O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti
Download 4.4 Mb.
|
IJTIMOIY-FALSAFA
Fridrix Vilgelm Nitsshe (1844–1900) – U “qadriyat” kategoriyasini Yevropa falsafasiga muomalaga kiritgan faylasufdir. U falsafaning o‘zini, qadriyatli tafakkur sifatida, talqin etib, qadriyat masalasini bilimning haqiqatligi muammosidan ustun qo‘yadi. F.Nitsshening falsafiy qarashlari, uning “hayot falsafasi” insonni tushunishda, hayotni tushunishda inqilobiy o‘zgarishlarni boshlab berdi. Nitsshe falsafasi “hayot eng oliy qadriyat” degan hozirgi davr insonparvarlik falsafasining asosiy g‘oyasini ilgari surdi.
Nitsshe ijtimoiy-falsafasida salohiyatli o‘rin egallagan “hokimiyatga bo‘lgan iroda” g‘oyasi, fundamental ontologik tushuncha sifatida, gavdalanadi. Nitsshe uchun “iroda” mavhum tushuncha bo‘lmasdan, balki, muayyan faol insonning o‘ziga xos individual irodasi, uning borlig‘i va hayotining mohiyatidir. Bu mohiyat, aslida, “hokimiyatga bo‘lgan iroda”da o‘zining real ifodasini topadi. Iroda ong va tafakkurga nisbatan birlamchi bo‘lib, u inson faoliyati bilan chambarchas bog‘langan. Dekartning: “men fikrlar ekanman, demak, mavjudman” tezisiga javoban, Nitsshe “irodaga ega bo‘lib, harakat qilar ekanman, demak, men hayotman” g‘oyasini ilgari suradi. Iroda Nitsshe ijtimoiy-falsafasining tamal toshini tashkil etadi. O‘z navbatida, faol, oddiy boqibeg‘am odamlardan farqlanadigan inson g‘oyasi hukmronlikka yo‘naltirilgan iroda yuksalishi konsepsiyasining pirovard natijasidir. Fridrix Nitsshe uchun narsaning asosida Shopengauer singari hayotga intiluvchi iroda emas, balki hokimiyatga - hukmron bo‘lishga intilish irodasi yotadi. U o‘zining “Zardo‘sht tavallosi” deb nomlangan kitobi qaxramoni singari kuchli shaxslar tarafdori bo‘lgan. Ma’lumki, Zardusht baland tog‘ cho‘qqilarida, ya’ni oddiy odamlardan yuqorida o‘zining yaqin do‘stlari bilan birga bamisoli donishmand ilonday va mag‘rur burgutday hayot kechirgan. Odam bilan tabiat orasi qanchalik uzoqlashsa, odamning hayotga bo‘lgan qiziqishi shunchalik so‘nib boradi, odamning o‘zi esa bevosita kasallik timsoliga aylanib qoladi. Bundan qutulish yo‘li bitta – irodasi bo‘sh bo‘lgan kishilar ommasini o‘z orqasidan ergashtirib borishga qodir bo‘lgan kuchli shaxslarni tarbiyalab etishtirish kerak. “Havf-hatardan qo‘rqmay yasha” – Nitsshening shiori shunday bo‘lgan30. Insondagi barcha salbiy sifatlarni bartaraf etish va yangi axloqiy qadriyatlarning ijodkori va sohibi bo‘lmish, Zabarmard (faol inson) idealiga erishish Nitsshe falsafasining asosiy maqsad – muddoasidir. Zabarmard tomonidan ilgari surilgan qadriyatlar, bu – eski qadriyatlarni tubdan isloh qilishga bo‘lgan mutlaq qobiliyat, ruhiy–ma’naviy ijod, hukmronlikka bo‘lgan irodani bir nuqtada jamuljam etish, o‘ta individualizm, hayotbaxsh optimizm, hech qanday chegarani tan olmaydigan barkamollik sari intilish. Jarayonlarning cheksiz bir tarzda o‘zining avvalgi holatiga qaytishi haqidagi g‘oya Nitsshening qator fikr-mulohazalariga zid kelib, uning falsafiy fikrlar yo‘nalishini bema’nilik jarligiga olib borib qo‘yadi. Download 4.4 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling