O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi


Download 431.45 Kb.
bet36/107
Sana05.01.2022
Hajmi431.45 Kb.
#222618
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   107
Bog'liq
davlat-va-huquq-tarixi Odilqoriyev

Franklar davlati (V–IX asrning birinchi yarmi). Rim imperiyasining zaiflashuvi davriga kelib, yer tanqisligi sababli imperiyaning ittifoqchisi bo‘lgan varvarlar, ya’ni german jamiyatini tashkil etuvchi tobora o‘sib borayotgan ko‘p sonli german qabilalari uning hududiga ko‘chib o‘tadi.

Bu ko‘chish IV asr oxiri va V asrlarni o‘z ichiga olib, «xalqlarning buyuk ko‘chishi» davri deb ataladi.

Umuman olganda, bu davrda oldinroq Quyi, O‘rta va Yuqori Reyn, Yutlandiya yarim oroli, Elba bo‘ylari, Dunay va Qora Dengiz bo‘yi hududlarida yashovchi katta-katta varvar qabilalaridan ingliz-sakslar, franklar, allemanlar, langobardlar, vandallar, burgundlar, vestgotlar va ostgotlar ittifoqlarga birlasha boshlagan. Bundan ham ilgariroq gotlar ittifoqlarining har biri Dunay va Qora Dengiz bo‘yi hududida ko‘p qabilalik davlat tashkil qilgan edi.

Ko‘chib kelgan german qabilalari V asr oxiriga kelib Rim imperiyasi hududiga, ya’ni vandallar Shimoliy Afrika, vestgotlar (g‘arbiy gotlar) Ispaniyaga, ostgotlar (sharqiy gotlar) Italiyaga, franklar Galliyaga, inglizlar bilan sakslar Britaniyaga joylashdilar. Ular shu joylarda o‘z davlatlarini tuzdilar.

Rim imperiyasi hududida tuzilgan varvar qirolliklari orasida eng kattasi va kuchlisi Franklar qirolligi edi. Sali (dengiz) frank (erkin, jasur)lari ilgarigi davrda ham eng kuchli qabila hisoblangan. Franklar qirolligining asoschisi Merovinglar sulolasiga mansub qirol Xlodvig (481–511-y.) hisoblanadi. U frank qabilalarini birlashtirish va 486-yilda Galliya viloyatini (markazi Parij) egallashni amalga oshirgan1. Franklar VI asr davomida deyarli barcha german qabilalarini itoat ettirgan.

VII asr boshlarida Xlodvig sulolasining ichki urushlari natijasida zaiflasha boshlaydi. VII–VIII asrlarda Merovinglar qirollari qo‘lida yerning ozgina qismi qoladi. Butun ma’muriy, sud va harbiy hokimiyat mahalliy magnatlar qo‘lida to‘planadi. Haqiqatda parchalanib ketgan franklar davlatining ayrim bo‘laklaridagi eng yuqori ma’muriy mansab mayordamlik bo‘lib qoladi. Mayordam nomi qirol saroyida eshikog‘asi, ya’ni saroy boshlig‘iga nisbatan aytilgan va barcha qaram davlatlar saroyida joriy qilingan.

Bu davrga kelib davlat boshqaruvida mayordamlar – saroy boshqaruvchilari hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Avstraziya mayordamlari – Pipinidlar (Karl Martell, 715–741-y.) mamlakatni inqirozdan olib chiqish, siyosiy jihatdan birlashtirishda, qirol hokimiyatini mustahkamlash kabi islohotlarni amalga oshiradi. Karl Martellning taxt vorisi Pipin III Pakana (741–768-y.) hokimiyatdan mahrum bo‘lgan Merovinglar sulolasini




1 Izoh: Frank – atamasi dastlab Reynning o‘rta va quyi oqimlaridagi german qabilalarining umumiy nomi bo‘lgan. Franklar qirolligi sali franklari tomonidan tashkil topadi.

taxtdan tushiradi. Bu o‘zgarish Rim papasining yordami bilan amalga oshiriladi. 751-yilda Suasson shahrida frank zodagonlari yig‘ilishida Pipin frank qiroli deb e’lon qilinadi. Shu vaqtdan boshlab Karolinglar sulolasiga asos solinadi. Uning o‘g‘li Buyuk Karl (768–814-y.) davrida Franklar davlati imperiyaga aylanib, 800-yilda u imperator unvonini oladi. Sulala nomi aynan uning nomidan olinadi. Uning vafotidan so‘ng imperiya uzoq yashamaydi. Iqtisodiy asosning yo‘qligi va omillar sababli imperiya parchalanib ketadi.

843-yilgi Verden (saroy) shartnomasiga ko‘ra franklar davlati bo‘linib ketadi. Galliya (Fransiya), Bovariya va boshqa yerlar imperiyadan ajralib chiqdi. Oqibatda bu yerlar Germaniya va nihoyat Italiya davlatlari tarkibiga kirdi. Ushbu shartnomaga muvofiq, Buyuk Karlning uch nafar nevarasi, ya’ni Lyudovik o‘g‘illari mustaqil qirollarga aylanadi. Imperatorlik unvoni turli davrlarda turli avlodlarga o‘tib borib, X asr boshlariga kelib o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.

Lyudovikning katta o‘g‘li Lotarga Italiya, sharqda Reyn bilan g‘arbda Mass, Shelda, Sena va Rona daryolari o‘rtasidagi yerlar, Lyudovik Nemisga Reynning sharqidagi yerlar tegadi. Lotarga qarashli yerlarning g‘arbidagi yerlar Karl Yaltiroqboshga o‘tadi. Keyinroq, Lotar vafot etganidan so‘ng yerlar qaytadan bo‘linadi. Reyn bo‘yidagi yerlarning barchasini Lyudovik bilan Karl o‘zaro bo‘lishib oladi. Lotarning avlodlari esa Italiyadagi yerlarnigina o‘z qo‘lida saqlab qoladi. Dastlab Lotarga qarashli bo‘lgan Burgundiya mustaqil qirollik bo‘lib ajralib chiqadi.

Shu tariqa Franklar davlati o‘z umrini o‘tab bo‘ladi. Mazkur taqsimot Yevropada keyinchalik vujudga kelgan uchta katta davlat – Fransiya, Germaniya va Italiyaning tashkil topishini umumiy bir tarzda belgilab berdi.

Franklar davlati boshqarish shakli bo‘yicha ilk feodal monarxiyasi edi. Ibtidoiy jamoa tuzumidan feodal jamiyatga o‘tish yo‘li bilan vujudga kelgan. Unda eski jamoa tashkilotlarining muhim qoldiqlari, qabilaviy demokratiya muassasalari saqlanib qolgan edi.

Merovinglardan so‘ng Karolinglar sulolasi davriga to‘g‘ri keluvchi ikkinchi bosqichda frank jamiyatining ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan tiklanishi yuz beradi. Buning natijasida asta-sekin sen’orlik monarxiyasi shaklidagi feodal davlat shakllandi. Bu davrda feodal yer egaligi, feodallar va qaram dehqonlar sinfining tashkil topishi tugallanadi.

Franklar davlatida boshqaruv asosan saroy mansabdorlari va kengashi orqali amalga oshirilgan.



Franklar davlatida huquqning asosiy belgilari. G‘arbiy Yevropa mamlakatlari davlatlarining rivojlanishi bilan birga ularning huquqiy tizimlari ham rivojlanib bordi.

Feodal tarqoqlik davrida huquq «partikulyarizmi», ya’ni butun mamlakat uchun yagona huquqning yo‘qligi bartaraf etilishi, ayniqsa tabaqa-vakillik monarxiyasi davridan boshlab jadallashdi. G‘arbiy Yevropaning qit’a qismi mamlakatlarida huquq shakllarining o‘zaro yaqinlashuvi yuz beradi. Angliya feodal huquqi alohida rivojlanib boradi. Shu tariqa G‘arbiy Yevropa huquqi ikki qismga, ya’ni ingliz-sakson huquqi va qit’a huquqiga ajraladi.

Huquq manbalari varvarlar haqiqatlaridan iborat bo‘lib, ular odat huquqini o‘zida mujassam etgan. Ayrimlari rim huquqi bilan aralashgan. Ular «sali», «ripuar», «alleman», «bavar», «sakson», «tyuring» haqiqat- lariga bo‘lingan. V asr va IX asr boshlarida vujudga kelgan.

Bundan tashqari, huquq manbalari qatoriga dastlabki qonun hujjatlari sifatida qaraluvchi qirollar edikti (qonunlar to‘plami), farmonlari (bonni), farmoyish-qonunlari (kapitulyariy)ni kiritish lozim. Shuningdek, qirolning immunitet yorliqlari, qoida yorliqlari, odat huquqi va cherkov huquqini ham kiritish maqsadga muvofiqdir.

Huquq manbalari u yoki bu masalani tartibga solish bo‘yicha ajratilmagan bo‘lib, unda ko‘pgina masalalarga oid qoidalar o‘z aksini topgan. Chunonchi, franklar qirolliklarida huquqiy tartibga solish o‘zaro farq qiladi.

Huquqiy tartibga solishda mulkiy munosabatlar, majburiyatlar, nikoh va oila, meros hamda jinoyat va jazo sohalariga alohida yondashish uchraydi.

Jinoyat va jazo masalalarida jinoyatchi va jabrlanuvchining ijtimoiy ahvoli inobatga olingan. Og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lib, ordaliya instituti amal qilgan. Jarima jazo ham qo‘llanilgan.


Download 431.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling