O‘zbek bolalar adabiyotining sevimli shoiri. (Bolalar shoiri,O‘zbekiston xalq yozuvchisi Po‘lat Mo‘min tavalludining 100 yilligiga) To’rtko’l-2022
Download 31.11 Kb.
|
tavsiya polat mumin
Po‘lat Mo‘min haqida
Otam Po‘lat Mo‘min (1922-2004) o‘zlarining aytib berishlariga, bolaliklaridanoq kitobga mehr qo‘ygan ekanlar. Adalari ertalab mol boqishga ketayotganlarida tushlik uchun pul berarkanlar. Ular shu pullarga yegulik olmasdan, yig‘ib-yig‘ib, kitob sotib olarkanlar. Mol boqish bahonasida kitoblarni miriqib o‘qib chiqarkanlar, agar ulgurmasalar kechasi hamma uyquga ketganda lampa yoqib o‘qirkanlar. Adalalari ko‘pincha, “Po‘lat,chiroqni yog‘i ertagacha qolsin,tugab qolmasin”,- deb shama qilarkanlar. O‘sha paytlarda ular oy yorug‘iga chiqib, azongacha kitobni o‘qib bitirarkanlar. Ular shu tariqa adabiyotga havas qo‘ygan ekanlar. Bu havas ularni Toshkent Pedagogika bilim yurtiga yo‘llagan ekan, o‘qishga kirgach, o‘quv yurtidagi adabiyot to‘garagiga faol qatnashganlar. Adabiyotni qunt bilan o‘rganib, hozirgi Nizomiy nomli Toshkent Davlat Pedagogika Universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirib, uni muvaffaqiyatli tamomlagach, aspiranturada o‘qiganlar, maktablarda adabiyotdan o‘qituvchilik qilganlar, bilim yurtida faoliyat olib borganlar. So‘ngra O‘zbekiston Davlat nashriyotida ishlaganlar. Adam Po‘lat Mo‘min qayerda ishlamasinlar doimo adabiyotga muhabbat bilan qaraganlar. Birinchi sherlar to‘plami 1949-yilda “Sayrang qushlar” nomi bilan nashr etilgan. Bolalar uchun ijod qilish,bu sohada muvaffaqiyat qozonish uchun qobiliyat va istakning o‘zigina yetmaydi. Belinskiy ta’biri bilan aytganda, bolalar ijodkorlari bola qalbining bilimdoni va bolajon, samimiy, bolalardek soddadil, lekin dono bo‘lishi kerak, ularning ishongan odamiga, o‘z odamiga aylana olish kerak, ular bilan bola bo‘lib, bola tilida suhbat qura olishi kerak. Bunday odamlarning bolalar adabiyotida paydo bo‘lishini u “Bolalar bayrami” deb atagan edi. Adamlar o‘zlarining bir umrlik ijodlari bilan o‘zbek bolalar adabiyotida “Bolalar bayrami”ning sababkorlaridan biriga aylandilar, desam xato qilmagan bo‘laman. Ular serqirra ijod sohibi-bolalar shoiri, bolalar dramaturgi,shuningdek,ham bolalarning, ham kattalarning qo‘shiqchi shoiri edilar. Bolalar shoiri sifatida “Hunardan unar”, “Oltin nay”, “To‘g‘ri o‘sgan gul bo‘lar”, “Aql qayerda bo‘lar”, “O‘rinbosarlar”, “Bir yarim Karim”, “Endi adashmaydi”, “Barcha bola do‘st bo‘lsa”, “Rahmatga rahmat”, “Gazpolvon ertak aytar”, “Chang yutar botir”, “Oftob va odob”, “Yaxshilarga o‘xshasam”, “Bu juda soz”, “Yeson va Omon”, “Oltmish olti oltin qo‘l”, “Bir yuz bir oltin qo‘l”, “Ustozlar izidan”, “Bolalarningbaxti kulgan”, “Ertaklar yaxshilikka yetaklar” kabi o‘zbek tilidagi, “Дружно шагаем”, “От радости растем”, “Яблоко на всех” kabi rus tilidagi she’riy to‘plamlarini,dramaturg sifatida esa “Qovoqvoy bilan Chanoqvoy”, “Bahodirning botirligi”, “Oq fil yo‘qoldi”, “Suqatoy-konfetvoy”, “Ona bolam deydi” kabi ertak pyesalarini yaratdilar. Kattalar uchun esa “Gul berdi-ko‘ngil berdi”, “Men sevaman, sen sevasanmi”, “Gul va piyoz”, “Fardlar”, “Bag‘ishlovlar-olqishlar”, “Qo‘shiq aytib” kabi she’riy to‘plamlarini yaratdilar. Vafot etganlaridan so‘ng “Fursat-g‘animat” she’riy to‘plamlari chop etildi. Adamlarning “Salimjon-nimjon”, “Ko‘ylagim”, “Xursandmisiz-xursandmiz” kabi bolalar uchun “Ustozlar”, “Shifokorlar”, “Indamadi”, “Men sevaman, sen sevasanmi”, “San’at-saodatimdur”, “Onadur”, “Kelinposhsha kelibdi” kabi kattalar uchun yozgan qo‘shiqlari hozirda ham mashhur bo‘lib,xonandalar tomonidan kuylanib kelmoqda. Ularning yaratgan ijodiy meroslari bolalar adabiyotiga, o‘zbek xalq qo‘shiqchiligi xazinasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi, uni boyitdi. Bu asarlardan bir qanchasi jahon tillariga ham tarjima qilingan. Vaqtni odatda juda uchqur deyishadi. Men bunday hisoblamayman. U juda sekin oqadi. Faqat qalbingizga yoqadigan ish bilan band bo‘lsangiz, nazaringizda, bir kun, ko‘z ochib-yumguncha o‘tganday tuyuladi. Inson umri ham juda uzoq. Unga juda turli imkoniyatlar berilgan. Har kim o‘zi qaror qabul qiladi va bilganicha yashaydi. U hamisha,nima eksa, o‘shani o‘radi. Nazarimda, yer yuzida yashashdan ma’no-yaratganning vazifasini bajarishdan iboratdir. Mutloq Buyuk zot kimgadir ijodkorlikni, kimgadir tijoratchilikni , kimgadir dehqonchilikni va hokazo kasblar bilan shug‘ullanishni buyurgan. Bu vazifani har bir odam yoshligidan ilg‘ashi va uni bajarishga umrini bag‘ishlashi shart. Buni tan olmaganlar,boshqa ishlarga kirishib ketganlar omadsiz kishilarga aylanadilar. Ularning umri ham barakali bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Po‘lat Mo‘min-mening dadamlar deyarli 82 yil yashab (1922-2004), o‘zlarining ilohiy vazifalarini to‘laqonli bajarib ketganlar, deb ishonaman. Download 31.11 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling