O‘zbekiston respublikasi milliy gvardiyasi harbiy-texnik instituti r. M. Maxmudov, G‘. Z. Ikmatullayev harbiy pedagogika


-§. Buyuk sarkardalarning qo‘shinlarida tartib-intizom masalalari


Download 493.41 Kb.
bet9/42
Sana08.06.2023
Hajmi493.41 Kb.
#1465703
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   42
Bog'liq
Harbiy pedagogika

3-§. Buyuk sarkardalarning qo‘shinlarida tartib-intizom masalalari


Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, buyuk sarkardalarning barchasi qo‘shinlar orasida tartib-intizomni mustahkamlashga butun borlig‘ini bag‘ishlagan. Barcha sarkardalar tartib-intizomni yo‘lga qo‘yish uchun o‘z e’tiborini quyidagilarga qaratgan: a) keksa donishmandlar bilan suhbat; b) Amir Temurning “Temur tuzuklari”4ni o‘qish; v) hayotiy tajriba; g) chidam va sabot bilan intilish.
Davrning o‘zi buyuk insonlarni yuzaga keltiradi, tarbiyalaydi, shakllantiradi. Ana shunday buyuk sarkardalardan biri Amir Temur (1336-1405) bobomizdir. Amir Temurning qo‘shinlarda tartib-intizom masalalari “Temur tuzuklari”5da batafsil yoritilgan. Harbiy xizmatchilar uchun Temur tuzuklari bebaho qo‘llanma hisoblanadi. U o‘z hayot faoliyati davomida doimo o‘zining “Kuch adolatda” degan shioriga amal qilgan holda ish yuritgan. Amir Temur farzandlari, nabiralari, qo‘shinlaridagi tartib-intizomga ham katta e’tibor qaratgan. Hech bir vaqt qo‘shindagi tartib-intizomga ikkinchi darajali ish deb qaramagan. Amir Temur qonun ustvorligiga katta e’tibor qaratgan va qonun ustuvorligiga jamiyat tarozisi sifatida yondashilgan.
Sohibqiron davrida qonunlar barcha uchun barobar ekanligi hatto, uning ba’zi bir o‘g‘illari va nabiralari qonundan tashqari noloyiq ish qilganlarida ularni qattiq jazolanganlar. Amir Temur qattiqqo‘l va shu bilan birga adolatparvar davlat arbobi bo‘lgan. Shuning uchun Amir Temur tuzuklari biz uchun bebaho ma’naviy meros hisoblanadi.
“Ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungi kunda butun ma’rifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy meros faqat bir millat yoki xalqniki emas, balki butun insoniyatning ma’naviy mulki bo‘lib, bu bebaho boylik yangi va yangi avlodlar uchun donishmandlik va bilim manbai, eng muhimi, yangi kashfiyotlar uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir”.6
“Temur tuzuklari”ni o‘qib o‘rganar ekanmiz, qo‘shinlar orasida tartib-intizom masalalari “O‘g‘illar, nabiralar, qavm-qarindoshlar, amirlar va vazirlarni jazolash yo‘li bilan saltanatda intizomni saqlash”, “askarni eng quyi martabadan oliy martabagacha tarbiyalab ko‘tarish tuzuki”, “jangu jadal, urush maydoniga kirish va chiqish, qo‘shinni saflash, g‘anim lashkarini sindirish tuzuki”lari bevosita biz o‘rganayotgan muammoga bag‘ishlangan.
Tartib-intizom mexanizmini yo‘lga qo‘yishda “Jang ko‘rgan, tajribali sardor ulkim, u urushning barcha jumboqlaridan xabardor, qaysi sipoh favjini jangga tashlab, qaysi chigalni qanday chora-tadbirlar bilan tugatish va qaysi usulda jang qilish kerakligini bilish lozim”7ligini aytadi, Amir Temur. Tartib-intizom orqali haqiqiy sardor kim ekanligini aniqlagan, masalan “G‘anim lashkarining raftorini kuzatib boradi va amirlardan qay biri buyruqsiz yurish boshlab, boshqalardan ilgarilab ketsa, unga tanbehini beradi”.8
Amir Temur tartib-intizom mexanizmlarini yo‘lga qo‘yib bo‘lganidan so‘ng, uning nazoratini bir daqiqa ham bo‘shashtirmadi. Ayniqsa, Sipohiylar bilan qanday muomala qilish to‘g‘risida ko‘p o‘ylaganligini, qaysi birini qanday tarbiya qilish kerakligini, qaysi biriga ishni topshirsam, xato qilmagan bo‘laman deb har ishning oldi-ketini o‘ylagan. Tartib-intizom asosan adolatga asoslangan, zulmni bobomiz qattiq qoralagan. “Mamlakat kufr bilan turishi mumkin, lekin zulm bor erda turolmaydi”9 deb ta’kidlangan, Temur tuzuklarida: undan tashqari, har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo‘lini to‘sdim. Amir Temur qo‘shinlar orasida tartib-intizomni yo‘lga qo‘yishda, qo‘shinni ilhomlantirishda katta nog‘ora va bayroq muhim rol o‘ynagan. “Amr qildim-ki, 12 katta amirlarning har biriga bitta bayroq va bir nog‘ora berilsin. Amir ul umaroga bayroq va nog‘ora, tuman tug‘i10 va chortug‘11 taqdim etgan. YUzboshi va o‘nboshiga esa bittadan katta nog‘ora bergan. Aymoqlar12ning har bir amirlariga bo‘lsa, bittadan burg‘u berilgan.
Amir Temur davrida shartlashilgan maxfiy so‘z (parollar) ishlatilgan. Maxfiylik tartibiga ham qattiq rioya qilingan. Masalan, Tuzukda yozilishicha, “har kecha ulardan ming kishi soqchilik qilishi uchun hozir bo‘lishi kerakligini va har yuz qilichlik ustiga bir yuzboshi qo‘yilsin va unga shartlashtilgan maxfiy so‘zni13 aytish kerakligi uqtirilgan”.
Tartib-intizomning boshida qonun turishi bilan birga, muomala ham muhim rol o‘ynagan, ayniqsa navkarning begiga va bekning navkariga muomala qilishi.
Har bir navkarni o‘zining begiga kuchli e’tiqodli qilib tarbiyalashga asosiy e’tibor qaratilgan. Masalan, “navkar o‘z begiga ixlos qo‘yib, xolis xizmat qilishi kerak. Qaysi navkar begiga ixlos qo‘ymay, ko‘nglida gina-kudrat saqlasa, ixlossizlik va adovat tufayli baxtsizlikka duchor bo‘ladi14”.
Amir Temurning aqlli ishlaridan yana biri bu qo‘shinlari (lashkarlari) orasida ittifoqni yo‘lga qo‘yish, ularning hammasini umid va qo‘rqinch orasida saqlashi, har biriga bittadan noib va qutvol tayinlashi, bir xizmatini o‘n barobar qilib taqdirlab, dillarini xushnud qilishi. Har ishda birlik va ittifoqlikni mahkam tutishga ahd qildirdi. Buyuk lashkarda, sohibqiron Amir Temurning Temur tuzuklari, undagi fikrlari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgan emas. CHunki, fikrlar faqat so‘zlardan iborat emas, aksincha harbiy xizmatchilar uchun yo‘lchi yulduz vazifasini bugun ham bajarmoqda.
Shu joyda Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning “Tuzuklarni o‘qisam, xuddiki o‘zimga qandaydir katta ruhiy kuch-quvvat topganday bo‘laman. Har bir satri bir umr el-yurt, saltanat tashvishi bilan yashagan fidoyi inson, ulkan davlat arbobining keng miqyosdagi o‘y-fikrlari, hayot va kurash tajribasi, mushohadasi ba’zan dardli va iztirobli kechinmalari bilan sug‘orilgan”.
Amir Temur Movorounnahr zaminida mo‘g‘ul zulmiga barham berib, xalqimizni qaramlik iskanjasidan ozod etishda, tarqoq va parokanda el-ulusini birlashtirib, mustaqil va qudratli davlatga asos solgan ulug‘ siymo bo‘lib, ushbu harakatlarning barchasini zamirida qonun-adolat ustuvorligi va qo‘shinlar orasidagi tartib-intizomning mustahkamligi asos bo‘lgan.
Qo‘shinlar orasidagi ittifoqlik Amir Temur qo‘shinlarining mustahkamligini ta’minlagan, eng asosiysi, qo‘shinlar esa, davlatning mustahkamligiga xizmat qilgan.
Shiroq. Turon elining qahramoni milladdan avvalgi VI asrda yashab o‘tgan. Eron shohi Doro I qo‘shini Turon xududiga bostirib kirgan. Yunon tarixchisi Polienning “Harbiy xiylalar” asarida ilk marotaba Shiroqni xalq qahramoni, xalqni ozod etishdagi roli haqida gapirib o‘tilgan. Shiroq xalq qahramoni lekin lashkarboshi emas. Shiroq Vatan yo‘lida jonini fido qilgan. Doro I ning sarkardalarini yo‘lda adashtirib qo‘shinga talofat keltiradi. O‘zini boshini chopib tashlashadi, lekin Vatan yo‘lida jonini fido qiladi.
To‘maris ham Turon elining qahramoni Massagetlar malikasi. Miloddan avvalgi 6-asrda yashagan gerodot “Tarix” asarida miloddan avvalgi 530-yilda Massagetlar Malikasi To‘marisning Eron shohi Kayxusrav (Kir II )ni Turonga qilgan bosqinchilik yurishiga qarshi beayov kurashgan. Eng avvalo To‘maris Kayxusravni tinch qo‘shnichilikda yashashga chaqiradi. Lekin, Kayxusrav fikridan qaytmay, milloddan avvalgi 530 yilda Massagetlar ustiga yurish boshlaydi. To‘marisning mardligiga Kayxusrav xiyla bilan javob beradi: To‘marisni o‘g‘li Sparangisni qo‘shini bilan mast qilib asir oladi. To‘marisga o‘g‘lini jangni to‘xtatish hisobiga dushmanlari qaytarib berishini ham rad etadi, o‘g‘li Sparangis asirlikda vafot etadi (suitsid yo‘li bilan). Biroq miloddan avvalgi 530 yilning yozida tomonlar o‘rtasidagi jangda g‘alaba To‘maris tomonida bo‘ladi, biroq Kayxusrav jangda vafot etadi. To‘maris Kayxusravning boshini qon bilan to‘ldirilgan meshga solib “Sen umring bo‘yi qonga to‘ymading, men o‘z ontimga amal qilib, seni qon bilan sug‘ordim. Birovning yurtiga zo‘ravonlik bilan bostirib kirganlarning jazosi shu!”, deydi.
To‘maris xalq qahramoni, Vatan himoyachisi, o‘z davrining etuk sarkardasi bo‘lgan. To‘marisning vatanparvarligi hali ham xalq og‘zaki ijodida chuqur o‘rganilishi kerak bo‘lgan muammodir.
Spitamen Vatan ozodligi yo‘lida yunon sarkardasi Aleksandr Makedonskiyga qarshilik qilgan Spitamen qo‘zg‘olonining boshida turgan buyuk sarkardadir. Spitamen aslzodalar xonadonidan bo‘lgan, yoshligidan qurol bilan ishlashda, ot bilan chopishda uning oldiga tushadigani bo‘lgan emas. Spitamen Doro III ga, so‘ngra Bessga qarshi kurash olib borgan. Bess o‘limidan so‘ng, yunon makedon istilochilariga qarshi 3 yil davomida mardona qarshilik ko‘rsatgan. Arrianning yozishicha, qo‘zg‘olonchilarga qo‘shilgan ko‘chmanchi massaget qabilalari rahbarlari Aleksandrning cho‘l ichkarisiga yurish qilishidan xavotirlanib Spitamenni o‘ldirib (mil. Av. 328 y) boshini Makedonskiyga yuborganlar. Spitamenning qizi Apana Salovk I ga turmushga chikkan, bu nikohdan mashhur xukmdor Antiox tug‘ilgan.
Jaloliddin Manguberdi o‘z davrining buyuk sarkardalaridan bo‘lgan.U mo‘g‘il bosqinchilariga qarshi olib borgan jangi Tarix zarvaraqlariga yozilgan. Uning mo‘g‘illarga qarshi kurashi Niso shahri yaqinida cho‘lda, pistirmadagi 700 kishilik qo‘shinga qarshi bo‘lgan. Jaloliddin 300 jangchi bilan Chingizxonning katta qo‘shinini tor-mor keltirgan. SHundan so‘ng Chingizxon Jaloliddinning iziga tushgan, lekin mashhur sarkarda Manguberdi Gardez qal’asi yaqinida mo‘g‘illarning ilg‘or qismini yana tor-mor keltiradi. So‘ngra Valiyon qal’asini qamal qilayotgan mo‘g‘il qo‘shini ustidan zafar quchadi, mingdan ortiq mo‘g‘il askarlari o‘ldiriladi. Ushbu g‘alaba Jaloliddin Manguberdining ilk lekin yirik g‘alabasi edi. Mo‘g‘illar Jaloliddin Manguberidiga qarshi 45 minglik qo‘shin yuborgan. G‘azna atrofida joylashgan Pirvon jangida Jaloliddin mo‘g‘il qo‘shini ustidan g‘alaba qozongan. SHundan so‘ngina Jaloliddinga qarshi Chingizxonni o‘zi otlanadi. 1221 yil 25 noyabrda Sind daryosi bo‘yidagi jangda Jaloliddin Manguberdi mag‘lubiyatga uchraydi va 4000 jangchi bilan qurshovni yorib o‘tib daryoning narigi qirg‘og‘iga suzib o‘tadi. Lekin Jaloliddin Manguberdi umrining so‘nggi kunigacha Vatan ozodligi yo‘lida kurashadi va jon beradi.
Najmiddin Kubro 1145 yilda Xiva shahrida tug‘ilgan. 1221 yilda Gurganjda mo‘g‘il bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashgan va shaxid bo‘lgan. Najmiddin Kubroning jangdagi qahramonligi, jasorati avlodlarga ibrat bo‘lib qolgan. Kubro tarixiy shaxsdir, uni ko‘proq olim sifatida o‘rganishadi, sarkarda emas, balki endi Najmiddin Kubroning jang qilish taktikasini o‘rganish davr talabidir.
Buyuk sarkarda sifatida Jaloliddin Manguberdi nafaqat mo‘g‘illarga o‘zining jasorati bilan qo‘shinda tartib-intizom, vatanparvarlikda o‘rnak bo‘lishi bilan hozirgi kungacha dunyoni lol qoldirayapti. Tarixchi olim SHahobiddin Muhammad an-Nasaviy shunday deb yozadi “Jaloliddinning daryo bo‘yiga boradigan yo‘lini to‘sishga urindilar. Bu uni ayovsiz jang qilishga majbur qildi. Chingizxon Jaloliddinni tiriklay tutishni buyurdi. Totarlar uni atrofini o‘rab ola boshladilar. Biroq sulton bu xalqani yorib chiqdi va oti bilan o‘zini daryoga tashladi. Chingizxon Jaloliddinning bu mardligidan xayratga tushdi va o‘g‘illariga bunday dedi: “Haqiqiy ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi kerak! U shunday qirg‘inbarot jang maydonidan va daryo girdobidan qutulib himoya qirg‘og‘iga chiqa oldimi, demak, undan yana ham ko‘p qahramonliklar va son-sanoqsiz tashvishlar kutish mumkin”15.
“Jaloliddin o‘z odamlarini qat’iyata chorlab, muhim o‘rinlarni egalladi. Jaloliddin o‘zining safdoshlari va otliq lashkarlari bilan qo‘shinning ilg‘origa aylandi”.16 Jaloliddin qo‘shinlari orasida tartib-intizomga rioya qilish eng asosiy vazifalardan deb hisoblangan. Tartib-intizom bor joyda mustahkamlik va g‘alaba ishonch bo‘ladi.
Undan tashqari, Karim Amor Spitamenning janglarini tarixiy roman sifatida yozgan. Ushbu romanda Spitamenni tarixiy shaxs sifatida hamda Sug‘dlarning rahnamosi sifatida o‘rganilgan. Uning asosiy roli xalqni Aleksandr Makedonskiyga qarshi kurashga da’vat etgan. Spitamenning sarkardalar orasida uyushqoqlikni, tartib-intizomni yo‘lga qo‘yishda bayroq, surlarni chalish muhim ahamiyat kasb etgan.
Surlar ham turli usulda chaldirilgan, ya’ni ogoxlikka alohida, jangga chorlashga alohida, g‘alabaga alohida, chekinishga alohida va hokazolar.
Spitamenning sarkardalari orasidagi jipslik, birdamlik, bir-biriga yordam Aleksandr Makedonskiyni nafaqat askarlarini, shuningdek o‘zini ham xayratga solgan.17
Harbiy-vatanparvarlik, Vatanga sadoqatli bo‘lishni va Umumharbiy nizomlarni (ustav) birinchi bo‘lib 1716 yilda, dengiz flotinikini esa 1720 yilda Rossiyada qabul qilishdi. Ushbu Nizomning mohiyati armiyada tartib-intizom o‘rnatish, o‘qitish va tarbiyada birlikni yuzaga keltirishdan iborat edi. Barcha o‘qitish va tarbiyaning asosiy maqsadi g‘alabaga qaratilgan edi. Nizom asosini askarlarni o‘q otish va tez harakat qilishga qaratilganligidir. Ayniqsa uchi o‘tkir (shtik) bilan jang qilishga qo‘l jangi, himoya qilish usuli, uslubi va hujum qila olish metodikasiga qaratilgan bo‘lgan. Ayniqsa yoshi katta, tajribali askarlarga alohida jang san’atini o‘rgatishgan. Bayroqqa sodiq bo‘lish, bayroqni aziz bilish, bayroqqa askarlarni sadoqat bilan xizmat qilish ruhida tarbiyalashgan. Ushbu tamoyil o‘zimizda ya’ni Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Spitamen, Temur Malik kabi qo‘mondonlarimiz tomonidan ham qo‘llanilgan, askarlarni bayroqqa sodiq qolish ruhida tarbiyalashgan.
Bayroqqa sodiqlik tarixiy romanlarda, tarixiy vatanparvarlik ruhidagi filmlarda, hikoyalarda, hujjatli filmlarda ham yoritilgan. Ayniqsa Xitoy Samuraylarining har birida bayroq bo‘lganligi ushbu bayroqqa hurmat bir umr ularning ongiga singib qoldirilgan.
Masalan Rus podshosi Pyotr I Poltava jangidan avval askarlarga bayroq oldida qasamyod qildirgan.18 Ofitserlarning har biri Vatan uchun bir qoshiq qoni qolguncha jang qilajagiga qasamyod qilgan. Askarlarni intizomli, ijrochi, o‘z joyini ruxsatsiz tashlab ketmaslik, qurolni doimo yaxshi holatda saqlanishi talab qilingan. Armiya va flot oldida askarlarni va flotdagilarni rag‘batlantirish maqsadida ularning harbiy unvonini bir pog‘ona ko‘tarishgan, mansabi oshirilgan, medal va ordenlar bilan, pul bilan mukofotlangan.
Nizomda shunday holatlar mavjudki boshliq qo‘l ostidagi askarlardan talab qilish bilan birga, ularga g‘amxo‘rlik ham qilingan. Pyotr I ning vafotidan keyin ya’ni XVIII asrning 30-40-yillarida rus armiyasida tartib-intizomga putur etadi. Bunga sabab vaqtinchalik davlat boshqaruvida bo‘lganlar. (Osterman, Minixon, Bironlar) ning roli katta bo‘lgan. Tarbiya tizimida buzilish yuzaga keladi, o‘sha davrda askar davlat odami bo‘lib qolmadi, armiyaga xuddi aybi bor uchun yuborilayotganday bo‘lib qolgan edi, askarlarni qasamyodga olib borishmay quyishadi, vatanparvarlik ikkinchi darajaga o‘tib qola boshlaydi, tarbiyalashda asosan jismoniy jazo muhim hisoblana boshlaydi.
XVIII asrning ikkinchi yarmida buyuk sarkardalar va flotchilar shaxsiy tarkibni o‘qitishga va tarbiyalashga asosiy e’tibor qaratishgan. SHu bilan birga XVIII asrning 50-60 yillarida sarkardalar P.A.Rumyansev, G.A.Potomkin, A.V.Suvorov, M.S.Voronsov, M.I.Kutuzov, P.I.Panin, P.S.Saltikov, F.F.Ushakov va boshqalarning roi va o‘rni katta bo‘lgan.
Ushbu sarkardalarning asosiy g‘oyasi Vatan himoyasi va harbiy qasamyodga sodiqlik hisoblangan.19 A.V.Suvorovning g‘oyasida albatta g‘alaba asosiy o‘rinni egallagan. Askarlar orasida bir-biriga yordam, bir-birini qo‘llash asosiy g‘oyalardan biri bo‘lgan va ularda o‘sha vaqtda shunday shiorlar mavjud bo‘lgan ya’ni “O‘zing o‘l, lekin o‘rtog‘ingga yordam ber”. A.V.Suvorovning o‘zi jangdan oldin askarlar orasida yurib g‘alabaning nechog‘lik Vatan uchun muhimligini yana bir bor ularning yodiga solgan.
Oktabr inqilobidan keyin Ishchi-dehqon Qizil Armiyasi tashkil etilib, 1918 yilda Harbiy Komissarlar instituti tashkil etildi va siyosiy rahbarlar instituti ishlay boshladi va 1918 yilda birinchi Harbiy qasamyodning matni tasdiqlandi. Keyinchalik harbiylik faoliyatda o‘zini faol ko‘rsatgan harbiy qo‘mondonlar N.M.Aleksandr, P.M.Izmestev, Harbiylikka o‘qitish tamoyillarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishida harbiy nazariyotchi va amaliyotchi A.I.Verxovskiy, I.A.Sichev, M.N.Tuxachevskiy, M.V.Frunzelarning roli katta bo‘lgan. 1921 yildan boshlab rahbarlik oliy-o‘quv yurtlarda “Harbiy psixologiya va pedagogika” kursi o‘qitila boshlanadi.
Georgiy Konstantinovich Jukovning harbiy sarkarda sifatida g‘alabaga erishishda roli beqiyos bo‘lgan. Uning tamoyillaridan biri asosiy e’tiborni kichik komandirlarga qaratgan. Kichik komandirlar to‘liq boshqaruv-ijrochilikni o‘z qo‘llariga olgan. Uning safdoshlari K.K.Rokosovskiy (1896-1968), P.S.Ribalko (1884-1948), I.S.Konev (1897-1973), S.M.Budenniy (1888-1973) larning ham o‘z o‘rni bo‘lgan.
Ushbu qo‘mondonlarning har biri qo‘l ostidagi askarlarning dunyoqarashiga, tarbiyasiga o‘z hissasini qo‘shgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida ya’ni 1944 yilga kelib 31 ta harbiy o‘quv yurtlarda ofitser-kadrlar tayyorlay boshlagan, 220 ta harbiy bilim yurtlarda va 200 dan ortiq turli kurslarda harbiy rahbarlar tarkibini tayyorlashgan. O‘sha davrda harbiy o‘quv yurtlarda 500 tagacha ofitserlar tayyorlangan. Ikkinchi jahon urushi davrida 2 mln. komandirlar, siyosiy rahbarlar tayyorlangan.
Ushbu tayyorlangan rahbarlar keyinchalik davlat siyosiy rahbarlariga aylanishgan. Masalan, Markaziy qo‘mitaning bosh kotibi Sovet Ittifoqi Marshali Leonid Ilich Brejnev, general-polkovnik va armiya generali Nikita Sergeyevich Xrushyev, Markaziy qo‘mitaning bosh kotibi Vladimir Andropovlar.
Harbiy pedagogikani bilish albatta harbiylik san’atidan xabardor bo‘lish va harbiylik bilimlariga ega bo‘lish lozimligini anglatadi. Harbiylarning turmush tarzidan xabardor bo‘lgan pedagog shaxslar bo‘lsa undanda yaxshi bo‘ladi. Harbiy xizmatchilarning turmush tarzidan yaxshi xabardor bo‘lgan har bir harbiy xizmatchidan yaxshi harbiy pedagog chiqadi, bizningcha. Harbiy pedagogika fan sifatida bugun yuzaga kelgan emas, balki uning yuzaga kelishida fan sifatida shakllanishida, albatta Rossiya davlatining harbiylari va harbiylardan nafaqaga chiqqan pedagoglarning hissasi katta. Harbiy pedagogikaning obyektini harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari tashkil etadi. Chunki harbiy-pedagogik g‘oyalar, fikrlar rus harbiy sarkardalarining harbiylarning oldidagi chiqishlarida o‘zlarining axloq-odobida yozgan kitoblarida mujassamlashgan.20
Fan sifatida yuzaga kelgunga qadar Harbiy pedagogika qancha tarixiy jarayonlarni boshdan kechirgan va tarbiyaga oid barcha yaxshi an’analarni o‘zida mujassamlashtirgan. Tarbiya so‘zining boshi yunonlarga borib taqalar ekan, tarbiya haqida eng qimmatli fikrlarni Pifagor, Geraklit, Demokrit, Suqrot, Platon, Arestotellar aytishgan.
Demokrit (460-370 e.avval) tarbiya va o‘qitishning murakkabligiga to‘xtalgan. Suqrot esa (469-399 e.avval) suhbat usulini va savol-javob uslublarining tarbiyada nechog‘li katta ahamiyatga ega ekanligini yoritgan. Platon (427-347 e.avval) tarbiya bilan davlat shug‘ullanishi kerakligini aytadi, chunki tarbiya xukmron sinfga xizmat qiladi deydi. Tarbiya bilan jamiyatdagi bog‘liqlikka to‘xtaladi va ularning ahamiyatini yoritadi.
Aristotel (384-322 e. avval) tarbiyadagi uchta yo‘nalishni belgilab muhimligini asoslab bergan bular: jismoniy, axloqiy, aqliy. Tarbiyada yoshning muhimligiga ham e’tibor qaratgan. Tarbiyaning asosini aqliy va jismoniy tarbiya tashkil etadi. Aristotel ham tarbiyaning asoschisi asosiy subyekti davlat bo‘lish kerak, deb hisoblaydi. Aleksandr Makedonskiyning uch (3) yil ustozi bo‘lgan Aristotel Afinada o‘quv muassasasi tashkil etadi ya’ni uning nomi “likey” deb nomlangan va bu o‘quv muassasasiga 12 yil rahbarlik qilgan.
O‘sha davrlarda asosiy e’tibor harbiy tarbiyaga emas balki fuqarolik tarbiyasiga qaratilgan bo‘lgan.
Rimda esa I-II asrlarda notiq faylasuflar (Pluatarx, Seneke) Tit Lukretsiy Kar (99-55 yillar e.avval) Mark Fabiy Kvintilman (35-96 yillar e. avval) tarbiyaga juda katta e’tibor qaratadi.
XI asrga kelib notiqlikda ta’lim va tarbiyada quyidagi tizim yuzaga keladi:
a) ritsarlar maktabi – bu feodallar uchun bo‘lib qilich chopish, ot minish, kamon otish, shaxmat o‘ynashni, qo‘shiq aytishni o‘rgatishgan;
b) shaharliklar maktabi – bu maktab XII-XIII asrlarda asosan yollangan pedagoglar rahbarlik qilgan. Ularni rektorlar deb nomlashgan. Rektor so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib – “boshqaraman” degan ma’noni anglatadi;
v) Cherkov maktablari – ushbu maktablarda asosan 7-15 yoshli o‘g‘il bolalar o‘qishgan. Bu bolalar CHerkovga xizmat qilishgan, o‘qitiladigan materiallar lotin tilida bo‘lgan va kattiq jazolash usulidan foydalanishgan;
g) Universitetlar tashkil topdi – Ushbu davr XII asrda Italiya, Ispaniya, Fransiya, Angliya, Chexiyada XIV asrda Polshada ham taxminan o‘sha davrga to‘g‘ri kelgan.
Keyinchalik fakultetlar va yoki kollejlar yuzaga kelib bular yuridik, tibbiy va xudojo‘ylik yo‘nalishida bo‘lgan. O‘qish 3 yildan 7 yilgacha davom etib oxiri “Bakalavr” darajasini olgan. “Bakalavr” – so‘zi so‘zma so‘z tarjima qilinganda lavrlar bilan bezatilgan degan ma’noni anglatadi.
O‘rta Osiyoda ham o‘sha davrlarda o‘qitishning o‘ziga xos usul va uslublarda olib borilgan, ayniqsa ovoz chiqarib yod oldirish eng an’anaviy va keng tarqalgan usul bo‘lgan. Jazolash esa ayovsiz amalga oshirilgan shu o‘rinda Qori-Niyoziyning “Hayot maktabi” kitobida qiziq bir dalil keltiriladi. “Bugundan boshlab o‘g‘limni sizga topshirdim domla. Beadabchilik qilsa, aytganingizni qilmasa, tanbeh bering, go‘shti sizniki, suyagi meniki, - deydi otasi.
Bunga javoban, domla kulimsirab: - Albatta, “Kaltakdan ayiq ham mulla bo‘ladi” deydilar21. Xususiy maktablar o‘sha davrda keng yo‘lga qo‘yilgan edi va asosan “Xaftiyak” o‘qitilar edi. “Xaftiyak” ettidan bir demakdir. CHunki u Qur’onning ettidan biri bo‘lib arab tilidan bolalarga ham kattalarga ham birdan o‘qitilar edi. Xaftiyakdan keyin CHorkitob o‘qitilar edi. Maktabda o‘qish ham hammaga nasib etavermas edi. Masalan “1889 yildagi ma’lumotlariga qaraganda, Turkistonning uch viloyatida ya’ni O‘zbekiston SSRning tarkibiga kirgan: Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida 4632 ta maktab bo‘lgan va bu maktablarda 44773 bola o‘qigan”22. Lekin o‘sha davrlarda harbiy maktablar bo‘lmagan yoki bu maktablarda harbiy fanlar o‘qitilgan emas. Harbiy fanlar taxminan 1870-1780 yillarda Toshkent gimnaziyalarida o‘qitila boshladi. (Ushbu gimnaziya bugungi kundagi Toshkent Tibbiyot akademiyasi binosida bo‘lgan).
Harbiy bilim yurtlari eng avvalo XX asrning 18 yillarida Toshkent shahrida tashkil topdi va bu harbiy bilim yurtlarida asosan rusiy zabon ofitserlar mahalliy aholiga dars bera boshlagan. Lekin shu bilan birga fidoiy jadidlarimiz g‘ayrat va jasorat ko‘rsatib, shu yilning o‘zida ya’ni 12 mayda Eski shaharda Turkiston xalq dorilfununi ochdilar. O‘sha davr maorif madaniyatining arbobi Munavvarqori Turkistondagi birinchi universitet g‘oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi edi.
Dorulfunun uch (quyi, o‘rta, yuqori) bosqichli qilib tashkil etildi. Ibtidoiyya sho‘‘basi dorilmuallimin hamda adabiyot va falsafa, iqtisodiyot va ijtimoiyot, ziroat va ovul xo‘jaligi, tibbiyot va riyoziyot, sanoat va texnika deb nomlangan 5 fakultetdan tarkib topgan bo‘lib, oliy bosqichdan iborat edi. Dorilfunun ochilgan kuniyoq unda o‘qish uchun yozilganlar soni 945 taga etgan edi. Qisqa muddatda 23 maktab tashkil topdi va unga 299 ta muallim jalb etildi. Dorulfunun ochilishi O‘rta Osiyo xalqlari ilm fani, maorifi, madaniyat tarixida muhim voqea edi.23
Harbiy sohaga kadrlarni asta-sekin XX asrning 18 yillarida tashkil etilgan V.I.Lenin nomidagi universitetni tugatgan harbiy xizmatchilardan tanlab olishgan. (Hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti).24
Umuman olganda, harbiy pedagogikaning shakllanishiga, rivojlanishiga SHarq mutafakkirlarining ma’naviy merosi ham o‘ziga xos ta’sir etgan. Masalan: Mavlono Sodiq Qoshg‘ariy (XV asr) “Odobiya” asarida ustoz bo‘lishning o‘ziga xos qiyinchiliklari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tgan.
T.N.Qori – Niyoziy o‘zining “Hayot maktabi” 25 kitobida insonning pedagog bo‘lib yondashishida bilim hayot tajribasi va o‘zini ustida ishlash qanchalik muhim ekanligini yoritgan.
Oktabr inqilobigacha Harbiy pedagogika uning yuzaga kelishi, harbiylarning shakllanishi haqida to‘la ma’lumotlar yo‘q, borlari ham salmoqli ma’lumot bera olmaydi va uzuq-yuliq ma’lumotlardan iborat. Oktabr inqilobidan keyingilarda asosiy e’tibor harbiy bilim yurtlarni O‘zbekistonda tashkil etish va unda dars beruvchi mahalliy kadrlarni tayyorlash muhim ekanligi ba’zi bir manbalarda yoritilgan.26 Lekin Harbiy pedagogika fan sifatida 1879 yilda mayor A.V. Andriyanov tomonidan yozilgan birinchi o‘quv qo‘llanma “Harbiy-pedagogik kurs”dan boshlab asos solingan. Ushbu kurs ofitserlarni pedagogik va metodik jihatdan tayyorlashga yaqindan yordam berdi va bilimlarini takomillashtirdi. O‘sha davrda ommaviy axborot vositalarida o‘qitish va tarbiyalash muammolari faol muhokama obyektiga aylanib qolgan edi.
Harbiy pedagogika bevosita harbiy axloq bilan ham aloqador. Tarbiyaning asosini axloq tashkil etishi hech kimga sir emas. Harbiy pedagogikaning asosiy vazifalaridan biri ta’lim bilan tarbiyaning birgalikda olib borish bo‘lgan. Ushbu vazifani birinchi bo‘lib hal qilishga o‘zining hissasini qo‘shgan bu general M.I.Dragomirov. Uning asosiy maqsadi o‘qish bilan tarbiyani harbiy xizmatchilarda birgalikda olib borish bo‘lgan. Nazariya bilan amalityotni birgalikda olib borish o‘z ijobiy samarasini berishini aniq misollar bilan ko‘rsatgan. Yana general M.I.Dragomirovning tamoyillaridan biri a) urushda nima kerak bo‘lsa shunga o‘rgatish bo‘lgan; b) maqsadli harakat; v) o‘qishda onglilik va maqsad birinchi o‘rinda); g) ketma-ketlik; d) ko‘rgazmalilik; e) o‘rnak bo‘lish orqali o‘rgatish; j) bilimni o‘zlashtirishda mustahkamlik; nazariya bilan amaliyotda mustahkam hamkorlik. General M.I.Dragomirov askarlarni o‘qitishda rasmiy tildan qochish kitobiy til orqali tushuntirmaslik kerakligini, barchasini asosida oddiylik yotishini, oddiy til eng qulay tushuntirish vositasi hisoblanadi deydi. Askarlarga oddiy til orqali tushuntirishda har bir ofitser – pedagog eng avvalo askar psixologiyasini o‘rganishga harakat qilish lozimligini doimo uqtirgan. Harbiy pedagog avvalo askarga qurol bilan ishlashni o‘rganish kerakligini, oldidan chiqadigan har qanday to‘siqni engib o‘tishni, agar iloji bo‘lmasa albatta aylanib o‘ziga va boshqalarga zarar etkazmay o‘tishni aytadi va o‘rgatadi.
General M.I.Dragomirov harbiy pedagogikaga bag‘ishlangan ko‘plab o‘quv qo‘llanmalar, kitoblar yozgan, shuning uchun ham uni Harbiy pedagogikaning asoschisi deb hisoblashishadi. General M.I.Dragomirovning g‘oyasida o‘qitish va tarbiyadagi umumiy maqsadning mavjudligini Rus-Turk urushidagi g‘alabada o‘z tasdig‘ini topdi. General M.I.Dragomirovning g‘oyalarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan rus sarkardalari M.D.Skobelev, I.V.Gurko, G.A.Leyer Harbiy pedagogika nazariyasini va metodikasini rivojlanishiga o‘zining katta hissasini qo‘shgan admiral, olim S.O.Makarov bo‘lgan. Admiral S.O.Makarov birinchi bo‘lib “Harbiy-dengiz pedagogikasi” degan atamani ilmda, fanda qo‘llagan. Lekin bu sarkardalar ichida N.D.Bugovskiyning asarlari o‘ziga xos o‘rin egallaydi, ushbu asarlar rota komandirning harbiylar hayoti va faoliyatida nechog‘li amaliyotli ekanligiga to‘xtaladi.
Tarbiya vositasi sifatida askarlar va ofitserlar orasida Umumharbiy nizomlardan tashqari, qonunlar, buyruqlar katta rol o‘ynagan.
1920 yillarda Harbiy pedagogikaning metodologik asoslari haqida o‘ziga xos tortishuvlar yuzaga kela boshladi. Harbiy pedagogika asta-sekinlik bilan ilmiy tus ola boshlagan.
1920-30 yillarda texnikaning rivojlanishi bilan o‘qishda texnikadan foydalanishga, uni o‘rganishga bo‘lgan munosabat yuzaga keldi. 1934 yilga kelganda harbiy xizmatchilar tarkibining 70 foizi texnikadan foydalanishdan yaxshi xabardor bo‘lishgan.
Harbiy xizmatchilarni kasbiy faoliyatga tayyorlashda harbiy faoliyatni yaxShiroq amaliy jihatdan o‘rganishda Ispaniyadagi harbiy harakatlar, Xasan ko‘lidagi jang, Xolxin-Gol daryosidagi janglarda yo‘l qo‘yilgan xatolar chuqur o‘rganildi. Ushbu xatolarning yuzaga kelishida o‘qitishda, o‘rgatishda mavjud bo‘lgan xatolar qayta o‘rganildi. 1940 yilning 16 mayiga kelib xalq mudofaa komissariyati tomonidan 120-sonli buyruq chiqarildi. Ushbu buyruqda Harbiy kompaniyaning tajribasi tahlil qilindi. 1940 yilda Moskvada Oliy Harbiy pedagogika instituti tashkil etildi. Harbiy sohadagi tarbiya va o‘qitishni harbiy pedagoglar to‘g‘ri tushunib o‘zaridagi kamchiliklarni bartaraf etishga kuchi, imkoniyati va tajribasi ham etar edi, lekin asosiy ofitserlar korpusidagi tajribasizlik Ikkinchi jahon urushining dastlabki kunlarida qattiq sezildi. Ushbu kamchiliklarni asoslovchi nutqlarni A.A.Jdanov, A.S.Sherbakov, M.I.Kalininlarning chiqishlarida aytilgan. Harbiy xizmatchilarni tarbiyalashda, o‘qitishda ko‘zga ko‘ringan harbiy sarkarda marshal G.K.Jukovning roli katta bo‘lgan. Uning asosiy talabi dushmanlarning xarakterini, psixologiyasini, tayyorgarlik darajasini, harbiy harakatlarini bashorat qilishini bilishni talab qilgan. Marshal G.K.Jukov asosiy huquqni kichik komandirlarga berilishini talab qilgan. Ular ya’ni, kichik komandirlar harbiylar jamoasida boshqarish va ijro huquqini to‘la qo‘lga olish kerak deb hisoblagan.
Sovet ittifoqi davrida harbiy xizmatchilarni tarbiyalashda asosiy e’tibor harbiy-vatanparvarlikka qaratilgan bo‘lsa, baynanmilal tarbiya va axloqiy tarbiya ham o‘ziga xos mavqeni egallagan. Ushbu tarbiya tularini olib borishda an’anaviy usullardan keng foydalanilgan, masalan: ishontirish, o‘rnak bo‘lish, mashq qilish, rag‘batlantirish, majburlash. Ushbu usullar orasida ishontirish usuli keng qo‘llanilgan, ishontirishda so‘z, shaxsiy namuna, an’ana, xatlar, jangovar vaziyatlardan talofatsiz chiqishlar haqida misollar orqali tushuntirilgan. So‘z bilan ishning birligi har qanday tarbiyaga kuch, ishonch bag‘ishlaydi, shu o‘rinda harbiy xizmatchilarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishning ham o‘z o‘rni bo‘lgan.
O‘sha davrda an’anaviy tarbiya usullaridan tashqari maxsus tarbiya usullari ham o‘ziga xos rol o‘ynagan, masalan: jangovar musobaqa, jangda tarbiyalash, snayperchilar (merganlar) harakati, harbiy mashqlar va hokazolar.
Oliy harbiy bilim yurtlarida o‘quv rejalar doimo takomillashib borilgan. 1946 yilda Harbiy oliy o‘quv yurtlarida pedagogika va psixologiya kursi tashkil etildi. M.I.Kalinin nomidagi Oliy Harbiy pedagogika institutida, Sovet Armiyasi Harbiy pedagogika instituti va V.I.Lenin nomidagi qizil bayroq jismoniy tarbiya va sport institutida. pedagogik va kadrlar tadqiqot institutida harbiy pedagogika sohasida kadrlar tayyorlana boshladi.
Harbiy pedagogika fanining predmeti va vazifalari o‘zgardi. 1946 yildan boshlab Harbiy pedagogika sohasida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilina boshlandi.
1950 yilda Sovet Harbiy pedagogikasi bo‘yicha birinchi ilmiy anjuman o‘tkazilgan, unda ofitserlarni chuqur va mustahkam pedagogik bilimlar bilan qurollantirish masalasi ko‘tariladi. Harbiy qismlarda, oliy harbiy bilim yurtlarida tarbiya va o‘qitishning to‘g‘ri qo‘llash tamoyillari muammosi ko‘tariladi. Harbiy pedagogikani o‘qitish 4 ta bo‘limga bo‘linadi:

  1. Harbiy pedagogikaning umumiy asoslari;

  2. Harbiy o‘qitish nazariyasi va amaliyoti;

  3. Harbiy tarbiyaning nazariyasi va amaliyoti;

  4. Harbiy qismlarda o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish va rahbarlik.

Harbiy ta’lim va tarbiyaning nazariyasini va amaliyotini o‘rganish 1959 yil iyuldan yangi pog‘onaga ko‘tarildi. 1967 yildan Oliy Harbiy-siyosiy bilim yurtlar tashkil etila boshlandi, sirtqi o‘qish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 1960-1980 yillarda armiyada intellektual yo‘nalishlardan sifat o‘zgarishlariga o‘tdi. 1980 yilga kelib 80 foiz ofitserlar oliy ma’lumotga ega edilar. Harbiy-pedagogik yo‘nalishi bo‘yicha V.I.Lenin nomidagi Harbiy-pedagogik Akademiyasining bazasida 1959 yildan 1980 yillarning oxirigacha 150 ta nomzodlik va 16 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.
1954 yildan atom qurollarining o‘ziga xosligidan kelib chiqib harbiy xizmatchilarini o‘qitish va tarbiyalashda yangi tavsiyalar berildi.
Harbiy pedagogikaning yuzaga kelishi, shakllanishi albatta harbiy tarbiya va o‘qitishni o‘zini ichiga qamrab oladi, shuning bilan birga Harbiy pedagogikaning obyekti, predmetida o‘zgarish yo‘q, obyekti (harbiy soha harbiy xizmatchilari, predmeti ularning xatti-harakatlari) hisoblanadi. Harbiy pedagogikaning boy tajribasi esa uni qayta-qayta o‘rganishni talab qiladi. Harbiy pedagogika fan sifatida o‘zi shakllanguncha bir qancha og‘ir bosqichlarni boshidan kechirgan, jahon harbiy pedagogik fikrlaridan, g‘oyalaridan tajribalaridan keng foydalanilgan.

Download 493.41 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   42




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling