Dedukstiya termini ostida butundan boʻlakka tamoyilini, ya’ni butun matndan abzastga, abzastdan gapga, gapdan soʻzga, soʻzdan tovushga oʻtish tamoyilini tushunadi.
An’anaviy tilshunoslik tushunchalarni hosil qilishda soddalikdan murakkablikka (alohida tovushlardan fonemalarga, xususiy ma’nolardan umumiy ma’nolarga va boshq.) tomon yoʻnalgan, induktiv boʻlgan boʻlsa, glossematik nazariya, aksincha, umumiylikdan xususiylikka, sinfdan uning qismlariga qarab yoʻnaladi va deduktiv hisoblanadi. Shuning uchun L.Yelmslev oʻz metodini empirik va deduktiv ekanligini ta’kidlaydi.
Uning fikricha, bu nazariya har qanday tildagi har qanday matnni tavsiflash va oldindan aytish imkoniyatiga ega. Shuning uchun u bu nazariyaning universal mohiyat kasb etishiga umid qiladi.
F.M.Berezinning fikricha, L.Yelmslevning bu nazariyasi tabiiy tillarning ichki oʻziga xos xususiyatlarini yoʻqqa chiqaradi va shuning uchun tilning tabiatini oʻrganishda vosita sifatida bu metoddan foydalanish mushkuldir [Березин Ф.М.История лингвистических учений, -М., 1975,. С.236].
Praga va Kopengagen strukturalizmi. Praga strukturalizmi 1926-yilda Chexoslovakiyaning poytaxti Praga shahrida tashkil topdi. Ayni strukturalizm umumiy tilshunoslikda funksional lingvistika nomi bilan ham yuritiladi.
Ushbu maktabning funksional tilshunoslik deb atalishi asosida til birliklarining har biri muayyan funksiyaga egaligi, ularning tilda (nutqda) muayyan vazifani bajarish gʻoyasi yotadi.
Funksional lingvistika maktabi vakillari: V.Matezius, B.Trinka, I.Vaxek, B.Gavranek, N.S.Trubetskoy, R.O.Yakobson, S.I.Karsevskiy va boshqalar.
Praga maktabi ta’limotining asosiy gʻoyalari quyidagilar:
1.Tilshunoslik – oʻz obyektiga ega boʻlgan mustaqil fan.
2.Til – sistema.
3.Til – funksional sistema. Ya’ni til muayyan maqsadga yoʻnaltirilgan
ifoda vositalari sistemasidir.
4.Fonologiya – nazariy fonologiya. Fonemaning soʻz va morfemalarni farqlash qobiliyatiga egaligi. Fonema tilning eng kichik fonologik birligi. Nutq tovushlari fonemaning moddiy simvollari, belgilari, fonemaning nutqdagi reallashishi. Demak, fonema bilan tovush farqlanadi.
5. Sinxroniya va diaxroniya. Praga strukturalistlari tilni tadqiq qilishda, asosan, sinxroniyani – sinxron metodni ilgari suradilar. Shu bilan birga ular tilning mohiyatini ochishda diaxroniyani – diaxron metodni ham hisobga oladilar. Ya’ni ular diaxroniyani inkor qilmaydilar. Demak, tilni – til hodisalarini, birliklarini tahlil qilishda sinxroniya va diaxroniya dialektik bogʻliq holda olinadi.
6. Til belgisi boʻlgan soʻz – mustaqil birlik. U vazifasiga, nomlanishiga koʻra nominativ faoliyat mahsuli boʻlib, jamiyatda nominativ funksiya bajaradi.
7. Tilning morfologik sistemasi morfema bilan belgilanadi.
8. Gapning aktual boʻlinishi masalasi va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |