Xorazm. Mahmud az-Zamaxshariy ziyoratgohi
Maqbara o'zi ko'hna Urganchda - hozirgi Turkmaniston hududida joylashgan. Abul qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy hijriy 467 yili qadimiy Zamaxshar qishlog'ida tug'ildi. Urganchda zamonasining ulug' allomalari qo'lida ta'lim oldi. Ilohiyotshunoslik sohasida bilim va malakasini oshirish maqsadida Makkai mukarramaga bordi. U yerda alloma tafsir ilmi sohasida ulug' kashfiyot sanalgan "Al-Kashshof" asarini yaratdi. Ka'batullohda uzoq vaqt turib qolganidan unga "Jorulloh" (Allohning qo'shnisi) unvonini berdilar. Allomaning tafsir va hadis, sarf va nahv, ilmi adabga doir 50 dan ziyod asarlari ilm olamida yuksak qadrlanadi. "Al-Kashshof" tafsiri necha zamonlardan beri musulmon olamidagi oliy o'quv muassasalarida darslik sifatida o'qitib kelinmoqda. Buyuk allomaning lug'atshunoslik, nazm, xalq, og'zaki ijodi, jo'g'rofiya va boshqa sohalarga doir asarlari ham bizgacha yetib kelgan. 1995 yilda bu ulug' alloma sharafiga Xorazmda majmua barpo etilib, tavalludining 920 yilligi xalqimiz tomonidan keng nishonlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |