O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi


-§. AQSHning vujudga kelishi va uning mustaqillik Deklaratsiyasi


Download 431.45 Kb.
bet68/107
Sana05.01.2022
Hajmi431.45 Kb.
#222618
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   107
Bog'liq
davlat-va-huquq-tarixi Odilqoriyev

1-§. AQSHning vujudga kelishi va uning mustaqillik Deklaratsiyasi

AQSHning hozirgi hududida qadim vaqtlardan buyon indeyetslar va eskimoslar yashagan. Aynan Amerikaning qadimiy tub aholisi indeyetslar bo‘lgan. Ko‘pgina tarixchilarning fikricha, ularning ajdodlari bundan 20–25 ming yil oldin Yaponiyaning Bering bo‘g‘ozi orqali Osiyodan ko‘chib borganlar. XI–XIV asrlarda Shimoliy Amerikaga asosan Grelandiyalik islandlar ahyon-ahyonda safar qilib turganlar. 1492-yilda Kolumb tomonidan Amerika kashf qilingach, oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i, XV asrdan bu qit’ani Ispaniya, Fransiya, Angliya, Gollandiya davlatlari o‘zlarining mustamlakasiga aylantira boshladilar.

Shimoliy Amerika yerlariga XVI asr oxirlarida kelgan inglizlar uzoq tura olmaydilar. Ular tomonidan doimiy mustamlakaga aylantirish 1607- yildan, ya’ni Virginiya (qirolicha Yelizaveta ismidan) deb nomlangan mustamlaka barpo qilinganidan so‘ng boshlandi. Angliya XVIII asr o‘rtalarida o‘lkadagi asosiy raqiblarini surib chiqarib, qit’ada o‘zining 13 ta mustamlakasini yaratadi. Bu mustamlakalarning har biri o‘z nomiga ega bo‘lsa-da, «Yangi Angliya» mustamlakalari, deb ham atalgan. Ingliz inqilobi boshlanishi natijasida u bilan mustamlakalar o‘rtasida aloqa zaiflashadi. Mustamlakalar ichki boshqarish ishlarida to‘la mustaqillikni saqlaganlari holda «Yangi Angliyaning birlashgan mustamlakalari» degan nom ostida ittifoq tuzadilar. Natijada ular tizimida ko‘payish, qo‘shilib va ajralishlar kuzatiladi.

Bu mustamlakalar geografik joylashishi va qishloq xo‘jaligi rivojlanishi nuqtai nazaridan shimoliy, markaziy va janubiy mustam- lakalarga bo‘linadi. Qishloq xo‘jaligida shimolda mayda va o‘rta hol fermerlar hukmronlik qilgan. Markaziy mustamlakalarda yer mayda va o‘rta hol fermerlar bilan birga yirik yer egalari qo‘lida bo‘lgan. Janubda esa faqat yirik yer egalari hukmronlik qilgan. Qit’ada Angliya mustam- lakasidan tashqari boshqa mamlakatlarning mustamlakasi ham mavjud bo‘lgan.

Xo‘jalik ishlarida negr qullar va shaxsan ozod oq tanli yollanma ishchilar mehnatidan foydalanilgan. Jumladan, mustaqillik arafasida

Shimoliy Amerikaning 2,5 mln. aholisidan 500 mingga yaqini negrlar bo‘lib, ularning 90 % ga yaqini qullar edi. Qullarga «jonli invertar» deb qaralib, ular har qanday ijtimoiy va siyosiy huquqlardan mahrum etilgan. Qul egalari ularni o‘ldirishi, sotishi va qarzga berishi mumkin edi.

Shimoliy Amerika mustamlakalarida feodalizm, quldorlik va majburiy mehnat elementlari qo‘shilib ketgan. Shuningdek, u o‘z vaqtida markaziy va janubiy mustamlakalarga nisbatan bir muncha taraqqiy etgan.

Kichik ma’muriy hududiy birliklar – grafliklar ta’sis etilgan. Yerdan foydalanish «yirik yer egalari – mayda fermerlar – kichik yer egalari ko‘rinishida kechgan.

Mustamlaka hududlarga oid umumiy ishlar Angliya parlamenti tomonidan qonun qabul qilish, qirol tomonidan Proklamatsiya (1763-yil, ko‘chish haqida) va hukumat tomonidan farmoyishlar chiqarish orqali tartibga solinib kelingan.

Mustamlakalar sekinlik bilan bo‘lsa-da, iqtisodiy rivojlana bordi. To‘qimachilik ustaxonalari, tegirmonlar, temir va g‘isht zavodlari, kemasozlik korxonalari va boshqa korxonalar paydo bo‘ldi. XVIII asrda manfaktura ancha keng tarqaldi, sanoatda mashinalar qo‘llanila boshlandi. O‘z navbatida metropoliyalar bundan cho‘chigan va doimo qarshi turganlar.

Britaniya mustamlakachilik boshqaruv tizimi XVII asrning oxirida shakllanadi. 13 ta mustamlakaning har biri o‘zining alohida tuzumiga ega va idora qilish shakliga ega edi. Ular o‘z huquqiy holati bo‘yicha uch guruhga bo‘lingan. Jumladan, 1) o‘zini o‘zi boshqaruvchi xartiyalariga ega, amalda o‘ziga xos respublikalar bo‘lib, ularning hududidagi barcha boshqarish organlari saylovlar yo‘li bilan tashkil qilingan; 2) xususiy egalikdagi mustamlakalar; 3) ko‘p sonli (8 ta) qirollik mustamlakalari. Qirollik mustamlakalari qirol tayinlaydigan gubernatorlar orqali boshqarilgan, shu bilan birga, ikki palatali qonun chiqarish majlislari ham tashkil qilingan.

Umumiy boshqaruv masalasida ikki pog‘onalik boshqaruv – mustamlaka va metropoliya tizimi amal qilgan.

Mustamlakalar umuman olganda ingliz qonunlariga muvofiq qirollik xartiyalarini chiqarish orqali boshqarilgan. Bu xartiyalarda metropoliyalar amal qiluvchi barcha demokratik huquq va erkinliklar belgilangan. Umuman olganda, mustamlakalardagi siyosiy-huquqiy muassasalar va qarashlar Angliya ta’siri ostida rivojlanadi.

Mustamlakalarda konstitutsiyashunoslikning tug‘ilishining eng boshidanoq dastlab, ikki bir-biriga qarama-qarshi tendensiya – demok- ratiyaga qarshi reaksion va demokratik yo‘nalish yuzaga keladi. Shunga koloniyalarda demokratik va nodemokratik siyosiy tuzum amal qiladi.

Ingliz inqilobi mustamlakalarda ozodlik uchun kurashning boshlanishiga katta ta’sir etadi. Inqilob joylarda monarxiyani qo‘llab- quvvatlovchi va unga qarshi harakatlarda ko‘rinadi.

Keng xalq ommasining mustamlakachi ma’murlarga qarshi yer va siyosiy huquqlar uchun kurashi mustamlakalar yaratilgan vaqtdanoq boshlangan bo‘lib, tobora keskinlashib boradi.

Angliya parlamenti tomonidan Angliya respublika deb e’lon qilinishi mustamlakalarni ham respublika deb e’lon qilinishiga va yana ayrim imtiyozlar bilan bo‘ysundirilishiga olib keldi. Bu 1650–1652-yillarda yuz beradi.

Plantatorlar zulmiga qarshi 1676-yil Virginiyada, 1689 va 1766-yil Nyu-Yorkda, 1688–1689-yillar Bostonda, 1763-yil Pensilvaniya va Shimoliy va Janubiy Korolinada xalq harakatlari bo‘lib o‘tadi. Ularda fermerlar va hunarmandlar, ishchilar va oq tanli qullar katta rol o‘ynaydi. Biroq, bu qo‘zg‘olonlar to‘la muvaffaqiyatga erishmaydi.

Bu davrda mustamlakalar boshqaruvi bo‘yicha ingliz manfaatini ko‘zlovchi Londonda loyiha ishlab chiqiladi. 1754-yilda chaqirilgan mustamlakalar vakillarining syezdida B. Franklin tomonidan taqdim etilgan loyiha asosida demokratik xarakterdagi yana bir loyiha ishlab chiqiladi. Angliya loyihasida gubernator vakolatini kuchaytirish, mustamlakalar loyihasida Angliya qiroli tomonidan tayinlanadigan Prezident lavozimini ta’sis etish g‘oyasi ilgari suriladi.

Bu vaqtda obyektiv iqtisodiy sharoitlar tufayli yangi millat tarkib topmoqda edi. Buning omillari sifatida bir yarim asr davomida bir hududda yashash, milliy bozor va birlashish g‘oyalarining vujudga kelishi, deb qarash mumkin.

Ishlab chiqarishning o‘sishi va mustamlakalarning rivojlanishi, qulchilik, majburiy mehnat, feodalizm va yer uchun, iqtisodiy mustaqillik va siyosiy birlik uchun kurashning to‘qnash kelishi inqilobni muqarrar qilib qo‘yadi.

1763-yilgi farmonga binoan kolonistlar (zamindorlar)ga o‘zlariga qarashli deb hisoblashgan va Fransiyadan tortib olingan Allegan bilan Missisipi o‘rtasidagi yerlarni egallash va ishlash qirol tomonidan man etiladi. Natijada xartiya olgan kolonistlar va qirol hukumati o‘rtasida yuzaga kelgan kurash mustaqillik uchun kurashning boshlanib ketishiga

olib keladi. Xuddi shu davrda 7 yillik urush hukm suradi. Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik tarafdorlari va mustamlakachilar o‘rtasida keskin siyosiy, huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarda yaqqol ko‘zga tashlanuvchi kurash kechadi.

Mustamlakalarda yashirin va oshkora tashkilotlar, kulblar va uyushmalar vujudga keladi. Burjuaziya va intelligensiyaning bir qismi orasidan kurashning inqilobiy usulini yoqlab chiqqan Tomas Jefferson, Semyuel Adams va boshqalar ko‘zga tashlanib turgan. Inqilob qatnashchilari inqilobiy tarafdorlari bo‘lgan so‘llar va qirol siyosatining tarafdori bo‘lgan o‘nglar – loyalistlarga ajralib ketgan.

Angliya tomonidan 1765-yilgi «Qo‘shinlarni joylashtirish», 1767- yilgi «Bojxona poshlinasi», 1774-yilgi «Qo‘shinlarni joylashtirish» va shu yilgi 26 iyundagi «Kvebek qonuni» (yerni tortib olishga qaratilgan) kabi qat’iy tartibni o‘rnatishga qaratilgan qonunlarning qabul qilinishi inqilobiy kayfiyatni kuchaytirib yuboradi va xalqni mustaqillik uchun urushga chorlaydi.

1774-yil 5-sentabrda mustamlakalar aholisi Angliyaga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish uchun o‘z vakillarini birinchi qit’a Kongressiga yuboradi. Kongress Angliya qirolidan mustamlakalar manfaatini buzadigan qonunlarning bekor qilinishini talab qildi va ingliz tovarlariga

«boyqot» e’lon qildi.

1775-yil 19-aprelda Boston shahri yaqinida qurol-yarog‘ omborlarini bosib olishga harakat qilgan Angliya askarlari kolonistlar tomonidan tor- mor keltiriladi. Bu kun mustaqillik uchun urushning boshlanishi bo‘ldi.

Bu davrga qadar inqilobiy omma kongressni – oliy hokimiyat, deb bilgan. Biroq kongress uzoq vaqtgacha ta’sis majlisi rolini bajarishdan o‘zini tortib kelardi. Bu vaqtga kelib esa, Kongress – qo‘zg‘olon ko‘targan mustamlakachilarning hukumati, markaziy inqilobiy organi bo‘lib qoladi.

Kongress tomonidan doimiy armiya tuzish haqida qaror qabul qilinib, Jorj Vashingiton oliy bosh qo‘mondon etib saylanadi. Shuningdek, Angliya qiroliga petitsiya yuboradi. Unda qirolga sadoqat, barcha masalalarni tinch yo‘l bilan hal etish va ingliz xalqiga murojaat o‘z aksini topadi. Angliya hukumati petitsiyani rad etadi va qarshi holat e’lon qiladi. Natijada, mustamlaka hududlar ta’sis organi sifatida «Konvent» tuzadigan va u tomonidan Virginiya huquqlari deklaratsiyasi ma’qulla- nadi. Bu deklaratsiya amerika konstitutsiyashunosligi tarixidagi muhim hujjatlardan biri hisoblanadi. U inson huquqlari haqidagi birinchi deklaratsiya edi. Deklaratsiyaning 3-moddasida hukumat agar xalqning

manfaatlariga javob bermasa, xalq uni o‘zgartirish, ag‘darib tashlash huquqi mustahkamlangan edi.

III qit’a kongressi 1776-yil 4-iyulda demokrat Tomas Jefferson tomonidan yozilgan Shimoliy Amerika mustamlakalarining mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiyani tasdiqladi.

Mustaqillik deklaratsiyasida yangi davlat – Amerika Qo‘shma Shtatlari tuzilganligi e’lon qilindi. Unda Angliyadan to‘la ajralib chiqilganligi asoslab berilgan.

Deklaratsiya yangi, mustaqil, progressiv davlat tashkil topganligini rasmiylashtirdi. Shu bilan birga, deklaratsiya loyihasidan plantator- quldorlarning tayziqi ostida qullikni va qul savdosini qoralovchi modda olib tashlanadi va indeyetslar va qullar huquqlari haqida hech narsa deyilmaydi.

I qit’a kongressi qarori bilan 1772-yilda ingliz tovarlariga qo‘yilgan taqiqni kuzatib borish uchun korrespondent komitetlari tuzilib, ularga bo‘ysunuvchi maxsus komitetlar tashkil etiladi. Ular dastlab nazorat, so‘ngra xavfsizlik komitetlari deb ataladi.

1774-yilda Nyu-York, Pensilvaniya va Jorjiyadan tashqari barcha mustamlakalarda viloyat kongresslari tashkil etiladi. Ular chaqirilish tartibida ish yuritgan. Ular qonun chiqaruvchi inqilobiy organ bo‘lib qoladi. Ijroiya hokimiyat esa xavfsizlik komitetlari qo‘lida qoladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, 1774-yilning sentabrida Shimoliy Amerika- dagi Angliya mustamlakalarining hukmron doiralari vakillaridan iborat I qit’a kongressi, 1775-yil 10-mayda 2-qit’a kongressi chaqiriladi. Shunday qilib, mustaqillik e’lon qilinishiga qadar qonuniylashtirilmagan mahalliy va qit’a organlari tizimi shakllanadi. Bu yangi davlat apparatida savdogarlar, yirik yer egalari va sanoatchilar siyosiy hukmronlikni o‘z qo‘llariga olgan edilar.

1774-yil Massachusetsda militsiya, 1775-yil Virginiyada mudofaa komitetlari tuzilib, bu ishlar boshqa mustamlakalarda ham amalga oshiriladi. 1775-yilda umumqit’a milliy armiyasi tuziladi. U dastlab ko‘ngillilardan iborat holda tashkil etilib, keyin doimiy armiyaga aylantirilgan edi.

Mustaqillik e’lon qilinganidan keyin har bir mustamlaka alohida mustaqil davlat (shtat) bo‘lib qoldi. 1776–1780-yillar davomida ularning ko‘pchiligi o‘z konstitutsiyalarini qabul qilgan. Barcha konstitutsiyalar Huquqlar deklaratsiyasi yoki Huquqlar to‘g‘risidagi bill bilan boshlanadi.

Shtatlarda xalq suvereniteti e’lon qilingan bo‘lsa ham, katta mulk senzi, o‘troqlik senzi va boshqa cheklashlar belgilangan.

Konstitutsiyalarning hammasi hokimiyatlarning taqsimlanishi prinsipidan kelib chiqqan. Deyarli barcha shtatlarda (2 ta shtatdan tashqari) parlamentning roli kuchaytirilib, ijroiya hokimiyatning mavqei pasaytirilgan. Sudyalar qonun chiqaruvchi majlislar tomonidan tayinlan- gan va mustaqil deb e’lon qilingan.

Shtatlarda boshqaruvning respublika shakli o‘rnatilib, qonun chiqarish organlari asosan ikki palatali parlamentlardan iborat bo‘lgan. Quyi palatalar umumiy saylov asosida tashkil qilinardi. Yuqori palatalar esa (senatorlar) esa katta mulk egalari vakillaridan tayinlangan. Faqat Pensilvaniya shtatida bir palatali qonun chiqarish organi tuzilgan edi.

Ijroiya hokimiyati (hukumat) shtatlarda tayinlanadigan gubernatorlar tomonidan amalga oshirilar, Pensilvaniyada Prezident boshchiligidagi kengashga tegishli edi.

AQSHning 1781-yilgi «konfederatsiya moddalari» aslida AQSHning birinchi Konstitutsiyasi hisoblanadi. U mustaqillik deklaratsiyasini tuzish davrida «birlashgan mustamlakalar» konstitutsiyasi loyihasini tuzuvchi komissiya tomonidan ishlab chiqilgan. Bu komissiya 1776-yil 12-iyulda qit’a kongressiga ushbu loyihani taqdim etadi. Kongress uni 1777-yilda tasdiqlaydi. Bu Konstitutsiya loyihasi barcha shtatlarning qonun chiqarish organlari tomonidan tasdiqlangandan keyin 1781-yil 1-martda kuchga kiradi. Unga muvofiq qo‘shma shtatlar ittifoqdosh davlat emas, davlatlar (shtatlar) ittifoqi (konfederatsiya) deb ataldi. U shtatlar o‘rtasidagi abadiy ittifoq tuzilganligini yuridik rasmiylashtiradi.

Konstitutsiyaning 2-moddasiga ko‘ra, ayrim shtatlar o‘z suvereni- tetini va mustaqil hokimiyatini saqlab qoladi. 6-moddasida aytilishicha, har bir shtat 1) o‘z armiyasi va flotiga ega bo‘ladi; 2) tashqi hujum bo‘lgan taqdirda urush boshlashi mumkin; 3) umumkonfederatsiya oliy organi roziligi bilan elchilar yuborish va qabul qilish, o‘zaro shartnoma va ittifoq tuzish huquqiga egadir.

Umumkonfederatsiya ishlariga rahbarlik qilish uchun kongress tashkil qilinadi. Kongress bir palatali bo‘lib, ayrim shtatlarning qonun chiqarish organlari tomonidan tayinlanadi. Unda shtatlarning vakillari bittadan ovozga ega bo‘ladi. Kongress sessiyalari o‘rtasidagi oraliq davrda har bir shtatning (konfederatsiya a’zosining) bittadan vakili (delegati) tarkibida «shtatlar komiteti» tuziladi.

Konfedratsiya kongressi urush va tinchlik masalalarini hal qilish, tashqi ishlar va ichki umumiy holatlarni belgilash, umumiy boshqaruvni olib borish, a’zolar o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirib turish, muzokaralar olib borish vakolatlariga ega bo‘ladi. Biroq u o‘ta muhim

vakolatlarni amalga oshirishi uchun kamida 9 ta konfedratsiya a’zosining roziligi talab qilingan. Kongressga soliqlarni belgilash va yig‘ish, a’zolarning ichki ishlariga aralashish huquqi berilmagan. Uning qarorlari shtatlarning 2/3 qismi tomonidan ma’qullansa kuchga kirgan. Bu qarorlar ayrim shtatlarning ijroiya organlari tomonidan amalga oshirilishi kerak edi. Binobarin, Kongress o‘z mablag‘iga ham ega bo‘lmagan.




Download 431.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling