O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent


Xulosa chiqarish haqidagi ta’limoti


Download 1.78 Mb.
bet214/260
Sana10.12.2021
Hajmi1.78 Mb.
#179746
1   ...   210   211   212   213   214   215   216   217   ...   260
Bog'liq
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6

Xulosa chiqarish haqidagi ta’limoti. Ibn Sinoning sillogizm tarkibiy qismlari, ularning nomlanishi va joylashishi haqidagi fikrlari Forobiyning qarashlari bilan aynandir. Ularning har ikkisi ham Aristotel kabi o‘rta terminning joylashishiga ko‘ra sillogizmning uch figurasi (shakli) mavjudligini ko‘rsatib o‘tadilar. Ibn Sino mulohazalarning har qanday birikishi sillogizm bo‘la olmaydi deb ta’kidlaydi. Bu haqda Ibn Sino shunday deb yozadi: “Ikki inkor mulohazadan sillogizm tashkil topmaydi. Ikki juz’iy mulohazadan ham sillogizm tashkil topmaydi. Kichik termin inkor, katta termin esa juz’iy bo‘lganda ham sillogizm tashkil topmaydi. Har bir figura o‘ziga xos xususiyatlarga ega”209.

Birinchi figuraga xos bo‘lgan xususiyat shundan iboratki, katta asos juz’iy yoki noaniq bo‘lib, kichik asos inkor bo‘lgan mulohazalarning 15 xil birikuvida xulosa bermaydi. Mulohazalarning birikuvi sillogizmning birinchi figurasini hosil qilishi uchun, ularning kichik asosi tasdiq va katta asosi umumiy mulohaza bo‘lishi kerak.

Ikkinchi figurada har ikkala asosi tasdiq mulohaza bo‘lganda, agar katta asos juz’iy yoki noaniq mulohaza bo‘lsa, xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, sillogizmning ikkinchi figurasida asoslardan biri tasdiq mulohaza, boshqasi inkor mulohaza bo‘lishi va katta asos hamma vaqt umumiy bo‘lishi shart.

Uchinchi figuraga xos xususiyat shuki, kichik asos inkor mulohaza bo‘lganda, hech qanday xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Sillogizmning uchinchi figurasida kichik asos hamma vaqt tasdiq mulohaza, asoslardan biri esa umumiy mulohaza bo‘ladi.

Shuningdek, noaniq mulohazalardan tashkil topgan xulosa faqat juz’iy xulosa berish bilan cheklanadi.

Ibn Sino ham murakkab sillogizm shartli va qat’iy sillogizmlardan tashkil topishi mumkinligini ta’kidlaydi. Shu bilan birgalikda, Ibn Sino munosabat mulohazalaridan xulosa chiqarish ko‘rinishida bo‘lgan isbotlash usulidan ham keng foydalanadi. U bunday xulosa chiqarishni tenglik sillogizmi deb ataydi. Ibn Sinoning mantiqqa oid asarlarida munosabat mulohazalaridan xulosa chiqarish shaklida bo‘lgan isbotlashning ikki asosiy turi ko‘rsatiladi: tenglik va darajasiga ko‘ra. Masalan S teng V ga, V teng A ga, unda S teng A ga. Bu yerda Ibn Sinoning fikricha, “Tengga teng bo‘lgan tengdir”, degan ibora tushurib qoldiriladi. Shuning uchun sillogizmdagi tartib buziladi, chunki hamma terminlarga xos bo‘lgan zaruriy umumiylik ulardan ba’zilarini birlashtiradi, xolos. Bunday sillogizm turli ko‘rinishlarga ega va masalan, taqqoslash, o‘xshatish kabilarni o‘z ichiga oladi. Darajasiga ko‘ra, ya’ni taqqoslash orqali isbotlash haqidagi Ibn Sinoning fikrlarini quyidagi formula orqali ifodalash mumkin; A katta V dan, V katta S dan, demak, A katta S dan; yoki A kichik V dan, V kichik S dan, demak, A kichik S dan. Bunday fikr yuritish hozirgi zamon matematik mantiq ilmida tranzitivlik munosabati deb ataladi va qo‘yidagicha ifodalanadi:

(aRb)--- (bRc)---(aRc).

Ibn Sino bu moduslarga quyidagi misollarni keltiradi:

Agar kishining issig‘i bo‘lsa, unda uning tomir urushi tezlashadi.

Bu kishining issig‘i bor.

Demak, uning tomir urushi tezlashadi.

Bu misol shartli qat’iy xulosa chiqarishning modus ponens deb ataluvchi aniq xulosa chiqarishning ko‘rinishini ifodalaydi. Shartli qat’iy xulosa chiqarishning keyingi ko‘rinishi modus tollens ga mos keladi:

Agar bu kishining issig‘i bo‘lsa, unda uning tomir urishi tezlashadi.



Lekin uning tomir urishi tezlashmagan.

Demak, uning issig‘i yo‘q”.

Ibn Sino, shuningdek quyidagi ikki holatda shartli - qat’iy sillogizmning xulosasi noaniq bo‘ladi deb ko‘rsatadi:

1. Antetsedentning xatoligidan konsekventning xatoligi to‘g‘risida xulosa chiqarilganda.

2. Konsekventning chinligidan antetsedentning chinligi to‘g‘risida xulosa chiqarilganda.

Masalan, 1- misol:

Agar bu kishining issig‘i bo‘lsa, unda uning tomir urushi tezlashadi.

Bu kishining issig‘i yo‘q.

Ehtimol, uning tomir urushi tezlashmas.

Xulosa noaniq, chunki tomirning tez urushi faqat tana haroratining ko‘tarilishiga bog‘liq emas.
2- misol:

Agar bu kishining issig‘i bo‘lsa, unda uning tomir urishi tezlashadi.



Bu kishining tomir urishi tezlashdi.

Ehtimol uning issig‘i bor.

Bu misolda ham avvalgisidagi kabi xulosa noaniqdir.

Ibn Sinoning ko‘rsatishicha, “umuman olganda, hamma isbotlash sababiy isbotlash hisoblanadi, chunki o‘rta termin hamma sillogizmlarda xulosa chiqarishga ishonchning sababi bo‘lib xizmat qiladi ”. Isbotlovchi sillogizmning birinchi turida esa nima uchun shunday ekanligi aniqlanadi. Masalan, kimdir “qayerdadir olov yonayapti, chunki tutun ko‘rinyapti” desa, olovning mavjudligini tutunning mavjudligi orqali isbotlagan bo‘ladi, lekin olov nima sababdan paydo bo‘lganligini tushuntirib bera olmaydi. Yuqoridagi muhokamada tutunning borligi o‘rta termin bo‘lib, shu haqdagi bilimimizning sababi hisoblanadi. Bu muhokama qo‘yidagicha ifodalanadi.

Tutun bor joyda olov bor

Uzoqdan tutun ko‘rinayapti.

Demak, o‘sha yerda olov bor.

Agar kimdir qandaydir buyum qayerdadir yonayapti desa va “nimaga bunday deding”, degan savolga, “qayerda olov bo‘lsa, o‘sha yerda nimadir yonadi” desa, unda mulohazaning sababi haqidagi, ham mavjudlik sababi haqidagi savolga javob bergan bo‘ladi. Bunda birinchisi sababini isbotlash (lima) ikkinchisi mavjudligini isbotlash (inna)dir.

Sababdan isbotlashda o‘rta terminning holati mantiqshunoslar o‘rtasida qabul qilingan “o‘rta termin hamma vaqt katta terminning sababi bo‘lishi kerak”, degan fikrga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, yuqoridagi misolda olov yonishning sababi hisoblanadi. Bunda o‘rta termin katta terminning kichik terminda mavjudligining sababi bo‘lishi kerak, lekin u katta terminning sababi emas, aksincha, u tomondan shartlangandir.

Ibn Sino “Ishorat va tanbexot” nomli asarida sababdan va mavjudlikdan isbotlashga alohida to‘xtalib o‘tadi. Mutafakkirning fikricha, “agar o‘rta termin mohiyatiga ko‘ra mulohaza mavjudligining sababi bo‘lsa, bu esa xulosa bir qismining boshqa qismiga munosabati bo‘lsa, unda bunday isbotlash sababdan isbotlashdir, chunki o‘rta termin mulohazani va uning mavjudligini tasdiqlash uchun imkon beradi, mutlaq sababni tushuntirib beradi. Agar bunday bo‘lmasa va o‘rta termin faqat tasdiqlash uchun sabab bo‘lsa, mavjudlikning asoslanganligini aniqlab bersa, unda bunday isbotlash mavjudlikdan isbotlash deyiladi, chunki u mohiyatiga ko‘ra, mulohazaning sababini emas, mavjudligini ko‘rsatadi.”

Yuqoridagi fikrdan o‘rta termin ikki chetki terminlarni qanday bog‘lashiga ko‘ra, isbotlash yo sababiga ko‘ra yo mavjudligiga ko‘ra, ya’ni nimani tasdiqlashiga ko‘ra turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligini bilamiz. Masalan:

Agar Oy tutilsa, unda Yer Quyosh va Oy o‘rtasida bo‘ladi.

Oy tutildi.

Demak, Yer Quyosh va Oy o‘rtasida turibdi.

Bu mavjudlikdan isbotlovchi sillogizmdir. Unda o‘rta termin xulosaning chetki terminlariga munosabati bo‘yicha oqibat bo‘ladi, lekin sabab bo‘lolmaydi. Shuning uchun o‘rta termin ko‘pincha argument deb ataladi. Yuqoridagi misolda Oyning tutilishi - sabab, Yerning o‘rni - oqibat bo‘layapti.

Sababdan isbotlashda Oyning tutilishi Yerning yoritgichlari o‘rtasida bo‘lishi bilan tushuntiriladi. Unda Oyning tutilishi - oqibat, Yerning yoritgichlar o‘rtasida bo‘lishi sababdir.

Ibn Sinoning ta’kidlashicha, har ikki isbotlashdan bir xil terminlar bilan qat’iy sillogizm to‘zish mumkin. Bunda fikrlar o‘zaro teng bo‘lmaydi, chunki mavjudlikdan isbotlash bilan sababdan isbotlash boshqa-boshqa bilim beradi. Bu fikr Aristotelning “Ikkinchi Analitikasi”da ham ta’kidlanadi. Bilimlar o‘rtasidagi farq o‘rta terminning holatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar o‘rta termin katta termin mavjudligining mutlaq sababi yoki uning mutlaq oqibati bo‘lsa, bunday bilim sababdan bilishning natijasi hisoblanadi. Agar o‘rta termin katta terminning kichkina terminda bo‘lishining sababi yoki oqibati bo‘lsa, bunday bilim mav­judlikdan bilishning natijasi bo‘ladi. Sababdan isbotlash chin bilim beruvchi apodeyktik isbotlashning bir ko‘rinishi hisoblanadi.

Ibn Sino isbotlashda quyidagilarga e’tibor berish zarurligini ta’kidlaydi:

1. Isbotlovchi sillogizm hamma vaqt chin bo‘lgan asoslardan tashkil topishi shart.

2. Isbotlashni isbotlanayottan predmetga xos bo‘lgan boshlang‘ich bilimlar asosida olib borish zarur.

3. Isbotlashda o‘rta termin muhim rol o‘ynaydi, chunki o‘rta termin bo‘lmasa, isbotlash ham bo‘lmaydi.

4. O‘rta termin qancha bo‘lsa, isbotlash elementlari ham shuncha bo‘ladi.

5. O‘rta termin zaruriy bo‘lsa, xulosa ham zaruriy bo‘ladi.

6. Xulosa zaruriy bo‘lsa, o‘rta termin zaruriy bo‘lmasligi mumkin (ba’zan yolg‘on asoslardan chin xu­losa kelib chiqqani kabi, zaruriyni zaruriy bo‘lmagandan keltirib chiqarish mumkin).

7. Umumiylikning isboti xususiylikdan afzaldir, chunki umumiylikni bilgan, xususiylikni ham biladi.

8. Tasdiqlovchi isbotlash inkor etuvchi isbotlashdan afzaldir, chunki inkor tasdiq orqali ma’lum bo‘ladi.

Ibn Sinoning xulosa chiqarish va isbotlashga oid ta’limotlarida induksiya va analogiya’ning voqelikni bilish jarayonidagi ahamiyati batafsil tahlil qilinadi. Uning fikricha, agar biz umumiylikka nisbatan biror fikrni tasdiqlamoqchi yoki inkor etmoqchi bo‘lsak, unda bu umumiylikka kiruvchi yakka buyumlarni birma-bir tekshirib chiqamiz va shu asosda umumiylik haqida mulohaza hosil qilamiz. Hosil qilingan umumiy mulohaza induktiv xulosadir. Ibn Sino: “Induksiya deb turli xil narsalarga xos bo‘lgan umumiylikni aniqlovchi mulohazaga aytiladi”,210 - deb yozadi. Uning ta’kidlashicha, induksiya sillogizmning I figurasiga teng kuchli bo‘lgan muhokamadir. Unda yakka buyumlar o‘rta termin bo‘ladi.

Ibn Sino isbotlashda xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun muayyan talablarga amal qilish zarurligini ta’kidlaydi211:

Avvalo, muhokamaning haqiqatda sillogizm ekanligini aniqlash zarur. Agar sillogizm olinar ekan, uning qanday ko‘rinishda ekanligini bilish kerak. So‘ng sillogizmni tarkibiy qismlarga ajratib, o‘rta terminning har ikki asosda o‘zgarishsiz mavjud bo‘lishiga e’tibor berish lozim. Katta va kichik termin o‘rtasida hamda xulosaning har ikki qismi (subyekti va predikati) o‘rtasida ziddiyat bo‘lmasligi shart. Shuningdek, terminlarni ifodalovchi tushunchalarning bir ma’noli bo‘lishiga e’tibor berish zarur. Noaniq fikrlarga asoslanmaslik va sillo­gizm asoslarining chin mulohazalardan iborat ekanligiga ishonch hosil qilish, taxminiy, intuitiv fikrlarni chin fikr deb qabul qilmaslik ham turli xatolarning oldini oladi. Shuningdek, Ibn Sino savolning o‘zi asos qilib olinganda va isbotlashda aylanma xatoga yo‘l qo‘yilganda ham muhokama noto‘g‘ri tuzilgan bo‘ladi, deb ta’kidlaydi.

Ibn Sino isbotlashning nazariy asoslarini tahlil qilish bilan bir qatorda, uning amaliy qo‘llanishiga ham alohida to‘xtalib o‘tadi. U isbotlash­dan ontologik masalalarni hal qilishda ham keng foydalangan. Mutafakkir Yaratuvchining yagonaligini, birinchi sabab va zaruriy mohiyat ekanligini, unga xos bo‘lgan sifatlarning mavjudligini xuddi shu usul orqali isbotlab bergan.



Download 1.78 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   210   211   212   213   214   215   216   217   ...   260




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling