O‘zbekiston Respublikasida pul tizimi – bu respublikada pul muomilasini tashkil etish shakl va usullarini huquqiy tartibga solish demakdir. Demak, pul tizimi konstitutsiyaviy maqomga ega. Pul to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy me’yorlar, bir vaqtning o‘zida konstitutsiyaviy (davlat)huquqning ham, moliya huquqining ham me’yori hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida pul kompleks ravishda, ya’ni turli huquq sohalari bilan tartibga solinadi. Jumladan, moliya huquqi me’yorlari O‘zbekiston Respublikasi pul tizimining holatini belgilab beradi. Bundan tashqari, moliya huquqi me’yorlari yordamida pulning normal funksiyalanishi, ya’ni pul birliklarining to‘lov qobiliyati, naqd pul birliklari muomilasi tartibi, hisob-kitoblarni tashkil etish asoslari va boshqalar ta’minlanadi. Fuqarolik huquqi me’yorlari pulga (pul birliklariga) bo‘lgan mulkchilikni, fuqarolik-huquqiy xarakteridagi bitimlardagi hisobkitoblarni tartibga soladi. Ma’muriy huquq me’yor-lari pul tizimi sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni tartibga soladi. Jinoyat huquqi me’yorlari esa, pul tizimiga qarshi qaratilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni tartibga soladi.Shunday qilib, davlatning pul tizimiga huquqning deyarli barcha sohalari ta’sir ko‘rsatadiPul tizimiga bag‘ishlangan maxsus moliyaviy-huquqiy me’yorlar «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida»gi qonunda mustahkamlangan. Bundan tashqari, pul tizimiga taalluqli bo‘lgan ba’zi bir me’yorlar O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunda, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida va boshqa bir qancha qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatib o‘tilgan. Pul tizimi funksiyalanishini ta’minlovchi moliyaviy-texnik masalalar, ya’ni pul birliklarini yasash, ularni o‘tkazish, saqlash va inkassatsiya tartibi, pul birliklarining zahira jamg‘armalarini tashkil etish, to‘lov qobiliyati xususiyatlari va tartibini o‘rnatish, shikastlangan pul belgilarini almashtirish va muomiladan chiqarish va boshqalar qonun asosida chiqariladigan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining me’yoriy aktlari bilan tartibga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |