O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Download 123.42 Kb.
|
Javohir Nuridinov MD.
III bob boʻyicha xulosalar
XULOSA Bugungi davrda har jabhada kechayotgan globallashuv jarayonlari bizdan juda chuqur bilimni, teran dunyoqarashni, ogohlik va xushyorlikni talab etadi. Zero yurt kelajagi barkamol avlod qo‘llaridadir. Har jihatdan yetuk shakllangan, yuksak manaviyatli insongina turli xil xurujlarga qarshi tura oladi. O‘zligini anglagan inson yengilmasdir. Hind adabiy tanqidchilari Rabindranat Tagor ijodiga juda yuqori baho beradilar. Bu mutafakkir asarlarini o‘qigan, uning ijodi bilan yaqindan tanishgan har qanday inson ham shu fikrga kelishi turgan gap. Tagor dunyoqarashida milliy tilga ehtirom – millatga, vatanga, tarix va kelajakka sadoqat bilan teppa-teng tushunchadir. Asarlarining tub mohiyati: insonni qadrlash, uning aql-idrokini ulug‘lash, ezgu-hislarini ardoqlash va rag‘batlantirish, odamlar orasidagi yovuzlikka qarshi o‘t ochish, bashariyatni adolat yo‘liga boshlashdan iborat. Tagor she’rlaridagi psixologik tasvirlar, nozik lirizm, ko‘tarinki uslub va chuqur falsafiy muhokamalar har qanday insonni, har qanday millat kishisini go‘zallikka tashna qalbini qondira oladi. Tagorning asarlari,she’rlari badiiy va falsafiy kamolotning bunday cho‘qqisida bo‘lsa, uning yirik romanlari, dramalari qanday deb so‘rashingiz mumkin. Bu savolga adabiyotshunos A. Lunacharskiyning quyidagi so‘zlari juda aniq javob bo‘ladi: “…Tagor asarlari… anvoyi ranglari, nozik ruhiy kechinmalari va olijanob g‘oyalari bilan haqiqatan ham umumbashariy madaniyat durdonalaridir”. Rabindranat Tagor hind adabiyotining eng yirik vakillaridan biridir. Uni butun dunyo biladi. Buyuk shoir, yozuvchi, dramaturg, faylasuf, ma’rifatchi vatengsiz vatanparvar sifatida Tagor jahon fuqarosidir. U hind badiiy tafakkurini yangi va yuksak pog‘onaga ko‘tarishda So‘zni vijdon ovoziga aylantirgan mutafakkirdir. Tagorga bag‘ishlangan adabiyotlarda qayd etilishicha, uning bobosi Dvarkanatx XIX asr boshlarida yashagan hind marifatparvari Rammoxan Royning yaqin do‘sti va safdoshi bo‘lgan. Yozuvchining otasi, akalari, onalari dunyoqarashi keng, bilimdon va talantli kishilar edi.Tagor xotiralar kitobi va maqolalarida otasi to‘g‘risida ko‘pgina minnatdorchilik so‘zlarini yozib qoldirgan.U bir o‘rinda ko‘r-ko‘rona inglizparastlik avj olgan sharoitlarda ham otasi bolalarini ajnabiy maktablarda o‘qitmaganligini, agar shunday hodisa sodir bo‘lganida, birinchi darsdayoq o‘ttiz ikki ma’naviy tishidan ajralishi mumkin ekanligini gapirgan. U so‘nggi nafasigacha bengal tilining erki hamda rivoji uchun tinimsiz kurashdi. Mustamlakachilar hind xalqi orasida o‘z tillarining mavqeyini ko‘tarish orqali “qoni va tanining rangi bo‘yicha hindi”, lekin “didi, axloqi va aqlining xususiyati bo‘yicha g‘irt ingliz bo‘lgan” ziyolilar tabaqasini yuzaga keltirishdan g‘oyatda manfaatdor edilar. Bu – ularning ta’lim-tarbiyadan ko‘zlagan ichki siyosatlari bo‘lib, bunday nayranglarni ham Tagor ayovsiz fosh qilgandi. Bir kun keladiki, muhit toza bo‘lganidan so‘ng, yangi tarix sahifasi boshlanadi va tong Sharqdan, quyosh chiqadigan joydan boshlanadi. Qaddi bukilmagan inson har qanday zamonda ham g‘alaba yo‘liga qadam qo‘yadi. Inson ilgarigi shuhratini qaytarib olish uchun yo‘lidagi barcha to‘siqlarni supurib tashlaydi. Insoniyat uzil-kesil mag‘lub bo‘ladi, deb hisoblashning o‘zi jinoyatdir. Rabindranat Tagor bir umr mana shunga ishonib yashadi va amal qildi, hayotining mazmuniga aylantirdi. Tagorning shaxs va jamiyat haqidagi qarashlari bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotgan emas. Jamiyatda erkaklarning qullik holatiga tushishi xotinlarning qullik holatiga tushishidan ko‘ra oz emas, balki, aksincha, ba’zi bir jihatlardan ko‘proqdir. Hatto mana shu madaniyat darajasiga erishilgan hozirgi vaqtda ham insonlar jamiyati hamon qullarcha mehnat vositasi bilan ilgariga harakat qilib bormoqda. Hozirgi mavjud jamiyatda chinakam erkinlikdan foydalanayotgan kishilar shubhasiz, juda oz. Bizningcha, jamiyat shundayki, qandaydir guruh-guruh kishilar, xoh davlat idorasi sohasida bo‘lsin, yoki savdo sohasida yoki biron boshqa sohada bo‘lsin, og‘ir yuk ortilgan ijtimoiy hayot aravasini xuddi qul singari tortib borayotganga o‘xshaydilar. Bu aravani qayoqqa tortib borayotganlarini qullarning o‘zlari bilmaydilar. Ular qanday yukni tortib ketayotganliklarini ham bilmaydilar. Ular butun umr mana shu yukni yelkalarida ko‘tarib yurishga majburlar, lekin bundan na xursand bo‘ladilar va na mamnun. Shu qullikning to‘rtdan uch qismi erkaklar yelkasiga ag‘darilgan. Xotinlarning vazifasi esa, sevish va sevilishdir, jamiyat shunday qarorga kelgan. Erkaklarning ishi kuch yig‘ish va ularni ishga solishdir, bunda ham jamiyat shunday qarorga kelgan. “Ikkinchi jahon urushi”dan so‘ng, dunyoda demokratiya g‘alaba qildi. Sovet ittifoqining parchalanishidan so‘ng, dunyoda yanada mustahkam qaror topdi. U jamiyatlarga erkinlik berdi. Shu bilan birga jamiyatlarda ayrim illatlarning bosh ko‘tarib chiqishiga ham imkoniyat tug‘dirib berdi. Plyuralizm paydo bo‘ldi. Ba’zi jamiyatlarda erkak va ayol tushunchalari o‘zining asl ma’nosini yo‘qotdi.Lekin jamiyat har qancha o‘zgarishni boshidan kechirsa ham, uni qaytadan qurish jarayoni hech qachon tamomiga yetmaydi. Zamon doim to‘xtovsiz harakatda ekan, jamiyat unga muvofiq harakat qiladi va u ham to‘xtovsiz o‘zgarib boradi, bir nuqtada qotib qolish mumkin emas, shuning uchun jamiyat asta-sekinlik bilanbir holatdan boshqasiga o‘tib turadi. Jamiyatimizning og‘riqli nuqtasi shuki, unda insonparvarlikva fidoyilik g‘oyasi xastalikka chalinib qolgan, binobarin, uning ahvoli kundan-kunga yomonlashib bormoqda. Shu sababdan bizning mamlakatimizda o‘taketgan tamagirlik bilan behayolikning bozori chaqqon bo‘lib qolgan. Odamlar bu ishlarga shunchalik ko‘nikib ketganki, jamiyatda shu yolg‘onchilik, rasmiyatchilik va soxtakorliklar qanchalik bijg‘ib ketganiga e’tibor ham bermay qo‘yishgan. Bizning o‘zimiz esa aqlimiz yetguncha darslarimizni yodlab olamiz, bakalavr yoki magistr, degan unvon olish uchun imtihon topshiramiz. Lekin shunday kishilar borki, ular boshqalarning baxtiga xasad ko‘zi bilan qaraydilar, ular faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlaydilar. Bunday ochko‘z kishilar vatanparlarning vatanimiz foydasiga qaratilgan ishlariga har xil to‘siqlar qo‘yadilar. Bunday kishilar ishimizga ziyon-zahmat yetkazish uchun o‘lib-qutulib harakat qiladilar. Bizning jamiyatda madaniyat darajasi yo‘qori bo‘lmaganligi va kishilar insonparvarlik g‘oyasiga sodiq bo‘lmaganligidan haligidek bemaza va xunuk voqealarga imkon tug‘ilgan. Agar biron kishi qahramonlikka ham, olijanoblikka ham qurbim yetmaydi, deb odamlarni shunga ishontirishga harakat qilar ekan, bunday nusxaning izzat-hurmatga loyiq bo‘lishi qiyin masaladir. Men astoydil istardimki, o‘quv yurtlarimizning asosiy maqsadi ilm-marifat yordami bilan mana shu zaharli pastkashlik va yolg‘onchilik urug‘larini yo‘qotish bo‘lsin. Buning yo‘li darsni yodlab olish yoki imtihon berish emas. Insoniyat tarixini erkin o‘rganish shu tarix bilimlari asosida kishilarni izzat-hurmat qilish va shu kishilar bilan hamjihatligingni xursandlik bilan his qilishgina darsni yodlab olish odatini yo‘qotishga yordam beradi. Haqiqiy bilim, insonparvarlik hamda axloq kishini ruhlantiradi, kishining faqat o‘zini o‘zi kamolotga yetkazishiga emas, shu bilan birga o‘z ustidan nazorat qilib turishiga ham imkon beradi. Shu fazilatlar tufayli kishining hayoti olijanob hayot bo‘ladi va o‘zi ham huzur-halovatda umr ko‘radi. “Bir kun kelarki, taqdir karvonining burilish payti inglizlarni ularga qarashli Hindiston imperiyasini tashlab ketishga majbur qilar. Lekin ularning qoldirib ketadigan Hindistoni qanday Hindiston bo‘larkin, ular qanday mudhish qashshoqlikni meros qoldirarkinlar. Ularning bir asrdan ko‘proq davom qilgan hukmronlik to‘lqinlari pasayganda qancha balchig‘u qancha vayronalar qolarkin. Yoshlik chog‘imda men madaniyat beshigi bo‘lish Yevropa peshonasiga yozilgan deb astoydil ishonib yurardim. Lekin bugun hayot bilan vidolashayotgan kunlarimda bu ishonchim yo‘qoldi. Harna bo‘lsa ham, har bir burchagidan qashshoqlik mo‘ralab turgan bu kulbayi vayronada ham ozodlik kuni tug‘ilar deb umidvor bo‘lib qolaman”. Tagor ushbu fikrlarni o‘limidan biroz oldin aytgan edi va bu so‘zlarda uning armonlari, g‘am-qayg‘usi aks etgan. U Hindiston ozod bo‘lganini ko‘rolmadi. Uning o‘limidan olti yil o‘tib Britan imperiyasi hind o‘lkasini tashlab chiqib ketdi. Hindiston ozod bo‘ldi. Tagor aytganidek inglizlar o‘zlaridan so‘ng vayronalarni, urushni qoldirib ketishdi. Hind zamini ikkiga ajraldi. Keyinroq Bangladesh ham mustaqillik e’lon qildi. Hatto Tagor ham vayronalar deganda bunchalik bo‘linish va o‘zaro urushlarni hayoliga keltirmagan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.Bugungi beqaror zamonda ham Hindiston va Pokiston uzra parchalanish buluti soya solib turibdi va bu hali o‘zining to‘la-to‘kis yechimini topgani yo‘q. Bugun shuni aytish kerakki, hozir biz agressiv kuchlar amalga oshirilayotgan xavf-xatarlar shohidi bo‘lib turibmiz. Tagor shunday degan edi: “Lekin shubhasiz shunday kun keladiki, unda: “Odam harom-xarish vositalar bilan molu-dunyo, huzur-halovat topsa ham, lekin ma’naviy jihatdan halok bo‘ladi”, degan so‘zlar ro‘yobga chiqadi”. Ushbu so‘zlar muallif tomonidan deyarli bir asr oldin aytigan edi. Biz bugun ba’zi jamiyatlarda ma’naviyatni naqadar nochor ahvolga tushib qolganiga guvoh bo‘lib turibmiz. XXI asrga insoniyat bemisl yutuqlar bilan qadam qo‘ydi. Shunga qaramay dunyoda urushlar to‘xtagani yo‘q. Har yili minglab insonlar diniy ekstremizm, terrorizm, narkomaniyaning begunoh qurbonlari bo‘lishyapti. Giyohvandlik asr vabosiga aylandi. Kundan- kun yangidan yangi kasallik turlari aniqlanmoqda. Yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun intilish, bunga to‘sqinlik qiladigan kuchlarga qarshi kurashish mana shu zaminda yashab turgan har bir insonning burchidir. Download 123.42 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling