Shartli (implikativ) mulohaza ikki oddiy mulohazaning “agar... unda” mantiqiy bog‘lovchi orqali birikishidan tashkil topadi. Shartli mulohazaning mohiyatini aniqlash uchun “zaruriy va yetarli shart” tushunchalarini farqlash zarur. Hodisaning zaruriy sharti deb, uning mavjudligini ta’minlaydigan holatga aytiladi. Agar hodisaning sharti zaruriy bo‘lmasa, hodisa ham bo‘lmaydi. Masalan, Agar o‘simlik suvsiz qolsa, u quriydi.
Hodisa uchun yetarli bo‘lgan shart deb, har safar shu shart bo‘lganda, o‘sha hodisa kuzatiladigan holatga aytiladi. Masalan, Agar yomg‘ir yog‘sa, unda uylarning tomi ho‘l bo‘ladi. Shartlar “yetarli, lekin zaruriy bo‘lmagan”, “zaruriy, lekin yetarli bo‘lmagan”, “zaruriy va yetarli” bo‘lishi mumkin.
Shartli mulohaza tarkibida asos va natija qismlari farqlanadi. Shartli mulohazaning “agar” va “unda” so‘zlari oralig‘idagi qismi – asos, “unda” so‘zidan keyingi qismi – natija deb ataladi. Agar yomg‘ir yog‘sa, unda uylarning tomi ho‘l bo‘ladi mulohazasida “yomg‘ir yog‘sa” mulohazasi asos, “uylarning tomi ho‘l bo‘ladi” mulohazai natija hisoblanadi.
Demak, asosda ko‘rsatilgan hodisa, natijada, qayd etilgan hodisaning kelib chiqishi uchun yetarli shartni ifodalagan mulohaza shartli mulohaza deyiladi.
Shartli (implikativ) mulohazalardagi “agar... unda” mantiqiy bog‘lamasi (→) belgi bilan ifodalanadi. Hozirgi zamon mantiq ilmida esa ba’zan (ב) simvoli bilan belgilanadi. Bu simvollar moddiy implikatsiya belgisi deb ataladi. Shartli mulohaza esa implikativ mulohaza deb yuritiladi. Implikativ mulohazaning asosi – antetsedent, natijasi – konsekvent deyiladi. Implikativ mulohaza antetsedent – chin, konsekvent – xato bo‘lgan holatdan boshqa hamma ko‘rinishlarda chin bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |