O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar
Yer to’g’risidagi me'yoriy hujjatlar. Yer monitoringi va davlat yer kadastri
Download 79.27 Kb.
|
11-mavzu YЕR RЕSURSLАRIDАN SАMАRАLI FОYDАLАNISHNI YAХSHILАSH VА RАG`BАTLАNTIRISH.
- Bu sahifa navigatsiya:
- QISHLOQ XO’JALIGIDA SUV RESURSLARI VA ULARDAN FOYDALANISH SAMARADORLIGI
3. Yer to’g’risidagi me'yoriy hujjatlar. Yer monitoringi va davlat yer kadastri.
O’zbekistonda amalga oshirilayotgan agrar-iqtisodiy islohotlar natijasida bozor tamoyillariga asoslangan yer munosabatlari shakllanmoqda. Uning asosiy qoidalari qonunchilik hujjatlarida o’z ifodasini topgan. Bosh qomusimiz hisoblangan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida “Yer, yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir” - deb belgilab qo’yilgan. Mamlakatimiz qishloq xo’jaligida yerdan foydalanish ijara usuliga asoslangan bo’lib, yer ijara mexanizmi orqali bozor munosabatlariga kiritiladi. Shuni ta’kidlash zarurki, agrar islohotlar jarayonida qishloqda turli toifadagi yerdan foydalanuvchilar soni keskin ko’paydi va bu hozir ham davom etmoqda. Shu bilan birga, har yili qishloq xo’jaligi yerlari noqishloq xo’jalik maqsadlari uchun ajratilishi davom etmoqda. Ushbu vaziyatlarda davlatning yer resurslaridan foydalanishni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish katta ahamiyatga ega. Bunda rivojlangan xorij davlatlarida to’plangan tajribalarni hisobga olish samarali yo’llardan biridir. 1998-yil 30-aprelda O’zbekiston Respublikasining Yer Kodeksi qabul qilingan. Ushbu Kodeks 14 bob, 91 moddadan iborat bo’lib, yer resursining toifalari va undan faydalanish bo’yicha barcha qoidalar yoritib berilgan. Ushbu Kodeksning 1-moddasida “Yer umummilliy boylikdir, O’zbekiston Respublikasi хalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi” - deb ta’kidlangan. Respublikamizda ekin maydonlarining aholiga shaxsiy tomorqa xo’jaligi va turar joylarni qurish uchun, sanoat, sug’orish inshootlarini barpo etish uchun ajratilishi oqibatida ekin ekiladigan maydon kamaymoqda. Bu obyektiv jarayon kelajakda ham davom etadi. Shuning uchun mavjud yerlardan yil davomida oqilona, samarali foydalanish zarur. Respublikamizning jami ekin maydoni 2019-yilda 2016-yilga nisbatan 397,3 ming gektarga qisqargan. Shu davrda donli ekinlar maydoni 111,1 ming gektarga, shundan bug’doy maydoni 130,0 ming gektarga, g’o’za maydoni esa 214,5 ming gektarga kamaygan. Ayrim ekin turlari bo’yicha ekin maydonlari ko’payganini ko’rishimiz mumkin. Jumladan, dukkakli don maydoni 25,5 ming gektarga, sabzavotlar ekin maydoni 14 ming gektarga ko’paygan. Shu davrda ozuqa ekinlari ekiladigan maydon esa 65,9 ming gektarga qisqargan. Ozuqa ekinlari maydonlarining qisqartirilishi o’z navbatida almashlab ekish tizimining buzilishiga olib keldi hamda chorvachilikning mustahkam ozuqa bazasini barpo etishga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Shu bois kelajakda yerdan foydalanish samaradorligini yuksaltirish uchun almashlab ekishni joriy etishga alohida e’tibor qaratish zarur. Mamlakatimiz hukumati tomonidan aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan to’liq ta’minlash, eksport hajmini oshirish, tarmoqda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash maqsadida qishloq xo’jaligidagi ekin maydonlarini optimallashtirishga e’tiborni kuchaytirmoqda. 2008-yil 20-oktabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni optimallashtirish va ularni yetishtirishni ko’paytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-4041-sonli Farmoni e’lon qilindi va unga ko’ra mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishni ko’paytirish maqsadida paxta ekib kelinayotgan maydonlarning bir qismi g’alla va boshqa ekinlar uchun ajratib berildi. Ushbu farmon ijrosini ta’minlash bo’yicha Surxondaryo viloyati Hokimining 2008-yil 23-oktabrda 169-sonli qarori qabul qilingan va ushbu qarorda 2009-yil hosili uchun avval paxta ekib kelingan 3400 gektar yerning 3000 gektariga g’alla, 115 gektariga sabzavot, 30 gektariga kartoshka va 255 gektariga moyli ekinlar ekish rejalashtirilgan edi. Ekinlar ekiladigan yerlardan to’liq va samarali foydalanishga barcha xo’jaliklar alohida e’tibor bermoqdalar. Bu harakat ijobiy natijalar bermoqda va so’nggi yillarda barcha turdagi ekinlarning hosildorlik darajasi ortib bormoqda. O’zbekiston Respublikasi qishloq xo’jaligining suv resurslariga bo’lgan talabi so’nggi yillarda 49,4 mlrd. m3 ni tashkil etmoqda. Suv resurslaridan unumli foydalangan holda xo’jaliklar g’alla, paxta ekilgan maydonlardan yuqori hosil olib, yerdan samarali foydalanmoqdalar. Buning uchun ular ekin ekiladigan yerlarni vaqtida sifatli haydab, sara urug’larni yangi texnologiyalar asosida ekib, parvarishlashga aloqador boshqa tadbirlarni e’tibor bilan o’tkazmoqdalar. Ekinlarga agrotexnik muddatlarda suv, o’g’it berish, yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda sifatli qilib yig’ishtirib olishga e’tibor bermoqdalar. Bu jarayonda xo’jalik rahbarlari, mutaxassislari barcha imkoniyatlardan to’liq va samarali foydalanmoqdalar. Hozirgi davrda fermer va dehqon xo’jaliklarida yerlardan foydalanish samaradorligi yil sayin yaxshilanmoqda. Bunga asosan mulk va unga egalikning o’zgarishi, ya’ni manfaatdorlikning ortishi ta’sir ko’rsatgan. Qishloq xo’jalik ekinlari hosildorligining oshishi yerdan foydalanish samaradorligi yuksalishini ta’minlaydi. Lekin erishilgan natijalar o’sib borayotgan talab darajasida emas. Yer va suv resurslaridan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirish uchun bir qancha tashkiliy, iqtisodiy tadbirlarni amalga oshirish lozim. Yerlarning meliorativ holatini tubdan yaxshilashni ta’minlovchi tadbirlarni kompleks amalga oshirishni rivojlantirish juda muhim hisoblanadi. 2020-yilning 1-oktabr holatiga sug’oriladigan yerlarning 44,7 foizi turli darajada, jumladan, 31,0 foizi kuchsiz, 11,9 foizi o’rtacha va 1,9 foizi esa kuchli darajada sho’rlangan, 24,4 foiz maydonda esa yer osti suv sathi 2 metr va undan yuqorida joylashgan. Yerlarning sho’rlanish darajasiga ayrim joylarda irrigatsiya tizimining yaroqsiz holga kelganligi, suvdan tejab-tergab samarali foydalanish qoidalarining buzilishi, ekinlarni sug’orish texnologiyasining takomillashmaganligi, yerdan foydalanuvchi subyektlar sonining ko’payishi, ularga ijaraga berilayotgan yer uchastkalarining maydalashib ketganligi va ularning meliorativ tadbirlarni amalga oshirishga mablag’lari yetishmasligi sabab bo’lmoqda. Bu muammoni yechishda davlatning bevosita ko’magi lozim. Bu muhim tadbirni qishloq xo’jalik korxonalarining o’zlari bajara olmasligi mumkin, chunki ularning texnik-iqtisodiy quvvati yetmaydi. Shu sabali mamlakatimiz hukumati tomonidan ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Mazkur soha bo’yicha amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlarning huquqiy asoslari yaratilgan bo’lib, ular jumlasiga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 29-oktabrdagi “Sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-3932 sonli Farmoni, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 31-oktabrdagi “O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg’armasi faoliyatini tashkil etish to’g’risida”gi PQ-718 sonli Qarori, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi “O’zmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasini tashkil etish to’g’risida”gi 266-sonli Qarori, O’zbekistоn Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19-martdagi “20082012-yillarda sug’оriladigan yerlarning meliоrativ hоlatini yaхshilash Davlat dasturi to’g’risida”gi PQ-817-sоnli Qarоri va boshqalarni kiritish mumkin. Bundan tashqari “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturida belgilab berilgan chora tadbirlarning to’rtinchi yonalishi - 2008-2012-yillarda sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturida ko’zda tutilgan chora-tadbirlar tizimining izshil amalga oshirilishiga, ya’ni ekin maydonlarining meliorativ ahvolini yaxshilash, faoliyat ko’rsatayotgan irrigatsiya-melioratsiya obyektlarining tegishli texnik holatini ta’minlash, ixtisoslashgan suv xo’jaligi, qurilish va ekspluatatsiya tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy texnika bilan jihozlash masalalariga alohida e’tibor qaratishdir. Bundan tashqari mazkur dasturda sug’orishning tejamli usullarini, jumladan, tomchilatib sug’orishni joriy qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan edi. O’zbekistоn Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19- martdagi PQ-817-sоnli “2008-2012-yillarda sug’оriladigan yerlarning meliоrativ hоlatini yaхshilash Davlat dasturi to’g’risida”gi qarоriga muvоfiq 2008-yilda mazkur Davlat dasturi dоirasida jami 92,9 mlrd. so’m mablag’ maqsadli o’zlashtirildi. Jumladan, rekоnstruksiya qilish va qurish bo’yicha 47 ta lоyiha (22,4 mlrd. so’m) hamda 243 ta оbyekt bo’yicha (38,6 mlrd. so’m) ta’mirlash-tiklash ishlari amalga оshirildi va 31,9 mlrd. so’mlik meliоrativ teхnikalar хarid qilindi. Sug’оriladigan yerlarning meliоrativ hоlatini yaхshilash maqsadida 266,5 kilоmetr masоfadagi kоllektоr-drenaj tarmоqlari rekоnstruksiya qilindi va qurildi, uzunligi 11052,7 kilоmetr magistral, tumanlararо va хo’jaliklararо kоllektоrlar tоzalandi, jami 896,2 kilоmetr masоfada yopiq-yotiq zоvur tarmоqlari ta’mirlandi hamda lizing asоsida 144 dоna gidravlik zanjirli ekskavatоrlar keltirilib, shundan 112 tasi yangi tashkil etilgan Davlat unitar kоrхоnalariga yetkazib berildi. 2013-yil 19-aprelda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ- 1958-sonli qarori bilan tasdiqlangan “2013-2017 yillar davrida sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish Davlat dasturi” qabul qilingan va u bo’yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirishga yo’naltirilayotgan investitsiyalar hajmi yil sayin oshirib borilmoqda. Ayni paytda ushbu maqsadlar uchun yo’naltirilayotgan katta miqdordagi mablag’lardan foydalanish samaradorligini oshirish va ularni maqsadli ishlatish, zamonaviy texnologiyalar va texnikani joriy etishga e’tibor berish lozim. XULOSA VA TAKLIFLAR Yer qishloq xo’jaligining asosiy ishlab chiqarish vositasidir. Chunki qishloq xo’jaligida ishlab chiqarish bevosida yerda amalga oshadi. Yer resurslaridan yil davomida to’liq va samarali foydalanish tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo’nalishlaridan biridir. Yer resurslaridan to’liq va samarali foydalanganlik darajasini ma’lum bir ko’rsatkichlar tizimi yordamida tahlil etish lozim. Kelajakda yer resurslaridan foydalanish darajasini hamda iqtisodiy samaradorligini oshirish uchun tuproq unumdorligini, sug’orish tizimini yaxshilashga qaratilgan barcha tadbirlar o’z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlash zarur. Mamlakat miqyosida yer monitoringi va kadastri talab darajasida amalga oshirilishini ta’minlash kerak. Qishloq xo’jaligi yerlaridan oqilona foydalanish tadbirlarini quyidagi to’rtta guruhga ajratish lozim: 1) tashkiliy tadbirlar, bunga quyidagilar kiradi: ilmiy asoslangan yer tuzish; hududlar bo’yicha ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirish; yagona yer monitoringi tizimini olib borish; davlat yer kadastrini to’liq amalga oshirish; davlat va jamoat ekspertizasini yo’lga qo’yish; yerdan foydalanish va uni muhofazalash nazoratini kuchaytirish va hokazo. 2) huquqiy tadbirlar, bunga quyidagilar kiradi: tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi normalarini takomillashtirish; tabiiy resurslar qonunchiligi normalarini takomillashtirish; yerdan foydalanish normalarini takomillashtirish; ekologik huquqiy mexanizmni takomillashtirish; yer huquqbuzarligiga nisbatan jazoning muqarrarligini ta’minlash va hokazo. 3) iqtisodiy tadbirlar, bunga quyidagilar kiradi: holati yomon yerlarni imtiyozli soliqqa tortish; tuproq muhofazasi tadbirlarini kreditlash; qishloq xo’jaligida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning yer va suvdan samarali foydalanish bo’yicha manfaatdorligini oshirish; yerlarni rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) va meliorativ holatini yaxshi-lashga davlat tomonidan beriladigan ko’makni takomillashtirish va hokazo. 4) texnologik tadbirlar, bunga quyidagilar kiradi: yerlarni tubdan rekultivatsiyalash va meliorativ holatini yaxshilash texnologiyalarini ishlab chiqish; almashlab ekish tizimini joriy etish va unga qat’iy amal qilish; noqishloq xo’jalik va sanoat o’zlashtirishning yagona texnologiyasini yaratish; yerlarni qayta tiklash texnologiyalarini joriy etish; talab etiladigan joylarda ixotazorlar tashkil etish; erroziyaga qarshi kurash tadbirlari va sellarning salbiy oqibatlari oldini olish inshootlarini barpo etishni yanada rivojlantirish va hokazo. QISHLOQ XO’JALIGIDA SUV RESURSLARI VA ULARDAN FOYDALANISH SAMARADORLIGIReja:
KIRISH
Download 79.27 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling