O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent


Download 1.78 Mb.
bet173/260
Sana10.12.2021
Hajmi1.78 Mb.
#179746
1   ...   169   170   171   172   173   174   175   176   ...   260
Bog'liq
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6

Takrorlash uchun savollar

  1. Mantiqda haqiqat (chin bilim) qanday talqin qilinadi?

  2. Haqiqat va yolg‘on o‘zaro qanday munosabatda?

  3. Forobiy mantiqning haqiqatni o‘rnatishdagi rolini qanday tushuntiradi?

  4. Gegelning haqiqat konsepsiyasining mohiyati nimada?

  5. Haqiqatning gnoseologik va mantiqiy jihatlari nimalardan iborat?

  6. Haqiqatning mantiqiy mezonlari nimalardan iborat?

  7. Haqiqatning absolyutligi, nisbiyligi va konkretligi masalasi mantiqda qanday talqin qilinadi?

Dialektik mantiqda isbotlash masalasi

Isbotlash, kengroq ko‘lamda olsak, argumentlashsiz aqliy mushohadani tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu, ayniqsa, fanda, uning ilmiy qonunlarini o‘rnatishga qaratilgan intilishda yaxshi anglanadi. O‘z isbotini topmaguncha ilmiy qonunning chingligiga ishonch hosil bo‘lmaydi. Isbotlash tadqiqotchini adashishlardan, xatoga yo‘l qo‘yishdan saqlaydi, uning taxminlarini oydinlashtiradi va shu tariqa ilmiy gipotezalarni asoslab, yangi tushunchalar hosil qilishga, yangi qonunlarni yyechishga, nazariyalarni yaratishga yoki, aksincha, ilgari surilgan gipotezalarning xatoligini aniqlashga, asossizligini ko‘rsatishga imkon beradi. Ana shuning uchun ham isbotlash (yoki rad etish) ilmiy bilishning muhim jihatini tashkil etadi. Fanda isbotlash mexanizmi, metodologiyasi qanchalik mukammal bo‘lsa, uning yetuklik darajasi shunchalik yuqori deb baholanadi.



Isbotlashning bilish, shu jumladan, ilmiy bilishning turli shakllari va darajalarida o‘ziga xos darajada kyechishini e’tirof etgan holda unga xos bo‘lgan umumiy sxemalar, mantiqiy qoidalar, yondashish usullari mavjudligini tan olish lozim. Bu masalalar falsafiy mushohoda doirasida qo‘yiladi, mantiqning muhim tadqiqot obyektini hosil qilishadi. Mantiqda boshqa masalalar qatorida isbotlashga (rad etishga ham) ham ikki xil: strukturaviy va dialektik tarzda yondashishning mavjudligi yaxshi anglashiladi. Shunga muvofiq holda isbotlashning strukturasi va amalga oshish mexanizmini tushuntiruvchi formal mantiq isbotlash nazariyasi hamda uning bilish taraqqiyoti davomida amalga oshishini tadqiq etishga bag‘ishlangan dialektik mantiq isbotlash (yoki nazariy isbotlash) nazariyasi farq qilinadi. Formal isbotlashning o‘z ustunligi borligi shubha tug‘dirmaydi. Lekin, ayni paytda, uning ba’zi masalalarni, masalan, bilish masalalarini, xususan, predmetni uning mazmuni va shakli birligida hamda taraqqiyotini o‘rganish kerak bo‘lgan holatda formal isbotlash resurslarining ojizligi va shuning uchun boshqa metodlarga murojaat qilish, kreativ fikrlash zarurligi yaxshi anglashiladi. Buni formal isbotlashda ko‘proq qo‘llaniladigan avtoritet (obro‘-e’tibor) usuli misolida ko‘rsatish mumkin.

Bu o‘rinda mazkur usulning M.Koen va E.Nagellar bergan tavsifi va kelishgan xulosasiga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir. Mazkur usul ba’zan avtoritetni apellyatsiya qilish maqsadida ishlatiladi. Odamlar o‘z mulohazasini qurishda ko‘p hollarda muayyan bir e’tiqodlarga qat’iy ergashishdan ko‘ra, biron-bir hurmatli, obro‘-e’tiborga ega manbaga taya’ni shni afzal deb biladilar. Din yoki boshqa axloq kodekslariga asoslanuvchi aksariyat fikr-mulohazalar ushbu yo‘nalishda yakuniy xulosaga ega deb qabul qilingan, biror-bir muqaddas matn yoki an’ananing obro‘-e’tiboriga tayanadilar. Nafaqat kundalik hayotiy masalalar, balki siyosat, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotga doir murakkab, ilmiy yondashishni talab qiladigan masalalar ham shu tarzda hal qilinadi.

Xususan, dafn marosimiga qanday kiyim kiyish, maktub yozishda qanday sintaktikaga amal qilish, mahsulot ishlab chiqarishda qanday huquqlarga ega bo‘lish, og‘ir ijtimoiy inqiroz holatlarida, masalan, urush davrida o‘zini qanday tutish kerakligi va boshqa masalalar obro‘-e’tibor usuli orqali yechiladi.

Avtoritetga nisbatan apellyatsiya’ning ikki shakli mavjud. Uning birinchi shakli oqilona va muqarrardir. Biz, biror-bir muammoni vaqt nuqtai nazaridan yoki mutassaddilik tomonidan mustaqil hal etish imkoniga ega bo‘lmasakkina, ushbu shaklga murojaat qilamiz, yuzlanamiz.

Masalan, “Biror-bir kasallik belgisini bartaraf etish uchun qanday dietaga yoki jismoniy mashqlarga murojaat qilish lozim?”, “Qadimgi Misrda qanday og‘irlik tizimlaridan foydalanishgan?” – kabi savollarga javob topishda biz ushbu sohaning mutaxassislari bo‘lgan, obro‘-e’tibori tan olingan shaxslarga murojaat qilamiz. Shu bilan birga, ularning qarashlari ham nisbiy bo‘lib, uni boshqa bir o‘xshash mulohazalar bilan taqqoslash, solishtirish yoki o‘zimizning qarashimizni shakllantirish o‘z ixtiyorimizda qoladi.

Apellyatsiya’ning ikkinchi shakli avtoritetga nisbatan benuqson, shubhadan xoli munosabatda bo‘lib, masalani hal etishda, masalaning yakuniy yechimida o‘ziga xos tashqi kuchga tayanadi. Bunda, siyosat, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotga oid masalalar bilan bir qatorda, diniy masalalarda bo‘lgani kabi, bid’at yoki munofiqlik asosida bartaraf etish nazarda tutiladi. Shuning uchun ham odamlarni qo‘rqitish, yuragiga g‘ulg‘ula solish, ayovsiz jazolash usullari yordamida muayyan bir holatga roziligi olinishiga majbur qilingan.

Shu tariqa, jamiyatda odatiy qarashlarga nisbatan muqobil g‘oyalarni ilgari surishga yo‘l qo‘yilmagan.

Asosiy maqsadi birdamlik va barqarorlik bo‘lgan ushbu usulda kerakli natijaga erishishda, bir qancha obro‘-e’tiborli qarashlarning qarama-qarshiligi mavjud bo‘lsa, o‘z-o‘zidan qiyinchiliklar yuzaga keladi. Ya’ni, masalan, xuddi nasroniylar Muhammad payg‘ambar hamda Qur’oni karimning obro‘-e’tiborini tan olmaganliklari kabi, buddistlar nasroniylikning avtoritetini tan olishmaydi. Ekspertlar vaqtinchalik masalalar yechimida ko‘pincha bir-birlari bilan ixtiloflarga kirishadilar hamda ular tez-tez nohaq bo‘lib chiqadilar.

Bundan tashqari, amaldagi tajribaga ko‘ra, barcha ishonch-e’tiqodlarni ularning obro‘-e’tibori asosida boshqarish mumkin emas va, shu sababli, ularni boshqa yo‘llar bilan hal qilishga ehtiyoj mavjud. Shu tariqa, avtoritet usuli, shubhalardan xoli bo‘lishda, noaniqliklarni bartaraf etishda o‘zining to‘ldirilishiga yoki biror-bir usul bilan almashinishga ehtiyoj sezadi122.

Isbotlashga bunday yondashishlar mavjudligi Aristotel mantiqiy ta’limotidayoq ko‘zga tashlanadi. Xususan, buyuk yunon mutafakkiri sillogizmni xulosa chiqarish shakli (birinchi analitikada) va isbotlash usuli (ikkinchi analitikada) tarzida olib qaragani holda, isbotlashning formal mantiqqa xos jihatlari: mantiqiy tuzilishi, amalga oshish mexanizmini tushuntirish qoidalarini shakllantirgan. Shu bilan birga, u o‘zining “Topika” asarida dialektikani ehtimoliy bilimlardan chin bilimlarga o‘tish metodi sifatida tavsiflab, unda isbotlashning o‘ziga xos tarzda amalga oshishini ko‘rsatishga uringan. To‘g‘ri, Aristotel yashagan davrda nazariy bilish hozirgi ko‘rinishda bo‘lmagan, u ko‘proq quruq aqliy mushohadaga suyangan, dastlabki ilmiy nazariy sistema – Evklid geometriyasi keyinroq yaratilgan. Lekin, shunga qaramasdan, Stagrit nazariy isbotlashga xos bo‘lgan ba’zi xususiyatlarni ilg‘ashga, unga mos holda ayrim muhim mantiqiy qoidalarni shakllantirishga muvaffaq bo‘lgan.



Nemis klassik falsafasida taraqqiyot g‘oyasining Gegelning dialektik metodini bilishning, tafakkurning fundamental universal prinsipi sifatida tavsiflashi dialektik isbotlashning mohiyatini ochib berishga sharoit yaratdi. Nemis faylasufi fikricha, bilish taraqqiyoti davomida ilgarilash, yangi tushunchalar, qonunlarni shakllantirish, ayni paytda, orqaga qaytib, boshlang‘ich tushuncha, g‘oya’ni qayta anglash, uning mazmunini boyitish, predmet to‘g‘risidagi tasavvurni kengaytirish va chuqurlashtirishdan iborat. Shu tufayli boshlang‘ich tushuncha, g‘oyadan boshlangan predmet to‘g‘risidagi tasavvur asta-sekin yangi mazmun bilan, ya’ni yangi tushunchalar, qonunlar, gipotezalar, g‘oyalar bilan boyib boradi, ular o‘rtasidagi uzluksiz aloqadorlik bilish jarayoning rivojini va yaxlitligini ta’minlaydi va u o‘z ifodasini predmet haqida yaxlit tasavvur beruvchi nazariy sistema qurish bilan yakunlaydi. Isbotlash bu jarayonning barcha qirralarini, bosqichlarini qamrab oladi, bilishning ajralmas qismi sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, Gegelning fikricha, dialektik isbotlash o‘z mohiyatiga ko‘ra, nazariy isbotlash, ya’ni nazariya qurish orqali, unga asoslangan holda isbotlashdir.

Gegelning xizmatlaridan biri ham aynan ana shu isbotlash mohiyati masalasini dialektik asosga qo‘yishdadir. To‘g‘ri, nazariy bilim deganda, falsafiy bilimni tushungan va shundan kelib chiqib nazariy isbotlashni falsafaga, ya’ni dialektikaga asoslangan mantiqqa - dialektik mantiqqa xos bo‘lgan yagona haqiqiy isbotlash shakli deb hisoblagan. Boshqa fanlarda qo‘llaniladigan isbotlash usullarini inkor qilmagani holda bu fanlarning ilmiy maqomi, ilmiy bilimlar sistemasida tutgan o‘rnini ular ichida turib isbotlab bo‘lmaydi, masalan, matematikaning o‘ziga xosligi va mohiyatini, faqat uning predmet sohasidan tashqariga chiqib, umumiy bilimlar tizimida olib, falsafiy tahlil qilgandagina aniqlash mumkin, deb ta’kidlagan. Albatta, buyuk nemis faylasufining bu xulosasi nazariy bilish endi shakllanib kelayotgan, hali o‘zining yetuk shaklini to‘la namoyon qilishga ulgurmagan bir paytda hosil qilingan. Bu davrga kelib, dastlabki nazariy sistema - Nyuton mexanikasi endigina yaratilgan, biologiya, ximiya va boshqa ilm sohalariga taraqqiyot g‘oyasi endi kira boshlagan, ular hali nazariy bilish darajasida o‘zini yaqqol ifoda eta olmagan edi. Shuning uchun ham avval boshdanoq, nazariy sistema shaklida mavjud bo‘lgan hamda dunyoqarash va umummetodologiya maqomiga ko‘ra sintetik bilim bo‘lgan falsafa muayyan ustunlikka ega edi. Bu holatni muayyan darajada Gegel paniogizmi va falsafani boshqa barcha bilimlarni o‘zida sintetik tarzda mujassamlashtirgan ilm sohasi (mavjud adabiyotda u ko‘p hollarda falsafani fanlarning fani sifatida asoslaydigan oxirgi konsepsiya deb baholanadi) degan qarash ta’sirida vujudga kelgan, deb aytish ham mumkin. Nazariy bilish ilmning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan hozirgi paytda isbotlash to‘g‘risida Gegel egallagan pozitsiya’ning kuchsizligi va ma’lum bir munosabatda xatoligi aniqdir. Lekin umummantiqiy, umummetodologik usullar ishtirokisiz hech qanday nazariy sistemani qurish mumkin emasligi ham yaxshi ma’lum. Har qanday nazariy bilish, nazariy sistemaning falsafiy asosga egaligi, uningsiz fanning ko‘p umumiy masalalarini, masalan, uning ideallari va normalarini belgilab bo‘lmasligini hozirda yaxshi bilamiz. Buni M.Plank, A.Eynshteyn, V.Geyzenberglar o‘z asarlarida alohida ta’kidlashgan. Isbotlashning umummantiqiy va xususiy-ilmiy masalalarini o‘zaro aloqadorlikda olib tadqiq etishga bo‘lgan ehtiyoj hozirgi ilmiy bilish jarayonida yaxshi anglanadi. Bunda fanning matematikallashuvi, ya’ni ilmning barcha sohalarida matematik metodlarning qo‘llanishi, axborotlashuvining keng quloch yoyishi, formal sistemalarning ilmiy qadr-qimmatining ortib borishi hisobga olinishi zarur. Bunday sharoitda, albatta, isbotlashning formal mantiq prinsiplari ahamiyatining ham ortib borishi tabiiydir. Chunki ilmiy tushunchalar, g‘oyalar, nazariyalarni yaratish jarayonida ularning ayrim elementlari, xususan, nazariy bilishning dastlabki bosqichlarida olingan natijalar chinligini asoslashga ehtiyoj tug‘iladi. Uni formal mantiq konseptual apparati yordamida muvaffaqiyatli hal etish mumkin. Zamonaviy mantiq (simvolik mantiq)ning isbotlashga oid vositalari ilmiy-nazariy bilimlarni shakllantirish va takomillashtirishda, ayniqsa, nazariyalar, formal sistemalarni qurishda, masalan, sistemalar nazariyasi, axborot tizimlari nazariyasi, mulohazalar hisobi, predikatlar hisobini yaratishda, mantiqiy semantika apparatini tizimli qurishda, turli murakkab sistemalarni bilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bilimlar nazariy sistemasi elementlari, birinchi navbatda, ular tarkibiga kiruvchi qonunlar, fundamental g‘oyalar, kategoriyalar apparati o‘zaro muayyan qonun-qoidalar asosida bog‘liqligi izchil,yaxlit mantiqiy sistema qurishga imkon beradi. Bu holat, ayni paytda, ilmiy-nazariy sistemalarni formallashtirishga ham sharoit yaratadi. Nazariy sistemaga kiruvchi tushuncha, qonun, gipoteza, g‘oyalarni simvollar yordamida ifodalash, ularni formulalar tarzida qayta yaratish, bir-biridan kelib chiqadigan va birgalikda izchil formal sistema tarzida qurish formal sistemalarni qat’iy tarzda mantiqiy tahlil qilish imkonini beradi.

O‘z-o‘zidan ravshanki, nazariy mulohazalarni formallashtirish uchun nazariy sistema elementlarini bog‘lash, ularni boshlang‘ich asos vazifasini bajaruvchi tushuncha, aksioma, gipotezalardan xulosa tarzida keltirib chiqarish hamda ularni sistemaga solish qoidalari ishlab chiqilishi kerak. Sistemani formallashtirish uning tushuncha va xulosalarini yuqorida aytib o‘tilgan ramziy belgilar bilan almashtirish, ular o‘rtasidagi bog‘lanishlarni formulalar tarzida qurish bilan yakunlanadi. Bu amallarni bajarishning ahamiyatli tomoni shundaki, formallashtirish natijasida hosil bo‘lgan nazariy sistemaning formal strukturasi mazmundor bilimlarga nisbatan muayyan ustunliklarga ega bo‘ladi. Xususan, sistemaga kiradigan aniq mazmunga ega bilimlarga qaraganda, sistemaning izchil mantiqiy strukturani yaratishga, uning qismlari doirasida hamda qismlarning o‘zlari o‘rtasidagi bog‘lanish va munosabatlarni aniqlashga, ular orqali yangi ma’lumotlar olishga va shu asosda berilgan nazariy sistemani jiddiy tarzda rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuni ham aytish kerakki, ilmiy bilimlarning formallashgan sistemasi umumlashtirish funksiyasiga ham ega. U nafaqat ilmiy sistemaga taalluqli bilimlar mazmunini (masalan, ularning ziddiyatsizligi, to‘laligiga va shu kabilarni), balki muayyan sinfga tegishli qonun-qoidalar, mulohazalarni ham ifodalash xususiyatiga ega bo‘lib, bu mazkur bilimlarni sintezlab, ba’zi hollarda butun bir fan yoki ilmiy yo‘nalishlar yaratishga, turli nazariyalar uchun umumiy bo‘lgan tomonlarni o‘rnatish bilan yakunlanadi. Masalan, moddiy sistemalarning o‘z-o‘zidan tashkillashuvining fizikaviy, ximiyaviy mexanizmlarini o‘rganish, uning natijalarini umumlashtirish sinergetika nazariyasining yaratilishiga olib keldi. Keyingi tadqiqotlar esa sinergetikaning sistemalar nazariyasi, kibernetika bilan umumiy bog‘liqligini ko‘rsatdi. Bu muayyan darajada mazkur sohalarga tegishli bilimlarni formallashtirish natijasi sifatida namoyon bo‘ladi va turli maqsadlarda ishlatiladigan formal sistemalarni qurish uchun asos bo‘ladi.

Yuqorida bildirilgan fikrlar formallashgan nazariy sistemalarning yana bir muhim xususiyatini – ularni kompyuter va axboorot texnologiyalarida qo‘llanilishini hamda shu tariqa axborotni jamlash, tizimlashtirish, qayta ishlash va uzatishni takomillashtirishga imkon berishni ko‘rsatadi. Bilimlarni formallashtirishning imkoniyatlari matematik modellashtirishda ham yaxshi anglanadi. Formallashtirishning zamonaviy ilmiy bilishda, ayniqsa, matematika, mantiq, kibernetikada keng qo‘llanishi uning samarali metodologik vosita ekanligini namoyish etadi. Ayni paytda, uning imkoniyatlarini ortiqcha baholash ham kerak emas. Barcha sohalarga oid ilmiy bilimlarni formallashtirish, ularni to‘la qamrab oladigan aksiomatik sistema qurishga intilish, matematikani esa butunlay formallashtirishga urinishning behudaligi buni tasdiqlaydi.

Shuni e’tiborga olish kerakki, formallashgan ilmiy sistema o‘zi aks ettirayotgan predmet sohasining modeli sifatida shu sistemaning mazmunli variantiga nisbatan ancha torroq, sayozroqdir. Gap shundaki, ilmiy bilimlarning hech bir mazmunli nazariy sistemasini to‘laligicha formallashtirib bo‘lmaydi. Formallashtirishning eng mukammal ko‘rinishida ham zaruriy tarzda “formallashmagan qoldiq” qoladi. Formallashtirishni qo‘llashdan maqsad u qamrab olgan, ifodalayotgan hodisalar to‘g‘risidagi bilimlarni aniqroq ifoda etish, real obyekti, tajribaviy asosi hali aniqlanmagan nazariy bilimlarni hosil qilishga erishishdan iborat. U mazmunli nazariy sistemalarni yangi ma’lumotlar bilan boyitishga xizmat qiluvchi yordamchi mantiqiy vositadir.

Bilishda nazariy sistemaning mazmunini aniqlash va uning chinligini isbotlash ustuvor ahamiyatga ega. Ana shuning uchun ham dialektik isbotlash nazariy bilishda asosiy rol o‘ynaydi. U nazariy sistemaning haqiqatligini isbotlashda nazariya’ning qurilib bo‘lgan, tayyor ko‘rinishini uning shakllanishi bilan birgalikda olib qaraydi. Bundan ko‘zlangan maqsad shuki, nazariy mantiqiy sistema sifatida o‘zida predmet rivoji tarixini aks ettiradigan qurilma sifatida asoslanishi kerak. Gegel aytganidek, bilishning natijasini emas, balki unga eltuvchi yo‘l ham chin bo‘lishi lozim. Dialektik (nazariy) isbotlashning formal isbotlashdan ustunligi nazariya’ni qurishda uzluksiz, ya’ni boshidan oxirigacha qo‘llanishida yaxshi anglanadi. Buning mohiyatini nazariy g‘oya’ning shakllanishi va nazariyaga aylanishini asoslash tashkil etadi. Z.M.Orudjev ta’kidlaganidek, dialektik-mantiqiy isbotlashda qidiriladigan narsa nazariya darajasiga o‘sib o‘tmagan nazariy g‘oyadir “nazariya’ning qurilishi boshlang‘ich g‘oya’ning haqiqatligi isboti bo‘ladi”123. Ayni paytda, nazariya to‘laligicha, uning empitik asosga ega natijalari, xulosalari bilan birgalikda olib ham tekshirish zarur. Aks holda nazariya’ning haqiqatligi to‘g‘risida aniq xulosaga kelish qiyin bo‘ladi124

Nazariy isbotlashning uzluksizligi chinligi isbotlangan nazariya’ning mutloq haqiqat emasligida ham namoyon bo‘ladi. Gegel buni nazariya’ning ichki ziddiyatga egaligida deb talqin qiladi. (bu formal ziddiyat emas). Bu nazariya’ning ayrim tushunchalari, gipotezalarining mazmun jihatidan predmetni to‘laligicha ifoda eta olmasligida namoyon bo‘lib, bilishning keyingi taraqqiyotida ma’lum bo‘ladi. Mazkur holat nazariy sistemaning dialektik tabiatiga egaligidan, uning takomillashuvi, ba’zi hollarda uning yangi qurilgan nazariya tomonidan dialektik inkor qilinishi mumkinligidan dalolat beradi. Nazariy isbotlashda e’tiborga olinishi zarur holatlardan biri shundaki, har bir nazariya bevosita yoki bilvosita muayyan empirik asosga ega. Bundan formal sistemalar ham istisno emas, chunki sof mantiqiy yo‘l bilan qurilgan sistema ham ertami-kechmi o‘zining amaliy qo‘llanishiga muvaffaq bo‘ladi.

Nazariya’ning empirik asosi esa hech qachon to‘la bo‘lmaydi, bilish taraqqiyoti davomida u o‘zgarib turadi, predmet sohasi qayta anglanib boradi.

Ilmiy–nazariy sistemaning chin yoki xatoligi uning yangi qayd etilgan faktni tushuntirishda yana bir bor isbotlanadi.

Shunday ekan, verifikatsiya’ning isbotlash usuli sifatidagi ahamiyatini e’tirof etish zarur. Ayni paytda uning funksiyasini mutlaqlashtirib ham bo‘lmaydi, chunki nazariya’ning barcha elementlarini tajriba yordamida tasdiqlashning iloji yo‘q. Buni elementar zarrachalar nazariyasi ko‘rsatmoqda.

Dialektik isbotlashning muhim prinsiplaridan biri nazariy bilimlarni falsifikatsiya qilishidir. To‘g‘ri, buning asoschisi K.Popperning fikricha, barcha nazariyalar gipotezadan iborat, shuning uchun ham ular inkor etilishi mumkin deb hisoblaydi. Bu, albatta, xato xulosadir. Lekin mazkur prinsipning pozitiv talqini ham mavjud. Har qanday nazariy sistemaning ayrim elementlari bilish taraqqiyoti davomida inkor etilishi mumkin. Ba’zi hollarda nazariy sistemaning asosiy g‘oyasi ham aniqlashtirilishi va shu sababli u inkor etilishi mumkin. Lekin baribir u yangi nazariy sistema tarkibiga uning elementi sifatida kiradi, ya’ni nisbiy haqiqat sifatida saqlanib qoladi. Ko‘rib turibmizki, dialektik tarzda isbotlash o‘zida bilish taraqqiyotini ifoda etadi va undagi vorislikni ta’minlaydi.


Download 1.78 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   169   170   171   172   173   174   175   176   ...   260




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling