Aniq javob – mantiqan to‘g‘ri qo‘yilgan savolga bildiriladigan mulohazadan iborat bo‘lib, unda ishlatilayotgan tushunchalar, so‘zlarning mazmuni va ma’nosi konkret va ravshan bo‘ladi. Bunga I. Karimovning quyidagi mulohazasini misol qilib keltirsak bo‘ladi: “Bu yorug‘ olamda eng buyuk jasorat nima degan savolga, hech ikkilanmasdan, eng buyuk jasorat-bu ma’naviy jasorat, deb javob bersak, yanglishmagan bo‘lamiz”.
Noaniq javobni ifoda etuvchi mulohazalar ikki xil ma’noli tushunchalar, so‘zlarni ishlatish natijasida hosil bo‘ladi. U ko‘pincha sofizmlarda uchraydi. Masalan, “uyum” sofizmida sofistning “agar qum uyumidan bir dona qum olib tashlansa, uyum saqlanadimi?” degan savoliga “ha”, deb javob berishadi. Uning “Yana bir qum donasini olib tashlasak-chi? Unda ham qum uyumi saqlanib qoladimi?” degan navbatdagi savoliga ham “Ha”, javobi beriladi. Bu hol, ya’ni tasdiqlovchi javob birorta ham qum donasi qolmaguncha berilaveradi. Bu yerda mantiqiy xato «uyum» tushunchasi mazmunining noaniqligidan kelib chiqadi. Mazkur tushuncha faqat uyumning ma’lum bir miqdordagi qumlar to‘plamini ifoda qilishi, ya’ni o‘zining hajmiga ega bo‘lishi bilangina emas, balki sifatiy tavsifiga: shakliga, ko‘lamiga va shu kabilarga ham, ya’ni mazmuniga ham ega. Sofist esa urg‘uni uning miqdoriga beryapti. Ana shuning uchun ham javob oxir-oqibatda xato bo‘lib chiqadi.
Beriladigan javob to‘g‘ri bo‘lishi uchun ma’lum bir metodologik talablarga rioya qilish zarur. Ular quyidagilardir:
1. Javob aniq, ravshan va, iloji boricha, ixcham bo‘lishi shart.
2. Javob mantiqan ziddiyatsiz bo‘lishi zarur.
3. Javob yetarli darajada asoslangan bo‘lishi kerak.
4. Javob savoldagi noaniqlikni kamaytirishi, iloji boricha, to‘la bo‘lishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |