O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi


Download 431.45 Kb.
bet20/107
Sana05.01.2022
Hajmi431.45 Kb.
#222618
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   107
Bog'liq
davlat-va-huquq-tarixi Odilqoriyev

Sparta davlati. Sparta davlatining siyosiy tuzumi Lakonika viloyatiga miloddan avvalgi XII asrda doriy qabilalari bostirib kirishi va axayyaliklar bilan doriylar ittifoqi, ya’ni Sparta jamoasining tashkil etilishidan boshlanadi.

Miloddan avvalgi VIII–VII asrlarda Sparta jamoasi tomonidan Messiniya bosib olinishi natijasida yangi shakldagi mukammal davlat apparati vujudga keldi. Davlatning shakllanishi jarayonida urug‘doshlik tuzumi ham saqlandi.

Spartaning bu davrdagi ijtimoiy va siyosiy tuzumi afsonaviy qonunshunos Likurg tomonidan yozilgan «retra»larda mustahkamlangan. Likurg tarixiy shaxs sifatida mavjud bo‘lmagan, uning islohot o‘tkazgan vaqti ham aniq o‘rnatilmagan. «Retra»larni ko‘pchilik miloddan avvalgi VIII–VII asrlarda paydo bo‘lgan deb hisoblaydi. «Likurg tuzumi» esa miloddan avvalgi VII asrning oxiri – VI asrning boshida batamom tashkil topgan deydilar. Retralar spartaliklarning birligini ta’minlash va ularning birgalikdagi hukmron tashkilotini yaratish vazifalarini hal etishga qaratilgan.

Ijtimoiy tuzumda ibtidoiy jamoa munosabatlarining muhim qoldiqlari saqlanib qolgan o‘ziga xos sinfiy quldorlik jamiyati tashkil topgan. Mahalliy aholining hayoti qulchalik ham qadrlanmagan, chunki ularning soni o‘sib ketmasligi muhim bo‘lgan. Spartaliklar to‘la huquqli fuqarolarni tashkil etgan. Ular «tenglar jamoasi» deb yuritilgan va hukmron sinfning harbiylashtirilgan birlashmasi bo‘lgan. Butun yerlarda faqat spartaliklarga biriktirilgan ilotlar ishlagan. Butun yerlar taxminan 9000 ta teng, bo‘linmas va ajralmas chek (ulush, kler)larga ajratilgan. Ularni sotish, hadya qilish yoki vasiyat qilish mumkin emasdi.

Spartaliklar beshta qishloq birlashmasidan iborat bo‘lib, harbiy lagerni eslatadigan shaharlarda yashaganlar. Ularning turmush tarzi juda qattiq tartibga solingan. Butun hayotlari sof harbiycha tarzda o‘tgan. Harbiy majburiyat ularning asosiy majburiyati, harbiy ishlar esa munosib mashg‘uloti hisoblangan. Kuchli va mustahkam jangchilar tarbiyalab yetishtirish uchun maxsus tarbiya tizimi mavjud edi.

Yangi tug‘ilgan har bir chaqaloq Sparta oliy mahkamasi – gerusiyaga, ya’ni oqsoqollar kengashiga olib borilgan. Shundan so‘ng maxsus komissiyada chaqaloqning tirik qolishi yoki o‘ldirish kerakligi hal qilingan. O‘g‘il bolalar juda qattiqqo‘llik bilan chidamli, kuchli va sog‘lom qilib bo‘lg‘usi jangchi sifatida tarbiyalangan. Ular 7 yoshgacha onasi qo‘lida tarbiyalangan. 7 yoshdan 18 yoshgacha maktabda yashagan va harbiy ta’lim-tarbiya olgan. 18–20 yoshdan 60 yoshgacha harbiy xizmat o‘talgan. Qizlarni tarbiyalashga g‘oyatda e’tibor berilib, katta hurmatga sazovor bo‘lganlar. Faqat sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘iladi, deb hisoblaganlar. Ular uy-ro‘zg‘or ishlarini qilmasdan, bolalik chog‘idan sport bilan shug‘ullanganlar, bilim olganlar.

Spartaliklarning tenglar jamoasidan umumiy tushki ovqat, ya’ni fiditiyadan natura haq to‘lay olmagan kambag‘allar chiqarilgan. Tenglar jamoasi, ya’ni fiditiya a’zoligidan chiqqanlar esa siyosiy huquqlarini yo‘qotgan. Taqsimlangan ulush yerlar katta o‘g‘ilga meros bo‘lib o‘tishi natijasida o‘z yeri bo‘lmaganlar – qashshoqlar (gipomeyon)lar darajasiga o‘tgan va ular ham siyosiy huquqlarini yo‘qotganlar. Natijada spartaliklar soni qisqarib borgan va miloddan avvalgi IV asrning oxiriga kelib ularning soni 9000 dan 4000 ga tushib qolgan.

Ilotlar – Messiniyaning qulga aylantirilgan aholisi bo‘lib, davlat mulki hisoblangan. Ular amalda o‘z xo‘jaliklarini, oilasi va tomorqasini mustaqil yuritganlar. Hosilning bir qismini tasarruf etganlar. Ularning hayoti qaram dehqonlar holatiga yaqin bo‘lgan. Ilotlar mamlakat aholisining asosiy qismini tashkil etgan. Z.M.Chernilovskiy ma’lu- motlariga qaraganda Spartada 200 000 dan ortiq ilotlar mavjud bo‘lgan1.

Ijtimoiy tuzumda bundan tashqari Peloponnes hududidagi tog‘li joylarda yashovchi qabilalar – periyek (qo‘shni)lar ham mavjud bo‘lgan. Ular siyosiy huquqsiz bo‘lib, Spartaning mansabdor shaxslari – garmostlar tomonidan nazorat etilgan.

Boshqarish shakliga ko‘ra aristokratik davlati boshqaruvchi ikkita podsho keng vakolatlarga ega bo‘lmagan va aslida arxagetlar deb atalgan. Ular urush vaqtlarida qo‘shinga qo‘mondonlik qilganlar. Ular eforlar, ya’ni – barcha muassasalar ustidan nazorat qiluvchi oliy mansabdor shaxslar chaqirsa, ular huzuriga borishga majbur bo‘lishgan. Asosan kohinlik vazifasini bajarib kelganlar. Ularning hokimiyati meros tariqasida o‘tgan.






1 Qarang: Yepnunobceuu 5.M. Bceo6yar mctopmr focyДapctba m mpaba. M., 1996. C. 73.

Davlat tuzumida xalq yig‘ini – apella mavjud bo‘lib, unda 30 yoshga to‘lgan spartalik erkaklar ishtirok etganlar. Unda urush va sulh masalalari muhokama qilingan, qonun qabul qilingan, mansabdor shaxslar saylangan, boshqa davlatlar bilan ittifoq tuzilgan, arxaget mansabining meros bo‘lib o‘tishi haqidagi va urushlar vaqtidan arxagetlardan qaysi biri qo‘shinga qo‘mondonlik qilishi masalalari hal etilgan va h.k. U oqsoqollar roziligi bilan arxagetlar tomonidan odatda har oyda chaqirilgan. Xalq yig‘ini davlat hayotida uncha katta o‘rin tutmagan. Miloddan avvalgi IV asrga kelib uning ahamiyati juda pasayib ketgan.

Davlatda kuchli boshqaruv organi gerusiya – oqsoqollar kengashi bo‘lgan. Gerusiya – «geront» – oqsoqol so‘zidan olingan. Unga 60 yoshga kirgan 28 kishi va 30 yoshga kirgan ikki podsho kirgan. Gerontlar umrbod majlis qilganlar. Bir o‘rin bo‘shasa, o‘rniga yangisi saylangan. Nomzodlar xalq yig‘inida taklif etilgan.

Gerusiya xalq yig‘inida ko‘rilishi lozim bo‘lgan masalalarni oldindan ko‘rib chiqqan, tashqi munosabatlarni olib borgan. Vaqt o‘tishi bilan uning vakolatlari kengayib borgan. Agar ular xalq yig‘ini qaroridan norozi bo‘lsa tark etgan, natijada yig‘in tarqalib ketgan. Bundan tashqari, u davlatga qarshi jinoyatlarni ko‘rib chiqqan, arxagetlarga qarshi sud jarayonlarini olib borgan.

Barcha muassasalar ustidan nazoratni oliy mansabdor shaxslar – eforlar olib borgan. Bu mansab miloddan avvalgi VIII asrlarda urug‘ boshliqlari va urug‘ aristokratiyasi o‘rtasidagi ziddiyatlar natijasida paydo bo‘lgan. Dastlab ular arxagetlar yordamchisi bo‘lib, mulkiy nizolar bo‘yicha sud ishlarini yuritganlar. Miloddan avvalgi VI asrning o‘rtalariga kelib eforlarning vakolatlari juda oshgan. Jumladan, u Gerusiya va xalq yig‘inini chaqirish huquqiga, gerusiya bilan kelishib xalq yig‘ini qarorini bekor qilish huquqiga ega bo‘lgan. Butun ichki va tashqi masalalarni hal etgan, barcha aholi, mansabdor shaxslar, podsholar va davlat muassasalari, xalq yig‘ini faoliyati ustidan nazoratni olib borishgan. Har yili besh nafar efor saylab qo‘yilgan, ular yangi saylangan eforlarga hisob bergan.

Spartada armiya juda yaxshi tashkil etilgan. Yuqorida aytilganidek, spartalik erkaklarning hammasi harbiy xizmatga majbur edi. Bu armiya miloddan avvalgi VI–V asrlarda Yunonistonda eng yaxshi tashkil etilgan, intizomli va kuchli armiya bo‘lgan. Qo‘shin oldida yengil qurollangan ilotlar, og‘ir qurollangan periyeklar, ulardan keyin yosh spartaliklar, oxirida 60 yoshgacha bo‘lgan kishilar jangga kirgan. Qo‘shinlar 12 ta harbiy qism (lox)ga bo‘lingan. Ular tepasida loxaglar turgan.

Qo‘mondonlikni podsholar amalga oshirib, polimarxlar ularga yordam berganlar. Qo‘shin tarkibida «300 ta suvoriy»dan iborat otliq askarlar bo‘lib, urush vaqtlarida podsholarni qo‘riqlaydigan, tinchlik vaqtida mamlakat xavfsizligini ta’minlaydigan o‘ziga xos otliq gvardiyani tashkil etganlar.


Download 431.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling