O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent


Download 1.78 Mb.
bet212/260
Sana10.12.2021
Hajmi1.78 Mb.
#179746
1   ...   208   209   210   211   212   213   214   215   ...   260
Bog'liq
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6

Tushuncha haqidagi ta’limoti. Bilimlar tushuncha yoki mulohaza shaklida ifodalanadi. Shunga ko‘ra, mantiqshunosning asosiy vazifasi, Ibn Sinoning so‘zlari bilan aytganda, avvalo, yakka, oddiy tushunchalarni aniqlashdan iboratdir.

Tushunchalar so‘z orqali ifodalanadi. Mutafakkir til - fikrning belgisi va muomala vositasidir, degan g‘oya’ni asoslab berdi. Forobiyda bu g‘oya mantiq ilmi bilan grammatikaning o‘zaro aloqadorligi va bog‘liqligi nuqtai nazaridan tahlil qilingan. Ibn Sino esa masalaga, til fikrning belgisidir, degan nuqtai nazardan yondashadi.

Ibn Sino “Kitob-ash-shifo” nomli asarida “Inson o‘ziga va boshqalarga yashirin fikrlar haqida til vositasida xabar beradi, chunki inson aqli tilsiz muayyan mazmunni ifodalay olmaydi ; inson fikr yuritganda xohlasa ham, xohlamasa ham yetkazilayotgan mazmunni unga mos bo‘lgan so‘zlar vositasida ifodalaydi va tilsiz fikrlay olmaydi. Tilsiz, so‘zsiz hech narsa haqida mulohaza chiqarib bo‘lmaydi,204”- deb yozadi.

Ibn Sinoning fikricha, til, so‘z qandaydir mazmunni ifodalovchi belgidir. U belgilarning uch turini ko‘rsatib o‘tadi: aqliy, tabiiy va kelishilgan. Aqlning natijasi bo‘lgan yoki aql sabab bo‘lgan belgi aqliy belgi deyiladi. Masalan, tutun olovning mavjudligini ko‘rsatuvchi belgidir. Tabiiy, fiziologik yoki ruhiy holatlarga bo‘lgan tashqi ta’sirini ko‘rsatuvchi belgilar tabiiy belgilar deyiladi. Masalan, tomir urushining tezligi haroratning darajasini ko‘rsatadi. Kelishilgan belgi biror buyumning shartli ravishda boshqa buyumning belgisi sifatida qabul qilinishining natijasidir. Masalan “uy” so‘zi, yozma yoki og‘zaki bayon qilinishidan qat’i nazar, uyning mazmunini ifodalaydi.

Ibn Sinoning belgilar va ularning turlari haqidagi fikrlari isbotlovchi sillogizm haqidagi ta’limotiga bevosita aloqadordir. Unda tabiiy belgilarni ifodalovchi mulohazalar shartli sillogizmlarning asoslarini tashkil etadi.

Ibn Sino “Mavjudotning taqsimlanishi to‘g‘risidagi risola”sida substansiya va aksidensiyalarning turlarini batafsil tahlil qiladi. U substansiya’ni borlig‘i o‘z zotidan bo‘lgan narsa (javhar) deb, aksidensiya’ni esa borligi o‘z-o‘zidan bo‘lmay, boshqa narsalar tufayli bo‘lgan narsa (oraz) deb ataydi.

Antik davr mutafakkirlari kabi Markaziy Osiyo faylasuf-mantiqshunoslari ham besh turdagi predikabiliyalarni ko‘rsatib o‘tadilar: jins, tur, farqlovchi belgi, xususiy belgi va tasodifiy belgi. Ibn Sinoda predikabiliyalar biroz boshqacharoq nomlangan. U xususiy belgini tur belgisi deb, tasodifiy belgini esa umumiy aksidental belgi, deb ataydi. Ibn Sinoda bu masala “Kitab-ash-shifo”, “Donishnoma” va “Ishorat va tanbexot” nomli asarlarining mantiqqa bag‘ishlangan qismida bayon qilinadi.

Mutafakkir predikabiliyalarni subyekt-predikat munosabatlari doirasida ko‘rib chiqadi. Uning ta’kidlashicha, jins, tur, farqlovchi belgi, xususiy belgi va tasodifiy belgi oddiy universal predikatlardir. Murakkab predikatlar esa ularning o‘zaro birikishidan hosil bo‘ladi. Masalan, “Zayd - fikrlovchi hayvon” mulohazaida predikat jins va farqlovchi belgidan iborat.

Ular oraligʻida mavjud bo‘lganlari o‘zidan quyidagisiga nisbatan jins, yuqorisidagiga nisbatan tur bo‘ladi. Ular boʻysunuvchi jinslar deyiladi. Masalan, biz bu predmetning palma ekanligini bilmagan holda “bu-nima?”, deb so‘raymiz. Savolimizga bu–palma, bu–daraxt, bu–o‘simlik, bu–jism, degan javoblar mos keladi.

Bu javoblarning predikatlari qay darajada umumiy yoki xususiy ekanligi bilan o‘zaro farqlanadi. Bu terminlar orasidagi eng umumiysi bo‘lgan “jism”- yuqori jins, “palma” oxirgi tur bo‘ladi, “daraxt” va “o‘simliklar” esa oraliq tushunchalardir. Oxirgi tur “bu- nima?”,- degan savolga javob beradi va yakka individiumni ifodalaydi.

“Bu nima?” degan savol faqat individual buyumga emas, balki oxirgi va oraliq turlarga ham taalluqlidir.

Farq qiluvchi belgi universaliy bo‘lib, uning vositasida jinsdosh turlarning har biri o‘z substansiyasiga ko‘ra shu jinsga tegishli bo‘lgan turlardan farq qiladi. Masalan, palmaning xurmo daraxti ekanligi uning farq qiluvchi belgisi hisoblanadi.

Farq qiluvchi belgisi bilan bog‘langan jins turning ta’rifi hisoblanadi. Har bir tur ta’rifining birinchi qismi - bu uning jinsidir, ikkinchi qismi uning farq qiluvchi belgisidir.

Farq qiluvchi belgilar jinsdan so‘ng bevosita quyidagi ikki usuldan biri orqali keladi:

a) jins qarama-qarshi va ziddiyatli farq qiluvchi belgilar bilan ayiruvchi qo‘shimcha orqali bog‘lanadi. Masalan, ko‘ylak yo jun, yo zig‘ir, yo ip gazlamadan tikiladi. Jism oziqlanuvchi yoki oziqlanmaydigan bo‘ladi;

b) jinsdan so‘ng farq qiluvchi belgilar ayiruvchi qo‘shimchasiz va bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilmasdan keladi. Masalan, oziqlanuvchi jism va oziqlanmaydigan jism.

Bunday aloqadorlik “qanday” degan savolga javob bo‘ladi va uning vositasida berilgan jinsda mavjud bo‘lgan turlarning ta’rifi kelib chiqadi.

Birorta turga tegishli bo‘lgan har bir farq qiluvchi belgi shu turning jinsi bo‘ladi va har safar u biror jinsni bo‘lar ekan, shu jinsga taalluqli bo‘lgan alohida turni aniqlaydi.

6) Yuqorida bayon qilingan “jins”, “tur” tushunchalari va ularning belgilarini aniqlash tushunchalarni ta’riflashda muhim ahamiyatga egadir.

Ibn Sinoning fikricha, “Ta’riflash (xad) dan maqsad predmetning haqiqiy mohiyatini belgilashdi. Tasvirlash (rasm) dan maqsad buyumni tasavvur qilishdir, garchi bunda predmetning mohiyatini bilib bo‘lmasa ham. Demak, ta’riflash predmetning mohiyatini tushunishdir”.

Ibn Sino tushunchalarni ta’riflashning quyidagi turlarini ko‘rsatib beradi:


  1. To‘liq ta’riflash - yaqin jins tushunchasining yaqin tur belgisi bilan qo‘shilishidan tashqil topuvchi ta’riflash.

  2. To‘liqsiz ta’riflash - uzoq jins va yaqin farq qiluvchi belgini ko‘rsatish orqali berilgan ta’rif.

  3. To‘liq tasvirlash - yaqin jins va nomuhim xususiy belgisini ko‘rsatish orqali ta’riflash.

  4. To‘liqsiz tasvirlash predmetning uzoq jins va muhim belgisini ko‘rsatish orqali ta’riflash.

  5. Murakkablikni ayrimlik orqali ta’riflash - ta’riflanuvchi predmetga nisbatan maxsus munosabatda bo‘lgan bir necha umumiy belgilarni keltirish orqali ta’riflash.

  6. Nominal ta’riflash - bir tushunchaning ma’nosini boshqa tanish tushuncha yordamida ko‘rsatib ta’riflash.

Ibn Sinoning fikricha, to‘liq ta’riflash apodiktik mulohazalarning, to‘liqsiz ta’riflash dialektik mulohazalarning asosini tashkil etadi. Ta’riflashning qolgan to‘rt ko‘rinishi ritorik, sofistik va poetik muhokamalarda qo‘llaniladi. Mutafakkir mantiqiy amal sifatida ta’riflashning nazariy asoslarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda, falsafiy-ilmiy atamalarni ta’riflab bergan. Ibn Sino “Ta’riflash to‘g‘risida risola” asarida aql, jon, materiya, element, substansiya, aksidensiya kabi 72 ta falsafiy kategoriya’ning ta’rifini beradi, tushuncha va terminlarning kelib chiqishi va vazifasiga ham mufassal to‘xtaladi.

Mutafakkir tushunchalarning mohiyatini aniqlashda, ya’ni to‘g‘ri ta’riflashda muayyan mantiqiy qoidalarga rioya qilish zarurligini ta’kidlaydi. Bu qoidalarning buzilishi, pirovard natijada, turli mantiqiy xatoliklarni keltirib chiqarishini tushuntirib beradi.

Ibn Sino ta’riflashda uchraydigan quyidagi mantiqiy xatolarni ko‘rsatib beradi:

1. Predmetni uning o‘zi orqali bilishga harakat qilinsa, ta’riflashda xatoga yo‘l qo‘yiladi. Masalan, “vaqt harakatning muddatidir.”

2. Predmet unga qarama- qarshi bo‘lgan boshqa taniqli predmet orqali ta’riflansa, xatoga yo‘l qo‘yiladi. Masalan, “qora oqqa qarama- qarshi bo‘lgan rangdir.”

3. Predmet yanada noaniq bo‘lgan boshqa predmet orqali ta’riflansa, xatoga yo‘l qo‘yiladi. Masalan, “olov jonga o‘xshash jismdir.”

4. Predmet o‘zi orqali bilinadigan boshqa predmet orqali ta’riflanganda xatoga yo‘l qo‘yiladi. Masalan, “Quyosh kunduzi chiqadigan yulduzdir”. Shuningdek, Ibn Sino ta’riflashda turli badiiy iboralardan, metofaralardan foydalanmaslik zarurligini ta’kidlaydi. Shuni aytib o‘tish kerakki, mazkur qoidalarda ko‘rsatilgan shartlar, talablar hozirgi mantiq ilmidagi ta’riflash qonunlarida biroz qayta ishlangan holda o‘z ifodasini topgan.

Ibn Sino xato berilgan ta’riflar isbotlovchi bilim asosi, ya’ni sillogizm asosi bo‘la olmasligini ta’kidlab o‘tadi. U “noma’lum tushuncha ta’riflanganda, isbotlangan bo‘ladimi?” degan savolga inkor javob beradi. Uning fikricha, ta’riflash isbotlashni emas, balki isbotlash asoslarini ifodalaydi, xolos. Ibn Sinoning bu masalaga oid bilimlari Aristotel qarashlariga mos keladi.




Download 1.78 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   208   209   210   211   212   213   214   215   ...   260




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling