O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent


Download 1.78 Mb.
bet215/260
Sana10.12.2021
Hajmi1.78 Mb.
#179746
1   ...   211   212   213   214   215   216   217   218   ...   260
Bog'liq
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6

Takrorlash uchun savollar

1. Ibn Sino mantiqqa oid qanday asarlar yozgan?

2. Olim mantiq faniga qanday ta’rif bergan?

3. U mulohazaning qanday turlarini ko‘rsatgan?

4. Ibn Sino xulosa chiqarishning qanday turlarini ko‘rsatgan?
Abu Xomid G‘azzoliy mantiq ilmi haqida

Zayniddin Muhammad Abu Hamid binni Muhammad Ahmad al-G‘azzoliy at-Tusiy (1058–1111) musulmon olamida "Hujjatul-islom" unvoni bilan mashhur. U Xurosonning Tus shahrida tug‘ilgan, bolaligi G‘azzola qishlog‘ida kechgan. Muhammad G‘azzoliy bolalikda mashhur olim Ahmad Roziqoniydan fiqh darslari oldi; o‘smirlikda Jurjon shahriga borib, Abu Nasr Ismoiliydan tavhid ilmidan saboq oldi. So‘ng Nishopur shahrida Imom Horamayndan mazhab, rahbarlik, bahs, hadis usullari va mantiq ilmlarini o‘rgandi, ilm-fan arboblarining ta’limotlarini chuqur o‘zlashtirdi. G‘azzoliy islom dinini qanchalik yaxshi bilsa, xristian va yaxudiy dinini ham shunchaik yaxshi o‘rgandi.212 20 yoshida sevimli va zukko shogird sifatida el og‘ziga tushdi. Imom Horamayn: "G‘azzoliy - butun olamni qamragan bir dengiz, Qiyo sahrosining telba arsloni, Havofilni ham yoqib yuboradigan otashdir", deb ta’riflagan edi. 1085-yilda, ya’ni 27 yoshida Imom Horamayn vafot etgandan keyin turk sultoni Alp Arslonning mashhur vaziri Nizomulmulk huzuriga boradi va saroyda uyushtirilgan bahslarda - hamma olimlarni yengib chiqadi, mamlakatning eng nomdor Nizomiya madrasasiga bosh mudarrislikka tayinlanadi. O‘n-o‘n bir yil ichida shuhratning eng yuksak cho‘qqisiga ko‘tariladi, dunyoda eng mashhur asarlaridan biri - "Ihyoi ulum ad-din"ni yaratadi. Oddiy odamlargina emas, hatto vazirlar, malikalar, amirlar ham uning fatvolariga quloq soladilar. Imom G‘azzoliy Suriya, Iskandariya, Mag‘rib singari musulmon o‘lkalarida yashadi, umrining oxirida o‘z qishlog‘ida xonaqoh tashkil qilib, o‘sha erda vafot yetdi.

G‘azzoliyning juda ko‘p asarlari o‘zbek tilida nashr qilingan. Biz G‘azzoliyning ilohiyotshunos faylasuf olim sifatida bilamiz. Lekin uning mantiqqa oid yozgan asari, undagi g‘oyalar haqida ko‘pchilik to‘liq ma’lumotga ega emas. Imom G‘azzoliyning yirik asarlaridan bo‘lgan ,,Ixyou ulum ad-din” ning birinchi ,,Ilm kitobi” da olim fanlarning tasnifini keltiradi.

U ilmlarni maqtalgan va qoralangan turlarga ajratadi, bu tasnifda mantiq har ikki guruhga kirmaydi. G‘azzoliyning ta’kidlashicha, mantiqning e’tiqod uchun foydasi ham, zarari ham yo‘q. Uni o‘rganganlar har bir narsani isboti dalilini talab qilganlari bois, u e’tiqodni susaytirishi mumkin. Lekin G‘azzoliy mantiq ilmini yaxshi bilgan va mantiqqa oid bir nechta asar yozgan, bulardan biri “Kitab al-qustas al-mustaqim” (To‘g‘ri torozi)deb nomlanadi.213

G‘azzoliy buyumlarning uch xil holatda mavjudligini qayd qiladi;


  1. Alohida va konkret predmetlar sifatida; 2. Ongda yoki aqlda; 3. Nutqda va xatda.

G‘azzoliy tasdiq va inkor mulohazalarni ko‘rib chiqar ekan, gap tasvirlanayotgan obyekt va uning xususiyatining shu obyektga munosabati haqida ketadi, deydi. G‘azzoliy uchun voqeiy olam predmetlari ortida nima turganligini tushunishgina emas, nomlarning ortida nima turganligini bilish ham muhim edi. Mutafakkir nomlarni pridmetlar kabi mavjud narsalar sifatida tushunishga harakat qilgan. U tasdiq va inkor mulohaza ustida fikr yuritib, farishtani misol keltiradi. ,,agar kimdir, masalan, “Farishta abadiymi yoki yaratilganmi” degan savolga javob berish uchun, avval “farishta” keyin “yaratilgan” so‘zlarining ma’nolarini bilishi, so‘ngra bu ikki xususiyatdan qaysi birini unga taalluqli ekanligini ko‘rib chiqishi kerak, deydi.

G‘azzoliy xulosa chiqarish uchun birlamchi, zaruriy bilimlar haqida tasavvurga ega bo‘lishi kerak. Bunday bilimlarga quyidagilar kiradi:

1. Aksiomalarga o‘xshash birlamchi bilimlar. Masalan, men mavjudman, buyum bir vaqtda ham abadiy, ham yaratilgan bo‘lmaydi, ikki birdan katta.

2. Introspektiv kuzatish - qornim och, qo‘rqdim va hokazo.

3.Tashqi sezgi organlari bergan ma’lumotlar - qor oq, oy dumaloq.

4. Tajribaviy bilim - olov kuydiradi, tosh pastga tushadi.

5. Ishonchli odamlardan olingan bilimlar.

Olimning mantiqiy qarashlari haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun, uning xulosa chiqarishga oid fikrlarini tahlil qilish zarur. “Kitab al-qustas al-mustaqim”da mantiq masalalaridan xulosa chiqarish haqida fikr yuritiladi. Asar savol - javob ko‘rinishida yozilgan bo‘lib, unda muallifning ismoili mazhabidagi kishi bilan bo‘lgan muloqoti bayon qilinadi. G‘azzoliyning suhbatdoshi mukammal bilimga talabgor bo‘lgan inson bilimning chinligini nima bilan aniqlaydi: ,,al-ray-al-qiyos (fikr va analogiya) bilanmi yoki imomning so‘zlari bilanmi deb, murojaat qiladi. G‘azzoliy savolga jovob berar ekan, bilimning chinligini asoslash uchun beshta mezondan foydalanish mumkinligini ta’kidlab o‘tadi. G‘azzoliy o‘z fikrini bayon qilishda analogiyadan foydalanadi va uni Qur’oni Karim suralari bilan asoslaydi. Mutafakkir men bilimlarni to‘g‘ri tarozi bilan o‘lchayman, shunda undagi chin va yolg‘onni, to‘g‘ri va egrini Yaratganga ergashib, uning sodiq payg‘ambari orqali Qur’onda aytilganlarga asoslanib aniqlayman deydi. U Qur’oni Karimning “Al-Rahmon” surasidagi ,,Osmonni baland qilib qo‘ydi va mezonni, me’yor va adolatni joriy qildi. Torozida ziyonkorlik qilmangiz” oyatidagi “torozi” so‘zini savdo sotiqdagi torozi deb tushunish noto‘g‘ri deb, ta’kidlaydi. Uning fikricha, bunda “tarozi” mezon ma’nosida, chin va yolg‘onni ajratuvchi o‘lchovni ham bildiradi deydi.

G‘azzoliy torozining to‘g‘ri ekanligini tajriba va his-tuyg‘uga asoslanib, bilish mumkinligini, tajribadan kelib chiqib, torozining to‘g‘ri o‘lchayotgani haqidagi xulosa zaruriy kelib chiqishini ta’kidlaydi. G‘azzoliy bunda tengga teng, tengdir degan xulosaga asoslanadi. U moddiy o‘lchov bilan ideal narsalarni o‘lchash farq qilishini ta’kidlab, suhbatdoshiga men senga bilimni o‘lchash uchun bundan ham aniqroq torozini ko‘rsataman, bular Qur’onda ko‘rsatilgan besh o‘lchov bo‘lib, ular sening haqiqiy iymoning va rahbaring Qur’on, usuling kuzatish va ko‘rish ekanligini bildiraman, deydi.

Suhbatdoshining bu besh o‘lchov nima ekanligi haqidagi savoliga G‘azzoliy shunday javob beradi: birinchi o‘lchovni tenglik deb atadim, chunki unda ikkita teng qimmatli asos bor, xuddi torozi pallalari kabi. Ikkinchi o‘lchovni taalluqlilik deb atadim. Chunki asoslardan biri ikki qismdan iborat: birinchisiga xos belgi, ikkinchisining shu xossaning narsasi va xulosaga xos bo‘lgan narsani inkoridan kelib chiqadi. Men uchinchi o‘lchovni qarama-qarshilik deb atadim, chunki u inkor va tasdiq o‘rtasida ikki qismning joylashishi bilan bog‘liq, bulardan birining tasdig‘idan ikkinchisining inkori, birining inkoridan esa boshqasining tasdig‘i kelib chiqadi va ikki qism o‘rtasida qarama-qarshilik bo‘ladi.

G‘azzoliy bilimlarning chinligini aniqlash uchun tenglik, taalluqlilik va qarama-qarshilik o‘lchovlari bor; tenglik o‘lchovlari, o‘z navbatida, uch turga bo‘linadi: katta, o‘rta va kichik, hammasi bo‘lib beshta o‘lchov bor deydi. Katta o‘lchov G‘azzoliyning fikricha, Al-Xalilning firavn Nimrud bilan bo‘lgan bahsda qo‘llagan usulidir. Bu bahsda Al-Xalil Nimrudga: “Olloh yaratadi ham, tiriltiradi ham”, deganida Nimrud: “Men ham shunday qila olaman” deb, javob beradi. Shunda Al-Halil unga boshqa bir dalilni keltiradi: “Olloh Quyoshni har kuni Sharqdan chiqarib, G‘arbga botiradi. Sen shunday qila olasanmi?”, bu savolga Nimrud javob bera olmaydi. Bunday fikr yuritish sillogizmning birinchi figurasi ko‘rinishida amalga oshadi:

Kim Quyoshni chiqara olsa, u Hudodir.

Mening Hudoyim Quyoshni chiqara oladi.

Mening hudoyim Olloh, Nimrud emas.

,, Yaratgan Quyoshni chiqaradi” fikri shubhaga o‘rin qoldirmaydi, chunki Olloh hamma uchun har narsaga qodir zot, jumladan, Quyoshni chiqarishga ham. Bu fikr o‘rnatilgan va kelishilganligiga ko‘ra ma’lum bo‘lgan asosdir. ,,Quyoshni chiqara oladigan sen emas” asosi ko‘rish vositasida ma’lum bo‘lgandir. Demak, bu xulosa tajriba va hissiy asoslarga nisbatan aniqroqdir. G‘azzoliyning ta’kidlashicha, bu misolning mag‘zini olib, boshqa narsalarga qo‘llash mumkin. Bunda ,,nimanidir taalluqli ekanligi haqidagi mulohaza zaruriy ravishda nimaga taalluqli ekanligi haqidagi mulohazadir”. Yuqoridagi fikrlardan G‘azzoliyni katta o‘lchovi Aristotel sillogizmining birinchi figurasiga mos kelishini ko‘rish mumkin. Bunga ko‘ra, agar uchta termin o‘zaro shunday munosabatda bo‘lsa, ya’ni oxirgisi butunicha o‘rtasida, o‘rtasi butunicha birinchisida bo‘lsa yoki bo‘lmasa, unda ikki chetki terminlardan sillogizmning paydo bo‘lishi zaruriydir. G‘azoliy bunday o‘lchovda torozining ma’lum bo‘lgan toshi bu - yo sezgilardan yoki tajribadan yoki aqlning tabiiy yo‘nalishidan olingan zaruruy birlamchi bilimlardir deb, ko‘rsatadi. Masalan:

Hamma chuvalchanglar hayvondir.

Hamma hayvonlar sezish xususiyatiga ega.

Har qanday chuvalchang sezish xusuyatiga ega.

G‘azzoliy bu usuldan g‘ayb olamini ham bilishda foydalanish mumkin deydi. Masalan: Har qanday tashkil topgan va yakunlangan faoliyat biluvchi subyektga asoslanadi. Insoni tanasi tashkil topgan va yakunlangan.

Demak, uning tashkil topishi va yakunlanishi biluvchi subyektga asoslanadi. G‘azzoliy ikkinchi mezonni ta’riflashda ham Qur’oni karimdan misol keltiradi(Juma surasi, 6-7-oyatlar).

Ba’zilar o‘zini Ollohning do‘stiman deb, da’vo qiladilar.

Do‘st bilan uchrashish o‘limni orzu qilishdir.

Ular o‘limni orzu qilmaydilar.

Demak, ular Ollohning do‘sti emas.

Bu mezonni G‘azzoliy shunday ta’riflaydi: har qanday ikki buyumdan biriga biron belgi taalluqli bo‘lsa, ikkinchisida bu narsa inkor qilinsa, ular bir-biriga zid bo‘ladi, ya’ni biri ikkinchisini inkor qiladi va u orqali tasvirlanmaydi. Bunda umumiylik haqidagi mulohaza xususiylik haqidagi mulohazadir. Birinchisida inkor qilingan narsa ikkinchisida tasdiqlansa, unda unga zid bo‘ladi. Masalan:

Tosh harakatsiz.

Inson harakatsiz emas.

Inson tosh emas.

Bunday xulosa chiqarish sillogizmning II figurasiga mos keladi. Harakatsizlik toshga nisbatan tasdiqlanadi, insonga nisbatan inkor qilinadi.

Kichik o‘lchovga misol:

Muso - odam.

Musoga kitob yuborilgan.

Demak, ba’zi odamlarga kitob yuborilgan.

Birinchi asos hissiyot bilan bilinsa, ikkinchi asos e’tirof bilan ma’lum. Demak, G‘azzoliyning kichik o‘lchovi sillogizmning uchinchi figurasiga mos keladi. Bu ikki asosning raqib tomonidan qabul qilinishi ularni yolg‘on gapirayotganini dalilaydi. G‘azzoliyning fikricha, agar insonda ba’zi fikrlarga nisbatan shubha paydo bo‘lsa, kichik o‘lchovning maqsadi shubhalanayotganni ishontirishdir. Bu usul bilan ham noma’lum narsalarni aniqlash mumkin. Masalan, ba’zilar “Har qanday yolg‘on bu xunuk narsadir” deb, aytadilar. Bu fikrning chinligini aniqlash uchun, G‘azzoliy shunday misol keltiradi: Bir odam zolimning zulmidan berkingan kishining qayerdaligini bilsa ham, bu haqda zolim so‘raganda, bilmayman deb, javob beradi. Bu odam yolg‘on gapirdimi “ha”, uning yolg‘oni xunukmi - “yo‘q”. U odamning halokatiga sabab bo‘ladigan haqiqat hunikdir. Bu misolda asoslar quyidagicha joylashadi:

Berkingan odamni qaerda ekanligini aytmaslik (yashirish) yolg‘ondir.

Bu haqda aytmaslik xunuk ish emas,

Demak, ba’zi yolg‘onlar xunuk ish emas.

G‘azzoliy nima uchun bularga katta, o‘rta va kichik nomlari berilganini shunday tushuntiradi. Katta o‘lchov ko‘p narsalarga, kichigi esa kam narsalarga qo‘llaniladi, o‘rtachasi bo‘lsa, ular oralig‘idadir. Katta o‘lchov o‘lchovlarning eng kengi bo‘lib, uning yordamida umumiy va juz’iy tasdiq, umumiy va juz’iy inkorni bilish mumkin, ya’ni u bilan to‘rt turdagi bilimlarni o‘lchash mumkin. Ikkinchisi bilan esa, faqat inkorni, ya’ni umumiy va juz’iy inkorni birgalikda o‘lchash mumkin. Uchinchisining yordamida esa, faqat juz’iylar o‘lchanadi, chunki unda terminlarning biri boshqasining qismiga yoziladi, agar har ikkisi bir buyumga taalluqli bo‘lsa. G‘azzoliyning ta’kidlashicha, kichik o‘lchov bilan umumiy mulohazani o‘lchab bo‘lmaydi. G‘azzoliy keyingi taalluqlilik o‘lchovi haqida fikr yuritganda ham, Qur’oni Karimdan oyatlar keltiradi. Bu o‘lchovga oyatlar asosida misollar beradi:

Agar dunyoda ikkita Yaratuvchi bo‘lganda, ular halok bo‘lgan bo‘lardi.

Ular halok bo‘lmadi.

Demak, dunyoda ikkita Yaratuvchi bo‘lmaydi.

Yana bir misol:

Agar Quyosh chiqsa, unda sayyoralar ko‘rinmaydi.

Quyosh chiqdi.

Demak, sayyoralar ko‘rinmaydi.

Oxirgi misolda katta asos tajribadan ma’lum bo‘lsa, kichik asos sezgilardan ma’lumdir. Bu usul bilan ham noma’lum narsalarni va g‘ayb olamini bilish mumkin. G‘azzoliy shunday misol keltiradi:

Agar dunyoning va insonning tuzilishi hayratlanarli bo‘lsa, unda ularning Yaratuvchisi ilmlidir.

Agar ularning Yaratuvchisi ilmli bo‘lsa, u Hayotdir.

Agar u Hayot va Ilmli bo‘lsa, unda u o‘z yaratganlarini mukammal qilib yaratgan.

Bu o‘lchovni G‘azzoliy shunday ta’riflaydi. Buyumga xos bo‘lgan barcha narsalar har qanday holatda ham unga taalluqlidir, demak, taalluqlikni inkor qilish zaruriy ravishda shu narsani o‘zini inkor qilishdir. Taalluqlilikning mavjudligi zaruriy holda taalluqli bo‘lgan narsaning mavjudligini asoslaydi. G‘azzoliy bu usuldan amaliy faoliyatda foydalanish muhim ekanligini ko‘rsatadi. Masalan:

Agar Zaydning ibodati to‘g‘ri bo‘lsa, unda u tahoratlidir.

Lekin, u tahoratli emas.

Uni ibodati to‘g‘ri emas.

Uning tahorat olganligi ma’lum, demak, uning ibodati to‘g‘ri deb xulosa chiqarilsa, bu xulosa notog‘ri bo‘ladi, chunki ibodati boshqa sababga ko‘ra noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Yoki uning ibodati noto‘g‘ri, u tahorat olmagan desak ham, fikr noto‘g‘ri. Lekin bu zaruriy bo‘lmagan xatodir. G‘azzoliy oxirgi qarama-qarshilik o‘lchovni tushuntirishda ham Qur’oni Karim suralaridan asos keltiradi:

Biz yoki siz ehtimol adashayotgandirsiz.

Bizning adashmayotganimiz ma’lum.

Demak, siz adashyapsiz.

Bu o‘lchovni ta’riflab, G‘azzoliy shunday deb yozadi: ikki qism bilan cheklangan narsalarning hammasida birini tasdig‘idan ikkinchisining inkori kelib chiqadi va birini inkoridan boshqasining tasdig‘i kelib chiqadi. Lekin bo‘lish cheksiz bo‘lmasligi sharti bilan. O‘z fikrini u shunday tushuntiradi: Bir odam ikki xonasi bor uyga kirgan bo‘lsa, ketidan biz bu xonaga kirib, uni ko‘rmasak, u boshqa xonada deb bilamiz, sababi u birinchi yoki ikkinchi xonada bo‘ladi. U birinchi xonada emas, demak, ikkinchi xonada deb, fikr yuritamiz. Bu usuldan ham noma’lum narsalarni bilish uchun foydalanish mumkin.

G‘azzoliy o‘lchovlarning nomini o‘zi o‘ylab topganini, aytadi. ularni birinchi bo‘lib Qur’ondan o‘zi chiqarganini aytadi. Lekin bu o‘lchovlar haqida undan avvalgilar ham bilganini va keyingilar esa ularga boshqa nomlar berib, da’vo qilishganini ta’kidlaydi.

Mutafakkirning ta’kidlashicha, odamlar ko‘proq buyumning mohiyatini emas, tashqi tomonini kuzatadilar. So‘zlarning ma’nosiga qarab emas, ularning eshitilishi yoki gapiruvchi haqidagi fikrlaridan kelib chiqib, baho beradilar. Agar ularga fikrning ifodalanishi yoki gapiruvchining o‘zi yoqmasa, unda bu fikrlar haqiqat bo‘lsa ham, uni inkor qiladilar. G‘azzoliy munozara qilish masalasini ham o‘rganib chiqadi.




Download 1.78 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   211   212   213   214   215   216   217   218   ...   260




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling