bu texnikaviy vositalar bevosita hodisa joyida ko`zdan kechirishni o`tkazish jarayonida tezkor maqsadlarda tekshirish o`tkazish imkoniyatini bermaydi. Shu boisdan ham yangi ilmiy-texnikaviy vositalardan hodisa joyini ko`zdan kechirishni o`tkazishda foydalanishni har qanday tergovchilar tomonidan o`tkaziladigan oddiy tekshirishlar, o`lchashlar bilan birgalikda amalga oshirilishini inobatga olinishi taqozo etiladi. Izlarni qayd etishda foydalaniladigan yangi texnikaviy vositalar hodisa joyini ko`zdan kechirishda tergovchi tomonidan bajariladigan vazifalarni amalga oshirishga to`sqinlik qilmasligi kerak. Hodisa joyidan topilgan oyoq izlari muhim holatlarni aniqlashga yordam berishi mumkin. Turar joylarda jinoyatchilarning oyoqlaridan ko`pincha yuzaki izlar hosil bo`ladi. Bunday izlar jinoyatchilarning ifloslangan poyabzallaridan qoladi. Hodisa joyida jinoyatchilardan ko`p iz qoldirilgan bo`lsa, jinoyat ishtirokchilarining soni to`g`risida fikr yuritish imkoniyatini beradi. Hodisa joyida topilgan bitta oyoq izi ham jinoyatni o`z vaqtida ochish uchun foydalaniladi. Tergovchi hodisa joyini ko`zdan kechirishda hodisa sodir etilgan joyning har bir bo`lagini ko`zdan kechirishi lozim. Ba`zi vaqtlarda jinoyatchilar oyoq izlarini kutilmagan joylarda (peshtoq ortida, un qop ustida va h.k.) qoldirishi mumkin. Shuni e`tiborga olib, tergovchi jinoyatchining voqea joyidagi harakat yo`nalishini aniqlab olishga harakat qilib, uning poyabzalidan qolgan izlarni qidirib topishi kerak. Hodisa joyini diqqat va sinchkovlik bilan ko`zdan kechirgan tergovchi jinoyatchining oyog`idan qoldirilgan izlarni albatta topadi. Hodisa joyida bir xil tagcharmli poyabzaldan bir necha iz qoldirilgan bo`lsa, ularning yaxshi ko`rinib turganlarining bittasidan gipslik nusxa olinsa yetarli bo`ladi, agar turli tag charmli poyabzallardan ko`p sonli iz qoldirilgan bo`lsa, ularning har biridan nusxa olinishi lozim. Hodisa joyidan topilgan oyoq izini o`lchash asosida poyabzalning razmerini, iz qoldirgan shaxsning jinsini, bo`yini va harakat yo`nalishini aniqlash mumkin. Hodisa joyidan topilgan oyoq izlari va izlar yo`lakchasi suratga olinishi va bayonnomada uning barcha xususiyatlari qayd etilishi lozim. Izlar yo`lakchasini, ayniqsa qorda qolgan izlarni suratga olish bir muncha qiyinchilik tug`diradi. Shuning uchun izlar yo`lakchasini to`liq qayd etib, ularning millimetrlik qog`ozda chizmasi ilova etilgani ma`qul. Hodisa joyidan topilgan izlarni iloji bo`lsa iz qabul qilib olgan predmet bilan, qog`ozda qolgan ko`zga aniq ko`rinib turgan barmoq izlarini to`liq obyekt bilan birga olinib yoki buzish qurolidan iz mavjud bo`lgan arralab kesib olingan taxta bo`lakchasi, avtomobil shinasining protektoridan, kiyimda qolgan iz o`sha kiyim bilan birga olinib ishga tikib qo`yiladi. Biroq hamma vaqt ham iz qabul qilib olgan obyektni iz bilan birga hodisa joyidan olish imkoniyati bo`lmaydi. Masalan, temir shkafda, qumda, devorlarda qolgan izlarni qabul qilgan obyekt bilan birga olib bo`lmaydi. Bunday vaqtlarda tergovchi yuqorida aytib o`tilgan usullarni qo`llab ulardan nusxalar ko`chirib oladi. Hamma vaqt ham iz hosil qilgan obyektning barcha individual belgilarini fotosuratda, nusxada, chizmada aniq ifoda ettirib bo`lmaydi. Shuning uchun iz qabul qilgan predmetni iz bilan birgalikda olib ishga qo`shib qo`yish ma`qul hisoblanadi. Hodisa joyidan topilgan ashyoviy dalillar va izlarning daliliy ahamiyatga ega ekanligi nuqtai nazaridan qaralganda, ularni haqiqatdan ham hodisa joyini ko`zdan kechirishda topilganligi faktini isbotlovchi hujjat - hodisa joyini ko`zdan kechirish bayonnomasi hisoblanadi. Izlarning hodisa joyidan olinganlik faktini isbotlovchi boshqa holatlarga izlar va ashyoviy dalillarni hodisa joyidan topilgan ko`chirma nusxalarga birka qo`yilib, uning protsessual jihatdan rasmiylashtirish, ya`ni birkaning tergovchi va xolislar tomonidan imzolanishi va nusxa olingan vaqt ko`rsatilishi kiradi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishning muhim vazifalaridan biri negativ holatlarni aniqlash va qayd etish hisoblanadi. Hodisa joyidagi negativ holat deganda, ikki turdagi fakt tushuniladi. Birinchidan, hodisa joyida bo`lishi lozim bo`lgan, lekin ularning yo`qligidan dalolat beruvchi fakt. Masalan, hodisa joyida osib o`ldirilganlik belgilari mavjud bo`lgan murda topildi. Lekin murda yonida ip, arqon yoki osib o`ldirish uchun xizmat qilishi mumkin bo`lgan birorta ham predmet yo`qligi, o`g`irlik sodir etilgan do`kon eshigi yonida qulf yotibdi, qulfning halqasi arra bilan kesilgan, lekin eshik oldida hech qanday metall qirindisi yo`q yoki hodisa joyida kesish qurollaridan hosil bo`lgan jarohat mavjud, hodisa joyida esa hech qanday qon izlari yo`q. Bunday holat kriminalistikada negativ holat deb yuritiladi. Birinchi holatda qotillik jinoyati boshqa joyda sodir etilib, murdani u topilgan joyga olib kelib tashlangan degan versiya yuritilishi mumkin, ikkinchi holatda esa o`g`irlik jinoyatining sodir etilishi boshqa jinoyat belgilari niqoblangan, degan fikrga kelinishi mumkin. Negativ holatlarning ikkinchi turiga bir-biri bilan qarama-qarshi bo`lgan holatlarning mavjudlik fakti kiradi. Hodisa joyini ko`zdan kechirishda barcha negativ holatlar aniqlanishi va bayonnomada qayd etilishi lozim. Ular keyinchalik jinoyatni ochishda va jinoyatning niqoblanishidan dalolat beruvchi alomatlar aniqlanishida muhim dalil bo`lib xizmat qilishi mumkin. Ba`zi vaqtlarda hodisa joyini ko`zdan kechirishda qotillik jinoyatining sodir etilganligini ko`rsatuvchi belgilar, turli predmetlar topilishi mumkin (masalan, qonli bolta, qon izi bor kiyim va h.k.). Tergovchining asosiy vazifasi texnikaviy vositalar yordamida murdani qidirib topishdan iborat. Hodisa joyidan murdaning topilishi ayrim xususiyatlarga ega. Bunday xususiyatlarga ko`zdan kechirish obyektlarini aniqlash kiradi. Voqea joyidan murdaning topilishida ko`zdan kechirish obyektlari bo`lib quyidagilar hisoblanadi: 1) murda, uning holati va kiyimi; 2) murdaning yotgan joyi; 3) murda bilan bog`liq bo`lgan iz va ashyoviy dalillar; 4) jinoyat qurollari. Murdaning tashqi qiyofasini ko`zdan kechirish mutaxassis ishtirokida amalga oshiriladi. Murdani ko`zdan kechirishni kechiktirish mumkin emas, chunki murdaning o`zida ham, voqea joyida, izlarda ham o`zgarish sodir bo`lishi mumkin. Voqea joyini qo`riqlash chorasi ko`rilishi lozim, aks holda ishdan manfaatdor bo`lgan ayrim shaxslar tergovchi voqea joyiga yetib kelgunigacha murdani boshqa joyga ko`chirishi, kiyimlarini to`g`rilab qo`yishi mumkin. Murdani hodisa joyida ko`zdan kechirishning to`liq va har taraflama bo`lishini ta`minlash maqsadida amaliyotda ishlab chiqilgan ko`zdan kechirish bosqichlarining ketma-ketlik prinsipiga rioya etilishi kerak. 1) Ko`zdan kechirishni murdani yotgan joyini aniqlashdan boshlash lozim. Murdani yotgan joyi, uning atrofida mavjud bo`lgan predmetlarga nisbatan qayd etiladi. YA`ni u xonada yotgan joyini devordan, deraza va eshikdan qancha masofada ekanligini o`lchash bilan aniqlanadi va qayd etiladi. Agar murda ochiq joyda yotgan bo`lsa, uning yotgan joyi yaqinroq bo`lgan obyektlarga (ko`prik, daraxt, devor va h.k.) nisbatan o`lchash yo`li bilan aniqlanadi. 2) Murdani ko`zdan kechirishning keyingi bosqichi murdaning holatini o`rganish hisoblanadi. Murdaning yotgan holati jinoyatni tergashda muhim ahamiyatga ega bo`lishi mumkin. Murdaning holati deganda, uning yotganligi, osig`liq turganligi, o`tirganligi hamda ayrim qismlarining holati, ya`ni oyoq qo`llari, kallasi va tanasining qanday holatda ekanligi tushuniladi. 3) Murdani ko`zdan kechirishda muhim bosqichlardan biri uning kiyimini ko`zdan kechirish va qayd etish hisoblanadi. Murdani ko`zdan kechirish o`tkazilgandan keyin u sud-tibbiy ekspertizasini o`tkazish uchun yuboriladi. Ekspertiza o`tkazilgandan keyin kiyimlar tergovchiga qaytariladi. Lekin murdaning kiyimlari voqea joyining o`zidayoq batafsil ko`zdan kechiriladi. Kiyimlar ko`zdan kechirilayotganda kiyimning barcha predmetlari (tugma, cho`ntaklar va hk.) hatto ichki kiyimlari ham diqqat bilan ko`zdan kechirilishi lozim. Kiyimlar ko`zdan kechirilayotganda jinoyatning sodir etilishi bilan bog`liq bo`lgan barcha o`zgarishlari (qon, sperma izlari, turli dog`lar) bayonnomada to`liq qayd etilishi shart. Agar murdadagi kiyimning ayrim qismlari yulib olingan bo`lsa, jumladan, pidjagining bir qo`li yo`q bo`lsa, tugmalaridan ayrimlari bo`lmasa, bu holat bayonnomada qayd etilishi kerak, chunki ular keyinchalik gumon qilinuvchidan topilib qolishi ham mumkin. 4. Murdani tashqi ko`zdan kechirish, uning umumiy belgilaridan (jinsi, yoshi, bo`yi, gavda tuzilishi) tashqari jinoiy hodisa bilan bog`liq bo`lgan maxsus belgilarni (badanidagi ko`kargan, kesilgan, singan jarohat belgilari, buzishdan qolgan jarohatlari va boshqa alomatlarni) ham o`z ichiga oladi. Yuqorida qayd etilganidek, murda uning holati va kiyimini ko`zdan kechirilgandan keyin murda yotgan joy ko`zdan kechiriladi. Murda yotgan joyning umumiy holati, voqea joyining to`liq xarakteristikasi (aholi punkti, dam olish bog`ining aniq qismi, ko`lning aniq qirg`og`i va h.k.) bilan birga murda yotgan joyning to`liq tasviri (yo`lning ayrim qismi, chuqurlik joy, temir yo`lning aniq qismi va h.k) ham bayonnomada batafsil yoritilishi lozim. Bu holatlarning aniq ifoda etilishi jinoyatni o`z vaqtida ochishga katta yordam beradi. Ba`zi vaqtlarda murdaning yotgan joyi ish uchun ahamiyatga ega bo`lgan holatlarni aniqlashga yordam berishi ham mumkin. Masalan, murdani temir yo`l relsining yonidan topilishi murda ketayotgan poyezddan tashlab yuborilgan yoki odam vagondan yiqilib tushib o`lgan yoxud qotillik boshqa yerda sodir etilib, go`yo jinoyat yuz berganday ko`rsatish maqsadida temir yo`l relsiga tashlab ketilgan degan versiyalar yuritishga sabab bo`lishi mumkin. Shuning uchun ham tergovchi murda topilgan joyni qotillik jinoyatini sodir etganligini ko`rsatuvchi barcha holatlarga va jinoyat murda topilgan joyda emas, boshqa joyda sodir etilib, bu yerga olib kelib tashlanganligini ko`rsatuvchi holatlarga (qonning yo`qligi va h.k.) alohida e`tibor berishi lozim. Murda bilan bog`liq bo`lgan izlarga qo`l, oyoq, tish va tirnoq izlari kiradi. Ba`zi vaqtlarda jabrlanuvchi qarshilik ko`rsatish natijasida ayblanuvchining badanida tish va tirnoq izlarini qoldirishi, aksincha qotil jabrlanuvchining kiyimida, tanasida ayrim izlar (qon, sperma kabi moddalar) qoldirishi mumkin. Amaliyotda murdaning kamar tugmasida qotilning barmoq izi qoldirilganligi, jabrlanuvchining barmoq izi ayblanuvchining ko`zoynagida qoldirganlik holatlari bo`lgan. Hodisa joyini ko`zdan kechirishning umumiy masalalaridan yana biri, qanday iz va ashyoviy dalillarni jinoyatchi hodisa joyida qoldiradi va qanday iz, predmetlar, mikrozarrachalarni o`zi bilan olib ketishi mumkin kabi masalalar jinoyatning sodir etilish xusususiyatlarini hisobga olgan holda murdani ko`zdan kechirishda hal etilishi mumkin. Agar jabrlanuvchi sovuq qurol bilan yetkazilgan jarohat natijasida o`lgan bo`lsa, jinoyatchining kiyimida, poyabzalida qon izlari qolishi mumkin. Agar qotillik jinoyatini sodir etish uchun jinoyatchi devorni yoki eshik va derazani buzib kirgan bo`lsa, jinoyatchining kiyimida tuproq yoki oyna siniqlari qolishi mumkin. Hodisa joyida bo`lishi mumkin bo`lgan ko`pchilik izlar va ashyoviy dalillarni jinoyatchining o`zida topish, aksincha undan hodisa joyida ham iz va ashyoviy dalillar qolishi mumkin. Masalan, oyoq, qo`l izlari, jinoyatni sodir etishda foydalanilgan qurollarni, shaxsiy buyumlarni (dastro`mol, papiros qoldig`i, taroq, gugurt siniqlari va h.k) qoldirib ketishi mumkin. Murdani ko`zdan kechirishda hodisa joyi holatini diqqat bilan o`rganish lozim bo`ladi. Voqea joyi holati deganda u yerda aniqlangan barcha holatlar yig`indisi tushuniladi. Barcha faktlarni umumlashtirgan holda ko`rib chiqish tergovchiga ish bo`yicha yangi faktlarni aniqlashga yordam beradi. Bu vaziyat va holatlar tergovchining professional mahoratini namoyish etishida ma`lum bo`ladi. O`qotar qurollarni qo`llash tufayli qotillik jinoyati sodir etilganlik belgilari aniqlangan hollarda tergovchi hodisa joyidan o`q va gilzalarni topish choralarini ko`rishi lozim, zaharlanib o`lganlik belgilari mavjud bo`lgan holatlarda esa hodisa joyidan zaharli moddalarning qoldiqlari, zaharli modda olib kelingan idish turli o`rash vositalari kabilarni topish choralarini ko`rish lozim. Tergovchinig asosiy vazifalaridan biri hodisa joyini ko`zdan kechirishni to`liq o`tkazish va uning natijalaridan samarali foydalanish hisoblanadi. Lekin tergov amaliyotlarida bunga ba`zan erishilmaydi. Buning sababi turlicha: birinchidan, tergovchining yetarli bilimga va tajribaga ega emasligi va kriminalistik texnikaviy vositalari bilan to`liq ta`minlanmaganligi, ikkinchidan, ob-havo sharoitining noqulayligi, uchinchidan, hodisa joyidan topilgan dalillarga ahamiyat bermaslik hisoblanadi. Download 75.72 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling