Oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi
Download 0.6 Mb.
|
1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon – 2022-fayllar.org
- Bu sahifa navigatsiya:
- 5. Hayotiy-maishiy ertaklar. 1. Ertak termini va unga muqobil atamalar.
8-MAVZU. XALQ ERTAKLARI
Reja: 1. Ertak termini va unga muqobil atamalar. 2. O‘zbek ertakchilari va ularning ijrochilik an’analari. 3. Hayvonlar haqidagi ertaklar. 4. Sehrli-fantastik ertaklar. 5. Hayotiy-maishiy ertaklar. 1. Ertak termini va unga muqobil atamalar. Ertak epik turga mansub qadimiy janrlardan biri bo‘lib, xalq orasida g‘oyat keng tarqalganligi, asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlar, xalq turmush tarzi, an’analari va urf-odatlarini o‘ziga xos tarzda epik talqin qiladigan, asosan, professional ijrochilar – ertakchilar tomonidan nasriy usulda og‘zaki tarzda hikoya etish orqali ommalashishi, yaxlit poetik tizim sifatida shakllanganligi, o‘ziga xos badiiy struktura va motivlar tarkibiga egaligi, hayotiy voqelikni xayoliy uydirma, fantastik talqin orqali ifoda etishi bilan xarakterlanadi. Ertak folklorning afsona, rivoyat, naql, latifa singari janrlariga yaqin turganligi sababli folklorshunoslikda bu tip xalq ijodi namunalari «xalq nasri janrlari» silsilasida ham tasniflanadi. Ertak o‘zbek xalq nasrining asosiy janrlaridan biri hisoblanadi. Tarixiy asoslari qadimgi mifologiya va arxaik marosimlarning epik diffuziyasiga aloqador bo‘lgan ertak janrida o‘zbek xalqining ezgu g‘oyalari, o‘ziga xos dunyoqarashi, ma’naviy qadriyatlari, ruhiy-emotsional kechinmalari, oilaviy-maishiy, diniy-axloqiy qarashlari hamda badiiy-estetik tamoyillari o‘z aksini topgan. Ertak tinglovchiga badiiy-estetik zavq berish bilan bir qatorda unga muayyan axloqiy-didaktik, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya berish vositasi ham hisoblanadi. Folklorning boshqa janrlari kabi ertaklar ham xalq ommasi tomonidan ijod qilinib, asrlar mobaynida og‘izdan og‘izga o‘tib ommalashishi natijasida an’anaviy epik syujetlarning badiiy evolyutsiyasi ta’minlanadi. Ertak janriga mansub matnlar ko‘pincha, xalq nasrining bu janriga oid asarlarni yaxshi biladigan, so‘z san’atini yuksak darajada egallagan professional ertakchilar tomonidan maromiga yetkazib ijro etilishi tufayli sayqallanib kelgan. O‘zbek xalqi orasida ertak janriga mansub folklor asarlari nomini ifodalash maqsadida, asosan, quyidagi ikki atama faol qo‘llaniladi: «Ertak» – o‘zbeklar istiqomat qiladigan barcha hududlarda keng tarqalgan atama bo‘lib, xalq og‘zaki badiiy ijodining to‘qima va xayoliy uydirmaga asoslangan, sehrli sarguzasht, fantastik talqin va maishiy mazmundagi epik turga mansub asar ma’nosida qo‘llaniladi. Bu termin mazkur janr nomini ifodalovchi eng qadimiy atamalardandir. XI asrning mashhur tilshunos olimi Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarida bu atama «etuk» tarzida qayd etilgan: «Etuk – hikoya, ertak; biror maqsadni shohga bildirish, hikoya qilish uchun ham bu so‘z qo‘llanadi. Asli bir narsani hikoya qilishdan olingan».70 «Ertak», «ertaki», «irtaki» atamalari folklorning epik turiga mansub nasriy janrlaridan birining nomi sifatida ko‘pgina turkiy xalqlar, xususan, o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq, uyg‘ur, qirg‘iz, oltoy tillarida faol qo‘llaniladi. Ertak atamasi qadimgi turkiylar lahjasida «hazillashmoq», «so‘zlamoq», «hikoya qilmoq», «kuylamoq» ma’nolarida qo‘llanilgan va muayyan darajada omonimik mohiyat kasb etgan «ar//yer//ir//or» arxaik o‘zak-leksemasiga «-ta» yasovchi qo‘shimchasini qo‘shish orqali fe’lning buyruq maylidagi shakli – «biror narsani hikoya qil», «muayyan voqeani so‘zlab ber» ma’nosidagi «arta//yerta//irta» fe’li hosil qilingan. Ana shu leksemaga proturkiylar tilidagi harakat nomi yasovchi «-q»//-k» affiksini qo‘shish natijasida xayoliy uydirma va fantastik tasvir asosiga qurilgan folklor janri nomini bildiruvchi «ertak» atamasi yuzaga kelgan. «Cho‘pchak» – ertak ma’nosini anglatuvchi bu atama, asosan, Toshkent shahri va uning atroflaridagi qishloqlarda qo‘llanib kelingan. «Cho‘pchak» atamasi muayyan fonetik o‘zgarishlarga uchragan holda boshqa turkiy xalqlar tilida ham ishlatiladi. Masalan, oltoy tilida «chörchök» (ya’ni «cho‘rchək») so‘zi «afsona», «ertak», «masal» ma’nolarini anglatsa, «chörchöktö» fe’li «ertak aytmoq» ma’nosini bildiradi.71 Alisher Navoiy asarlarida bu so‘z «cho‘rchak» shaklida «afsona, ertak» ma’nolarda qo‘llanilgan. Samarqand va Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida «matal», Buxoro va Navoiy viloyatlarida «ushuk», Xorazm viloyati aholisi shevasida «vorsoqi» so‘zi «ertak» ma’nosida ishlatiladi. Download 0.6 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling