O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent
Download 1.78 Mb.
|
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6
Sillogizm nazariyasi
Aristotel sillogizmning birinchi va ikkinchi figuralarining har biri to‘rt modusga, uchinchi figura esa olti modusga ega ekanligini chuqur mantiqiy tahlil asosida aniqlab berdi. Ma’lumki, Aristotel birinchi (katta) terminni A harfi bilan, o‘rta terminni V va oxirgi (kichik) terminni S harfi bilan belgilaydi. Zamonaviy mantiqda katta termin – R harfi bilan, o‘rta termin – M, kichik termin – S harfi bilan belgilanadi. Ya.Lukasevich ta’kidlab ko‘rsatganidek135, Aristotelda sillogizm implikatsiya’ni tashkil etadi va xulosa asoslari antetsedent (asos), xulosa esa konsekvent (natija) ko‘rinishida ifodalanadi: “Agar A hamma B ga taalluqli bo‘lsa, B esa hamma S ga, unda A zaruriy tarzda hamma S ga taalluqlidir”. A – V
V – S A – S
Aristotel sillogizmiga xos bo‘lgan yana bir xususiyat shuki, unda avval mantiqiy kesim (predikat), so‘ng mantiqiy ega (subyekt) bayon qilinadi. Masalan: «Hamma hayvonlarga (B) sezish xususiyati (A) xos» deyilmasdan, aksincha «Sezish xususiyati (A) hamma hayvonlarga (B) xos» deyiladi. Shunga ko‘ra, figuralarning shakli Aristotelda hozirgi formal mantiq kursida o‘rganilayotganidan farq qiladi. Aristoteldagi sillogizmning I figurasi hozirgi IV figuraga, II figurasi III figuraga va III figurasi II figuraga mos keladi. Ifigura II figura III figura P–M M–P P–M M–S M–S S–M S– P S–P S– P Stagirit IV figuraning mavjudligi haqida hech qanday fikr bildirmaydi. Aristotel terminlarni A,B,C o‘zgaruvchilari orqali ifodalagan, shuningdek, III figuraning Felapton modusini ifodalaganda P,S,K o‘zgaruvchilaridan, II figura moduslarini ifodalashda M, N, X belgilaridan foydalangan. Aristotel xulosa chiqarishni sabab va oqibat bog‘lanish-larining ifodasi sifatida ko‘rib chiqadi. Bunga ko‘ra, terminlar o‘rtasidagi aloqadorlik mohiyatlar o‘rtasidagi (jins, tur va yakka buyum) aloqadorlikni ifodalaydi. Chunki o‘rta termin xulosaning haqiqiy sababini ifodalaydi va xulosalarning zaruriy, chin bo‘lishini ta’minlaydi. A.S.Axmanov ko‘rsatib o‘tganidek: “...o‘rta termin mantiqiy funksiyasiga hamda ontologik ahamiyatga ko‘ra, o‘rta bo‘lishi, ya’ni real sabab bo‘lishi shart. U yoki bu muayyanlikning real sababi hamma vaqt uning tashuvchisi va natijasining o‘rtasida bo‘ladi. Agar muayyan bir fakt qandaydir sababning tashuvchisi bo‘lsa, unda bu faktdan keyin, shu sabab keltirib chiqaruvchi oqibat vujudga keladi. Shuning uchun, agar asoslardan birida u yoki bu holatning haqiqiy sababi (tasdiq yoki inkor ko‘rinishida) ko‘rsatilgan bo‘lsa, boshqasida bu sababning u yoki bu predmetda mavjudligi ko‘rsatilsa, unda bu predmetda ko‘rsatilgan holatning mavjudligi haqidagi xulosa zaruriy, chin bo‘ladi”136. Aristotel sillogizmning birinchi figurasini mukammal deb biladi, chunki bu sillogizm xulosa chiqarish uchun asoslarda mavjud bo‘lgan narsalardan ortiq narsaga muhtoj bo‘lmaydi va bu asoslardan xulosa hech qanday shartsiz, zaruriy kelib chiqadi. Shuning uchun u sillogizmlarni mukammal va nomukammal turlarga bo‘ladi. Aniq, yaqqol sillogizmlar mukammal deyiladi, o‘zining aniqligida boshqa narsaga muhtoj bo‘lganlari esa nomukammal deyiladi. Nomukammal sillogizmlar mukammallikka keltirish orqaligina aniq xulosa beradi. Uning fikricha, nomukammal sillogizmda o‘rta terminning joylashishi real sababning holatiga mos kelmaydi. Shu sababdan II va III figuralar nomukammal hisoblanadi va ularning moduslari I figura moduslariga keltiriladi. I figuraning mukammal deb hisoblanishining yana bir sababi shuki, u oddiy qat’iy mulohazalarning to‘rtta asosiy turi (A, E, I, O) bo‘yicha xulosalar beradi. II figura faqat inkor (E,O) xulosalarini beradi, tasdiq xulosalarni bermaydi.137 III figuraning xulosalari esa juz’iy mulohazalardan iborat bo‘ladi, u umumiy xulosalarni bermaydi. Aristotel shartli sillogizmlarga deyarli to‘xtalmaydi va Y.Lukasevichning ta’kidlashicha, “biz bu haqda ya’ni u (sillogizm)lar bir-biridan nimasi bilan farq qilishi haqida keyinroq gapiramiz”,138 – deb yozadi, lekin o‘z niyatini amalga oshirmaydi. Aristotel o‘zining sillogizm nazariyasidan boshqa mantiqiy tizimning mavjud bo‘lishi mumkinligini xayoliga ham keltirmaydi. Lekin u nomukammal sillogizmlarni isbotlashda shartli sillogizmlardan (propozitsional mantiqning qonunlaridan) intuitiv ravishda foydalanadi. Har qanday isbotlash muayyan asos-argumentlarning mavjud bo‘lishini talab qiladi. Bu asos-argumentlarning chinligi ulardan avvalroq ma’lum bo‘lgan boshqa fikr-mulohazalar vositasida tasdiqlangan bo‘ladi. Ular esa, o‘z navbatida, boshqa bilimlar vositasida tasdiqlanadi. Albatta, bu jarayon cheksiz davom etolmaydi. Aristotelning fikricha, bu jarayon isbotlash uchun asos bo‘luvchi boshlang‘ich bilimlarga borib taqaladi. Boshlang‘ich bilimlarning mavjudligi boshqa bilimlarga bog‘liq bo‘lmaydi, boshqa bilimlar esa ularga bog‘liq bo‘ladi. Mutafakkir “Ikkinchi analitika” da boshlang‘ich (orttirilmagan) bilimlarni isbotlashning tarkibiy qismi sifatida ko‘rib chiqadi. Boshlang‘ich bilimlar tezisning chinligini isbotlovchi asos-argument bo‘lib xizmat qiladi. Boshlang‘ich bilimlarning o‘zi qanday paydo bo‘ladi, degan savolga Aristotel aniq javob bermaydi. V.F.Asmusning ta’kidlashicha, Aristotel boshlang‘ich bilimlarning uch turini ko‘rsatib o‘tadi: aksiomalar, faraz (tahminiy bilim) va postulatlar139. Aksiomalar alohida bir fan yoki o‘zaro bog‘langan bir nechta fanlarga oid bilimlarning mavjudligini ta’minlovchi fikr-mulohazalardir. Aristotel aksiomalarni: “kimdir nimanidir o‘rganmoqchi bo‘lsa, albatta zarur bo‘ladigan, isbotlanmaydigan boshlang‘ich (bilim-D.F.)lar”,140 deb ataydi. U aksiomalarni eng umumiy (barcha fanlar uchun) va umumiy (bir turdagi fanlar uchun) turlarga ajratadi. R.K.Lukanin: “mantiq qonunlari Aristotelda mohiyatni qanday bo‘lsa shunday ifodalovchi eng umumiy aksiomalardir”,141 deb ko‘rsatadi. Aksiomalar barcha mavjud narsalarga taalluqli bo‘lgan bilimlarni ifodalaydi. Aristotelning fikricha, faraz o‘z holicha isbotlanadigan, lekin muayyan ilmiy muhokama doirasida isbotsiz qabul qilinadigan bilimlardir. Bunday bilimlar ko‘pincha ta’lim-tarbiya sohasida qo‘llaniladi. O‘rgatuvchi (ustoz) ning fikri o‘rganuvchi (shogird) uchun so‘zsiz qabul qilinadigan asos hisoblanadi. Postulatlar (talablar) ayrim, alohida ilmiy muhokama doirasida qo‘llaniladigan bilimlar bo‘lib, u haqda o‘rganuvchi hech qanday bilimga ega bo‘lmaydi. O‘rganuvchi bu fikrlarga qo‘shilmasa ham, uni boshlang‘ich asos sifatida qabul qiladi. Aristotel, shuningdek, “ta’riflar ham isbotlash uchun boshlang‘ich (bilim)”142 ekanligini ta’kidlaydi. Lekin sezgilar vositasida hosil qilingan bilimlarni boshlang‘ich asos sifatida e’tirof etmaydi. Uningcha, sezgilar yakka buyumlar haqida ma’lumot beradi. Boshlang‘ich bilimlar esa umumiy xarakterga ega bo‘ladi. Aristotel faraz bilan postulat o‘rtasidagi farqni shunday tushuntiradi: “...o‘zi orqali zaruriy chin bo‘lgan va shunday tuyulishi zarur bo‘lgan narsa faraz ham, postulat ham emas. Chunki isbotlash tashqi ifodalanishga emas, balki ichki mazmunga taalluqlidir, chunki sillogizm ham (tashqi ifodalanishga taalluqli) emas. Demak, isbotlash mumkin bo‘lgan hamma narsalarni (isbotlovchining) o‘zi isbot qilmasdan qabul qilsa, agar o‘rganayotganga ular to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinsa va ularni qabul qilsa, bu farazdir, hamma uchun emas, balki faqat shu o‘rganuvchi uchun farazdir. Agar uni qabul qilishsa-yu, lekin o‘rganuvchi u haqda hech qanday fikrga ega bo‘lmasa yoki unga zid bo‘lgan fikrga ega bo‘lsa, unda postulatdir. Faraz bilan postulat o‘rtasidagi farq ham xuddi shundaydir”143. Mantiqiy isbotlash yangi bilimlarning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Aristotelning fikricha, inson “isbotlash vositasida yangi bilimga ega bo‘ladi”144. U isbotlash vositasida hosil qilingan bilimlarga yuqori baho beradi. Uningcha, bu bilimlarning chinligi, ilmiyligi isbotlash usuliga, asos – argumentlarning chinligiga bog‘liqdir. Aristotel o‘zining “Ikkinchi analitika” sida bu masalani batafsil bayon qilgan. U, avvalo, isbotlash deganda, chin asoslardan zaruriy xulosani keltirib chiqaruvchi sillogizmni, ya’ni sillogistik xulosa chiqarishni tushunishini ta’kidlaydi145. Bunda sillogizmning xulosasi tezisni, argumentlar esa xulosa asoslarini ifodalaydi. Isbotlash usuli esa sillogistik xulosa chiqarish ko‘rinishida bo‘ladi. Aristotel ta’limotida, xulosa chiqarish isbotlash shakli hisoblanadi. U isbotlashning ilmiy (apodeyktik), dialektik, ritorik, sofistik usullarini tahlil qilgan, eristika – muvaffaqiyatli bahs yuritish qonun qoidalarini ishlab chiqqan, peyrastika – maqsadsiz muhokama yuritishning zararli ekanligini ta’kidlagan. Aristotel “Ikkinchi Analitika”sining tahlili sillogizmning birinchi figurasi chin, zaruriy xulosa beruvchi isbotlash usulidir, deb tasdiqlash uchun asos bo‘ladi. “Ikkinchi Analitika”ning ikkinchi kitobi o‘n to‘rtinchi bobida shunday deb yozilgan: “Sillogizm figuralaridan birinchisi – fan uchun eng mos keladiganidir, chunki u orqali arifmetika, geometriya, optika kabi matematik fanlar isbotlashni amalga oshiradilar va aytish mumkinki, bu narsa nima uchun bor degan savolni tadqiq qiluvchi barcha fanlarda, nima uchun borligi haqidagi sillogizm hamma yoki ko‘pchilik holatlarda hammasidan ko‘proq aynan shu figura orqali hosil bo‘ladi. Shuning uchun birinchi figura fan uchun eng mos bo‘lganidir, chunki bilim uchun, bu narsa nima uchun bor degan sababni tadqiq qilish, hamma narsadan muhimroqdir. So‘ngra faqat shu figura orqali bilimga ega bo‘lish mumkin, chunki o‘rta figurada tasdiqlovchi sillogizm hosil bo‘lmaydi, mohiyatni bilish esa tasdiqlovchi bilimdir. Oxirgi figurada esa umumiy bo‘lmasa ham tasdiqlovchi xulosa hosil bo‘ladi, lekin buyumning mohiyati qandaydir umumiylikdir... Bundan tashqari, birinchi figura boshqa figuralarga muhtoj emas, lekin ular u (I figura–F.D.) orqali to bevositalikka erishmaguncha mustahkamlanadi va kengayadi. Shunday qilib, birinchi figuraning bilish uchun eng muhimligi o‘z-o‘zidan ravshandir”146. A.S.Axmanov, Ya.Lukasevich, R.K.Lukaninlar ham o‘z tadqiqot-larida birinchi figura chin xulosa beruvchi isbotlash usulidir, degan fikrni ilgari suradilar. Ular Aristotelning isbotlash haqidagi ta’limotida sillogizm ikkinchi va uchinchi figuralarining moduslarini birinchi figura moduslariga keltirish orqali xulosaning chinligi isbotlanadi, deb ko‘rsatadilar. Sillogizm birinchi figurasi xulosalarining chinligi undagi terminlarning o‘zaro bog‘lanishi bilan asoslanadi. Aristotel tomonidan sillogizm terminlariga berilgan ta’rif asosan, birinchi figura terminlari o‘rtasidagi munosabatni xarakterlaydi147. Bu munosabat, asosan, AAA (Barbara) va EAE (Celarent) moduslarida yaqqol ko‘rinadi. Ularda sillogizmning aksiomasi ifodalanadi: sinfga nisbatan tasdiqlangan narsalarning hammasi shu sinfda mavjud bo‘lgan har bir buyumga nisbatan ham tasdiqlanadi va, aksincha, sinfga nisbatan inkor qilingan narsalarning hammasi shu sinfda mavjud bo‘lgan hamma narsaga nisbatan ham inkor qilinadi. Bu fikr Eyler doiralari yordamida quyidagicha ifodalanadi. S M P S P M Modus Barbara Modus Celarent I figuraning juz’iy xulosaosa beruvchi moduslari esa quyidagicha ifodalanadi. М Р S P M S Modus Darii Modus Ferio Birinchi ikki modusning hajmiga ko‘ra munosabatlari ularning mazmuniga ko‘ra munosabatlarini ham yaqqol aks ettiradi. R.Lukaninning ta’kidlashicha, “Birinchi figuraning mukammalligi shundan iboratki, bog‘lovchi terminning o‘rta holati uning ontologik mazmunini aniqlab beradi; sillogizmning shakli buyumni uning mohiyati orqali bilishning zarurligini ko‘rsatadi. “Mohiyat” tushunchasi orqali xulosa chiqarish usuli voqelikdagi tabiiy yo‘nalish va undagi real aloqadorlikka juda ham mos keladi, chunki har qanday xususiyat buyum bilan uning mohiyati orqali bog‘langan”148. Agar sillogizm terminlarini chiziqli tartibda qo‘yib chiqsak, birinchi (katta) termin umumiylikni, o‘rtasi xususiylikni, oxirgisi (kichik termin) yakkalikni ifodalaydi. Aristotel o‘rta terminni har qanday zaruriy va yangi bilim beruvchi sillogistik xulosalashning haqiqiy asosi sifatida ko‘rib chiqadi. Uning fikricha, o‘rta termin orqali bilish buyumning mohiyatini bilishdir149. Shu sababdan ham Aristotel nomukammal sillogizmlarni mukammal sillogizmga keltirish orqali xulosaning chinligi isbotlanadi, deb ko‘rsatadi Aristotelning dialektikasi ungacha mavjud bo‘lgan qarashlarning nazariy sintezi hisoblanadi. U “Topika” asarida dialektik muhokama yuritishning o‘ziga xos jihatlarini tahlil qiladi. Aristotel “topika” va “dialektika” tushunchalarini teng ma’noda qo‘llaydi. U ham Zenon kabi dialektikaning vazifasi fikrlarni analiz qilish undagi ziddiyatlarni aniqlashdan iborat, deb biladi, Platon kabi bunday analiz haqiqatning mohiyatini bilishga yordam beradi, deb ta’kidlaydi. Sokrat uchun ham «dialektika» haqiqiy bilimni aniqlash usuli bo‘lib, unda o‘zaro bir-biriga zid mulohazalar tadqiq qilinadi. Aristotel fikricha, dialektikaning qimmati, birinchidan, masala qay tarzda tadqiq etilishini ko‘rsatishdan iborat, buning uchun qo‘yilgan savolning javobiga olib keluvchi (taxminiy bo‘lgan) xulosa chiqarish tuziladi; ikkinchidan, dialektika qo‘yilgan savolga berilgan javoblardagi xatoni aniqlash usuli hisoblanadi. Aristotelda dialektika ham sof subyektiv (eristik) ham ilmiy vazifalarni bajaradi. Aristotel “Topika”ning birinchi kitobida dialektika “uch turdagi buyumlar uchun: mashq qilish, muloqatda bo‘lish va falsafiy bilish uchun foydalidir”150, deb yozadi. Aristotel dialektik bahsning strukturasida tezis, problema va topni ajratib ko‘rsatadi. dialektik bilish yuqoridan quyiga qarab, eng umumiylikdan ayrimlik va konkretlikka qarab harakat qiladi deydilar. Ularning bu fikri Aristotel qarashlariga mos keladi. Aristotelning ta’kidlashicha, dialektik bilishga asoslanilganda imkon boricha umumiy bo‘lgan fikrlar olinadi. Dialektik asoslarni to‘g‘ri tanlash va ulardan unumli foydalanish bahslashuvchi tomonlarning aqlli, farosatli bo‘lishini, tajribaga ega bo‘lishini, dialektik bahs yuritish qoidalarini bilishlarini va dialektik muammo doirasidan chetga chiqmasliklarini talab qiladi. Aristotel dialektik muammolarni aporiyalar orqali tekshiradi. U qarama-qarshi fikrlarning mavjudligi voqelikdagi qarama-qarshilikka asoslanadi deb ko‘rsatadi. Aristotel aporiyali dialektik metodning asosiy bosqichlarini ko‘rsatib o‘tadi: biri tezisni aniqlashdan iborat, boshqasi har bir so‘zning ma’nolari o‘rtasidagi farqni aniqlashdan iborat, uchinchisi buyumlarning o‘zidagi tafovutlarni topish, to‘rtinchisi esa, muayyan fikrga kelishdir. Aristotel ham isbotlashda uchraydigan mantiqiy xatolarni ikki guruhga bo‘lgan. 1. So‘zlarni va iboralarni noto‘g‘ri qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan xatolar; 2. Birinchisi bilan bog‘liq bo‘lmagan, ya’ni fikrning mazmuni bilan bog‘liq xatolar. U birinchi guruhdagi xatolarning olti turini ko‘rsatadi. Bular: bir nomlilik (omonimiya – D.F.), ko‘p ma’nolik (amfiboliya – F.D.) birikish, ajratish, urg‘u berish yoki talaffuz qilish va ifodalanish shakliga ko‘ra yo‘l qo‘yilgan xatolar151. Isbotlashda uchraydigan xatolarning turlarini bilish va sofistik raddiyalarning asossizligini aniqlash, Aristotelning ko‘rsatishicha, quyidagi sabablarga ko‘ra foydalidir: “Birinchidan, sofizmlar ko‘proq so‘z ifodalanishiga ko‘ra vujudga kelgani uchun, buyumlar va ularning nomlari o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqni aniqlashga yordam beradi. Ikkinchidan, mustaqil fikr yuritish uchun foydalidir, chunki kimni boshqalar osonlikcha adashtirsa va buni uning o‘zi sezmasa, bunday odam o‘z-o‘zini ham adashtirishi mumkin. Uchinchidan, har bir narsada mohir va tajribali bo‘lish uchun, shuhrat qozonish uchun foydalidir”152. Aristotel induktiv isbotni deduksiyaga nisbatan kuchsiz hisoblagan. Analogiya’ni (paradeygma) juz’iylikdan juz’iylikka boruvchi xulosa chiqarish deb ko‘rsatgan. Aristotelning mantiqiy ta’limoti mantiq ilmining keyingi rivojiga katta ta’sir etgan. Download 1.78 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling