O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi


-§. Yangi davr Fransiya huquqiy tizimining xususiyatlari


Download 431.45 Kb.
bet61/107
Sana05.01.2022
Hajmi431.45 Kb.
#222618
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   107
Bog'liq
davlat-va-huquq-tarixi Odilqoriyev

2-§. Yangi davr Fransiya huquqiy tizimining xususiyatlari



Ko‘rib chiqilayotgan davrda Fransiya huquqi tubdan isloh qilindi. 1789-yilning may oyida yig‘ilgan General shtatlar deputatlari hudud bo‘yicha tubdan islohot o‘tkazib, Fransiyaning yagona huquqiy tizimini shakllantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydilar.

Ta’sis majlisi tomonidan qabul qilingan qonunlar, aynan yangi jamiyatni qurish uchun yaratilgan qonunlar edi. 1789-yilning 29-av- gusti va 18-sentabrida Ta’sis majlisi tomonidan qabul qilingan qonunlar erkin savdo prinsipini joriy qilishga olib keldi. Oktabr oyida zayomlar bo‘yicha foiz olishni taqiqlovchi qonunlar bekor qilingandan so‘ng, kredit operatsiyalarini o‘tkazishga keng yo‘l ochildi. 1790- yilning 29-sentabrida o‘rta asr huquqi uchun xos bo‘lgan umrbod ijara huquqi bekor qilinib, mulkiy ijara muddati uchun yuqori muddat, ya’ni 99 yil qilib belgilandi.

1791-yilning fevralida Ta’sis majlisi o‘rta asr sexlarini tarqatib yubordi. 1791-yilning 2–17-maylarida bir qator qonunlar chiqarilib, o‘rta asrlarga taalluqli bo‘lgan savdo va hunarmandchilikka oid cheklashlar bekor qilindi va tadbirkorlik erkinligini e’lon qilindi. Ta’sis majlisining bu sohadagi faoliyatini qonunchilik majlisi va Milliy konvent davom ettirdi. 1790-yili qonun yo‘li bilan mayorat instituti tugatildi. 1791-yilning aprelida qabul qilingan meros huqu- qiga o‘zgartirishlar kiritilib, bolalarning merosga teng huquqi belgilandi.

1792-yili fuqarolik holatlarini belgilab beruvchi aktlarni o‘zgarti- ruvchi qonunlar qabul qilinadi. Endilikda davlat tomonidan nikohdan o‘tilishi majburiy qilib belgilandi. Nikohni bekor qilishda keng erkinliklar berildi. Qonuniy va nikohsiz tug‘ilgan bolalarning huquqlari tenglashtirildi.

Ta’sis majlisi 1790-yilning 21-avgustida dekret chiqarib, fuqaro- lik, jinoiy va protsessual kodeks yaratish zarurligini e’lon qiladi. Ammo Ta’sis majlisi faqat jinoyat kodeksini ishlab chiqishga ulgurdi.

Fransiya jinoyat kodeksi 1791-yilda qabul qilinib, u sodda va aniq tuzilishga ega edi. Uning «jazolar to‘g‘risida»gi birinchi qismida tan jazolari berish to‘g‘risida o‘rta asrlarga xos bandlar olib tashlandi. Jinoyat kodeksining ikkinchi qismi «jinoyatlar va jazolar to‘g‘risida» deb nomlanib, unda qanday qilmishlar jinoyatlar turkumiga kirishi to‘la yoritib berildi.

Jinoyat kodeksining o‘ziga xos xususiyati shunda ediki, unda har bir qilmish uchun aniq mo‘ljallangan mutlaq-aniq sanksiyalar ko‘zda tutilgandi. Barcha jinoyatlar ikki guruhga bo‘linib, birinchi guruh, davlat manfaatiga qarshi qaratilgan jinoyatlardan, ikkinchi guruh esa, xususiy shaxs manfaatlariga qarshi jinoyatlardan iborat. Xususiy shaxsga qarshi jinoyatlar o‘z navbatida shaxsga va mulkka qarshi qaratilgan jinoyatlar guruhiga bo‘lingan.

Qo‘llaniladigan jazo choralari 35 ta moddada o‘z aksini topgan. Kishilarning qadr-qimmatiga ta’sir etuvchi jazo choralaridan, oshkora tarzda shaxsning g‘ururini toptash, ustunga bog‘lab qo‘yish kabi jazolar saqlanib qolingan. Undan tashqari, katorga ishlari va yakka tartibda qamoqda saqlash kabi jazo choralari mavjud bo‘lgan.

XIX asrning boshlarida (1804–1810-y.) o‘sha davrdagi barcha huquq sohalarini qamrab olgan beshta kodeks qabul qilindi. Bu tarixga Napoleon kodekslari nomi bilan kirdi. Ulardan 1804-yilgi Fuqarolik kodeksi tahsinga sazovordir. Fuqarolik kodeksi kirish, uchta kitobdan iborat bo‘lib, 2281 moddadan tashkil topgan. U rim huquqi singari tuzilishga ega bo‘lib, shaxs, buyum, meros va majburiyat huquqlaridan iborat tarzda edi.



Birinchi kitob «shaxslar to‘g‘risida» deb nomlanib, fuqarolarning huquqlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot beradi. Kodeksda belgilab qo‘yilgan fuqarolarning huquqlari chet el fuqarolariga nisbatan tegishli bo‘lmagan. Kodeksda yuridik shaxs tushunchasi berilmagan.

Birinchi kitobda oila huquqining asosiy prinsiplari ham mustahkamlab qo‘yilgan. Fuqarolik kodeksining alohida moddalari er va xotinning teng huquqligini ko‘rsatib o‘tgan bo‘lsa-da, umuman olganda, oilada otaning roli hukmron mavqega ega edi. Kodeksga ko‘ra, oila uchun turar joyni er belgilab berishi, xotin esa uning orqasidan borishi kerak edi. Kodeksda xotin erga xiyonat qilganda, er ajralish uchun uni sudga berishga haqli edi. Ammo er xotiniga xiyonat qilganda, xotin ajralishi uchun er u bilan bir uyda yashagan bo‘lishi kerak edi. Bu qoida 1884-yili bekor qilingan. Er va xotin huquqining notengligi oiladagi mulk munosabatlarida ham aniq ko‘zga tashlangan, ya’ni oila mulki bilan shug‘ullanish erning tasarrufida bo‘lib, buning uchun xotinning roziligini olish shart emas edi.

Kodeksda er va xotinning bolalarga bo‘lgan munosabatlarida teng huquqlilik bo‘lmagan. Ota 16 yoshga yetmagan bolalarni bir oygacha muhlatga ozodlikdan mahrum qilishga haqli edi. 25 yoshga yetmagan o‘g‘il va 21 yoshga yetmagan qiz bolalar uchun uylanish va turmush



qurish uchun ota-onaning roziligi kerak bo‘lgan. Agar ota-ona fikrida farq bo‘lsa, otaning fikri inobatga olingan.

Ikkinchi kitob mulk va xususiy mulkning turli ko‘rinishlarini tartibga solgan. Bu ham rim huquqidagi uzufrukt, xususiy mulk kabi institutlardan tashkil topgan edi. Kitobda markaziy o‘rinni xususiy mulk instituti egallaydi. Kitobda yerga xususiy mulk to‘g‘risida so‘z borib, yerning osti va usti ham yer egasiga tegishli ekanligi mustahkamlangan. Yer egasi yer osti va usti boyliklariga ham egalik qilishi mumkin bo‘lgan. Faqat 1810-yilga kelib, kodeksga maxsus o‘zgartirish kiritilib, konlar faqat davlat tasarrufida bo‘lishi qayd etib qo‘yilgan.

Uchinchi kitob «xususiy mulkka egalik qilishning turli usullari to‘g‘risida» bo‘lib, unda xususiy mulkka egalik qilish meros huquqi orqali, vasiyat bo‘yicha hamda majburiyat huquqi bo‘yicha egalik qilish mustahkamlangan. Meros huquqi bo‘yicha o‘lgan shaxsning merosxo‘rlari bo‘lib, bolalari va boshqa 12-darajagacha bo‘lgan qarindosh-urug‘lari hisoblangan. Noqonuniy tug‘ilgan bolalar faqat ota-onaning merosiga haqli bo‘lib, boshqa qarindoshlarning merosiga haqli bo‘lmaganlar. Uchinchi kitobda asosan majburiyat huquqi, shartnoma munosabatlari o‘z ifodasini topgan. Ularning hammasi rim huquqidan o‘zlashtirib olingan.

1807-yili fuqarolik kodeksiga qo‘shimcha ravishda maxsus savdo kodeksi qabul qilingan. Bu kodeks Fransiya huquqiy tizimiga yangilik kiritdi, ya’ni Fransiya xususiy mulk huquqini ikkiga bo‘linishi, fuqarolik va savdo huquqiga bo‘linishini mustahkamlab berdi.

Savdo kodeksi to‘rtta kitobdan iborat bo‘lib, birinchi kitobda umumiy qoidalar berilgan. Unda tijoratchilar, savdo birjalari, kompaniyalar va hokazolarning haq-huquqlari belgilab qo‘yilgan.

Ikkinchi kitob xalqaro va dengiz savdosi masalalariga bag‘ishlan- gan bo‘lib, dengiz kemalarining huquqiy maqomini, dengizda yuklarni tashish, ularning sug‘urtasi kabi masalalarga bag‘ishlangan. Uchinchi kitob bankrotlik masalalarini, to‘rtinchi kitob savdo yurisdiksiyasini tartibga solgan.

Umuman olganda, Fransiya savdo kodeksi fuqarolik kodeksiga qaraganda uncha mukammal bo‘lmagan darajada tuzilgan edi. Unda, masalan, oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha faqat bitta modda bor edi. Shuning uchun tijoratchilar o‘rtasida bahs vujudga kelganda, ular Fuqarolik kodeksi moddalari bilan hal etilgan.

Fransiya jinoyat kodeksi 1791-yilgi inqilobdan keyin qabul qilingan kodeks qisqa vaqt amalda bo‘ldi. 1810-yili imperator Napoleon rahbarligida Fransiyaning yangi Jinoyat kodeksi ishlab chiqildi. Bu kodeks o‘z zamonasi uchun progressiv xarakterga ega edi. Kodeks kirish, to‘rtta kitobdan iborat edi. Kirishda umumiy qoidalar, birinchi kitobda jazo choralarining umumiy masalalari, ikkinchi kitobda jazo turlari va jinoiy javobgarlik masalalari mustahkamlangan edi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kitoblar Jinoyat kodeksining umumiy qismini tashkil etib, jinoyat huquqining asosiy tushunchasi va prinsiplarini o‘zida mujassamlagan. Kodeksning uchinchi va to‘rtinchi kitobi maxsus qismni tashkil etib, jinoiy qilmishning turlari va ular uchun belgilangan jazo choralari ifodalangan.

Qonun bilan taqiqlangan barcha qilmishlar jinoyat deb hisob- langan. Unda qonunlarning orqaga qaytish kuchi yo‘qligi e’lon qilingan. Shuningdek, kodeksda jinoyat ishtirokchilarining javobgar- ligi hamda qattiq ruhiy holatda va majburlov yo‘li bilan jinoyat sodir etganlarni javobgarlikka tortmaslik masalasi belgilab qo‘yilgan.

Jinoyat kodeksida jinoiy harakatlarni tasniflashda, jazolarni og‘ir- yengilligiga qarab uch guruhga bo‘lingan. Jumladan, birinchi guruhga eng og‘ir jinoiy qilmishlar kiritilgan. Ularga nisbatan ko‘zda tutilgan jazolar azobli va sharmandali bo‘lgan; ikkinchi guruhga axloq-tuzatish choralari belgilangan jinoyatlar kiritilgan; uchinchi guruh huquqbuzarliklar politsiya tomonidan jazo beriladigan qilmishlar hisoblangan.



Kodeksda davlatga qarshi jinoyatlar eng og‘ir jinoyatlar sirasiga kiritilgan. Ularga davlatning tashqi xavfsizligiga qarshi jinoyatlar, shpionaj, imperator va uning oila-a’zolariga suiqasd qilish, davlat boshqaruv shaklini to‘ntarish yoki o‘zgartirishga urinishlar kirgan.

1808-yilda qabul qilingan Fransiya Jinoyat-protsessual kodeksi bilan aralash protsess joriy etilgan. Tergov sudyasi aybdorning tergovga kelishi to‘g‘risida buyruq chiqarishi, kelmagan taqdirda majburiy ravishda olib kelish yoki qamash to‘g‘risida buyruq chiqarishi mumkin bo‘lgan. U aybdorni, guvohlarni so‘roq qilish, jinoyat sodir etilgan joyni borib ko‘rishi va boshqa tergov harakat- larini amalga oshirgan.

Jinoyat ishlarini sudda ko‘rib chiqish oshkora og‘zaki va majlis tarzida olib borilar edi. Jinoyat protsessual kodeksi sudda maslahat- chilarni ham ishtirok etishini belgilab bergan. Ular aybdorning aybdorligi yoki aybsizligi haqida o‘z fikrlarini bildirganlar.

Shunday qilib, Fransiya Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari XIX asrlarda hukumat tomonidan jamoat tartibini tutib turish uchun faol ravishda qo‘llanilgan. Ammo o‘ta og‘ir siyosiy vaziyatlarda hukumat tomonidan nafaqat sudda, balki suddan tashqarida ham ishlar ko‘rib chiqilgan.

1881-yili matbuot to‘g‘risidagi maxsus qonun chiqarilib, unda matbuot orqali sodir etiladigan jinoyatlar uchun jinoiy jazo choralari belgilangan. 1884-yili Prezident Karnoga suiqasd qilib o‘ldirilganligi munosabati bilan ham, maxsus qonun chiqarilib anarxistik propaganda uchun jazo choralari ko‘zda tutilgan. Ammo Fransiyada demokratiya- ning mustahkamlanib borishi, alohida olingan jinoiy-huquqiy institutlarning liberallashuviga olib keldi. Masalan, 1832-yili qulga tamg‘a bosish va uni kesib tashlash kabi jazo chorasi, 1848-yilda siyosiy jinoyatlar uchun o‘lim jazosi bekor qilingan.

1885-yili maxsus qonun qabul qilinib, yarmidan ko‘p jazosini o‘tagan shaxslarni shartli ravishda ozod qilingan. Retsidiv jinoyatchilar uchun bu muddat 2/3 qism qilib belgilangan. Shartli ravishda ozod qilish umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlarga hamda mustamlakalarga jo‘natilganlarga qarshi qo‘llanilmagan.

Shunday qilib, XVIII asrning oxirida Fransiyada burjua inqilobi g‘alaba qozondi, bu borada eski iqtisodiy ijtimoiy munosabatlar jamiyatning keyingi rivojlanishi uchun to‘siq bo‘lib qoldi. Milliy davlatning tashkil topishida muhim ahamiyatga molik bo‘lgan mutlaq monarxiya tuzumi, yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy munosabat- larning taraqqiy topishiga monelik qilgan. Inqilob natijasida davlat tuzumi, ijtimoiy-siyosiy tizimda yirik o‘zgarishlar ro‘y bergan.


XII BOB. YANGI DAVR GERMANIYA DAVLATI VA HUQUQI





Download 431.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling