Oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi
O‘zbek ertakchilari va ularning ijrochilik an’analari
Download 0.6 Mb.
|
1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon – 2022-fayllar.org
2. O‘zbek ertakchilari va ularning ijrochilik an’analari. Xalq ertaklarining an’anaviy syujetlarini yaxshi biladigan, hikoyago‘ylik iqtidorini puxta egallagan, ma’lum darajada aktyorlik qobiliyatiga ham ega bo‘lgan, ertak aytishga ixtisoslashgan, professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan ertak ijrochilari ham alohida ajralib turadi. Professional ertakchilarning quyidagi tiplari mavjud:
Klassik ertakchilar. Kuchli professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan bunday ertakchilar xalq og‘zaki badiiy ijodi an’analarini juda yaxshi bilishi, tarixiy asoslari juda qadimga borib taqaladigan majoziy va sehrli-fantastik ertaklarni yaxshi ijro etishi, ertaklarning an’anaviy syujeti va motivlar tarkibini to‘la saqlagan holda aytishi, ijrochilik va ijodkorlik iqtidorini uyg‘unlashtira olganligi, yuksak badiiy salohiyat va ijrochilik mahoratiga egaligi bilan ajralib turadi. Marg‘ilonlik Husanboy Rasulov, toshkentlik Afifa Ahadova, namanganlik Husanboy Xudoyberdi o‘g‘li, Bibisora Xudoybergan qizi, pskentlik Tilla Dadasardor qizi, turkistonlik Ali Usmon, samarqandlik Zebo, xorazmlik Sobir Sherniyozov, qashqadaryolik Abdug‘afur Shukurov kabi ijrochilar ana shunday klassik ertakchilar hisoblangan. Masalan, 1945-yilda vafot etgan qamaylik ertakchi Xadicha buvi Mo‘minova ertak aytayotganida jonivorlar ovozi, uchib kelayotgan ajdar shamoliga dov-daraxtlarning qisirlashi, qahramonlarning holati va qiyofalarini tinglovchilarga nafaqat so‘z bilan, balki xatti-harakatlar, yuz ifodalari va mimika bilan namoyish etib bergan. Juda yaxshi ovoz sohibasi bo‘lgan bu ertakchi «Tohir va Zuhra», «Yoriltosh» singari ertaklarni aytayotganda matndagi ashulalarni shirali ovoz bilan kuylab, tinglovchilarni lol qoldirgan. Qisqa qilib aytganda, professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan klassik ertakchilar ijro etgan ertak o‘zining xarakter-xususiyatiga ko‘ra «bir aktyor teatri» tarzida namoyish etilgan sahna asari tipida bo‘lgan. Hajvchi ertakchilar. O‘zbek ertakchiligining ko‘p asrlik tarixiy taraqqiyoti davomida ertaklarning muayyan turi ‒ hajviy ertaklarni aytishga ixtisoslashgan alohida ijrochi tipi ajralib chiqqan. Ana shunday ertakchilardan biri toshkentlik Nurali Nurmat o‘g‘lidir. U serqirra qobiliyat sohibi bo‘lib, shahar guzarlari va mahallalarida o‘tkazilgan sayillarda an’anaviy xalq sirki tomoshalarini ham ko‘rsatishda ishtirok etgan. So‘zga g‘oyat chechan bo‘lgan bu ijrochi hazil-mutoyiba, yumor va yengil kulgiga boy bo‘lgan xalq ertaklarini sevib ijro etgan. Qissaxon-ertakchi. Professional ertakchilikning bu tipi ham nisbatan keyinroq, XVII-XVIII asrlardan e’tiboran folklor asarlarining yozma namunalari yoki an’anaviy epik syujetlarning «qissa» tarzida qayta ishlangan «xalq kitoblari» yuzaga kelishi natijasida paydo bo‘lgan. Bunday ertakchilar ko‘proq xalq qissalari asosida yaratilgan ertaklarni ijro etishgan. Ana shunday qissaxon-ertakchilardan biri Samarqand viloyatining Nurota tumanidagi Qorakisa qishlog‘ida istiqomat qilgan Rahmatulla Yusuf o‘g‘lidir. Baxshi-ertakchi. O‘zbek xalq ertaklarining ajoyib namunalari nafaqat ertak aytishgagina ixtisoslashgan ijrochilar, balki doston aytuvchi ba’zi bir chechan baxshilar repertuarining ham salmoqli qismini tashkil etadi. Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Qamay qishlog‘ida yashagan Hazratqul baxshi Xudoyberdi o‘g‘li, shahrisabzlik Zohir shoir Qo‘chqor o‘g‘li, chiroqchilik To‘qli shoir Qo‘ziyev, namanganlik Haydar baxshi Boychayev, Qozoqboy Razzoq o‘g‘li singari baxshilar repertuarida an’anaviy xalq ertaklarining ko‘plab namunalari mavjud bo‘lib, ularning asosiy qismi folklorshunoslar tomonidan yozib olingan. Buyuk Karimiy o‘zbek folklorshunosligida ilk bor ertaklarni muayyan guruhlarga bo‘lib tasnifladi. Uning tasnifiga ko‘ra, o‘zbek xalq ertaklari quyidagi tiplarga bo‘linadi: 1) hayvonlar haqidagi ertaklar; 2) sehrli-fantastik ertaklar; 3) maishiy-novellistik ertaklar; 4) anekdot ertaklar.72 Ertakshunos olim M.Afzalov esa o‘zbek xalq ertaklarini quyidagi ikki turga bo‘lib tasniflagan: 1) Fantastik ertaklar: a) hayvonlar haqidagi ertaklar; b) sehrli-fantastik ertaklar; 2) Realistik ertaklar: a) hayotiy ertaklar; b) satirik ertaklar.73 K.Imomov va boshqa ertakshunoslarning fikrlariga tayanib ertaklarni quyidagi guruhlarga bo‘lib tasniflash mumkin: 1) hayvonlar haqidagi ertaklar; 2) sehrli-fantastik ertaklar; 3) maishiy-novellistik ertaklar; 4) satirik ertaklar. Download 0.6 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling