O’zbek tilshunosligi kafedrasi I. Pardayeva O’zbek tilshunosligi tarixi


Download 1.77 Mb.
bet62/88
Sana15.06.2023
Hajmi1.77 Mb.
#1481960
1   ...   58   59   60   61   62   63   64   65   ...   88
Bog'liq
portal.guldu.uz-O’ZBEK TILShUNOSLIGI TARIXI

FITRAT-TOVUShShUNOS.
Tovush, ya’ni nutq tovushi so’zda ma’no tafovutini yuzaga keltiruvchi vosita sanalib, ular o’zaro talaffuz va eshitilishda farqlanadilar. Abdurauf Fitrat nutq tovushlariga xuddi shu talab asosida yondashib, avvalo ularni unli va unsiz tovushlar deb, ikkiga ajratib izohlaydi. Olim o’zining ushbu “Sarf” (Morfologiya) kitobida o’zbek tilida unsiz tovushlarni ifodalaydigan 23 harf mavjudligini ta’kidlab, “shundan “h,x,f”-uch tovushni turkchada ko’p uchratib bo’lmaydi. Shuning uchun bularning tub turkcha bo’lmagani aytiladir” deb yozadi. Darhaqiqat, bo’g’iz, sirg’aluvchi, jarangsiz “H” tovushi qadimgi turkiy til yodnomalarida uchramaydi. Biroq eski turkiy til davrida ayrim qabilalarning tilida bu tovush qo’llaniladi. Mahmud Qoshg’ariy bu davr tilida “H” tovushini ishlatishda ikki xil holat bo’lganligini ta’kidlaydi. Qiyoslang: o’l nang-ho’l narsa, o’l to’n-ho’l to’n; o’sh-o’sh chors sigirlarni sog’ishda aytiladigan ho’sh-ho’sh so’zi; ul aning tovorin o’pladi – u uning molini ho’pladi-eb yubordi. Nes-nobud qildi demakdir. Shu o’rinda e’tibor berish kerak bo’lgan hozirgi o’zbek tili bilan bog’liq bir masala shundan iboratki, og’zaki nutqda ayrim holatda “H” undoshining talaffuzida tilimiz tarixida bo’lgan xususiyatning saqlanganligiga guvoh bo’lamiz. Chunonchi, asta so’zini hasta, uzr so’zini huzur shaklida talaffuz qilish Farg’onaning ayrim shevalarida, qipchoq va qurama shevalarida uchraydi. Shuningdek ba’zi sheva, jumladan toshkent sheva vakillari nutqida “H” undoshi mustaqil tovush sifatida uchramaydi. Ko’rinadiki, mazkur shevalarda til tarixidagi xususiyat saqlanib qolgan.
Chuqur til orqa, sirg’aluvchi, jarangsiz “X” va lab-tish, sirg’aluvchi, jarangsiz “F” undoshlari ham qadimgi turkiy tilda mustaqil nutq tovushi sifatida mavjud bo’lmagan. Hozir ayrim o’zbek shevalari va og’zaki nutqda ularning qo’llanishi xilma-xilligini tildagi barqarorlik holati bilan izohlamoq va bu borada Fitratning tavsifiga suyanmoq maqsadga muvofiq bo’lardi. Bu o’rinda alohida ta’kidlanishi lozim bo’lgan bir holat shundan iboratki, tovush bilan harf munosabati muammosi turkiy tillar tarixida Mahmud Qoshg’ariy, o’zbek tilshunosligi tarixida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburlar e’tiborini ham jalb etgan. Ushbu masalaga bu allomalar o’z munosabatlarini to’g’ri bildirganlar.
Abdurauf Fitratning unli tovushlar borasidagi fikri ham hozirgi o’zbek adabiy tilidagi unlilar tizimi izohidagi kamchiliklarni bartaraf etishda katta ko’mak beradi. Ma’lumki, turkiy tillar tarixida, chunonchi, qadimgi turkiy til davrida 8, eski turkiy til va eski o’zbek tili davrida 9 unli tovush mavjud bo’lgan. Fitrat o’zbek tilidagi unlilar tizimini tahlil etar ekan, ularning umumiy sonini 9 ta deb belgilab, ularning harfiy ifodasini shunday ko’rsatadi: O,A,O’ (til oldi), O’ (til orqa),U (til oldi), U (til orqa), E, B, I. Ammo bu o’rinda alohida ta’kidlash lozimki, o’zbek tiliga oid yozilgan darslik, qo’llanma, hatto ilmiy asarlarning aksariyatida tildagi nutq tovushlari emas, balki rus grafikasi asosida qabul qilingan harflar izohlanadi. Aniqrog’i, o’zbek alifbosiga bir paytlar qabul qilingan (to’g’rirog’i ataylab qabul qildirilgan) olti harf, nutq tovushlaridan farqsiz holda olti unli tovush deb, noto’g’ri tushuntiriladi. Bu bilan o’zbek adabiy tili, avvalo, uning tuganmas boyliklar bulog’i bo’lmish umumxalq tilidan, shu bilan birga uning boy tarixiy ildizidan ajratildi. Ayni paytda boshqa qardosh turkiy tillardan sun’iy ravishda uzoqlashtirildi. Axir, hozir yo na umumxalq, yoki biror qardosh turkiy tilda unlilar soni oltita. Ayni paytda o’zbek tili xususiyatiga mos bo’lmagan e, yo, yu, ya belgilari ham darsliklarda yarim unli yoki grafema deb, noto’g’ri izohlanmoqda. Ko’rinadiki, Abdurauf Fitrat asarida bu belgi haqida hech qanday ma’lumot yo’q. Chunki bu belgilar o’zbeklarning nutq a’zolariga yot bo’lishdan tashqari, ular savod chiqarishiga ham to’sqinlik qilmoqda.
Umuman hozirgi o’zbek adabiy tilida to’qqiz unli I (til oldi), I (til orqa), O,O(til oldi),E,O’ (til oldi), U (til oldi), O’ (til orqa), U (til orqa) tovush mavjud bo’lib, bu o’z navbatida Fitratning unli tovushlar tavsifiga ham to’liq mos keladi.
Fitrat Ohangdoshlik xususida

Ohangdoshlik turkiy tillarda qadimdan mavjud bo’lib, bu jarayonga olimlar tomonidan turlicha munosabat bildirildi. Ayrim holatda bu qonuniyatni faqat unli tovushgagina aloqador deb tahlil etiladi. Abdurauf Fitrat esa bu g’oyadan farqli ravishda Ohangdoshlik hodisasiga tildagi qonuniyatlardan eng asosiysi sifatida munosabatda bo’ladi, unga jiddiy e’tibor bergani holda, uni umum so’zga, demak barcha tovushga tegishli deb qaraydi: “Turk tilining butun tarmog’idan bo’lgani kabi bizning tilda ham so’zlar ohang e’tibori bilan yo’g’on ingichka bo’lib ikkiga ajraladi”. Ayni paytda olim bu sohadagi fikrini izchil davom ettirib shunday yozadi: “Bu ohang masalasini eski yozma asarlarda ko’p ko’ra olganimiz kabi, dalada yashaganlar orasida ham ko’proq uchratish mumkindir. Fors adabiyoti, madrasa ta’siri bilan buzilgan shahar shevalarida bu holni oz ko’rganimiz bilan bizning shevada yo’g’onlik, ingichkalik ohangi yo’qdir deb bo’lmaydur”. Olim bu nazariy fikrlarnigina olg’a surib qo’ymasdan, uni kitobida amaliy jihatdan ham isbotlaydi. Bu yo’l baxto’mo’z gullagan yo’l ekan. Mana bu jumlada baxto’mo’z, yo’l, bu so’zlar yo’g’on bo’lib – gullagan, ekan so’zlari ingichka so’zlardir. “So’n!” so’zi yo’g’on bo’lg’oni uchun bundan yosolg’on ”so’nmoq, so’ngon,so’no’k” so’zlari ham yo’g’ondir. “Min!” so’zi ingichka bo’lg’oni uchun bundan yosolgon “minmak, mingan, minak” so’zlari ingichkadir.
Ko’rinadiki, Abdurauf Fitrat ta’limotiga ko’ra, Ohangdoshlik hodisasi hozir biz tushungandek, faqat unli tovushgagina xos bo’lmasdan, undoshlarga ham birdek tegishli ekan. Shu bilan birgalikda qo’shimchaning qaysi (til orqa yoki til oldi, ya’ni yo’g’on yoki ingichka) shaklining qo’shilishi ham o’zakning harakteriga, shakliga karab belgilanar ekan.
Ikkinchidan, o’zbek tiliga arab, fors tilidan juda ko’p so’zlar kirib keldi. Negaki, til ijtimoiy hodisa, tabiiyki, arab, fors tilidan o’zlashgan so’zlarda turkiy tillarga xos bo’lgan ohangdoshlik hodisasi amal qilmaydiki, bu holat Abdurauf Fitrat tomonidan juda aniq ko’rsatib o’tilgan. Biz til tarixida taraqqiyot bosqichlarini belgilashda bu muammoga ham e’tiborimizni qaratmog’imiz kerak. Vaholanki, aksariyat hollarda o’zbek tilining ana shu davriga umumiy o’lchov bilan yondashiladiki, bu o’z navbatida ohangdoshlik hodisasi haqida birmuncha noto’g’ri xulosalar chiqarishga olib keladi.
Uchinchidan, Abdurauf Fitrat ta’limotiga ko’ra, Ohangdoshlik hodisasining lahjalarga, shevalarga munosabatini ham bir qolipda belgilab bo’lmaydi. Darhaqiqat bu hodisa qorluq-chigil-uyg’ur lahjasida birmuncha buzilgani bilan qipchoq va o’g’uz lahjasida to’liq amal qiladi-ku.
Ohangdoshlik hodisasining hozirgi o’zbek tiliga munosabati va umuman o’zbek tilshunosligida bu muammoning hal etilishi masalasiga kelsak, bu har ikki masala to’liq, atroflicha o’rganilmagan, deb aytishga to’g’ri keladi. Hozirgi o’zbek tilida ham Abdurauf Fitrat misol qilib keltirgan “So’n” so’zi yo’g’on,ya’ni til orqa qilib talaffuz qilinadi va unga qo’shiladigan qo’shimcha ham “So’nmoq, so’no’k” shaklida, ya’ni o’zakka monand ravishda bo’ladi. Shuningdek “Min” so’zi ingichka, yumshoq bo’lganligidan unga qo’shiladigan qo’shimcha ham o’zakka monand yumshoq, til oldi bo’ladi. Ammo bu hodisaga o’zbek tilshunosligida e’tiborsiz qarash natijasida “Hozirgi o’zbek adabiy tilida ohangdoshlik buzilgan” degan tushuncha “Hozirgi o’zbek adabiy tilida ohangdoshlik yo’q” degan tushuncha bilan deyarli farqsiz ishlatilib kelindiki, bu juda ko’p chalkashliklarga olib keldi. Amerikalik tilshunos (turkshunos) Tennesi dorilfununi doktori Bill Fierman o’zbek tili tarixi favqulodda hodisalarga boyligi, ammo yozuvning o’zgarishi munosabati bilan anchagina muammolarning yuzaga kelganligini, bulardan biri ohangdoshlik ekanligini va u hodisa esa unli tovushlar haqidagi tushunchalarni chalkashtirishga olib kelganligini haqli ravishda qayd etadi: “Yozuvning o’zgarishi esa bundan bo’lak muammolarni ham yuzaga keltirdi. Masalan, ohangdoshlik masalasi. Lotin yozuviga o’tilgach, o’zbek tilidagi to’qqkiz unlidan 1939 yilga kelib atigi oltita saqlanib qolingan. Bu umuman yozuvning o’zgarishi tildagi asriy ohangdoshlik saqlanishiga ziyon etkazdi. Qolaversa, o’sha kezlar til tabiatiga bevosita ta’sir o’tkazgan shunday qarash ham amalda bo’lgan: proletariat shaharda istiqomat qiladi, ularning lahjasi taraqqiyparvardir!
Hamma tillarni birlashtirish siyosati ham tilning tabiiy yo’sindagi rivojiga salbiy ta’sir qilmay qolmadi”.
Ko’rinadiki, ohangdoshlik hodisasi ayni paytda tovushlar, xususan, unli tovushlar, ularning taraqqiyoti, eng avvalo, alifbo va imlo bilan bevosita chambarchas bog’liq. Shuning uchun Abdurauf Fitrat o’zbek imlosi qatag’onga uchragan paytda uni ilmiy asosda himoya qilgan, rus-krill alifbosiga o’tishning fojiali oqibatlarini dadil ko’rsatgan va eski o’zbek yozuvini shaxsan o’zi isloh etgan ham edi. Demak, ohangdoshlik jarayonini bugungi o’zbek tilshunosligida Fitrat nuqtai nazaridan turib o’rganish hayotiy ehtiyojdir.

Download 1.77 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   58   59   60   61   62   63   64   65   ...   88




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling