O‘zbek tili yo‘nalishi guruh talabasi
Download 77.46 Kb.
|
Dildoraxon
Ulug‘ Turkistonim, oltin dalalar,
Oftob sochqi sochar bosh uzra balqib. U sening tilingda aytar allalar, Qonim, ona tilim, oh, ona xalqim. Navoiy baytiga o‘xshaydi yo‘llar, Bu toshlar Hamzaning qotili, hayhot. Nahotki, umrbod o‘rtasa o‘ylar, Umrbod janjirband etsa xotirot?! Zanjirbandman, ona tilim, Ona So‘zingga, Fano vodiysida kimman? Bilarman. Men seni yozarman o‘yib ko‘zimga. Yo‘llarimni yo‘llaringga ularman, Boshimni qo‘yarman sening izingga, Men g‘arib bandangman, Bir So‘z tilarman. “Ona tilim” deb atalgan bu sonetni o‘qigan kishi o‘zbek tilining sovet davrida baynalmilal tillar orasida qisilib-qimtinib yashaganini ko‘z oldiga keltirsa ajab emas. Ona tilining shu ayanchli qismatidan iztirob chekkan lirik qahramon ruhida gurlagan bo‘ron kitobxonning ham qalbiga chang soladi, unda lirik qahramonga darddoshlik tuyg‘ulari chappor ura boshlaydi. Lirik qahramonning: “Men seni yozarman o‘yib ko‘zimga”, “Boshimni qo‘yarman sening izingga”, degan nidosi uning qalbida aks-sado beradi. Agar boyagi peyzaj-she’rlar, bayramona tantanavor manzumalar kitobxonda faqat his-tuyg‘ular to‘lqinini uyg‘otsa, bu she’r uning aql-zakovatiga ham ta’sir ko‘rsatib, uning fikrlash tarziga, dunyoqarashiga o‘z muhrini bosadi. O‘tgan asrning 80-yillarida o‘zbek tilining mavqeini oshirish, davlat tili sifatidagi maqomini tiklash yo‘lidagi harakat, ma’lum ma’noda, shunday she’rlardan ruh va kuch olgan. Chamasi, men “Adib xonadonida” degan ruknning qonun-qoidalaridan ancha chetga chiqib ketdim. Odatda bu ruknning mezbonlari jurnalxonlarni million-million nusxada bosilib chiqqan jild-jild kitoblari bilan tanishtiradilar. Men shu masalada kitoblari jahon xalqlarining ko‘pgina tillarida millionlab nusxada chop etilgan Xudoyberdi To‘xtaboev singari do‘stlarim bilan bahslasha olmayman. Kitoblarim qanchaligini aniq bilmayman. Har holda kitob va risolalarim, darslik va o‘quv qo‘llanmalarim hammasi yig‘ilib, 25-30 dan oshsa kerak. Bu kitob va risolalarimning adadi ko‘p bo‘lmasa ham, oliy o‘quv yurti va ta’lim maktablari uchun hamkasblarim bilan hamkorlikda yozgan darslik va o‘quv qo‘llanmalarim bir necha marta qayta nashr qilingan, shuning uchun ular adadi, balki, oz emasdir. Maqolalarim soni esa mingga yaqinlashib boradi. Lekin gap sonda emas, sifatda ekanligini hurmatli jurnalxonlar yaxshi bilishadi. Oilam katta emas. Ikki o‘g‘il, ikki kelin, besh nabira. Ularning birortasi mening yo‘limdan ketmagan. Nabiralarda ham adabiyotga, ijtimoiy-gumanitar fanlarga mehr borligiga shubha bilan qarayman. Mayli, ular qaysi sohani tanlashsa ham omon bo‘lishsin, tanlagan sohalari o‘zlari uchun ham, elimiz uchun ham naf va yorug‘lik keltirsin. Bizning avlod nekbinlik ruhida tarbiya topgani uchun biz kelajakka katta umidlar bog‘lagan edik. Boshlangan XXI asrning tinchlik, texnik taraqqiyot va yangi madaniy yuksalish asri bo‘lishiga, albatta, umidvormiz. Ammo yangi asrning 10-yillarida ro‘y bergan va ro‘y berayotgan tabiiy kataklizmlar, urush va janjallar, qirg‘inlar bu asrning XX asrdan ham dahshatli kechishi mumkinligidan darak bermoqda. Hozirning o‘zidayoq ichimlik suvi va tabiiy oziq zahiralarining tugab qolishigina emas, dunyoga hukmronlik qilishga da’vogar davlatlarning cheksiz-chegarasiz istak va xohishlari ham yer sayyorasidagi hayot katta xavf ostida ekanini ayon qilib turibdi. 1945-yilda boshi yanchilgan fashizm sekin-asta Yevropaning qariyb barcha mamlakatlarida, shu jumladan, ayrim sobiq sovet respublikalarida ham tirilib, kimlarningdir madadida mintaqadagi sokin hayotni izdan chiqarishga shay bo‘lib turibdi. Shunday tarixiy-ijtimoiy sharoitda insoniyat hushyorlikni boy bermasligi, urushdan keyingi davrda Tinchlik bayrog‘i ostida birlashib, eshik orqasida turgan Urush sharpasini quvlab-haydab chiqarganini eslasa, ayni muddao bo‘lurdi. Bobolarimiz: “Dunyo tinch – yurt tinch”, deb bekorga aytishmagan, axir. Bizning xalqimiz tinch va xotirjam hayotning qadriga yetadigan, mamlakatimiz osmoni bulutsiz bo‘lgani uchun Yurtboshimizni duo qilishdan charchamaydigan xalq. Lekin besh qo‘l baravar emas. Yaqin-yaqingacha axloq-odob tarbiyasiga katta e’tibor berib kelgan xalq ham, jamiyat ham hozir boshqa muhim masalalar bilan bandmikan, har holda yoshlarni Sharq xalqlariga xos ota-onaga hurmat, beva-bechoralarga shafqat, shaxsiy manfaatdan jamiyat manfaatini ustun qo‘yish, ma’naviy qadriyatlarni asrash va qadrlash singari fazilatlar ruhida tarbiyalashga kam e’tibor berayotgandek tuyuladi. To‘y va aza marosimlari munosabati bilan o‘tkazilayotgan amri-ma’ruflarda ham axloq va odob masalalaridan ko‘ra boshqa masalalar ustuvorlik qilmoqda. Yoshlar tarbiyasiga halol xizmat qilib kelgan adabiyot faniga ajratilgan soatlar esa qisqarib bormoqda... Biz bu so‘zlar bilan ginaxonlik qilmoqchi emasmiz. Murodimiz bo‘lak. Modomiki, badiiy adabiyot xalqning ma’naviy va ruhiy hayotida hali ham katta mavqega ega ekan, uning kuchini, Abdulla Qahhor ifodasi bilan aytganda, o‘tin yorishga emas, xalq, ayniqsa, yoshlar ruhiy va ma’naviy olamining boy, toza, ko‘rkam bo‘lishiga qaratish taqozo etiladi. Agar mamlakatimizda nashr etilayotgan ko‘p sonli o‘zbek va rus tillaridagi bozorgir gazeta va jurnallarga ko‘zingiz tushib qolsa, allaqanday tanish va notanish artistlarning kim bilan ajrashib, hozir kim bilan don olishib yurgani bormi, qaysi markali mashinasini sotib, endi qanday rangli mashinada uchib yurayotgani bormi, ko‘ylagiyu lozimi, ichayotgan choyiyu yeyayotgan ovqati bormi, hammasini yozishadi. Va yoshlar shunday gazeta va jurnallarni pulga sotib olib, muk tushib o‘qishadi. Bu nashrlar yoshlar tarbiyasiga qanchalik zarar keltirayotganini o‘ylab ko‘rayapmizmi? Yoki televizorning qaysi kanalini buramang, otish, o‘ldirish, zo‘rlash yoki banklarni o‘marishni ko‘rasiz. “Navoiy” yoki “Ulug‘bek xazinasi” singari romanlarni o‘qish o‘rniga shunday filmlarni ko‘rayotgan yoshlarning tarbiyasi qanday shakllanishi mumkin?!. Bu gaplar faqat meni emas, ko‘pchilikni ham bezovta qilayotganini yaxshi bilaman. Yana shuni ham bilamanki, shu haqda qanchalik gapirmaylik, biror o‘zgarish bo‘layotgani sezilmay turipti. Xususiy kinostudiyalar chaynalgan mavzularga bag‘ishlangan filmlarini chiqarishda, televideniedagilar sayoz va bachkana film hamda spektakllarni namoyish etishda, bozorgir nashrlar yoshlarning qiziqish doiralarini chakana masalalarga yo‘naltirishda, Rossiya telekanallari esa o‘g‘irlik, xunrezlik, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi filmlari bilan neonatsizm “g‘oya”larining yoyilishiga hissa qo‘shmoqdalar. Agar shunday “madaniy” muhit davom etaversa, Navoiy va Bobur, Balzak va Tolstoy asarlarini o‘qiydigan, “Shoh Edip” va “Otello” spektakllarini, “Urush va tinchlik” hamda “Tazarru” filmlarini ko‘rib, tafakkuri oshadigan tomoshabinlar qolarmikan?!. Bir zamonlar rus adibi F.M.Dostoevskiy Rossiyaning halokat yoqasiga kelib qolganini sezib: “Dunyoni go‘zallik qutqaradi”, degan edi. U “go‘zallik” deganda adabiyot va san’atni ham, insonlardagi go‘zal fazilatlarni ham nazarda tutgan. Agar shu fikr haqiqat zarralaridan xoli bo‘lmasa, dunyoni balo-qazolardan saqlab qoluvchi qudratli kuchlardan, najotkorlardan biri badiiy adabiyotdir, iymoni but adiblarning Yonar so‘zlari, Sehrli so‘zlaridir. Men yozuvchilarning, “Yoshlik” jurnali mualliflarining shu so‘zlarni yodda tutishlarini istar edim.” Xulosa Respublikada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Naim Karimovning shogirdlaridan biri, akademik Baxtiyor Nazarov “Ummon bag‘ridagi javohirlar hisobiga yetib bo‘lmagani kabi iste’dodli shaxslarni ham to‘la anglash amri mahol. Vaqt o‘tishi bilan ularning yangi qirralari kashf etilaveradi”, - degan edi jurnalistlardan biri bilan suhbat davomida.Yorug`likning qadri olis-olislarni ham charog`on etganligi, harorat olib borganligi, oftobning umrini uzaytirganligi bilan fayzli. O‘zbek adabiyoti keyingi 500 yil mobaynida chinakamiga ikki tub burilishni boshidan kechirdi. Birinchisi, Navoiy va Bobur davri o‘zbek (turkiy) adabiyot bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi, hech shubhasiz, jadidlar davri adabiyoti bilan bog‘liq burilishdir. Ehtimol, Behbudiy, Hamza, Fitrat, Qodiriy va Cho‘lponlarga nasib qilgan iste’dod kuchi Navoiy va Boburning dahosi bilan bo‘ylasha olmas, lekin ularning madaniyat, ma’naviyat, adabiyot, san’at va ilm sohasida amalga oshirgan ishlari buyuk salaflar xizmatidan aslo kam emas. Zero, jadid bobolarimiz o‘z zimmalariga davr yuklagan missiyani juda yuksak darajada ado etganlar. Behbudiy asosan mafkurada, Hamza dramada, Fitrat ilmda, Qodiriy nasrda, Cho‘lpon esa she’riyatda ana shu ulug‘ vazifani bekamu ko‘st bajarganlar. Akademik Naim Karimov yozadi: “XX asr boshlarida tug‘ilgan va shakllangan jadid adabiyoti o‘z oldiga yangi adabiy badiiy vazifa qo‘ydi va vazifani o‘tash jarayonida shu vaqtga qadar adabiyotimiz xazinasida bo‘lmagan yangi adabiy tur va janrlar, tasvir vositalari va usullarining yuzaga kelishini taqozo etdi”. Binobarin, bugungi, zamonaviy o‘zbek adabiyoti aynan keyingi yangilanish yo‘lidan, jadidlar boshlab bergan qutlug‘ yo‘ldan rivojlanib borayotganligining o‘ziyoq adabiyotimizda yuz bergan so‘nggi tub burilishning naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi. Download 77.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling