O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent
Download 1.78 Mb.
|
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6
Boshlang‘ich bilimlar haqida. Ibn Sino isbotlash uchun asos bo‘luvchi bilimlarni chuqur va har tomonlama tahlil qilish natijasida dastlabki, boshlang‘ich bilimlarning o‘n uch turini ta’riflab beradi. Bular quyidagilardan iborat:
1. Aksiomalar – avvaliyyat. 2. Sezgilar vositasida hosil qilingan bilim – maxsusat. 3. Tajriba asosida hosil qilinuvchi bilim – tajribiyat. 4. Boshqa kishilardan bilib olingan fikrlar - mutavatirat. 5. Aqlda doimo mavjud bo‘ladigan bilimlar. 6. Intuitsiya – vaxmiyat. 7. Ko‘pchilik tomonidan qabul etilib, tasdiqlangan bilim - mashhurat ba haqiqat. 8. Dono kishilar tomonidan belgilanuvchi bilimlar - maqbulot; 9. Ehtimollik tarzida bo‘lgan bilimlar – musallamat. 10. O‘xshashlikni ifodalovchi bilimlar – mushbixat. 11. Zohiriy bilimlar - mashhurat - ba zahir. 12. Taxminiy bilimlar - maznunat. 13.Xayol - mutaxayilat.205 Aytish mumkinki, Ibn Sinoda boshlang‘ich bilimlarning berilish tartibi Forobiynikidan farq qiladi. U boshlang‘ich bilimlarning tahlilini aksiomalardan boshlaydi. Ibn Sino ham aksiomatik tushunchalar bilan oddiy tushunchalar o‘rtasidagi tafovutni tushuntirib beradi, lekin aksiomatik bilimlarning kelib chiqishini tushuntirib bera olmaydi. Sezgilar vositasida ko‘rish, eshitish va umuman, besh sezgi a’zolari vositasida hosil qilinuvchi bilimlar Ibn Sinoda oddiy ko‘zatishning natijasi hisoblanadi. Bu kabi bilimlarning aqlda tasodifiy bo‘lmagan, takrorlanib turuvchi doimiy holatlar sifatida qayd etilishi tajriba asosida hosil qilinuvchi bilimlarni shakllantiradi. Ibn Sinoning eng asosiy boshlang‘ich bilimlar sifatida tajribani alohida ko‘rsatib o‘tishi Zakariyo ar- Roziy va Beruniy bilan yonma-yon uning tabiiy-ilmiy bilimlarga katta e’tibor berganligini ko‘rsatadi. Albatta, undagi “tajriba” tushunchasi hozirgi bizning “eksperiment” tushunchamizdan farq qiladi. Mutafakkir “ijtimoiy tajriba” tushunchasini qo‘llamagan bo‘lsa ham, boshqa kishilardan bilib olingan bilimlar bilan ko‘pchilik tomonidan qabul etilib, tasdiqlangan bilimlar ijtimoiy tajriba natijasida hosil bo‘lishini e’tirof etadi. Masalan, biz Bag‘dod yoki Koxirani ko‘rmagan bo‘lsak ham, bu shaharlarning mavjudligini boshqalardan eshitib bilamiz va shubha tug‘dirmagani uchun bu fikrlarni chin deb qabul kilamiz. Bu kabi bilimlar mutavatirotdir. Shunday bilimlar bo‘ladiki, uni insonlar bolalikdan boshlab qabul qiladilar va ma’qullaydilar. Bular axloq me’yorlarini ifodalovchi urf-odatlarda, tajribada ifodalanib, mustahkamlanib qolgan bilimlardir. Masalan, “yolg‘on gapirish - yomon odat”, “ota-onasini hurmat qilish zarur” kabi fikrlar shunday bilimni ifodalaydi. Ulardan ba’zilari amaliy aql nuqtai nazaridan chin, aniq hisoblansa ham, nazariy aql nuqtai nazaridan ba’zilari chin, ba’zilari xato hisoblanadi. Bu kabi bilimlar - mashhurot ba haqiqatdir. Bilimlarning har ikki turi ham isbotlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ibn Sino isbotlash uchun asos bo‘luvchi boshlang‘ich bilimlardan sakkizinchisi sifatida maqbulot, ya’ni dono kishilar tomonidan belgilanuvchi bilimlarni qayd etadi. U Forobiy kabi boshlang‘ich bilimlar sistemasida nufuzli shaxslarni etakchi o‘ringa qo‘ymaydi, bunga sabab bu kabi bilimlarning ko‘pchilikka ma’lum emasligi va isbotlash uchun asos sifatida keng qo‘llanilmasligidir. Chunki Ibn Sinoning fikricha, “maqbulot -olimlar, donishmandlar tomonidan qabul qilingan bilimlar bo‘lib, ular na boshlang‘ich tamoyil (aksioma) va na sezgilarning natijasi hisoblanadi.”206 Masalan, “ta’rif aylanma bo‘lmasligi kerak”ligi haqidagi fikr mantiqshunoslar tomonidan qabul qilingan qoidani ifodalaydi. Bu kabi qoidalar yangi bilimlarni hosil qiluvchi va ularning chinligini isbotlovchi asoslar bo‘lib xizmat qiladi. Ibn Sino tabib va faylasuf-tabiatshunos sifatida intuitsiya va xayolni ham boshlang‘ich bilimlar qatoriga kiritadi. Mutafakkirning ta’kidlashicha, intuitsiya o‘ziga xos fikr yuritish, tafakkur qilish usulini ifodalaydi, inson qalbida katta kuchga ega bo‘ladi va undan shubhalanib bo‘lmaydi. Intuitsiya orqali inson murakkab hodisalarning mohiyatini, uning turli qismlariga e’tibor bermagan holda yaxlit qamrab, tushunib oladi. Bunda fikrlash jarayonining alohida qismlari anglanilmaydi va asosan, fikr yuritish natijasi - haqiqatgina anglangan holda aniq, ravshan qayd etiladi. Ibn Sinoning ta’kidlashicha, intuitsiya haqiqatni aniqlashda yetarli asos hisoblansa-da, lekin bu haqiqatga boshqalarni ishontirish uchun yetarli asos bo‘lolmaydi. Xayol - shunday asoslarni ifodalaydiki, ular yordamida hech qanday sababsiz insonda kuchli istak yoki nafrat paydo bo‘ladi. Bu holatni Ibn Sino quyidagicha tushuntiradi: “Kimgadir sen eyayotgan narsa sariq kasalga sababchi bo‘ladi desa, u asal yeyayotgan bo‘lsa ham, ko‘ngli aynib, boshqa asal emaydi”. Demak, xayol insonning ruhiy holatiga ta’sir ko‘rsatish orqali fikrni isbotlashni ko‘rsatadi. Xayoliy fikrlar chin yoki xato bo‘ladi. Chin bo‘lgan xayoliy fikrlar aqlga quvvat beradi. Ibn Sino boshlang‘ich bilimlardan aqlda doimo mavjud bo‘ladigan xulosa asoslari to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tadi. Uning fikricha, shunday bilimlar mavjudki, ularni isbotlash uchun sillogizmdan foydalanish zarur bo‘ladi; ba’zi sillogizmlar esa shunday bo‘ladiki, asosni keltirishimiz bilan o‘rta terminni bilib olamiz. “Toq son juft sondan bittaga ko‘p yoki kam bo‘ladi”, degan fikr qisqa holda xuddi shunday sillogizmni ifodalaydi. Bu fikrning sillogizm ekanligini har kim bilmasa ham, lekin undan qanday xulosa chiqarish mumkinligini o‘ylab topa oladi. Boshlang‘ich bilimlardan ehtimollik tarzida bo‘lgan, o‘xshashlikni ifodalovchi, zoxiriy va taxminiy bilimlarning tahlili ular kishilar o‘rtasida keng tarqalgan bilimlarning chinligi va qo‘llanilish doirasiga ko‘ra turlarini ifodalaydi deb xulosa chiqarishga imkon beradi. Aytish mumkinki, Ibn Sino boshlang‘ich bilimlar to‘g‘risidagi masalani yanada chuqurlashtirdi, Forobiyning bu sohadagi qarashlariga tuzatishlar, to‘ldirishlar kiritdi.U Forobiydagi to‘rt boshlang‘ich bilim o‘rniga o‘n uch boshlang‘ich bilimni sanab o‘tdi va ularning tartibi masalasiga ham aniqlik kiritdi. Shuningdek, Ibn Sino “Ishorat va tanbehot ” asarida boshlang‘ich bilimlarni ifodalovchi mulohazalarning tasnifini ham berdi, ularning chin bo‘lish shartlarini aniqladi207. Yuqorida ko‘rib o‘tilgan xulosalash, isbotlash uchun asos, argument bo‘luvchi bilimlarning hammasi, mutufakkirning fikricha, haqiqatni aniqlashga xizmat qiladi. Bu bilimlardan ilmning turli sohalarida foydalaniladi. Ulardan ba’zilari isbotlovchi sillogizmning asoslari bo‘lsa, boshqalari dialektik, ritorik yoki sofistik sillogizmlarning asoslarini tashkil etadi. Ibn Sino ilmiy deduktiv nazariya’ning boshlang‘ich tamoyillarini alohida ajratib ko‘rsatadi208. Bu tamoyil faqat ma’lum bir fan doirasida qo‘llaniladi. Bularga: birinchidan, shu fandagi asosiy tushunchalarning ta’riflari kiradi; ikkinchidan, hammaga ma’lum bo‘lgan, chinligi shubha tug‘dirmaydigan shu fanga oid fikr- mulohazalar kiradi; uchinchidan, chinligi shubha tug‘dirsa ham, tadqiqotchining e’tiqodiga zid bo‘lmagan, haqiqat deb qabul qilinuvchi ilmiy farazlar; to‘rtinchidan, tabiatiga ko‘ra ilmiy gumonlar bilan o‘xshash bo‘lgan postulatlar (haqiqatligi ayon bo‘lmasa ham, isbotsiz asos qilib olinadigan qoidalar) kiradi. Ibn Sinoning isbotlovchi bilim asoslari to‘g‘risidagi fikrlari sof mantiqqa oid bo‘libgina qolmay, balki gnoseologik qarashlarining ham tarkibiy qismi hisoblanadi. Mutafakkir dunyoqarashining o‘ziga xos tomonlari bu masalaga bo‘lgan munosabatida ham o‘z ifodasini topgan.
Download 1.78 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling