O‘zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari, asosiy yo‘nalishlari


Download 0.63 Mb.
bet8/19
Sana04.11.2023
Hajmi0.63 Mb.
#1748104
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   19
Bog'liq
O‘zbek-mumtoz-adabiyotining-shakllanishi

TARIQAT VA SHARIAT

Shariat – ochiq yo‘l, hayot manbaiga eltuvchi to‘g‘ri yo‘l, qonun, zohiriy hukmlar majmuasi. Istilohiy mazmunda: Ollohning amri, oyat, hadis, ijmoi ummat va qiyosi fuqaho asoslariga tayangan din qoidalari demak. Bu so‘z Qur’oni karimda «Shir’atun» deb ishlatilgan. «Moida» surasida esa: «Sizlardan har bir millat, ya’ni din uchun alohida shariat va yo‘l qilib qo‘ydik» (48-oyat) deyilgan.


Shariat din yo‘li va Ollohning daxlsiz qonunlariga amal qilinadi: «Ollohning yo‘li – qonun yo‘li bo‘lib, ilgari ham o‘tgandir. Olohning yulini hargiz o‘zgartira olmassiz» («Fath» surasi, 23-oyat).
Tasavvuf ahli Ollohga olib boruvchi yo‘lni to‘rt martabaga ajratib, ulardan birinchisi – Shariat, ikkinchisi – Tariqat, uchinchisi – Ma’rifat va oxirgisi – Haqiqat deb belgilagan. Hoji Bektoshi Valining yozishicha: «Shariatga bog‘liqligi mukammal bo‘lmagan kishiga tariqat, ma’rifat va haqiqat martabalari ham nasib etmaydi». Shuning uchun so‘fiylar shariatni tamal, ya’ni poydevor, tariqat, ma’rifat va haqiqatni shu poydevor ustida yuksalgan uch qavatli bir imorat shaklida tasavvur qilganlar va «imoratsiz poydevor bo‘lur, ammo poydevorsiz imorat bo‘lmas», degan tushunchada sobit turganlar.
Najmiddin Kubro ta’rifiga ko‘ra: «Shariat bamisoli kema, tariqat esa dengiz, haqiqat dengiz qa’ridagi inju. Kim injuni qo‘lga kiritmoq istasa, kemaga minar, dengizda suzar, shariatning tamizligi suv ila, tariqatniki qalbini havoyu havasdan uzoq va xoli tutmoq ila, haqiqatniki Ollohdan boshqa har narsadan yiroq turish bilan bo‘lur».
Bu haqida Mavlono Jaloliddin Rumiy «Masnaviy»ning muqaddimasida bunday deydi: «Shariat shamga o‘xshab yo‘l ko‘rsatar. Ammo shamni qo‘lga olmoq bilan yo‘l ochilmas. Yo‘lga tushdingmi, bu yurishing tariqat erur, maqsadga erishilishi – bu hakiqatdur… Shariat - bilim, Tariqat – tutmoq, Hakiqat – Tangriga yetishmak».
Shariat ilmi, birinchi navbatda, nafsni bilishni talab qiladi. Chunki shariat nafsning, tariqat ko‘ngilning va hakiqat ruhning yo‘li. Boshqa bir ta’rifga ko‘ra, Ollohga ibodat – shariat. Uni talab etish - tariqat va Olohni mushohada aylash – haqiqatdir.
Husayn Voiz Koshifiyning tasnifiga binoan shariat bilan tariqat o‘rtasidagi farq mana bunday: «Shariat ravshanlik, nishon va hurmat erur. Tariqat – sa’y–harakat, bayon va xizmat. Shariatning samarasi - ahdga vafo, tariqatniki – fano, ya’ni o‘zdan kechmoq».
Tariqat – yo‘l. Shariat va tariqat o‘zaklari boshqa o‘zakdan yaratilganligiga qaramasdan, ularning lug‘aviy ma’nolari bir, ya’ni «yo‘l» demakdir. Shu bois Yunus Emro: «Shariat, tariqat yo‘ldir yurganga…», deydi. Lekin tariqat shariatdan farqli o‘laroq, o‘zining bir qancha xususiy talab, usul va qoidalariga ega. «Agar so‘rasalarki, tariqat maqomati nechadur, aytgil to‘rt yuzu qirq to‘rttadir»,- deydi Husayn Voiz Koshifiy va bularning hammasi tavba, xavf, jihod, sabrdan iborat to‘rt maqomda jamlanganligini bildiradi. Uningcha, hatto tariqat so‘zidagi har bir harf solik zimmasiga - talab qilmoq – «T», rozi bo‘lmoq – «R», yaqin bo‘lmoq – «Y», ko‘rib ko‘rsatmoq – «Q» va butkul tavajjuh – «T» majburiyatini yuklagandir.
Olimlarning aniqlashlaricha, tasavvufda 160 dan ortiq tariqat va tariqat tarmoqlari mavjud bo‘lgan. An’anaga ko‘ra uch asosiy qismga ajratilgan:
1.Tariqi axyor – xayrli insonlar yo‘li. Tariqi arbobi muamalot deb ham ta’riflangan ushbu yo‘lning asosini zuhd, vara’, taqvo va ibodat tashkil qilgan. Shuning uchun unga zohidlar va obidlar yo‘li sifatida ham qaralgan. Bu yo‘l Haqqa yetishning juda uzoq yo‘li. Uni tanlaganlar orasida maqsadga erishganlarning soni nihoyatda kam bo‘lgan.
2. Tariqi abror – yaxshi insonlar yo‘li bo‘lib, tariqi tasfiya va mujohada deb ham yuritilgan. Bu yo‘l nafs ila kurashish, riyozat ila qalbni yomonlik va chirkinliklardan poklash, axloqiy komillikka yetishish yo‘li hisoblanadi. Xoh Haq, xoh xalq bilan munosabat va aloqada ixlos hamda to‘g‘rilikdan ajralmaslik ushbu yo‘lning bosh talabidir.
3. Tariqi shuttor – oshiqlar yo‘li. Uning ikkinchi bir nomi - tariqi soirin. Bu ishq, muhabbat va jazba bilan maqsadga erishiladigan yo‘l. Unga yuz burgan kishi ishq, jazba yuksalganiga qadar shaxsan juda ko‘p maqomlarni kechib o‘tmog‘i shart bo‘lgan. Chunki ushbu yo‘l uchun sayri suluk asosdir.
Xullas, tariqat insonlarni maxsus ta’lim-tarbiya bilan go‘zal axloq, musaffo qalb va latif ruh sohibi etadigan, oxir-oqibatda esa Ollohga yaqinlikni ta’minlaydigan o‘ziga xos maslak va mafkura yo‘lidir.
Tariqatlarning ibtidosi hazrat payg‘ambar muhammad mustafoga borib taqaladiki, buning yo‘li ikki buyuk sahoba hazrati Abu Bakr va hazrat alining yo‘llaridir. hazrati abu bakrga brib bog‘lanadigan tariqatlar sassiz, yashirin, ya’ni «zikri xufiya»ga asoslangan. zikr va duosi ochiq hamda baland ovozda jamoat holida ijro etiladigan jahriy tariqat hazrati aliga nisbat berilgan.
Ma’rifat – aqlu donish, amaliy bilim, tanish, fahm, tasavvufiy ilm. Hol sirlari va ilohiy haqiqatlarga tegishli ilm irfon. «Kashf ul-mahjub» muallifining aytishicha, fuqaho singari boshqa kishilar ham Olloh haqidagi ilmga «ma’rifat» nomini berganlar. Tariqat shayxlari esa Ollohdan vorid bo‘ladigan holni ham «ma’rifat» deb atashgan. Va mana shunga ko‘ra «ma’rifat» ilmdan ko‘p kurra ustundir deganlar. Imom G‘azzoliyning ta’kidiga ko‘ra, «Qalbda ma’rifat maydonga kelgach, qalbning holi o‘zgaradi. Qalbning tutumi o‘zgargach, a’zolarining amallari ham o‘zgaradi. YA’ni amal holga, hol ilmga, ilm esa tafakkurga bog‘liq bo‘lib qoladi». Tasavvuf ahlining ma’rifat bahsidagi fikrlari xilma-xil va nihoyatda terandir. Xoja Bahovuddin Naqshband hazratlari, «tavhid sirriga yetsa bo‘lur, ammo ma’rifat sirriga yetmak dushvordir», deganlar. Shu bois Zunnun Misriy «Ma’rifat xususida iddao sohibi bo‘lishdan saqlan!» - deydi. Chunki ma’rifat iddaosi kishini mahv va halok etishi mumkindir. Zero, «Ollohni tanigan kishining so‘zi oz, hayrati uzun bo‘lur». Bektoshiylik tariqati asoschisining qiyosiy ta’rifi bo‘yicha, «Ma’rifat ulkan va serxosiyat bir daraxdirki, uning uchi - tavhid, tanasi - imon, yaproqlari -islom, tubi – yaqinlik, ildizi – tavakkul, butoqlari - nahiy munkar, suvi – xavf va rijo, mevasi – ilm, yaprog‘i – komil insonning ko‘nglidir. Boshi arshdan ham baland bu daraxtning besh go‘zal novdasidan biri – shavq, ikkinchisi – muhabbat, uchinchisi – inoyat, to‘rtinchisi – irodat, beshinchisi – qurbiyat». Demak, ma’rifat sohibi bo‘lmoq uchun shuncha haqiqat va fazilatlarga ega bo‘lmoq, ma’rifat sirlaridan ogohlik uchun ana shuncha haqiqatlarning sirridan xabardorlik lozimdir. Haqiqat – chindan mavjud bo‘lgan narsa, asl mohiyat. Ollohni bilish. Borliq olam sirlarini to‘g‘ri va teran idrok aylash. Haqiqat shariatning botinidir. Shuning uchun haqiqat tasavvuf ma’nosida ham keng qo‘llanilgan.

Download 0.63 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling